Dayjest
17 yanvar 2017

Dalalarda tanklar paxta teradi

O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni bayrami xalq orasida tantana qilinmagan bo‘lsa-da, rasmiy doiralar tomonidan ancha dabdabali kutib olindi. Mamlakat nashrlarda ana shu yuzaki dabdabalarning in'ikosini ko‘rish mumkin bo‘ldi.

Yangi yil mavzusi eskirishi bilan barcha nashrlar butun diqqat-e'tiborini Vatan himoyachilari mavzusiga qaratdi. Ularda «qudratli va shavkatli» armiyamiz haqida biri-biridan nuqs olgan maqolalar chop etildi.

Ammo mamlakat prezidentining bayram tabrigini hijjalab o‘qib, sal mulohaza qilinsa, aslida armiyamiz unchalik ham maqtanadigan darajada emasligi, hal etilishi kerak bo‘lgan masalalar juda ko‘pligi aniq ko‘rinadi.

Avvalo, prezidentning bu galgi tabrigi avvalgi yillardagidan ko‘ra hajman ancha yirik, zalvorli va aytish mumkinki, dasturiy bo‘lgani e'tiborlidir. Bu tabrik orqali davlat rahbari armiya taraqqiyotining yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi, deyish mumkin.

E'tiborni tortadigan birinchi jihat shuki, prezident milliy xavfsizlik sohasi qonun talablari asosida boshqarilmayotganini bilvosita tan olgan va buni «…o‘ta muhim sohani qonun talablari asosida boshqarish samaradorligini oshirish ustuvor vazifalarimiz qatoriga kiradi», deb yumshoqroq ifodalagan.

Albatta, bu o‘rinda gap Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi manzili tomon ham yo‘nalganini anglash qiyin emas. Zero, so‘nggi vaqtlarda bu idoralarning o‘zini qonundan ustun qo‘yib, jig‘ildonni Vatan manfaati bilan adashtirib qo‘yayotganini o‘z taqdirida tinimsiz sinovdan o‘tkazib kelayotir.

Davlat rahbari og‘iz ko‘pirtirib maqtalgan milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta'minlash ham ko‘ngildagidek emasligini aytgan. Bu borada 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan kompleks dastur ishlab chiqish birinchi galdagi vazifa etib belgilangani buning isboti sifatida ko‘rinadi.

Tabrikda Qurolli kuchlar akademiyasini yangidan tashkil etish tashabbusi ilgari surilgani qo‘shinlar uchun qo‘mondonlar tayyorlash sifati talabga javob bermasligiga ishoradir.

Prezident qo‘shinlarni tayyorlash borasidagi tadbirlarni rejalashtirishga yangicha yondashuvni ishlab chiqish ahamiyatga egaligini ham bildirgan.

Albatta, har yili kuzda minglab askarlar paxta yig‘im-terimiga jalb etiladigan mamlakatda qo‘shinlar tayyorgarligi masalasi dolzarb ekanligini sir tutib bo‘lmaydi.

Balki bu yondashuv askarlardan bevosita belgilangan maqsadlar yo‘lida (po naznacheniyu deydi o‘rislar) foydalanishni nazarda tutar?!

Dalalarda tanklar paxta teradi, deya yozgandi tinchlikni kuylagan shoir bir vaqtlar. Afsuski, haqiqatan ham tanklar, to‘g‘rirog‘i, askarlar paxta teradigan davrda yashayapmiz.

Tinchlik zamoni bo‘lgani uchun emas, hamma o‘z ishini qilmay, fuqarolar kimlarningdir manfaati yo‘lida boshqa ishlarga jalb etilayotgani uchun shunday bo‘lyapti.

Prezidentning dasturiy kabi ko‘rinadigan tabrigida aytilgan so‘zlar qo‘shinlarning ishonchli vatan himoyachilari bo‘lishiga qaratilgan, degan nekbin mulohazalarga chorlayotgandek…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 may 2023
Meksika AQSh chegarasidagi ko‘lda baliqchilar to‘riga yarim chirigan jasad ilindi. Tekshirilsa, bu jasad O‘zbekistonning Chelak tumanida yashagan qashshoq bo‘lib ...
31 avgust 2017
Qudrat Bobojon 1965 yil Urganch shahrida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Bi-Bi-Si, Ozodlik radiolarining mintnaqaviy muxbiri bo‘lgan. «Urush va ...
22 oktyabr 2020
Payshanba kuni Qashqadaryo viloyatida Enter Engineering kompaniyasining g‘alayon ko‘targan xodimlari bilan suhbatlashgan G‘uzor tumani hokimi Behzod Suyunov katta kontsert ...
6 oktyabr 2016
Ayni kunlarda 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti sayloviga ishtirok etishi kutilayotgan nomzodlar uchun saylovchilar imzosini to‘plash jarayoni bormoqda. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...