Dayjest
4 mart 2016

“Yo‘lchi yulduz” ko‘rsatgan yo‘llar o‘zbekni qaerga eltadi?

O‘tgan fevral oyida ham O‘zbekiston telekanallari “eski ashulalari”ni baralla kuylashdan charchamadi. Ya'ni telekanallarning bosh mavzulari yana o‘sha “ma'naviyatni yuksaltirish”, “qadriyatlarimizni yoshlarga singdirish”, “farovon hayotimizning qadriga yetish”, “yurt tinchligini saqlash”, “shukronalik hissi bilan yashash”, “ma'naviy immunitetni mustahkamlash”, “yoshlarimizni yot g‘oyalar ta'siridan asrash” va hokazolar bo‘ldi. Bundan tashqari, “davlatimiz rahbari rahnamoligida qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlar”, “dunyo havas qiladigan iqtisodiy o‘sish”, “xorijiy sarmoyadorlarning yurtimizga qiziqishi tobora yuksalayotgani”, xullas, “hech kimdan kam emasligimiz”ni o‘zimizga o‘zimiz isbotlashga qaratilgan ko‘rsatuvlar O‘zTV ekranlaridan tushmadi.

Teleijodkorlarning “kamtarligi”

Fevral oyida telekanallarda O‘zbekistonning dunyoda “o‘ziga xos, o‘ziga mos” o‘rni borligini ko‘rsatuvchi turli reytinglar tinmasdan efirga uzatilib turildi. Xususan, teletomoshabinlar jahon biznes yuritish reytingi, farovonlik reytingi, baxt reytingi va allambalo reytinglarda O‘zbekiston dunyoning oldi davlatlari qatorida ekanini bilib oldi emas, ko‘rsa ko‘ngli ayniydigan darajada miyasiga quyib oldi. Telekanallar bu reytinglar dunyoning nufuzli tashkilotlari tomonidan tuzilganini aytishdan charchamadi.

Albatta, dunyoda bunday reytinglar soni mingta. O‘zbekiston yuqorida aytilganlaridan ko‘ra yuksakroq o‘rin egallagan reytinglar ham talaygina. Ammo teleijodkorlarimizning “kamtarligi” sababli xalqimiz bu reytinglarni bilib olish baxtidan mosuvo qoldi.

Gap shundaki, agar bunday “kamtarlik” bo‘lmaganida o‘zbek xalqi O‘zbekiston dunyoning eng ko‘p korruptsiyalashgan davlatlari reytingida, internet dushmanlari reytingida, inson huquqlari va diniy huquqlar eng ko‘p buziladigan davlatlar reytingida oldi qatorlarda (yomon tomondan albatta) ekanini bilib qolardi. Bu esa “xalqimizning bugungi kunini, taraqqiyotini ko‘ra olmayotgan qora kuchlar”ga qo‘l kelishi mumkin edi. Chunki “dushmanlar” tomonidan o‘ylab topilgan bu raqamlarni ko‘rgan xalqning ko‘nglida “hech kimdan kam emasligi”ga shubha uyg‘otish “qora kuchlar” uchun hech narsa emas.

Gul bir yon, chaman bir yon

O‘zbekiston telekanallaridagi yangiliklar dasturlari sharhimizning kirish qismida tilga olingan mavzularni xalqimizga oqizmay-tomizmay yetkazish borasida doimo yetakchi bo‘lib kelgan. Fevral oyi ham bundan mustasno bo‘lmadi. Shuning uchun bu haqda to‘xtalgandan ko‘ra, yangiliklar dasturlarining xorijiy xabarlarni yetkazish borasidagi “tajriba”lariga bir nazar tashlashni ma'qul ko‘rdik.

Mavzu O‘zbekiston telekanallarining barchasi uchun tipiklik xususiyatiga ega ekani sababli o‘zini nisbatan tezkor hisoblaydigan “Davr” dasturining 23 fevral kungi soni misolida buni ko‘rib chiqamiz.

Demak, o‘sha kuni “Davr” dasturi xorijiy yangiliklar ruknida teletomoshabinlarga taqdim etgan xabarlar quyidagilar:
1. Fidji orollarida kuchli to‘fon oqibatida ko‘rilgan zararlar va qurbonlar haqidagi lavha.
2. Marokash shimolida kuchli yomg‘irlar toshqinlarga sabab bo‘lgani haqidagi lavha.
3. Norvegiyada yirik avtohalokat sodir bo‘lib, oltmishta avtomobil to‘qnashib ketgani haqidagi lavha.
4. Isroillik muhandislar uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar ustida ishlayotgani haqidagi lavha.
5. Ispaniyaning Barselona shahrida mobil aloqa bo‘yicha xalqaro konferentsiya bo‘lib o‘tayotgani haqidagi lavha.
Albatta, bu lavhalarni ko‘rgan o‘zbek teletomoshabinlari o‘sha kuni dunyoning eng dolzarb yangiliklari shu ekan-da, deb o‘ylashlari mumkin.

Aslida 23 fevral kuni dunyoning yetakchi TV va nashrlari quyidagi xabarlarni top yangiliklar sifatida taqdim etgandi:
1. Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish yuzasidan Rossiya va AQSh o‘rtasida kelishuvga erishilgani.
2. “Vikiles” sayti AQSh Milliy xavfsizlik agentligi dunyoning yetakchi davlatlari rahbarlarini kuzatgani.
3. KXDR agar AQSh va Janubiy Koreya harbiy mashqlar o‘tkazsa, ularga qarshi zarba berishga tayyorligi haqida e'lon qilgani.
4. AQSh prezidenti Barak Obama Guantanamo turmasini yopish qarorini taqdim etgani.
Ammo shoir aytganidek, “gul bir yon, chaman bir yon”. O‘zbekiston telekanallari dunyoning muhim yangiliklarini o‘z qarichi, to‘g‘rirog‘i, hukumat belgilab bergan qarichda o‘lchar ekan, bu o‘lcham O‘zTV jurnalistlarining tafakkur darajasini ham ko‘rsatmasmikin, degan fikr paydo bo‘ladi, xolos.

Xorijlik domlaning “qoyili”

O‘zbekiston telekanallarining hafta yakunlari bo‘yicha efirga uzatiladigan tahliliy dasturlari orasida “Tahlilnoma” alohida maqomga ega. Undagi lavhalar yuqorida tilga olingan mavzular doirasida ekanini nazarda tutib, hamma lavhalariga e'tibor qaratishni lozim topmadik. Faqat uning 21 fevral sonidagi Jahon tillari universitetiga doir lavhadagi bir jihatga e'tibor qaratamiz, xolos. Xullas, o‘sha lavhada xorijiy domla aytadi: “O‘zbekiston yoshlarida alohida qobiliyatni ko‘ryapman. Ular til o‘rganishga chanqoq. Buning uchun esa, mazkur oliy o‘quv yurti misolida aytish mumkin, barcha sharoitlar mavjud. Talabalar intiluvchan. Ular nafaqat kitob, balki elektron doska va multimediadan foydalanishda ham topshiriqlarni a'lo darajada bajarib kelmoqdalar. Bu jihatlarni men boshqa davlatlar oliy ta'lim muassasalarida uchratmaganman. Yaratilayotgan sharoitlardan esa hayratim ortdi. Oddiygina qilib qoyil deyman”.

Agar xorijlik domla elektron doskani yoki sharoitlarni, qolaversa, til o‘rganishga intiluvchan yoshlarni boshqa joylarda uchratmaganidan qoyil qolayotgan ekan, bechorani dunyo ko‘rmagan odam sifatida gapirtira olgan jurnalistlarimizga ham qoyil deyish kerak.

Kerak bo‘lsa, “Talko”sini ham ishlab chiqaramiz

Sharhimizni aftidan “Lofchilar” studiyasida tayyorlanadigan “Munosabat” ko‘rsatuviga munosabat bilan davom ettirmasak, o‘quvchimiz zerikib qoladi. Chunki O‘zTVning Qunduz amakisi Quddus A'zamov muallifligidagi bu ko‘rsatuv doimo o‘ziga xos chiqadi. “Mevali daraxt”ga tosh otib ko‘ramiz.

“Vatanimiz taraqqiyoti uchun barchamiz mas'ulmiz” mavzuidagi dasturda lofchilarning saralari, ya'ni O‘zLiDePdan saylangan deputatlar, fermerlar, tadbirkorlar qatnashdi.

Aslida mavzu O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun yaratilgan “barcha sharoitlar”ni yana bir bor yuksak tembrda kuylashga qaratilgan bo‘lsa-da, gap hadeb sog‘lom ona va bola mavzusiga taqalib kelaverdi. Boshqa iloj yo‘q. Chunki yilni nomlab qo‘yganmiz. Agar buni chetlab o‘tsak, yuksak ma'naviyatligimiz va vatanparvarligimiz qayoqqa qoladi? Prezidentimizga hurmatsizlik bo‘lmaydimi bu?!

Ko‘rsatuv mehmoni bo‘lmish fermer bitta taklifni o‘rtaga tashladiki, uni eshitib o‘tirgan aqlliroq hamkasblari: “He senga so‘z berganning mikrofoni suvga tushib ketsin, endi shu qolgandi qilmagan ishimiz”, deb yuborgan bo‘lsa, ajab emas. U televizorga chiqsa, biror esda qolarli gap aytish istagi bilan studiyaga kelgan bo‘lsa kerak, fermerlar to‘g‘ri siyosatni targ‘ib qilishi zarur, deb yuborsa bo‘ladimi. O‘zi bechora fermer shundoq ham dalasiga yaqinlasha olmay, faqat turli-tuman yig‘ilishlar tutquniga aylanib qolgan bo‘lsa, endi u siyosatning qanchalik to‘g‘riligini tushuntiradigan lektorga ham aylansinmi?!

Studiya mehmonlaridan boshqa biri qarayaptiki, hamma lofchilikda undan o‘zib ketmoqchi. Hay-hay demasa, e'tibordan chetda qoladigandek. Darhol otini qamchilaydi: “Kerak bo‘lsa, tadbirkorlarimiz Ispaniyadan olib kelinayotgan “Talko” poezdlarini ham o‘zimizda ishlab chiqarsa bo‘ladi”.
Buning uchun mamlakatning rivojlanish darajasi qanchalik bo‘lishi kerakligi, qanday texnologiyalar, mutaxassislar zarurligi uni qiziqtirib o‘tiribdimi?! Men boshqalardan kammi, hamma og‘ziga kelganini aytib yotibdi-ku, men ham bir gapirib qolay, deb ko‘nglidan o‘tkazgan bo‘lsa, ajab emas bu tadbirkor.

Mezbon Quddus A'zamov ham unga qarab, aqling joyidami o‘zi, demaydi. Xuddi ko‘nglidagidek gap aytilganidan xursandligini yashirmay, tutayotgan piltaga kerosin quyaveradi.

“Qarang, fermerlarimizning dunyoqarashi qanchalik o‘zgarib ketgan. Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida gapiryapti. Hatto siyosiy sharhlovchi ham bu haqda mukammal tushunchaga ega emas”, deya so‘zga chiquvchilarning qo‘ltig‘idan puflaydi Q.A'zamov.

U o‘zini garangga solib: “Chet eldan keltirilayotgan sharbatlar aslida pastadan tayyorlarkan, hatto sut va sut mahsulotlarini ham poroshokdan tayyorlashar ekan”, deydi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotganlari nimadan tayyorlanadi? Chet elnikidan battar bo‘lsa battarki, ortiq emas-ku aslida. Texnologiya baribir bir xil-ku. Chet elniki ham, o‘zimizniki ham bir go‘r, deydigan mard yo‘q studiyada.

Quddus A'zamovning sho‘r bodringga urush ochgani haqida

“Munosabat”ning yana bir soni uy sharoitida konserva yopish masalasiga bag‘ishlandi. Unda bu konservalarning zarari, undan zaharlanish haqida gap bordi.

“Madomiki, bu shunchalik jiddiy masala ekan, demak uni xaspo‘shlab o‘tirish kerak emas. Bu yuzasidan o‘lim holatlari ham bormi”, deya mavzuni jiddiylashtirishga harakat qildi boshlovchi.

Lekin davradagilar ham anoyi emas. Bu masalada biror raqamni aytsa, keyin gap-so‘zga qolishini biladi va shuning uchun siyosiy hushyorlik qiladi. Faqat konservadan zaharlanish xavfli ekanini aytish bilan cheklanadi studiyadagi mutaxassislar.

Eng e'tiborlisi, davrada shuncha odam o‘tiribdi. Ularning kamida 70 foizi uyida konserva yopadi. Biroq birortasi: “Biz ham uyda konserva yopamiz. Sanoat usulida tayyorlanganlari do‘konlarda juda qimmat. Buning ustiga, mazasi va sifati uyda tayyorlangannikidek emas. Qolaversa, zaharlanaman desa, do‘kondan sotib olinganidan ham zaharlanish hech gap emas hozirgi kunda. Mamlakat xalqi hamma narsani ko‘chadan sotib olish darajasiga hali yetgani yo‘q”, demaydi. Aksincha, ko‘rsatuv mavzusidan kelib chiqib o‘zlari o‘rgangan o‘sha ura-urachilikka beriladi. Na studiyadagilar, na boshlovchi aslida xalqni bunga nima majbur etayotgani sabablariga qiziqib ham ko‘rmaydi.

Q.A'zamov ko‘rsatuvga xulosa yasaydi: “Hayotimizga jiddiy xavf soladigan konservalardan voz kechish shu qadar oddiy haqiqatki, bu oddiy haqiqatga rioya qilsak, mamlakatimizda aholi salomatligini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlarga, sog‘lom ona va bolani shakllantirish siyosatiga o‘zimizning hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz”.

“Yo‘lchi yulduz” qaysi tomonni ko‘rsatmoqda?

Sovet davrida aqlini taniganlar “Yo‘lchi yulduz” – Lenin boboni yaxshi eslaydi. U har bir shahar, ko‘cha, maktabda qaddini rost tutib, qo‘lini cho‘zgancha allaqayoqlarni ko‘rsatib turardi. Bilganlar u Moskvani ko‘rsatyapti, deb o‘ylardi. Qibla tomonga qo‘l cho‘zib turibdi-yov, deb o‘zicha talqin qiladiganlar ham topilardi.

Davr keldi, bechora “Yo‘lchi yulduz” hamma joydan bir zumda g‘oyib bo‘ldi. Sobiq ittifoqning ayrim respublikalarida uni bo‘yniga arqon bog‘lab ag‘dardilar. Natijada qo‘li sindi, boshi tanidan ajraldi. O‘zbekistonga o‘xshagan respublikalarda esa u imi-jimida ko‘zdan pana qilindi. Ajab emas, uning o‘sha cho‘zilib turgan qo‘li va uzoqlarga tikilgan boshidan Amir Temur haykalining nozik joylari yasalgan bo‘lsa. Chunki Ilich toza bronzadan yasalgandi. Bronza esa keyin qimmatlab ketdi. Shuning uchun Ilich tanasi eritilib, bugungi davr qahramonlari haykallari yasalgan bo‘lsa, bundan ajablanish kerak emas.

Bu gaplarni bekorga aytayotganimiz yo‘q. Chunki bir vaqtlar Leninni yo‘lchi yulduz o‘rnida ko‘rgan O‘zbekiston telekanallari bugungi “Yo‘lchi yulduz” ko‘rsatayotgan yo‘ldan bir qadam bo‘lsa-da og‘ishmay olg‘a intilmoqda. Yangi “Yo‘lchi yulduz”ning eskisidan farqi shundaki, hali unga haykallar o‘rnatilgani yo‘q. O‘rnatilishi ham dargumon. Chunki eski “Yo‘lchi yulduz”ning qadriga yetmagan xalq yangisi so‘nib, qudratdan qolsa, uni tinch qo‘yarmidi?

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 sentyabr 2023
RT: Yashash soatining oltin kapgiri  Har borib kelishi bir olam zamon.  Koinot shu damda o‘z kurrasidan  Yasab chiqa olur ...
7 dekabr 2016
O‘tgan hafta «Samarkand i samarkandtsы» guruhi sahifasiga qo‘yilgan foto va videotasvirlarda jar yoqasidagi bexisob skeletlar yotgan eshak qabristonini ko‘rish ...
11 dekabr 2018
O‘zbekistonda dori-darmon savdosi eng daromadli sohalar qatorida qolayotgan bir paytda davlatga qarashli “Dori-darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi qarz botqog‘iga botib bormoqda. ...
4 mart 2016
Pul evaziga oyoq to‘pi o‘yinini spektaklga aylantirgan kelishilgan o‘yinlar qiroli Camvel Babayanni rassom Elsevar hajv qildi. Rassom Elsevar Eltuz.com
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...