Asosiy mavzular
26 mart 2023

26 mart referendumi – Karimovning ilk siyosiy nayrangi

O‘zbekistonda 1995 yilning martida prezident vakolatini uzaytirish uchun referendum o‘tkazilgan edi.

Islom Karimovning prezidentlik vakolatini 2000 yilga qadar uzaytirgan bu referendum kunlaridagi siyosiy kayfiyatni o‘sha davr rasmiy matbuotidan izlaymiz.

Qo‘limizda referendum kunlari chop qilingan va karimovparast chaqiriqlar bilan to‘la “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari.

“Xalq so‘zi” gazetasining 25 martdagi soni “Ertaga umumxalq referendumi kuni” degan sarlavhani manjetga chiqargan.

Gazetaning ilk sahifasida italiyalik diplomat Karlo Ungaro (Carlo Ungaro) tilidan “O‘z vaqtida o‘tkazilayotgan muhim tadbir” degan “maqola” e'lon qilingan.

Ayni sahifada Karimovni “Tinchlik va osoyishtalik kafolati” deb atagan tojikistonlikning maktubi e'lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 1995 yilda Tojikiston O‘zbekiston hukumati uchun odamlarni qo‘rqitadigan va yashashidan shukr qilishga chorlaydigan “o‘rnak” davlat edi.

Bugungi matbuot o‘zbeklarni Suriya bilan qo‘rqitsa, o‘sha payt matbuoti Tojikiston bilan qo‘rqitgan.

Ayni sahifada referendum vositasida lavozimdagi umri uzaytirilayotgan Islom Karimov sha'niga maqtovlar yog‘dirilgan maqolalar o‘rin olgan.

“Porloq kelajak sari”, “To‘la qo‘llab-quvvatlaymiz” kabi maqolalar ritorika va madhiyabozlik namunasi kabi tuyuladi.

Gazetada o‘sha paytda o‘zbek parlamenti spikeri bo‘lgan Erkin Xalilovning Madridga safari haqida ham bilgi berilgan.

Ayni gazetaning 23 martdagi sonida esa umumxalq referendumidagi ovoz berish varaqasining namunasi keltirilgan.

Varaqada “Siz O‘zbekiston prezidenti vakolatlarini 1997 yildan 2000 yilga qadar uzaytirishga rozimisiz?” degan savol qo‘yilgan. Tartibga ko‘ra, bu varaqaga qalam tekizmay qutiga tashlansa, rozilik alomati bo‘lardi.

Norozilar bu matnni o‘chirib tashlashlari talab qilingan.

O‘sha paytda muxolifatning Turkiyada nashr qilingan “Erk” gazetasida yozilishicha, saylov xonalaridagi ruchkalarning ichidagi zapasi olib qo‘yilgan ekan. Byulleten ustini chizganlar huquqbuzar sifatida militsiya suhbatiga olib ketilgan.

Yana gazetalarga qaytamiz. “Xalq so‘zi”ning 24 mart sonida keleslik maktab direktori Xalilovning rasmi referendumda Karimov targ‘ibotchisi sifatida taqdim qilingan.

Ayni sahifada Karimovga bag‘ishlangan “Kelajagimizning ishonchli kafolati” sarlavhali kattagina maqola chop qilingan. Gazeta mualliflari referendumni “Demokratiyaning oliy mahsuli”, deya tariflashgan.

Referendum o‘tib bo‘lganidan keyin 28 mart kuni chop qilingan “Xalq so‘zi” Karimovning fotosini chop qilib, “El ishonchi – oliy mukofot” sarlavhasini manjetga chiqargan.

Gazetaning ichki sahifasidan esa referendumning “zo‘r uyushqoqlik bilan o‘tgani” haqidagi lavhalar yelpig‘ichi o‘rin olgan.

Rus tilidagi “Narodnoe slovo” gazetasi “Narod skazal svoe slovo” sarlavhasi ostida referendumni maqtovchi maqolani e'lon qilgan.

1995 yil 26 martida o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijalariga muvofiq, Karimovning prezidentlik vakolatlari 2000 yilgacha uzaytirildi.

Shundan beri o‘tgan va muqobil saylov ekani iddao qilingan prezident saylovlarida Karimov yana osonlik bilan o‘z kursisida qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Xalqaro kuzatuvchilar bu saylovlarning birontasi ham erkin va demokratik bo‘lmaganini aytishadi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90-moddasiga muvofiq, bir shaxs prezident lavozimiga ikki martadan ortiq saylanishi mumkin emas.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2015
Halokat Anvar o‘tirgan Matiz mashinasi paxta ortilgan traktor pritsepi bilan to‘qnashuvi natijasida sodir bo‘lgan. Hozirda mashina haydovchisi og‘ir ahvolda ...
8 iyun 2018
«Zarafshon» zonasiga etap qilingan siyosiy mahkum Muhammad Bekjon 2002 yilning bahorida ayni modda bilan tuhmat qilib ayblangan Rustam Mamatqulov ...
7 fevral 2018
Namanganning Kosonsoy tumanida 5 fevral kuni 36 kishi xasipdan zaharlanib shifoxonaga yotqizildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, ular ...
4 yanvar 2024
Mana bu videotasvirlarda ikki kishi o‘rtasida mushtlashuv boshlanganini ko‘rish mumkin. Ko‘p o‘tmay, orqaga chekinayotgan shaxsga to‘da bo‘lib hujum qiladilar, ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...