«O‘z xalqini qirdi bir xoin…»
Matluba Azamatova 1965 yil Andijon shahrida tug‘ilgan. Maksim Gorkiy nomli Adabiyot institutida tahsil olgan. Britaniyaning IWPR instituti va Bi Bi Si radiosi muxbiri bo‘lib ishlagan. Hozirda Shvetsiyaning Helsinborg shahrida yashaydi.
Qonli Andijon
Qonga botdi bugun Andijon,
Haq izlagan xalqim qirildi.
Ko‘chalarda girdob bo‘ldi qon,
Inson o‘lib, ruhlar tirildi.
Qonga botdi bugun Andijon,
Changalini yozdi Azroil.
Yosh go‘daklar taslim qildi jon,
O‘z xalqini qirdi bir xoin.
Qonga botdi bugun Andijon,
Jonni oldi Islom degan zot.
Murdalarga to‘ldi bu maydon,
Topolmadi odamlar najot.
Qonga botdi bugun Andijon,
Mard yigitlar jon qildi fido,
Yosh bola-yu, qizu yosh-juvon…
Hammasiga guvohdir Hudo.
Qonga botdi bugun Andijon,
Ajal quvdi minglab odamni.
Otangman, deb quturgan hayvon,
Tinglamadi hech bir nolani.
Qonga botdi bugun Andijon,
O‘lim bugun qildi tantana.
Haqiqatdan ketdi bor mador,
Ustun keldi xiyonat yana.
Qonga botdi bugun Andijon.
«Xalq otasi» farzandin qirdi.
Xalqim yuragingda uyg‘onsin isyon,
Dunyo sening kulfating bildi.
Qonga botdi bugun Andijon.
Qasos tayin qotillar uchun.
Qalbda gulxan lovullar har on,
Haqni qo‘llash – bu mening burchim.
Matluba Azamatova
«Ozodlik ohanglari»
Eltuz.com