«Men bu tushni ko‘rganman oldin…»
Qudrat Bobojon 1965 yil Urganch shahrida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Bi-Bi-Si, Ozodlik radiolarining mintnaqaviy muxbiri bo‘lgan. «Urush va tinchlikni yoritish» institutida ishlagan. Ayni paytda Shvetsiyada yashaydi.
Ko‘hna Urganch
Men bu tushni ko‘rganman oldin,
Nohush ta'biri ham esimda:
Borarmishman bo‘shliqqa qarab,
Kelar emish Qo‘rquv izimdan.
Bosib kelar emish kun sayin,
Bosib kelar emish kun sayin…
So‘ngra Vahm-Zulumot bilan
Boshlar emish bir makkor o‘yin.
Ko‘zlarining soqqasi chiqqan
Olomonga o‘xsharmish Qo‘rquv.
Butun Turon emish zanjirband,
Butun yurtni elitmish uyqu…
Va zanglagan zanjirlarini
Shaldiratib yurarmish Qullik.
Bu Qullikning basharasiga,
Ko‘zlariga boqarmishman tik.
Shaldiratib yurarmish Qullik,
Shaldiratib kelarmish zanjir.
Oyoqlari ostida uning
Uch yuz oltmish qabriston ham jim…
Huvillarmish buyuk qabrlar,
Tebranarmish zangilar qalt-qalt.
Uch yuz oltmish zanjir xalqasi,
Uch yuz oltmish xalqa emas – xalq!
Uch yuz oltmish avliyo ham jim,
Ko‘zlarimga munglig‘ yosh qalqar.
Men bilmadim, yo anglamadim,
Nechukdir jim emish bu xalqlar?
Bu yerlarni ortiq kezmadim,
So‘ng xonamda bir o‘zim qoldim…
Eslayapman, barin esladim!
Men bu tushni ko‘rganman oldin.
Qudrat Bobojon
Ozodlik ohanglari
eltuz.com