Asosiy mavzular
29 oktyabr 2021

RTdan va'z: Osmondan tushgan malaklar

Kichikroq davrada avj pichir-pichir:  

“Voh, bechora”, deya uchar ovozlar  

– “Aytganini qilmas hokimu vazir,  

Hanuz atrofida eski shovvozlar.  

Shuncha chirangani ketmish besamar,  

Yutuq-zafarlari kam emas garchi…  

Lek kunda tarqalur o‘n xunuk xabar  

– Misqollab yig‘ilgan obro‘ chil-parchin!”  

Bir yonda xalq yupun…  

Bilsam, saroyda  

Qo‘lma-qo‘l o‘tarkan pul dastalari.  

“Bas qil, ey!” buyrug‘i bermaskan foyda:  

“O‘zingiz-chi?” dermish gumashtalari. 

(A'zam Obidov)

Salom, mening do‘stlarim va g‘animlarim. Mana, Shavkat Mirziyoev prezidentligining ikkinchi muddati ham boshlandi. Natijasi barchaga oldindan ayon bo‘lgan saylov ham poyoniga yetdi. Bu gal Shavkat Miromonovich, rasmiylarga ko‘ra, 80 foizdan sal ko‘proq ovoz to‘pladi. O‘tgan galgi saylovga solishtirganda bu ko‘rsatkich 9 foizga kam degani. Demak, uning tarafdorlari 9 foiz kamayibdi.  

O‘tgan gal yutubga qo‘yilgan va'zim tagida prezidentni maqtovchi minglab izohlar qoldirilibdi.  

Bu kommentlar saviyasi va imlo xatolariga ko‘ra, prezidentni savodsiz, taviya va badbaxtlar sevar ekan, degan xulosa chiqdi.  

Lekin hozirda mazmunan eski, ammo shaklan yangi tendentsiya ko‘zga tobora yarq etib tashlanmoqdaki, bu haqda mufassalroq to‘xtalaman. 

Avvaliga qisqa xabarlardan boshlasam: 

Qisqa xabarlar

18 oktyabrda M.K. ismli talaba qiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida dekanning yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari B.Yu.ning oldiga boradi. Dekan talabaga arslonday tashlanadi, shunda eshik taqillab qoladi, ishtoniga «kaka» qilib qo‘ygan dekan o‘rinbosari qizni derazadan itarib yuboradi. Qiz shifoxonada, dekanning o‘ribosari qamoqda.

+++ 

So‘nggi 10 kun ichida Samarqand viloyatida is gazidan zaharlanish bo‘yicha 4 ta holat qayd etildi. Natijada 8 kishi o‘ldi va bir kishi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi. Is gazidan zaharlanib o‘lganlarning 5 nafari yosh bola. O‘zbek rasmiylariga ko‘ra, o‘lim holatlari tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan qo‘lbola pechlarning mo‘risi tozalanmagani oqibatida yuz bergan.

+++  

Andijonlik fizika domlasi odamlar iz gazidan o‘lmasin deya arzon pechka ixtiro qilibdi.  

Domlani propan gaz balloni bilan ishlaydigan, uyni isitishga mo‘ljallangan maishiy pech ixtiro qilgani bilan tabriklaymiz. Pech ham iqtisodiy jihatdan samarali, ham xavfsiz ekan. Tezak-pezak kerak emas! Bu patentni Ilon Mask patentlari qatoriga qo‘shib qo‘yish kerak! 

+++

Toshkandni azimda bir ayolning 3 ming dollarlik tillo taqinchoqlarini aldab, shilib olgan 30 yoshli opa ushlandi. O‘zini folbin deb tanishtirgan Yu. farzandlari bilan sayr qilib yurgan O. ismli ayolga yaqin orada uning yaqinlaridan biri og‘ir kasal bo‘lib, hatto hayotdan ko‘z yumishi mumkinligini aytadi. Qo‘rqib ketgan ayol baloyu qazolardan omon qolish uchun bor-budini yechib berib yuborgan. “Folbin” opa esa «shessekund»da hamma jinlarni quvib yuborishini aytib, tillani hamyoniga urib survorgan. O‘ziga kelgan O. tinim bilmas milisaga ariza yozib bergan. 

 Folbin qamoqda, tilla egasida. 

Devorning tili bo‘lganida

Qisqa xabarlarga olganim – dekan o‘rinbosari tegajog‘lik qilib derazadan itarib yuborgan qizning hozirgi holati haqida ma'lumot berildi. Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi M. K. joriy yilning 18 oktyabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Tezkor tekshiruvlar natijasida unga katatravma, qo‘shma jarohat, o‘ng o‘tirgich va qov suyaklarining sinib siljishi, quymuch suyagining o‘ng tomonda sinib qoniqarli turishi, beshinchi bel umurtqasi yon o‘sig‘ining sinib qoniqarli turishi, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, peshona sohasi ezilib yirtilgan jarohati, travmatik shok ikkinchi darajasi tashxislari qo‘yilgan. 

Oliy ta'lim muassasalarida talaba qizlarga nisbatan xarassment (shilqimlik) – jiddiy muammo. Pedagogika universiteti talabasi bilan shu kunlarda sodir bo‘lgan voqea buning yaqqol dalilidir. 

Nizomiy instituti bunday hodisalarga boy. Bu haqda o‘zim yaxshi bilganim bir hodisaga to‘xtalsam:   

Tarix 1983 yil. Toshkent. Nizomiy nomidagi pedagogika instituti badiiy grafika fakulteti binosi (park tarafdagi bino). Dars va mashg‘ulotlar tugagan payt. Plastik anatomiya va haykaltaroshlik o‘qituvchisi, hurmatli haykaltarosh ustoz Abdimo‘min aka Boymatov odatiga ko‘ra ijodiy xayol surib, fakultet yo‘lagi bo‘ylab yurmoqda. Shu payt bu ustoz domlaning qulog‘iga kafedra mudiri xonasidan chig‘ayotgan g‘alati ovozlar eshitiladi. Ustoz shart eshikni ochsa, kafedra mudiri shu fakultetda o‘qiydigan Maxfirat degan qizning oyog‘ini antenna qilib taraqlatmoqda. Talaba zachyot baho uchun domlaning ko‘nglini olishga majbur bo‘lgan ,deyishadi roviylar (yana bilmadim). Odatda marmar tosh chopadigan haykaltaroshlar jismonan o‘ta kuchli bo‘ladi. Abdimo‘min aka ham shunday. Xullas, Abdimo‘min ustoz kafedra mudirini bo‘ynidan ushlab talaba qizning ustidan sug‘urib olib yerga uloqtiradi. Qizni esa tashqariga chiqarvoradi. Keyin sovuqqon bir tarzda kafedra eshigiga stul tiqib, ichkaridan qulflab, kafedra mudirini yarim soatcha do‘pposlaydi (bir soat kaltakladi, deyishadi bilgichlar). Kafedra mudiri shundan keyin impotent bo‘lib qolgan, deyishadi bu mudirning xotiniga tayangan roviylar. 

Alqissa, pedinstitut deya atalmish bu dargoh tarixan seksodrom bo‘lgan. Shu badiiy grafikaning andijonlik chizma geometriya o‘qituvchisi 19 yashar qizning ota-onasiga qizginani o‘qishga kiritib qo‘yish va'dasini beradi. Bir narsa evaziga, albatta. Ammo o‘sha bir narsa kamlik qildimi yoki oddiy shahvat xurujimi, xullas, bu «tanka» qizning «ta'mini totib» ko‘rishga orzumand bo‘ladi. O‘sha paytda bu domlaning Oqtepa tarafda kotteji bo‘lgich edi. Ikki qavatli villa deylik (Suriyadagi institutda ishlab kelib olgan). O‘sha kottejning oynasini yuvib berish uchun bu «tanka» domla abiturient qizni taklif qiladi. O‘z xotin bola-chaqasini esa Andijonga jo‘natib yuboradi. 

Roviylarning bu qizga tayanib aytishicha, bu domla «tanka» emas, yobir terrorist ekan. Qizni zo‘rlaydi. Ammo gapida turib, qizni o‘qishga kiritib ham qo‘yadi. Nomusi toptalgan qiz bu domladan umrbod nafratlangani haqida bir-biridan mustaqil roviylar gapirgan….

Nizomiy deb atalmish bu dargoh muallimlari ne-ne o‘zbek qizlarini qandoq zo‘rlaganini bino devorlarining tili bo‘lsa aytib berardi. Ayniqsa, musiqa va boshlang‘ich ta'lim fakul'teti, filologiya, fizika va defektologiya fakultetlaridagi qizlar baho olish uchun nima qilganini yozsam, porno-ro‘mon bo‘ladi.

Darvoqe, sen qizlarning erkin sevgi munosabatlariga qarshi emasman. Sham ularniki. Bemalol yoqaverishsin. Ammo bu qizlarga «nima qilasan qiynalib o‘qib¸ yaxshisi, bitta domlani o‘zingga homiy qilib olib, besh yil berib yursang, qizil diplom olasan. Oxirida tiktirib ham beramiz», deya ruhiy bosim qilgan domlalar zimmasida ham mas'uliyat bor. Ko‘zini suzayotgan g‘unajin va ipini uzmoqchi bo‘lgan ho‘kiz haqidagi siyqa maqolni chiqindiga tashlab yuboring. Chao pompidu kurva kokain. 

Saylov nomli teatr

Teatrushunos bo‘lmaganim uchun «saylov» haqida jim turishlik majburiyati yelkamga yuklandi. Bilmagan narsam haqinda gapirib kulgiga qolsam, el-ulus, bola-baqra va xotun-xalaj yuzig‘a qandoq qarayman.

«Saylov» deb atalgan teatr ishtirokchilari 21 million ekan. Ularning aqlan zaif va jismonan majruh ekani borasida mutlaq yaxshi gumonda bo‘lmoq joiz. Shu bois, bu telba, ovsar, taviya va irkitlarni hajv qilish va ustidan kulish eng oz insof yuzasindan ham qaralsa, to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Kalga kal, ko‘rga ko‘r, cho‘loqqa cho‘loq deyish zanjirga bog‘lab gavron bilan ursang ham tirjayadigan aqlsizga jinni deyish fakt konstatatsiyasi bo‘lsa ham haqorat sanalur. Siz aytasiz, bu xalq uchun haqoratning bir anglami yo‘q? Ular uchun haqorat har turlik muomalaning ko‘nikilgan bir turi, deb o‘ylaysiz.

Yo‘q, undoq ermas. Ular joxhl va bilgisiz bo‘lsa, siz va biz ham ular saviyasiga tusha olmaymiz. Oydin bo‘lish zimmati ham shunda. Xo‘sh, unda bizning zimmamizda nima qoldi? Bag‘oyat to‘g‘ri savol. Modomiki, jinniga aql, kalga soch, cho‘loqqa oyoq ato qila olmasak, bu 21 million tashqarisidagi 15 million yosh bo‘g‘inga nasihat aytib, irfon yo‘lini ko‘rsatmak vazifasi bizga tushar.

Cho‘pchak va rivoyat emas, balkim dunyoviy ilm-fan nuri birlan jaholatning bitlagan ko‘rpasini yoqmoq vazifasi bu. 21 million taviyadan ko‘ra, o‘sha 15 million yosh bo‘g‘inning modern, dunyoviy hamda millatni anglagan bo‘lishi o‘ta muhimdir. 

Burbon va yurtboshi davri o‘xshashliklari

Prezident saylovida yutgan joriy rahbarga laganbardorlik, boshqacha qilib aytganda, yalaqilik motivlari shu kunlarda o‘zining cho‘qqisiga yaqinlashmoqda. 

Shu ma'noda O‘zbekiston xuddi Lyudóvik XIV de Burbón taxtga minayotgan davrga mengzaydi.  

72 yil podsholik qilgan bu shaxs davridagichalik laganbardorlik hech qaysi davrda bo‘lmagan, uni hatto «Qirol Quyosh» deya atashgan. 

Lyudovik XIV ga va'zim oxirida hali yana qaytaman.  

Lekin aytmoqchi bo‘lganim shu. 

Yangi yurtboshiga bag‘ishlangan ilk she'rni esa bundan 4 yil oldin Lyudovik davri an'analariga xos cubordinatsiyani saqlagan holda, marhum prezidentning yaqin a'yonlaridan sanalgan senator-shoir Iqbol Mirzo boshlab bergan edi:  

Otaning g‘oyalari qoyalardek mangulik, 

Sheri mardga munosib arslon panja izdosh bor. 

Saroy shoirligi vakansiyasini ko‘zlab, yangi-yangi maddohlar soni ortarkan, ular orasida ilgarigi avtoritar hukmdor o‘rkachini yeganlar maqtovlari ham eshitiladi. 

Ikki oyki ko‘nglim mening xotirjam 

Ko‘zlarim TV da axtarar seni 

Xayolim to‘lg‘anib, hissim bo‘lar jam,

Muvaqqat shavkatim, mangu shavkatim. 

Bu bir baxtiyorlik so‘nggi ko‘rinmas,

O‘zbeklar dunyosin yo‘li bo‘linmas.

Xorijdagi faollar ham seni der 

Muvaqqat shavkatim, mangu shavkatim. 

+++

U bois quyosh chiqar — u bois to‘ladi oy… 

– deya davom etadi moddohlar mushoirasi…. 

26 oktyabrda osmondagi NUJlarga minib olgan malaklar yerga tushibdi. Shig‘irchi Zahro Shamsiya ismli nochor bunday yozibdi: 

Bugun farishtalar yerga tushgan kun, 

Podshohlik taxtiga mindi mard o‘g‘lon.  

Kelajak nurafshon bo‘lmog‘i uchun  

Jonini fidolar ayladi chunon. 

Temurbek naslidan jismu jonimiz,  

Bizda hasad yo‘qdir, bizda yo‘q nafrat.  

Samarqand poyida duolar qilib,  

Islomi turgandek tilab baxt,omad.  

Xalqim deb ardoqlar, yurtim deb suyar.  

Elning bolasini bolam der tinmay, 

Ana shunday odil, shunday jonkuyar,  

Bugunga yetoldi bukilmay, sinmay.  

Endi orzularning qanoti uchqur,  

Endi ezgulikka yuramiz faqat.  

Tug‘ilajak o‘g‘il farzandlar uchun,  

Ismi ham tayyordir – Mirziyo, Shavkat!  

Chalindi har uyda baxtning navosi, 

Ko‘ngillarda bahor uyg‘ondi go‘yo,  

Oh, naqadar sofdir sharaf havosi,  

Sizni yomon ko‘zdan asrasin Xudo!!!  

Yana yuz yillarga tuzamiz reja,  

Yana millionlab tug‘ilar o‘zbek.  

Odil podshoh! Yuksak bo‘lsin natija!  

Millat o‘z uyida yashaydi bekdek!  

Topolmayin qoldim ta'rifchun so‘zlar,  

So‘z nimayam bo‘lar, ishonch tog‘ bo‘lsin,  

Baxtdan yonib tursin qop-qora ko‘zlar, 

Ilohim har uyda bug‘doylar to‘lsin.  

Karnay-surnay tinmas, duo – yaxshilik!  

Shavkatli yurtida bek bo‘lsin o‘zbek!!!  

(2021 yil26 oktyabr, Zahro Shamsiya) 

Tarix takarruri

Aynan Lyudovik XIV hokimiyatidan keyin Burbonlar sulolasi tarixdan o‘rin oldi.  

Maddohu yaloqilar ham o‘z o‘zidan yo‘qoldi.  

Inqiloblaru janglar ortidan Frantsiya absolyut monarxiyadan butunlay qutuldi.  

Tarix takarrurlardan iborat.   

Umid qilamanki, O‘zbekiston hukumati ham tarixdan saboq oladi.  

Aytar gapim shu!   

Chin shoirlar bari otilgan,  

Qolganlari bari sotilgan.  

Mard so‘zim shu – hammasi qo‘rqoq!  

O‘zim kimman? So‘ramang biroq.  

Men ismimni aytmasman zinhor,  

Zamon nozik, bola-chaqam bor.  

(Erkin Vohidov) 

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
24 noyabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov «Eltuz» orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosida O‘zbekistonda qish mavsumi, ...
30 noyabr 2017
Noyabr oxiriga kelib Mirziyoevning «qishloqlardagi har bir xonadonning tovuq boqishi va limon yetishtirishi»ga imkon yaratishga oid tashabbusi o‘zini oqlamagani ...
30 yanvar 2024
Ko‘plab mutaxassislar, biznesmenlar va ekspertlar fikrini o‘rganib chiqqan Xalqaro Transperensi Interneshnl tashkiloti 30 yanvar kuni dunyoning 180 mamlakatini qamragan ...
17 dekabr 2020
Sirdaryo viloyatining Xovos tumani Qahramon qishlog‘ida yashovchi E.J. dekabr oyining o‘zida ikki marta joniga qasd qilgan. Avvalroq u o‘z nabirasini zo‘rlaganiga oid video ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...