ART-DURBIN
28 noyabr 2018

Gulnoraning “cho‘ntagi” muzeylardan o‘g‘irlab pullagan san'at asarlari

2009 yilning avgustida dizayner, shoira, qo‘shiqchi, diplomat va “O‘zbekiston malikasi” sifatida dovrug‘ qozongan Gulnora Karimova dunyoga mashhur rossiyalik kutyurelardan birini Toshkentda mehmon qildi.

Ikki kun davom etgan aysh-ishrat va to‘kin-sochin mehmondorchilik so‘nggida Gulnora Karimova moda dizayneriga Turkiston avangard yo‘nalishi asoschilaridan biri Aleksandr Volkovning nodir asarini hadya qildi.

Qiymati 1 million dollardan ortiq turadigan bu san'at durdonasini Gulnora Karimovaga uning “cho‘ntagi” sifatida tanilgan Jur'at Meliqulov yetkazib bergandi.

Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan shaxsning “Eltuz”ga ma'lum qilishicha, mehmonning hayrat bilan “bu shedevrni qaerdan oldingiz?” degan savoliga “O‘zbekiston malikasi” qisqa qilib, “o‘zbeklarda bir maqol bor: mevasini yeginu bog‘ini surishtirma,” deya javob qaytargan.

Yuksak martabali mehmon bugun ham asarning Nukusdagi Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san'at muzeyidan o‘g‘irlab chiqilganini bilmasa kerak.

Bu sir o‘zbek xalqi uchun hozir ham yopiq qolmoqda.

“Cho‘ntak”dan Gulnoraga

“Eltuz” 16 martda O‘zbekiston sobiq prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning “cho‘ntagi” sifatida tanilgan shaxs – Jur'at Meliqulov qamoqdan butunlay ozod etilish arafasida turgani haqida maqola chop etgan edi.

Jur'at Meliqulov haqidagi filmni mana bu yerda tomosha qiling.

Mazkur film Meliqulov va yana besh nafar shaxs ustidan olib borilgan 1-472/2014 raqamli jinoyat ishi xulosalari asosida ishlangan.

Jur'at Meliqulov 2012-2013 yillar oralig‘ida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan 100 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirishda aybdor deb topilib, 2014 yilning 20 avgustida Toshkent shahri sudi tomonidan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Sud xulosasiga ko‘ra, Jur'at Meliqulov FNQIZda mas'ul vazifalarni bajargan besh kishi bilan birga “jinoiy til biriktirgan va o‘z vazifalarini suiiste'mol qilgan holda… FNQIZ pul mablag‘larini tizimli tarzda o‘marish, pora olish, O‘zbekiston iqtisodiy manfaatlariga zid ravishda bitimlar tuzish va yirik miqdordagi soliqlardan bo‘yin tovlash bilan shug‘ullangan”.

Ammo Jur'at Meliqulovning boshqa bir kirdikori – O‘zbekistondagi turli muzeylardan o‘g‘irlangan kartinalar, asosan, uning qo‘lidan o‘tgani sud nazaridan chetda qolgandi.

Muzeylardan “cho‘ntak”ka

Gulnora Karimova yaqinlaridan birining eslashicha, FNQIZda mas'ul vazifasini egallashidan oldin Jur'at Meliqulov O‘zbekistondagi antiqa jihozlar olib sotarlari ichida nom chiqarishga ulgurgandi.

“Jur'at ikki yuz yillik taqinchog‘u Nikolayning so‘lkavoy tangalaridan tortib, chinni idishlaru gilamlargacha sotardi. Ayniqsa, qimmatbaho kartinalarni muzeylardan o‘zlashtirish bo‘yicha unga yetadigani yo‘q edi. Qo‘qon, Nukus, Toshkent va Angrendagi o‘nlab asarlarni arzon-garovga sotib olar, asl rasmlarni soxtalariga almashtirib, muzeyga qaytarardi va shu bilan jinoyatni xaspo‘shlagandek bo‘lardi,” – deydi u.

Jur'at Meliqulovni yaqindan tanigan rassomlardan biriga ko‘ra, ishbilarmon davlat muzeylaridan kartinalarni tanlash va ularni soxtalari bilan almashtirishda rassom bojasining xizmatlaridan foydalanardi.

“Jur'atning yaxshigina rassom bojasi bor. U doimo muzeylardagi qimmat kartinalarni tanlashda Jur'atga yordam berardi. Jur'at arzon-garovga olgan kartinalarning kopiyalarini ham shu bojasi chizib berardi,” deydi rassom.

U Jur'at Meliqulov nafaqat o‘zi xizmat qilgan Gulnora Karimova va Rustam Madumarov, balki O‘zbekistonga keladigan xorijiy diplomatu ishbilarmonlarni ham kartinalar bilan ta'minlaganini aytadi.

“Kartinalarni Gulnora Karimova va uning eri Rustam Madumarovga shunday sovg‘a qilsa, xorijiy sayyohlaru diplomatlarga mo‘may narxda pullardi. Rasmlar ko‘pincha o‘n minglab, yuzlab ming va hattoki millionlab dollarga chiqib ketardi”, deydi u.

“Cho‘ntak” himoyachisi – MXX generali

2015 yilning 28 avgustida Qoraqalpoq davlat san'at muzeyida mutaxassislar tekshiruv o‘tkazgani va muzeyda 581 million 625 ming so‘mlik 5 kartina yo‘qligi aniqlangani, buning ortidan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati jinoyat ishi ochgani xabar qilindi.

Mazkur holat mutaxassislar tekshiruvi, jumladan, ultrafiolet nurlarni qo‘llash orqali analiz qilish vositasida aniqlangandi.

Mutaxassislar muzeyda saqlanayotgan 85 ming eksponatdan 800 kartinani tekshirishi natijasida yuqorida tilga olingan 5 asarning muzeyda yo‘qligi oshkor bo‘ldi.

Bu kartinalarning umumiy qiymati bir million dollardan ko‘proqni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, Angren galereyasida Viktor Ufimtsev qalamiga mansub ko‘plab asarlarning asl nusxalari yo‘qligi ma'lum qilindi.

O‘zbekiston davlat san'at muzeyida esa 278 kartinaning asli emas, nusxalari saqlanayotgani aniqlandi.

Bu kartinalarning umumiy qiymati o‘nlab million dollarni tashkil qilgandi.

O‘nlab kartina o‘g‘rilari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yakkasaroy tumani sudi O‘zbekiston davlat san'at muzeyi bosh muhofizi Mirfayz Usmonovni 9 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qildi.

Muzey bosh muhofizi qamalishidan oldin O‘zbekiston davlat san'at muzeyi xazinasidan o‘nga yaqin kartina o‘g‘irlanib, o‘rniga qalbaki nusxalari qo‘yilgani sud paytida o‘z isbotini topdi.

Bosh muhofiz Mirfayz Usmonov muzeyning boshqa xodimi – restavrator Abdurahmon Muranovga kartinalarning qalbaki nusxasini chizdirib, original nusxani sotib yuborgan.

Shu tariqa Aleksandr Nikolaevning “Bolaning surati”, “Meva ko‘targan qiz”, Oganes Tatevosyanning “Choyxona”, “Buxoro”, “Dengiz”, Nikolay Karaxanning “Hovuz bo‘yidagi qiz”, Rixard-Karl Zommerning “Tog‘ daryosidagi ko‘prik”, “Kabobxona” kartinalari pullangan.

Rasmiy hujjatlarda Oganes Tatevosyanning “Buxoro” (Urgut yo‘li), “Baliq ovida” va Nikolay Karaxanning “Choyxona”, shuningdek, Zommerning “Hovuz bo‘yidagi qiz”, “Kabobxona” va “Tog‘ daryosidagi ko‘prik”, Aleksandr Nikolaevning “Meva ko‘targan qiz” va boshqa asarlari almashtirib qo‘yilgani aytiladi.

Ammo jazoga tortilganlar orasida, O‘zbekiston xalq rassomi aytmoqchi, “kartinalarning eng katta o‘g‘risi”, Gulnora Karimovaning “cho‘ntak”i Jur'at Meliqulov yo‘q edi.

Tergov ishida qatnashgan MXX xodimining “Eltuz”ga aytishicha, jazodan qutulib qolishiga O‘zbekistondagi o‘sha davrning eng qudratli shaxslaridan biri, O‘zbekiston MXX raisi o‘rinbosari, general Shuhrat G‘ulomov sabab bo‘lgandi.

Keyinchalik, oradan uch yil o‘tib, Shuhrat G‘ulomovning o‘zi ham qamoqqa olingach, uning uyidan O‘zbekiston davlat muzeyidan g‘oyib bo‘lgan qimmatbaho ikkita kartina topilgandi.

“Bu rasmlarni Shuhrat G‘ulomovga Jur'at Meliqulov jazodan qutulib qolish uchun hadya etilganini hozir ham juda kam odam biladi,” deydi MXX xodimi.

Rustam Ahmedov
“Eltuz”ning Toshkentdagi muxbiri

Tag‘in o‘qing
15 iyun 2017
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning dipmissiya xodimlari va raxbarlari bilan birgalikda rejalagan xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti kutilmoqda. Vazirlik saytida ...
1 avgust 2016
Eski ToshMIning Nikolay g‘ishtdan qurilgan va O‘zbekiston tarixiy yodgorliklar idorasi muhofazasida bo‘lgan binosi Bosh vazirning bir imosi bilan buzildi. ...
17 oktyabr 2016
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston matbuoti bosh vazirning virtual qabulxonasini salkam “adolat uyi”ga tenglashtirib qo‘ydi, desak xato bo‘lmaydi. Hozir har bir ...
15 iyun 2020
Andijonlik 44 yashar Alijon Abdukarimov ichki ishlar xodimlari tarafidan urib o‘ldirildi. Alijonning ortida homilador xotini va uch farzandi qoldi. ...
Bloglar
18 yanvar 2021
Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan, yaqin-yaqin zamonlarda yot bosqinchilarning yuz yildan ko‘proq ...
13 yanvar 2021
Kun.uz professionallarni ishga qabul qilar emish. Katta maosh, ikki mahal ovqat. Sihatgohning o‘zi-ya! Bunday ishxonani ...
11 yanvar 2021
Taniqli shoir Bahrom Ro‘zimuhammad 60 yoshda Bahrom aka indamaygina oltmishga kiribdi. Botinan qaralganda, unday emas. ...