Asosiy mavzular
11 oktyabr 2019

RTdan va'z: Toshkentda o‘zbeklarga tekin uy beriladimi?

Ko‘zimni ochsam, BMT anjumanida o‘tiribman. Oldimda O‘zbekiston bayrog‘i. Bo‘ynimga osilgan beyjikni aylantirib qarasam, O‘zbekiston vakili emishman.

Ammo o‘tmish bilan bugun o‘rtasini bog‘lay olmayotgan edim. Qanday qilib O‘zbekistondagi xarobada yashaydigan, men kabi juldurvoqi birdan ulug‘ bir anjumanda kelajagi buyuk davlatni tamsil qilmoqda?

Ë kechagi «den rojdeniya»da ichib mast bo‘lib qolgan BMT vakilining o‘rniga yanglishib meni samolyotga o‘tqizvorishdimi? Anavi kinodagidek.

Xullas, nima bo‘lsa bo‘lsin, vatanim yuzini yerga qaratmayman. «Bizga dunyo havas qiladi!» deya rolga kirishib ketdim.

Keyin bir to‘da odam meni o‘rab olib savolga tuta boshladi. “Mamlakatingiz qashshoqmi?” dedi bir ko‘zoynak taqqani.

“Yo‘q, boymiz, osmonimiz musaffo, yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch”, dedim.

“Sizda o‘rtacha oylikka nisbat qilganda, avtomashina qimmatmi”, dedi yana birisi. “Yo‘q”, dedim. “Istagan farrosh 4 oy ishlasa, puli bitta «Kaptiva»ga yetadi”, dedim.

«Istasa mashinani salondan tekin minib ketadi, oyligidan 0,004 foiz oyma-oy to‘lab yuraveradi”, dedim.

“Toshkentda uy qimmatmi”, deyishdi. “Tekin”, dedim. “Davlat har bir odamga ikki qavatli, balkoni boqqa qaragan namunali uy qurib beradi”, dedim.

“Faqat irimiga kalitning pulini to‘laysiz, 50 tsent”, dedim.

Bitta kal odam, Ispaniyadan bo‘lsa kerak, “Ey, mamma miya!” deb hasaddan kal boshiga shappatladi. Afrikaning So‘malisidan kelganlar hushidan ketib qoldi. BMT binosidan to‘g‘ri 17 gorbannisaga skoriy opketdi ularni.

“Byudjetdan oylik oladiganlarning maoshini virtual korzinkaga sobering”, deb qo‘limga dijital qalam berishdi.

Ekranda korzinka va nozu ne'matlar aks etgandi. Virtual nozu ne'matlarni likkilatib korzinkaga solib, oylik maoshining xarid qudratini namoyish qilishim kerak edi.

“Masalan, o‘qituvchini olsak, deylik polniy stavkada haftasiga 18 soat dars beradigan matematika muallimi. Uning oladigan oyligini X deb olamiz. Bu muallim har kuni qazi yeydi», deb savatchaga 30 palka qazi tashadim.

Keyin «Bu muallim har kuni qo‘y go‘shtidan ovqat deydi», deya 30 kilo qo‘y go‘shtini ham savatga tashadim. Baliq, tovuq go‘shtlaridan ham tashladim, 40 kiloga yaqin.

Tuxum, tvorog, qaymoq, smetana, pishloq, bol, quyruq, zaytun yog‘i, zig‘ir yog‘i, palma yog‘igacha tashadim, oyiga 60 litrcha. Ikki qop qozoq uni, bir qop shakar, kartoshka-piyoz, bodring, pomidoru ziravorlar.

BMTdagi kal odam ichi to‘lib toshgan korzinkaga qo‘rquv aralash zavq bilan tikildi.

Men uning qarashidan «o‘qituvchining salomatligini o‘ylayaptiyov», deb tushundim. Kaloriyali narsalarni yeb tashab issig‘i oshmasin, deb limon, ko‘k choy kabi narsalarni ham virtual savatga soldim.

Analgin, penitsillin, lirika, tramadol va boshqa dorilarni ham soldim. Endi issiq jon, kim biladi ertaga nima bo‘lishini?

Bundan tashqari, o‘qituvchining «Kaptiva»siga quyiladigan benzin va boshqa rasxodlarni ham qo‘shdim. Oyda 2 marta balet teatriga, 2 marta operaga boradi va bir marta Ozodbekning kontsertiga tushadi.

«Farovon » restoranida sushi yeydi, «Katakomba»da uvildiriq…
«Bu xarajatlarning hammasi, X deb belgilaganimiz, o‘qituvchi oyligining 30 foizini tashkil qiladi» devorsam, BMTdagilar bir oh chekishdi.

Keyin bittasi turib, “Demak O‘zbekistonga moddiy yordam kerak emas ekan-da”, deb qoldi.

“Keragi yo‘q yordamni, silarga o‘ligimizni tashamaymiz. Shukur, osmonimiz musaffo, ma'naviyatimiz shaffof”, dedim.

Shu payt bir ko‘zoynakli chiqib, “Bo‘lmasa nega 20 milliard qarz olgan prezidentlaringiz yemayabdi, yana bering deya moddiy yordam so‘rab xat yozdi”, deganida qovun tushirganimni bilib qoldim.

“Aslida-ku, o‘qituvchining oyligi unchalik ham ko‘p emas…”, deya xatoimni to‘g‘rilashga urina boshlagandim, yana o‘zim yashaydigan tumandagi xaroba uyimda paydo bo‘lib qolibman. Chiroq o‘chgan, gaz yo‘q.

Eshikni mahalla raisi taqillatib, paxtaga chiqmasang bola pulini kesaman, deb dag‘dag‘a qilib turibdi.

U yog‘ini bilasiz. Bilmasangiz milisaxonada tushuntirishadi shoir Mahmud Rajabga tushuntirishganiday. Yana ham tushunmasangiz, o‘zingizni jinnixonada ko‘rasiz.

Bu matnni turk yozuvchisi Aziz Nesindan ilhomlanib yozdim. Mundoq qarasam, o‘zbek yozuvchilarining ichida satira yozadigani qolmabdi.

Musallo, madhiya, marsiya, muvashshah va boshqa tarbiyaviy shig‘irlarni yozishadi, ammo sira satira yozishmaydi. Chunki yozg‘uvchilar hukumat oxiridan yem yeydi. Yegan joyga tupurilmaydi.

Qolaversa, shoir Anvar Obidjon yozganidek, mabodo tupurishsa, og‘zidagi pulga kelgan nos isrof bo‘ladi.

Azal mag‘rur tug‘ilg‘onman, maning sherdek sabotim bor,
Jafo ko‘rsam ururman oh, vale moldek bo‘kirmasman.
Falak posangisi – tanda: bu yonda dard, u yonda shavq,
Bul tarafga qo‘shmag‘ayman, ul tarafdin o‘pirmasman.
Bo‘loyin mard, kelib jono mani o‘ldirsa o‘ldirsun,
Sevgidan chang yuqibdir, bas, oni dildan supurmasman.
Buyuk ishqingga, e Gulmat, u tannoz tufladi ketdi, Og‘izda – pulga kelg‘on nos, shu bois man tupurmasman.

Qulog‘imga naushnik taqib, «Damas» marshrutka ketyapan (Qo‘shiq – «Men nechun sevaman O‘zbekistonni»).

Qo‘shiq tugagach, naushnikni qulog‘imdan olishim bilan ilk eshitgan so‘zim nolish bo‘ldi:
-Qimmatchilik.
-Zato osmonimiz musappo.
-Ming marta shukur.
-Anu shoirni qamashdi.
-Voy bechoragina.
-Zato bizni qamashmadi.
-Ming marta shukur.
-Chiqdi u. Qamoqdan chiqdi shoir.
-Ming marta shukur.
-Bloger qizni jinnixonaga tiqishdi.
-Zato biz jinnixonada emasmiz.
-Ming marta shukur.
-Shoir sotib tashabdi anu bloger qizni.
-Ming la'nat unga.
-Bloger qiz musappo osmonga shak keltirdi.
-Ming la'nat unga ham.
-Bechora qizning ikki go‘dagi ochmish.
-Voy bechora. O‘zi qiz yaxshi-yu, ammo anavi shoir yomon.
-Ming la'nat shoirga. Lekin qizgina uvol.
-Zato prezidentimiz mehribon.
-Ming marta shukur.
-Lekin baribir qimmatchilik. Qish kelyapti, tappi bilan o‘tin narxi osmonga chiqdi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 dekabr 2019
«Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih “Begona” filmining 10-qismida 1991 yilning avgustida sodir bo‘lgan voqealar, GKChP va uning Karimov ...
11 iyun 2019
Veterinar bilan gurunglashib qoldim. Qo‘ylarga bitta ukol qilaman, ikkita, uchta tug‘adi, dedi. Oxirgi bir-ikki yilda O‘zbekistonda uchta tug‘adiganlar ko‘payib ...
13 yanvar 2024
Bugungi kunda dunyoning Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bunga tabiiy va antropogen omillar sabab bo‘lmoqda. ...
22 mart 2024
Mana xafta aylanib siz bilan yuzma yuzman millat. MS: Nichiksizla, xo‘jik brri, mo‘chchi oybikala. Og‘o tozoliqladan so‘llang. O‘lgan qotqon ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...