Asosiy mavzular
1 noyabr 2019

RTdan va'z: Jonivorlar uchun jahannam va yonmaydigan gugurt haqida

Kecha Mang‘itdan Qozog‘istonning Taroz shahriga borib taksichilik qilayotgan amaki bilan gaplashdim. Taroz O‘zbekistondan yaxshi, dedi u odam. Nega yaxshi desam, Tarozdagi soliqchi va politsiya bu amakini nazariga ilib, dolya so‘ramas ekan. «O‘zbekistonda soliq bilan milisa tilanchidan ham dolya oladi», deydi. 

Telegram gruppalardagi yozishmalarga ko‘zim tushadi. Mana, Toshkent aeroport tamojniysidagi iplos bittasi qanaqa qib eldoshlarini qaqshatishini oshnasiga maqtanib yozyapti.

Sergeli sudi ham bu qaqshatish jarayonida sherik ekan bu iplosga. Dunyoda bo‘ri bo‘rini tishlamaydi, ilon ilonni chaqmaydi, lekigin o‘zbek o‘zbekni qaqshatadi. Qaqshatib, pulini oldim, deb oshnasiga maqtanib yozadi. Qurilishdan mix uxlatdim, deb maqtanadi.

Palonchini kiydirdim, deb xotiniga gapirib o‘tiradi. Bir bechora kirakashning uloviga o‘tirib, pul bermay survoradi. Oylik ogan kuning qarz so‘rab keladi. Qarzni  qaytar desang, senga bolasini urushda o‘ldirgan nemisday qaraydi.

Gapning qisqasi, gadoning dushmani gado emas, balki o‘zbekning dushmani o‘zbek bo‘pqopti. Bularning zona va samosudni sevishiga saal keyin to‘xtalaman.

O‘ZBYeKNING AYIQDA NIMA QASDI BOR?

Prixologlar tadqiqotiga ko‘ra, ezilgan odam o‘zidan zaifni ezish payida bo‘larkan.

Masalan, deylik, sizni boshlig‘ingiz koyidi. Onangizu qizingizni qo‘shib so‘kib tashladi. Indamay haqoratni yutib, bo‘yningizni bukiiib, ishxonadan chiqdingiz. Oldingizda ko‘ringan daydi it yo mushukni tepib-so‘kib xumordan chiqasiz.  

Bundan 10 kuncha oldin Namangandagi bir qishloqqa kelgan ayiqni mahalliy aholi og‘ilxonaga qamab o‘ldirdi.

Bundan oldin Qashqadaryoda bir ayiqni o‘ldirishgan edi. Ayiqni o‘ldirgan odam bor-yo‘g‘i 90 dollar jarima to‘lar ekan. Qo‘shni Qirg‘izstonda ayiqni o‘ldirsangiz 7000 dollar jarimaga tortilasiz. 

Mabodo Xitoyga borib panda ayig‘ini o‘ldirsangiz, umrbod qamalasiz. Xitoy hukumati panda ayiqlarni e'zozlaydi. Ularni sotish taqiqlangan. Faqat yiliga bir million dollar evaziga loyiq bir davlatga ijaraga beradi. Ijaraga olgan davlat bu erkatoy pandani bambukdan bo‘lgan pechene bilan boqish majburiyatini ham oladi. Shu o‘rinda eslatsam, Xitoyda 1000 dan ziyod panda saqlanib qolgan.  O‘zbekistonda tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i bor-yo‘g‘i 250 tacha qolgan. Uniyam ikkitasini keyingi 9 oy ichida o‘zbeklar o‘ldirib tashladi.

Toshkentdagi Salimboyning uyida u otib o‘ldirib, terisiga somon tiqilgan kamida ikkita ayiq bor.

IT AZOBI

Itlarning ahvoli esa ayiqlarnikidan ham yomon. O‘zbek maqollarida har holda ayiq ijobiy ko‘rinadi. Masalan, “Ayrilganni ayiq yer”, “Kunim o‘tsin deya ayiqqa tog‘a dedim”.

Ammo o‘zbek maqollarida itlar juda pastga uriladi. Itning keyingi oyog‘i. It yotish, mirza turish. It o‘limida o‘l. Itday xor bo‘l. Bojxona xodimlari bir-birini it deb so‘kishar ekan.

Nega itni buncha pastga uramiz? Nima yomonlik qildi u bizga? Qo‘ylarimizni bo‘ridan, uyimizni o‘g‘ridan himoya qilsa.

O‘ynashingdan ko‘rmagan sadoqatni ko‘rsatsa. Cho‘kkanni qutqarsa, bojxona yuklari orasiga yashiringan bomba va narkotikni topsa. Kosmosga ham Gagarin va Jumanazar akadan oldin Layka degan ko‘ppak uchgan bo‘lsa.

Hatto olov ichidan go‘dakni qutqargan it haqida afsona bor.

300 YIL UXLAGAN YeTTI AVLIYo VA BIR IT RIVOYaTI

Ashab al-Kahf rivoyatini eslaylik. Bu voqea haqida oyat ham nozil bo‘lgan. Qur'oni karimdagi «G‘or» surasini eslaylik. 

Bu Daqqiyunus ismli hukmdor aqidalariga sig‘inmagani uchun ta'qib etilgan, e'tiqodini saqlab qolish uchun g‘or ichiga yashiringan va 300 yil uxlagan yetti nafar shaxs haqidagi rivoyat.

Ular podsho askarlaridan qochib kelishayotganida ulardan birining Qitmir degan iti ham ergashadi.

Sheriklari it vovillab, ularni ta'qib qilayotgan podsho askarlariga bizning izimizni bildirib qo‘yishi mumkin, degan tahlikani bildirishadi.  

Ular harchand quvishmasin, it ular yoniga qaytib kelaveradi. Shunda itning egasi bo‘lgan yigitlarning sherigi bunday deydi:

«Itga tegmanglar, u vafodordir. Bizni dushmanlarimizdan qo‘riqlaydi».

Shunday qilib, 300 yil uxlagan yetti kishining yonida Qitmir laqabli vafodor it ham qoladi. Uch yuz yil o‘tib uyg‘onishganida ularning yonida shu Qitmir it va uch yuz yil burun zarb etilgan Daqqiyunusdan qolgan tangalar bor edi. Biroq zamon o‘zgargan, na Daqqiyunusdan, na u mamlakatda o‘rnatgan dinu aqidadan asar ham qolmagan edi.

Yetti avliyo qatorida shu itni ham Alloh o‘z hifzi himoyasida saqladi-ku. Bu bexayr jonivor ekan, deya kamsitilgan joyi yo‘q.

BAG‘DODIYNI MAG‘LUB QILGAN IT

Bugungi zamonga qaytsak. Kuni kecha IShID xalifasi Bag‘dodiyni yo‘q qilish amaliyotida qatnashgan itni AQSh prezienti Donald Tramp aziz va mukarram deb atab, bag‘riga bosib erkaladi.

Unga hatto Tramp orden berdi va shu rasmni o‘zining feysbuk sahifasiga ilib qo‘ydi.

«Biz IShID lideri Abu Bakr Al Bag‘dodiyni qo‘lga tushirish va o‘ldirishda jasorat ko‘rsatgan bu ajoyib itning suratini ochiqladik (ammo uning ismi maxfiyligicha qoladi)», dedi Tramp itning hurmatini qilib.

Bundan oldin Tramp Bag‘dodiy itday o‘lim topdi, deb aytgani itsevarlar e'tiroziga sabab bo‘ldi. Ularga ko‘ra, Tramp Bag‘dodiyni itday o‘ldi, deya itlarni kamsitgan.

TAZARRU

Bir paytlar mening ham Sharik laqabli sap-sariq turkman olaboy itim bor edi. Yaxshi it edi. Lekin bu itning yaxshiligiga yarasha munosabat ko‘rsata olmaganimdan bugun xijolatdaman.

Itlarga va, umuman, jonivorlarga  bo‘lgan munosabatni o‘zbek blogeri Umidjon Sotibolidev aniq-ravshan qilib yozibdi. Shuni o‘qib bersam:

“Do‘stlar,  men bir paytlar naqadar yomon bola bo‘lganimni anglab yetdim.  Surxondaryoda ko‘pchilik it urushtirish o‘yiniga qiziqadi. Men ham havaskorlardan edim. Asosan, cho‘pon bo‘ribosar zotli itlarni uyda boqardim. Qiz bo‘lib tug‘ilgan itlarni tiriklay ko‘mganman. Hammasi qanjiq bo‘ladi, deganman.

Katta bo‘lavergach, it boqishdan qiziqish o‘ldi. Uyda boqilayotgan bo‘ribosar itni burchakka zanjirladim. Deyarli qaramadim. Och-nahor bo‘lib, oriqlab ketdi. Bir burchakda yotavergach, hasharot talab, tanasini yara bosdi. Men o‘shanda: «Bu kasal, uydagilarga yuqtirmasin. It harom deyilgan», deya uni tiriklayin osdim.

Daryoda o‘rtoqlarim bilan cho‘milishga borganimda suv ilonlarni tutardik. Bular bizni jannatdan quvgan. O‘lim ularga, deb toshni ayamasdik. Hindistondan keltirilgan zararkunanda qush maynani o‘tmas pichoq bilan so‘yib ko‘rganmiz o‘rtoqlarim bilan.

Daydi mushuk uyimizga kirib qolgandi. Ancha katta edi. Uni ushlab, bo‘yniga munchoq taqib, un xaltaning ichiga solib, xaltaning uchidan ushlab, devorga ko‘p marotaba urganman. Og‘zimdan o‘sha vaqt shu jumla chiqqan: «It odam bolasi ko‘paysin degan, sen odam bolasi o‘lsin, degansan!»

U vaqtlar juda yosh edim. Hozir qilgan ishlarimdan afsuslanaman. Barcha hayvonlar, qilgan jinoyatim uchun meni kechiringlar. ️️️

️PS: Bundan tashqari, tarakan va pashshalarga qarshi xitoy dorilaridan foydalanganman. Chumolining uyini buzganman. Chorvoqdan kaptar ushlab, kaptarsho‘rva qilib ko‘rganmiz Pojarniylar bilan. Bular uchun ham kechiringlar».

Bu Umidjon ismli surxonlik vatandosh tazarrusi edi. Tazarru zaminida haqiqat yotibdi. Haqiqat shuki, biz johil hamda vahshiylik darajasidan yuqori ko‘tarila olmayapmiz.

YoNMAYDIGAN GUGURT

Kecha «Uch idiot» degan hind kinosini ko‘rdim. Film muhandislar tayyorlaydigan institut tutumini hajv qiladi. Kino qahramoni nazarida mashinasozlik instituti mavjud bilimlarni o‘rgatadi-yu, ammo studentni izlanishga va tanqidiy tahlilga undamaydi.

Lekin kinoda ko‘ringan o‘sha zaif «ta'lim tizimi» ham O‘zbekistondagidan milliard marta yaxshiroq ko‘rindi.

Har holda mashina muhandisiga «Ma'naviyat darsi» o‘qitilmaydi bu dargohda.

Misol: Zavod shuncha mehnat, yog‘och va kimyo sarflab gugurt chiqardi. Mana gugurt binoiydek. Ammo yonmaydi. O‘zbek oliy o‘quv yurtini tugatgan talaba ham shunday. Ënmaydigan gugurt.

Nima keragi bor yonmaydigan gugurtning?

Darvoqe, dunyoning eng yaxshi 100 ta universitetining ro‘yxati e'lon qilindi. O‘zbekistondagi birorta OTM bu ro‘yxatga kiritilmadi. Kirmaydiyam-da.

Institut domlalari va studentlarini ilmiy kashfiyotlar va fan cho‘qqilari emas, palonchi boy ota yoki pistiyonchi o‘g‘rining  mashinasi qancha turishi ko‘proq qiziqtirar ekan. Eng qizig‘i, O‘zbekiston umidi bo‘lishi kerak bo‘lgan bu talabalar tili Tambovdagi o‘g‘rilar jargonidagi so‘zlardan iborat. Kimdir o‘z haqini talab qilsa, “terpila” deyishadi.

OShQOVOQLARNING FYeNYa TILI

Oshqovoq kallalar sevib ishlatayotgan «TYeRPILA» degan so‘z aslida korruptsioner sovet militsionerlariga oid so‘zdir. Ya'ni bu so‘z «mentovskoy» jargonda «malyava (shikoyat arizasi) yozgan jabrlanuvchi» degan ma'noni bildiradi. Masalan, bir zo‘ravon bir odamni kaltakladi. Bu odam O‘Z HAQINI TALAB QILIB ariza yozsa, militsionerlar uchun ish ko‘payadi. Shu bois bu mentlar o‘z haqini talab qilganlarni kamsitib, zo‘ravonlikni parvarishlagan.

Ko‘chaning jinoyat dunyosiga sig‘inadigan o‘zbek deb atalmish kallavaram, saviyasi pastlar o‘ris jinoyat dunyosi va militsiyasi o‘ylab topgan bu sassiq kalimani o‘z haqini talab qilganlarni kamsitish uchun ishlatib yotibdi.

Bu kamsitish otamiz Cho‘lponning «Kishan kiyma, bo‘yin egma, ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen», degan satriga zid.

ËMONNING KUChI YaPALOQQA YeTIBDI

Kecha «Prezident kuyoviga odamlarni jazolash vakolati berilganmi?» deya savol qo‘ysam, ko‘pchilik menga tashlanib, ko‘cha aqidasidan hadis keltirib, “Kuyov Otabek fermerni jazolab to‘g‘ri qildi», deya ijmo qiberishdi.

Bu fermer paxta tergan odamni chmo degani kuyovbachchaga yoqmabdi. 21-asrda qo‘lda paxta tergan chmo bo‘lmay nima bo‘ladi? Bir paytlar chmo qullar paxta tergan AQShda terim 100 foiz mexanizatsiyalashgan. Siz esa tosh davri va gurzi zehniyatiga sig‘inib o‘tiribsiz.

«Ko‘cha» va «ZONA»ga sig‘inadigan va Rassom TUZni «Ponyatkaga shak keltirdi», deganlarga yana bir bor eslataman. Zona kulti (zonaga sig‘inish)ni bas qiling. Qachondan beri kishan va zindon biz uchun sharaflanadigan narsa bo‘ldi? Zonaga sig‘inish – bu o‘rislar tarafidan singdirilgan illat yoki kasallik.

Bugun ko‘rib turibmanki, o‘zbeklar bu kasallikning tuzalmas formasiga chalingan. Men Cho‘lpondan iqtibos keltirsam, «Siz zona hayotini bilmaysiz» deb, menga «Zona ponyatkalariga shak keltirmang», deya nasihat qilganlarga, fenya (vorovskoy jargon)da tushuntiraman. Sizlarning gapingiz «parashada» petux qilinib, umrbod OPUShYoNNЫY qilingan zek zehniyati. Kerak emas bu tushuncha.

O‘sha siz sig‘ingan «bratva» «mujiklari» Zokir Almatov bilan til biriktirib, qamoqda musulmonlarni qiynagani yoki o‘ldirganini bilasizmi? Nozim palach degan hayvon haqida kimdir eshitganmi?

Ëki Jasliqdagi musulmon zeklar «bratva» strelkasi bilan shoir Yusuf Jumani kaltaklashganini bilasizmi? Zayniddin Asqarovga cho‘chqa go‘shti yedirib, cho‘qintirganlar zona rahbari buyrug‘iga bo‘ysungan zeklar edi.

Qamoqdan o‘lik qabul qilib olganlar biladi. Qamoq ma'muriyati buyrug‘i bilan o‘sha o‘zbeklar sig‘inadigan «bratva» istalmagan odamlarni o‘ldirib berdi so‘nggi 25 yil davomida.

Gruziyada ham shunday edi, ammo Mixail Saakashvili o‘g‘rilarni quvib yubordi. O‘g‘ri aqidasi Gruziyada cheklandi. Ammo o‘zbeklar miyasidan zona sevgisini qirtishlash qiyin shekilli.

Keyingi 25 yil ichida yarim millionga yaqin o‘zbek qamoqlarga kirib chiqdi. Birovning hajga boraman deb yig‘ib qo‘ygan pulini o‘margan o‘g‘ri qamoqda aziz. U o‘ylab topgan «ponyatka»ga esa musulmonlar sig‘inib o‘tiribdi.

Shu davr mobaynida urilib, ketiga dubinka tiqilib, OPUShYoNNЫY bo‘lganlar qamoqdan chiqib, o‘sha dubinkani muqaddas deb aytmoqda.

UYaT. ISNOD. Nega ERKIN odam bo‘lishni istamay, zo‘ravon, despot va totalitar rejimni bunchalar ardoqlaysiz? Nega? Bukrini go‘r tuzatadi, hayf sizga insonlik degan nom.

BUKRINI GO‘R TUZATADIMI?

Ko‘cha-po‘cha yo‘q. Qonun bor va insonning haqi bor. Har bir odam o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik qilgan odam ustidan ariza yozishga haqli. Miyasi qurtlagan mullami yoki badaniga nakolka urilgan zekmi, baribir.

Qullik va xorlikka o‘rganib qolib ibtidoiy zamondagi kim qattiqroq tepsa, shu haq deb sudralgan to‘daga «demokratik va qonunlar ustivor bo‘lgan» tizim borligini aytib qo‘ysam.

Vor zakon, smotryashiy, obshak qorovuli, gad, palach va boshqa juldirvoqilar sariq chaqa.

Prezidentda ham, uning kallavaram kuyovlarida ham birovga jazo berish, sud qilish huquqi yo‘q. Bu huquq sud tizimiga oid.

Tushunganlar tushunmaganlarga tushuntirsin. O‘g‘ri aqidasini qo‘llagan zo‘ravon ipirisqi jazolanishi kerakligini ham tushuntiringlar.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
8 iyul 2019
Ijtimoiy tarmoqda O‘zbekistonning o‘lgan prezidenti Islom Karimovning Samarqanddagi mozoriga qo‘yilgan lavhadagi yozuvlar bahslarga sabab bo‘ldi. Kimdir uning o‘lganidan keyin ...
15 sentyabr 2024
“Orient Group” bilan tanishtiruv – II qism 2019 yil noyabrda Londonda nufuzli sarmoyadorlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. U yerda xalqaro ...
12 dekabr 2017
«Ijtimoiy fikr» baraka topsin, yana rahbarga yoqadigan, aqlini taniganlarning istehzosiga sabab bo‘ladigan navbatdagi so‘rovi natijasini e'lon qildi. Unga ishonadigan ...
15 sentyabr 2023
Aziz asrimizning aziz onlari Aziz odamladan so‘raydi qadrin Fursat g‘animatdir. Shox satrlarla Bezamoq chog‘idir umr daftarin MS. Go‘tarildi shamal. Go‘rindi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...