Asosiy mavzular
16 mart 2020

G‘afur Rahimov o‘z jiyanini nega yo‘q qilmoqchi bo‘ldi?

O‘tgan hafta oxirida Toshkentdagi jinoyat doiralarida “Qora” va “Graf” laqablari bilan tanilgan yirik tadbirkor G‘afur Rahimovning jiyani Ravshan Muhiddinovning (laqabi “Zolotoy”) bir iqrori aks etgan videolavha tarqaldi.

Unda Muhiddinov videokamera ushlab turgan kishilarga qarata: “45 kun ichida va'da qilingan pulni qaytaraman, Xudo xohlasa. Agar qo‘ymasam, Ravshan emasman”, deydi.

Telegram kanallarida tarqalgan ushbu videolavhada noma'lum kimsalar yotoqda o‘tirgan Ravshan Muhiddinovga turli po‘pisa yog‘dirganini ham ko‘rish mumkin. 

Bu xususda surishtiruv o‘tkazgan «Eltuz»ga ma'lum bo‘lishicha, mazkur videolavha o‘tgan yil noyabr oyida tasvirga tushirilgan.

Jinoyat olamidagi bir-biridan mustaqil uchta manbaning «Eltuz»ga bildirishicha, videotasvir ozarbayjonlik “vor v zakone” Nodir Salifov (laqabi “Loto Quli”) va qozog‘istonlik yana bir avtoritet Arman Jumageldiev (laqabi “Dikiy”) tomonidan olingan.

«Eltuz» bilan suhbatga kirishgan manbalarning aytishicha, o‘tgan haftada G‘afur Rahimovning turmush o‘rtog‘i Lola Rahimova mazkur videotasvirni Arman “Dikiy”dan 20 ming dollar evaziga sotib olgan, videolavha holatiga keltirgan va ijtimoiy tarmoqqa yuklagan.

Eltuzning: “Oradan to‘rt oy o‘tib, bu videotasvirni sotib olish, unga ishlov berish va uni tarqatish Lola Rahimovaga nega kerak bo‘lib qoldi?” – degan savoliga manbalar: “Chunki O‘zbekistondagi jinoiy doiralarda G‘afur “Qora” o‘z jiyaniga tuhmat qilibdi, uni boshqa millat vakillariga do‘pposlatibdi va qiynoqqa soldiribdi” – degan gap-so‘zlar tez tarqala boshladi.

“G‘afur va ayoli o‘zlarining tuhmat va nayranglari ochilib qolmasligi uchun, Arman “Dikiy”ga pul berib, uning qo‘lidagi videotasvirni qo‘lga kiritishdi va tarqatishdi. Lekin aslida Ravshan “Zolotoy” o‘ziga qarshi guvohlikni o‘lim tahdidi va qiynoqlar ostida bergan”, deydi manbalardan biri.

Bir-biridan mustaqil suhbatdoshlarning «Eltuz»ga ma'lum qilishicha, voqealar aslida quyidagicha boshlangan va rivoj topgan. 

Manbalarning iddao kilishicha, G‘afur Rahimov o‘zining sobiq hamkori Oybek Miralievni (laqablari “Faberje”, “Tuxum”) chuv tushirish uchun undan avval undirgan pullarini qaytadan undirishni rejalashtirgan.

Bu rejani amalga oshirish uchun G‘afur Rahimov Oybek Miralievdan pul undirish vazifasini o‘z jiyani Ravshan Muhiddinovga yuklagan va jiyaniga undiriladigan 45 million dollardan bir qismini berishni va'da qilgan.

Topshiriq bo‘yicha ishga kirishib, Oybek va G‘afur o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarni o‘rgangan Ravshan Muhiddinov bu ishda o‘z tog‘asi G‘afur Rahimovning Oybek Miralievga tuhmat qilayotganiga, G‘afurning pullarini Oybek emas, balki G‘afurning ayoli Lola Rahimova o‘zlashtirganiga amin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 25 dekabrda Jahon.uz nashri Toshkent shahrida yirik tadbirkorlik bizneslariga ega bo‘lgan aka-uka Miraliev Oybek va Miraliev Eldor Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan qamoqqa olingani haqida yozgan edi.

26 dekabr kuni esa “Ozodlik” radiosi tadbirkor aka-ukalarga 2 oy qamoq belgilangani haqida xabar berdi.

Maqolada G‘afur Rahimovning xotini Lola Rahimova va uning singlisi Go‘zal Kamolxo‘jaevaning ismlari jinoyat ishida da'vogar sifatida zikr qilingani yoziladi.

Oybek Miraliev ishi yuzasidan sud ajrimi nusxasi

«Eltuz» suhbatlashgan jinoyat olami vakillaridan biri quyidagicha hikoya qiladi:

O‘zining to‘g‘riso‘zligi va adolati bilan tanilgan Ravshan (“Zolotoy”) G‘afur Rahimovga o‘z xulosasini aytadi. G‘afur Rahimov: “Sen menga va kelinoyingga emas, “Tuxum”ga ishonyapsanmi?! Men bilan kelinoying o‘rtasidagi munosabatlarni buzmoqchimisan?!” deb, o‘z jiyani Ravshan Muhiddinovdan yuz o‘giradi.

Xayrlashayotganda Ravshan G‘afurga: “Aka, Oybekka tuhmat qilmang! Baribir erta-indin haqiqat yuzaga chiqadi. Shunda “tuhmatchi”, “terpila” degan nomga qolasiz”, deydi.

Lekin jiyanining cho‘rtkesarligidan g‘azablangan “Qora” bu gaplarni e'tiborga olmaydi. Aksincha, u: “Ravshan Oybekdan “dolya” olib, menga qarshi gapiryapti”, degan g‘arazli xayolga boradi.

G‘afur Rahimov o‘zining shum xayollarini turmush o‘rtog‘i Lola Rahimovaga aytganda, boyvuchcha xonim bu masalada juda oson yechim taklif qiladi.

“Qora”ning ayoli: “Boshingizni og‘ritib o‘tirasizmi?! Vaziyatni kavkazlik do‘stlaringizga tushuntiring, Ravshanni ularga topshirib yuboring. Do‘stlaringiz jiyaningizdan pullaringizni olib berishsin”, deydi.

Ravshan Muhiddinov o‘z tog‘asiga vaziyatni to‘liq tushuntirish uchun turli darajadagi tanishlarini ishga soladi va G‘afur Rahimovga “neytral bir joyda” uchrashishni taklif qiladi, ammo Rahimov jiyani taklifiga rozi bo‘lmaydi.

Aksincha, xotini “yo‘riqnoma”si asosida G‘afur Rahimov, «Eltuz»ning boshqa bir suhbatdoshiga ko‘ra, tezda ozarbayjonlik Nodir Salifovga va qozog‘istonlik Arman Jumageldievga qo‘ng‘iroq qiladi. 

“Jiyanim “Zolotoy” dushmanim “Tuxum” tomonga o‘tib ketib, meni chuv tushirdi”, deydi G‘afur.

Uning bu gaplariga ishongan Salifov (“Loto Quli”) va Jumageldiev (“Dikiy”) Ravshan Muhiddinovni “zamanit qilib”, go‘yoki mehmonga chaqirishadi.

Manbalarning «Eltuz»ga bildirishicha, mash'um uchrashuv 2019 yil 13 noyabr kuni Istanbuldagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida o‘tkazilgan.

Ularga ko‘ra, mehmonxonaga kelgan Ravshan Muhiddinov va uning qo‘riqchilaridan Nodir Salifovning qo‘riqchilari qurollarni topshirib kirishni talab qiladi.

Lekin Ravshan Muhiddinov va uning guruhi Nodir Salifovning oldiga qurol bilan kirib borishadi. Natijada ozarbayjonlik “avtoritet” o‘zbeklarga e'tiroz bildira boshlaydi va o‘rtada kichik janjal kelib chiqadi.

Mojaro kattalashayotganini ko‘rgan mehmonxona menejerlari politsiya chaqirishadi.

Nodir Salifov mehmonxona menejerlaridan politsiyachilarni qaytarib yuborishni iltimos qiladi. Politsiya vakillari ketgach, ozarbayjonlik “avtoritet” Ravshanga qo‘riqchilarsiz, xonada yuzma-yuz gaplashishni taklif qiladi.

Ozarbayjonlik va o‘zbekistonlik qo‘riqchilar mehmonxona vestibyulida qolishgan, Salifov va Muhiddinov esa ozarbayjonlikning nomeriga ko‘tarilishadi.

U yerda Muhiddinovni ozarbayjonlikning tarafdorlari – qozoq Arman Jumageldiev va qurollangan yana 10 nafar sportchi yigit kutib oladi.

Xonada avvaldan kutib o‘tirgan guruh xonaga kirgan Ravshan Muhiddinovning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, unga o‘lim bilan tahdid qilib, uni do‘pposlab va qiynab boshlaydi.

“Bir necha sportchi yigit “Zolotoy”ning boshini suv to‘la vannaga bo‘ktira boshlashadi. Qattiq do‘pposlashadi. Lekin Ravshan ularga tan beravermagach, uning erkaklik sha'niga  tegishlarini aytadilar.

Shunda erkaklik sha'nini himoya qilish va vaziyatdan chiqib ketish uchun videodagi gaplarga rozi bo‘ladi”, deydi «Eltuz» suhbatdoshlaridan biri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda  tarqalgan video boshida Ravshan aytgan bir jumla videodan olib tashlangan.

“Agar Oybek «Tuxum» rostdanam G‘afurning pulini o‘margan bo‘lsa va agar Lola va eri buni isbotlab bersa, men o‘sha mablag‘ni topib berishga tayyorman», deb aytgan Ravshan. Lekin uning bu gaplari telegramda tarqalgan videoda yo‘q”, dedi u.

Vaqt o‘tgani sari Muhiddinovning qo‘riqchilari o‘z boshlig‘ining qo‘l telefoni o‘chirilganidan xavotirga tushib, Nodir Salifovga qo‘ng‘iroq qila boshlashadi.

Ular ozarbayjonlikka: “Ravshanga bir narsa bo‘lsa, boshing bilan javob berasan. Agar “Zolotoy” bir soat ichida oldimizga tushmasa, Istanbuldagi o‘zbek birodarlar senga va yigitlaringga qarshi urush ochadi. Biz sizlarni yo‘q qilishga kirishamiz”, deya ogohlantirishadi.

Ravshan Muhiddinovning tarafdorlari qasos olishi mumkinligidan qo‘rqqan Nodir Salifov o‘zbekistonlik jinoiy avtoritetni qo‘yib yuboradi.

Bundan tashqari, ozarbayjonlik avtoritet jinoiy doiralardagi sheriklarini asossiz o‘ldirsa, ularning boshqa vakillari tomonidan muqarrar jazolanishidan ham qo‘rqqan.

Oradan 45 kun o‘tgach, Arman “Dikiy” Ravshan Muhiddinovdan va'da qilingan 1 million dollarni so‘raydi. Agar aytilgan miqdordagi pulni bermasa, videoni tarqatish bilan shantaj qiladi.

“Ravshan bir tiyin ham qarzi yo‘qligini, hech kimga pul bermasligini aytadi.

“Video bilan men shantaj qila olmaysan, bu video men emas, senlarni sindiradi,” deb “Zolotoy” videoning tarqalishiga o‘z roziligini bildiradi”, deydi «Eltuz» suhbatlashgan jinoyat olami vakillaridan biri.

O‘tgan hafta boshida G‘afur Rahimovning turmush o‘rtog‘i Lola Rahimova tarqatgan videolavha aynan mana shu uchrashuv paytida qozog‘istonlik Arman “Dikiy” tomonidan yozib olingan.

Nega G‘afur va Lola Rahimovalar Ravshan Muhiddinovni ozarbayjonlik Nodir Salifovning qo‘li bilan yo‘q qilishmoqchi edi?

«Eltuz»ning bu savoliga javob bergan manbalarning aytishicha, oxirgi paytlarda Ravshan “Zolotoy”ning “Birodarlik halqasi”dagi obro‘si ko‘tarila boshlagan. 

“Zolotoy” postsovet respublikalarda tashkil qilingan yirik yig‘inlarning hurmatli mehmoniga aylana boshlagan. Masalan, 2019 yil sentyabr oyida Batumi va Yerevan yaqinida uyushtirilgan nufuzli banketlarda “Zolotoy” izzat-ikrom bilan kutib olingan.

O‘tgan yilning oktyabr oyida “Zolotoy” Boku shahridagi «Four Season» mehmonxonasining prezidentlar uchun mo‘ljallangan nomerida yashagan.

“Bu hurmat “Zolotoy”ga o‘z-o‘zidan kelgan emas. Bunga u o‘z “mehnati” va jasorati tufayli erishgan. Masalan, Ravshan “Zolotoy” jinoiy avtoritet Aziz Batukaevni (laqabi “Chechen”) Qirg‘iziston qamoqxonasidan shaxsan o‘zi ozod qilgan, Bishkekka borib, uni xususiy uchoqda olib qaytgan”, deydi «Eltuz» manbalaridan biri.

Ikkinchi suhbatdoshning aytishicha, jinoyat olami vakillari Ravshan “Zolotoy”ni kamtarligi uchun hurmat qilishadi.

“Ravshan Muhiddinov boshqa “avtoritetlar” kabi o‘zini internetda va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilishni yoqtirmaydi. Ko‘pchilik yana Ravshanni barchaga yaxshi muomalasi uchun ham hurmat qilishdi”, deydi ikkinchi suhbatdosh.

Uning aytishicha, “Zolotoy”ning o‘sib borayotgan obro‘si “Loto Quli”ga yoqmagan, ozarbayjonlik zo‘ravon Ravshanni o‘zining raqibi deb ko‘ra boshlagan.

Ravshan Muhiddinov “Loto Quli”ga ochiqcha: “ O‘zbeklar boshqa millatlar vakillariga bosh egmaydi. Teng muomala tarafdori”, deydi.

“Qora” G‘afur ozarbayjonlik avtoritetning aynan mana shu g‘arazini Ravshan “Zolotoy”ga qarshi ishlatishga qasd qilgan va o‘z jiyanini kavkazlikning qo‘li bilan “tinchit”moqchi bo‘lgan.

“Qora” G‘afurning “Birodarlik halqasi”dagi bugungi obro‘si avvalgidek, xususan, bundan 10-15 yil ilgarigidek emas. G‘afur 70 yoshda. Oxirgi paytlarda u o‘z e'tiborini siyosat va sportga qaratgan edi. Lekin xalqaro sport hamjamiyatining bosimi tufayli G‘afur hattoki havaskor boksdan ham ketishga majbur bo‘ldi.

“Shundan so‘ng G‘afur Rahimov “Birodarlik xalqasi”dagi avvalgi maqomini qaytarib olmoqchi bo‘ldi. Lekin bu maqom va joyni uning jiyani Ravshan Muhiddinov allaqachon egallab bo‘lgan edi,” deydi «Eltuz» suhbatdoshlaridan biri.

2016 yilda “Qora” G‘afurning baxtiga O‘zbekistonda hokimiyat tepasiga Shavkat Mirziyoev keldi. Yangi prezident kutilmaganda O‘zbekistonni biznes uchun ochib berdi.

Bu fursatdan foydalangan jinoiy to‘dalar ham O‘zbekistonga  kirib kela boshlashdi. AQSh Moliya vazirligining qora ro‘yxatida haligacha qolayotgan “Qora” G‘afur ham havodan pul qilish imkoniyatidan bahramand bo‘lmoqchi edi.

Shuning uchun G‘afur Rahimov prezident berayotgan ko‘mak va imtiyozlardan maksimal foyda olish payida yuribdi. Buning uchun unga avvalgidek katta mablag‘, aloqalar va “Birodarlik halqasi”dagi yuksak maqom kerak bo‘lmoqda.

Lekin “Loto Quli” va Ravshan “Zolotoy”ning bugungi obro‘si G‘afur Rahimovga “Birodarlik halqasi”dagi ilgarigi maqomini qaytarib olishga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu sababdan “Qora” xotini Lola Rahimovaning gapiga kirib, o‘z jiyanini talamoqchi va o‘ldirmoqchi bo‘ldi, uni ozarbayjon va qozoqlarga “em” qildi.

Er-xotin Ravshan “Zolotoy”ni nafaqat oilaviy raqobatchi va dushman, balki G‘afurni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy “killer” deb ko‘rishmoqda.

Shuning uchun ham “Qora” “Zolotoy”ni o‘ldirishni ozarbayjon va qozoqlarga buyurganda zarracha ikkilanmagan.

Bugungi kunda “Qora” G‘afur o‘z ayoliga garovga tushib qolgan kishidir. Amerika sanktsiyalaridan qo‘rqib, bor mol-mulkini turmush o‘rtog‘i Lola Rahimovaning nomiga rasmiylashtirgan G‘afur Rahimov ayoliga o‘z qo‘llarini o‘zi bog‘lab berdi.

Shuning uchun, «Eltuz» suhbatdoshiga ko‘ra, endilikda G‘afurning pullarini qaerga investitsiya qilish kerag-u, qaerga qilmaslik kerakligini G‘afurning o‘zi emas, uning ayoli hal qiladi.

“Lekin Shavkat Mirziyoevning bu holatdan xabari yo‘q, shekilli, O‘zbekiston prezidenti haligacha G‘afurni badavlat va yirik investor, deb o‘ylamoqda.

Prezidentni aldashda, G‘afurni prezidentga xaspo‘shlab ko‘rsatishda qator o‘zbek amaldorlari, eng avvalo, Rustam Inoyatov jonbozlik ko‘rsatmoqda. Bu jonbozlikning tagida alohida sabablar bor”, dedi u.

Rustam Inoyatov va G‘afur Rahimov 2010 yilgacha birgalikda harakat qilishgan, hamkorlikda ko‘p ish bajarishgan. Lekin Gulnora Karimova o‘z otasini ushbu hamkorlik haqida ogohlantirgach, prezident Islom Karimov junbushga kelgan va “Qora” G‘afurni zudlik bilan hibsga olishni buyurgan.

2010 yilning oktyabr oyida Rustam Inoyatov kelayotgan xavf haqida G‘afurni ogohlantirgan, uning hibsdan qutulib qolishiga hamda mamlakatdan chiqib ketishiga ko‘maklashgan.

G‘afur Rahimovning Toshkentdagi uyini qurshab olgan Prezident xavfsizlik xizmati (PXX) askarlari va boshlig‘i Rustam Inoyatovning buyrug‘i bilan “Qora” G‘afurning katta pulini olishgan va O‘zbekistondan chiqarib yuborishgan.

“Amaliyot” yakuniga yetgach, PXX rahbari va Inoyatov prezident Karimovga: “Sal kech qolibmiz. Muttaham G‘afur avvalroq yurtdan chiqib ketgan ekan”, deb yolg‘on ma'lumot berishgan.

Oxirgi yillarda prezident Shavkat Mirziyoev Rustam Inoyatovning hukumatdagi ta'siri va maqomini ancha pasaytirib qo‘ydi.

“Bu vaziyatda o‘zining avvalgi ta'siri va maqomini qaytarish uchun Inoyatov G‘afur Rahimov bilan yana hamkorlik qila boshladi. Bu yo‘lda Rustam Inoyatov “Qora” G‘afurning na jinoiy o‘tmishidan, na tobora tarqalib borayotgan “Jallab”, “Axlat”, “Terpila”, “Xotinquli” degan laqablaridan zarracha xijolat bo‘layotgani yo‘q”, deya xulosa qiladi «Eltuz» suhbatlashgan jinoyat olami vakili.

Maqola nashrga tayyorlanayotgan paytda, 13 dan 14 martga o‘tar kechasi G‘afur Rahimovga tegishli Toshkentdagi, Moskvadagi va Dubaydagi uy eshiklari oldiga “Molotov kokteyli” (yonilg‘i solingan butilka – tahr.) tashlab ketilgani haqidagi xabar paydo bo‘ldi.

«Eltuz» manbasining bildirilishicha, noma'lum shaxslar tadbirkorga tegishli avtomobil va Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan boshqa ikkita uyga o‘t qo‘yishgan.

«Eltuz» Lola Rahimova manfaatlarini himoya qiluvchi advokat bilan ham bog‘lanib, maqolada keltirilgan voqealar yuzasidan Lola Rahimova nuqtai nazarini ochiqlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 avgust 2018
Ezgulik farishtalari 21 yillik qamoqdan yupun chiqqan mahkumga kiyim eltayotgan bir paytda SNB va MVDdagi yovuzlar sobiq mahbusning keyingi ...
1 iyun 2022
Farg‘ona shahridagi 10-sonli vaqtinchalik saqlash tergov hibsxonasi maxbusi Qamchiev Sunnatilla va uning sheriklari muassasa xodimlari tomonidan kaltaklangan. Bu haqda ...
23 avgust 2019
Davlat siyosati boshqariladi. Siyosatni siyosatchilar amalga oshiradi. Siyosatchilarni esa xalq gap-so‘zi, bo‘yi-basti va tarbiyasiga qarab saylab, tanlab oladi. Tanlov ...
10 may 2018
Ochiq manbalar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazuvchi Open Source Investigations (OSI) jurnalistlar guruhi Inoyatovlar oilasining navbatdagi yirik sarmoyasini topdi. Sankt-Peterburgdan 30 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...