Asosiy mavzular
5 iyun 2020

Mirziyoevning siyosati tugab, Aripovniki boshlandimi?

Oh yoz, qanday soz! Mana, o‘lmagan qul siz bilan yana bir yozning boshida gaplashib turibmiz. Ëzni yaxshi ko‘raman. Shu kunlarda oq o‘rik pishdi, bozordagi handalaklar hidi odamni mast qiladi. 

Qo‘shiqda aytilganidek, “hidi kelsa mast bo‘laylik, handalakning bo‘yiga”.  Qo‘shiqni sal ko‘proq eshitsangiz, Nikolayning zambaragi degan joyi ham bor. Ya'ni bundan 100 yil oldin ham isyon ko‘targan odamga zambarak qaratilgan. Lekin hamma yerda ham shunday emas. 

Ilon Mask kemalari  fazoga uchayotgan bir paytda nimaga AQShda zo‘ravonliklar tugamayapti, deb savol berishdi. 

AQSh konstututsiyasi o‘z xalqiga qurolli qo‘zg‘olon huquqini beradi. Shuning o‘zida muazzam buyuklik bor. Erkinlik va taraqqiyot – egiz tushuncha. Erk vatani Amerikani tangri yorlaqasin!

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Amerika shaharlaridagi norozilik namoyishiga o‘zbeklar qo‘shilmay, pista-bodom bo‘lib  o‘tirsin, degan chaqiriq bilan chiqdi.

Mayli, okean orti mavzusiga yana qaytamiz. Hozir mahalliy yangiliklardan xabardor qilsam sizni.

XABARLAR

Xiva tumani Oq ko‘l mahallasida “Damas” bilan “Lasetti” to‘qnashdi. “Damas” ichidagi 19 yashar yigit o‘ldi. Shu davrda mamlakatning boshqa joylarida ham avariyalar yuz berdi. Jizzaxda 6 yashar, Yakkabog‘da esa 13 yoshli bola avariyada halok bo‘ldi.

Toshkent viloyatida yuk mashinasi eshak aravani bosib ketdi. Eshak ham, aravadagi ikki kishi ham o‘ldi.

Yo‘l qoidasiga rioya qiling. Kesib o‘tma har joydan – o‘tkin chiziq bor joydan. Chiziq umuman chizilmagan bo‘lsa-chi, deb so‘ramang. 

Ikki marta haj va uch marta umra ziyoratini qilgan O‘zbekiston xalq artisti, sobiq deputat va huquqshunos Yulduz Usmonovaning TV va radioda chiqishiga taqiq qo‘yildi. Endi dazmolni tiqsak, Yulduz qo‘shiq aytmaydi. Besh so‘mlik devor radiodan ham chiqmaydi. Nihoyat, dodimiz tangriga yetdi, deyishdi melisadagi bolalar.

“O‘zavtosanoat”ni prokuratura bosdi. Tizimdagi UzDongYang ombor mudiri  o‘zini ombor to‘siniga osdi. Prokuror to‘rda, amaldor go‘rda.

Shu mudirni ombor to‘sini ko‘targani qurilishlar sifatli ekanidan dalolat.

Ilmning cho‘pchakni yengishi

Odam yerga egilsa, tuproq va qurt-qumursqani ko‘radi. Boshini ko‘tarib ko‘kka boqsa, yulduzlarni.

Insoniyat tarixida ko‘kka boqib, yulduz sanaganlar safining ilk qatorida Ulug‘bek turadi.

Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek hozirgi Eronning Sultoniya shahrida 1394 yilning 22 martida dunyoga kelgan edi. 

Astronom, matematik va davlat arbobi sifatida iz qoldirgan Ulug‘bek Shohruhning o‘g‘li, Amir Temurning nabirasidir.

Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida “Ulug‘bek madhiyasi” degan maxsus bob mavjud. Unda Ulug‘bek zaminda osmon yaratgan olim, deya ta'riflanadi:

Rasadkim bog‘lamish zebi jahondir,

Jahon ichra yana bir osmondir.

Bilib bu nav' ilmi osmoniy,

Ki andin yozdi “Ziji Ko‘ragoniy”.

Qiyomatga degancha ahli ayyom,

Yozarlar aning ahkomidin ahkom.

Ammo Ulug‘bek mutaassib johil dindorlar fatvosiga ko‘ra, o‘z o‘g‘li tarafidan o‘ldirildi. Johil olomon u yozgan kitoblarni yoqdi. Rasadxonani ko‘mib tashladi. Bugungi O‘zbekistonda Ulug‘bekning original asarlari yo‘q. Johillar o‘z vaqtida yoqib tashlagan.

Ammo 1690 yil Gdanskda polyak astronomi Yan Geveliy chop ettirgan “Yulduzlar osmonining atlasi”dagi ikkita gravyurada o‘sha davrning mashhur astronomlari orasidan Ulug‘bekka faxrli o‘rin bergan, unda Ulug‘bekning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Richchioli, Vilgelm Iv va o‘zining jadvallari bilan solishtirgan.

1711 yilda Oksfordda Ulug‘bekning geografik jadvali 3-marta nashr etilgan. 

1807 yilda o‘sha yerda bu jadval yangi grek tilida ham chop qilingan.

1725 yilda ingliz astronomi D. Flemetid (1646-1719) Ulug‘bekning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Vilgelm Iv, Yan Geveliy va o‘zining jadvallari bilan birga nashr etgan.

1908-1909 yillarda V.L.Vyatkin Ulug‘bek rasadxonasining xarobalarini va uning asosiy asbobi – kvadrantini kavlab topgandan so‘ng Samarqand olimlarining faoliyatiga qiziqish yangidan boshlanadi.

Natijada 1918 yilda V.V. Bartoldning “Ulug‘bek va uning davri” asari nashr etiladi.

1611-1687 yillarda yashab ijod qilgan taniqli astronom Yoxannes Xeveliusning Ulug‘bekka bo‘lgan munosabati ilm ahliga ma'lum.

Taniqli astronom Laplas Ulug‘bekka “eng ulug‘ kuzatuvchi”, deb baho bergandi.  Boya aytganimizdek, O‘zbekiston hududida Ulug‘beknig bitta ham kitobi yo‘q. Hozir ham Ulug‘bek kabi olim chiqsa, uning kitobini yoqishga tayyor olomon esa yuribdi toshbaqaday sudralib.

Jahondagi mashhur kutubxona, muzeylarda hozirgi kunlargacha Ulug‘bek asarlarining 25 ta qo‘lyozmasi saqlanib kelinyapti: oltitasi Angliyaning Britaniya muzeyida, uchtasi Parij milliy kutubxonasida, yettitasi Angliyaning Bodlean kutubxonasida, ikkitasi Sent Jounz kolleji kutubxonasida, bittadan Buyuk Britaniya Qirollik astronomiya jamiyati va Krovford kitobliklarida hamda beshtasi Hind idorasi nomi bilan tanilgan tashkilot kutubxonasida.

Zamonamiz Ulug‘beklari bugun Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashaydi. Ular xuddi Ulug‘bek kabi ko‘kka boqib yulduz sanashadi.

Joriy xaftada Ilon Maskning xususiy raketasi fazoviy kemani ko‘kka olib chiqdi. Ilmning cho‘pchakni yengishi bu!!!

O‘zbekiston prezidenti “daftarim suvga oqdi”, deya aljiragan kallavaram xotinga falsafa doktori diplomi “padarka” qiladigan banan davlatidan turib qaralsa, bu parvoz yana yuksak ko‘rinadi.

Bir paytlar ilk insonning ko‘kka uchishi tayyorlangan shaharning maxfiy kodi T-1 edi. Rasshifrovkasi Toshkent-1.

Hozir bu shahar kinnachi, o‘g‘ri, firibgar va nog‘orachilar bilan to‘la.

Prezident esa kinodagi jinni podshoh kabi har bir odam nog‘ora (birorta musiqa asbobi) chalishi zarur, deb tayinlabdi.

Mamlakatning yarmi chalib, yarmi o‘yinga tushsa kerak.

O‘g‘rilarning qaynotasi boshqargan “iston”lar “uchmaslikka” mahkum. Xuddi qanoti bo‘la turib, ucholmaydigan tovuq misoli.

Dunyo ilm markazi, 2 million o‘zbek grin kard o‘ynab, surmoqchi bo‘lgan haqiqiy jozibador mamlakat – AQShdagi parvozga alyor aytaylik.

Daglas Xerli va Robert Benken tog‘alar oy borib omon kelsin.

Darvoqe, Daglas Xerli 53 yoshda ekan.

53 yashar odam O‘zbekistonda yoshini yashab, oshini oshab, bir oyog‘i go‘rda hisoblanadi. To‘ytepaga ham borib kelishi mushkul ish.

1961 yil Yuriy Gagarin ko‘kka uchganida qozoq shoiri, ulug‘ bovurim O‘ljas Sulaymonov 12 aprel kuni bir kechada “Insonga sajda qil zamin” degan poemani yozgan va bu poema darhol chop qilinib, uchoqdan yerga sochilgan edi.

O‘zbek shoirasi Zulfiya Gagarin bilan muloqotlaridan keyin “Yo‘lchi yurak” dostonini yozgandi.

Toshkent markazida 1970 yilda haykaltarosh Postnikov yaratgan Gagarin monumenti o‘rnatildi. O‘tgan asrning 70-yillarida Samarqandda ham Gagaringa haykal tikildi.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan ilk kunlarda Toshkentdagi markazqo‘m binosi oldida qad ko‘targan Gagarin haykali Chilonzor savdo markaziga olib borib o‘rnatildi.

Haykal ortidagi 28 metrlik stellaning yarmini qirqib tashlashdi. Samarqanddagi Gagarin haykali esa 2008 yil buzib tashlandi.

Endi bu mamlakat parvoz haqida o‘ylamas va chuqur tanazzulga mahkum edi.

Odamlar miyasi ilm bilan emas, cho‘pchak bilan to‘ldirila boshlandi.

Ular temirdan katta qozon yasab, ichida guruch pishirib, talamon qilib yeb “zo‘rmiz”, deb ko‘kragiga uradigan biomassaga aylantirildi.

Lekin yer yumaloq. Bu tarafida qorong‘u bo‘lsa, u tarafi yorug‘.

Elning besh mergani qani?

Bunday o‘ylab qarasam, har juma o‘qiydigan va'zim beshotar miltiqqa o‘xshar ekan. Uning o‘qdonida beshta o‘qi bor. Qarindoshlarim Shovotdagi Beshmergan qishlog‘ida yashashadi. Bir vaqtlar bu qishloqda beshta mergan bo‘lgan, deb eslashadi. Bilganim shuki, bu qishloqda bugun bitta ham mergan yo‘q. 

Va'zning o‘qdoniga kamida bitta she'r o‘qlanadi. Bu safar she'rni ulug‘ o‘zbek shoiri Muhammad Solih kitobidan oldik. She'r 1989 yili yozilgan va “Qarg‘algan millatga” deb nomlanadi.

Qarg‘algan millati ho‘kizday ishlab,

Rahmatning o‘rniga eshitar minnat,

Bor-yo‘g‘ini dunyoning poyiga tashlab,

“O‘g‘ri” deb nom olar qarg‘algan millat.

Qarg‘algan millatning kelajagi tul,

Daryolari qurib, chirir yerlari,

Qarg‘algan millatning bolalari – qul,

Ayollari tumso, bepusht erlari.

Qarg‘algan millatning qozisi – fosiq,

Olimi – savdogar, ilm sotib yashar,

Shoirlari esa aqldan ozib,

Dushmandan mukofot olmoqqa shoshar.

Mana, she'rni o‘qidik. No komment, deymiz. Xulosani siz chiqaring. Chunki aqllisiz. “Ferrari”ning “Neksiya”dan yaxshi ekaniga farosatingiz yetadi. 

Rus vassalining siyosati

Men endi siyosat haqida gapirsam. O‘tgan asrning saksoninchi yillar oxirida O‘zbekistonda ommaviy mitinglar bo‘lganini ko‘rgan qadimiy dinozavr kabi odamman. 

O‘sha paytda siyosatchilar bochka ustiga chiqib, qo‘lida ovoz kuchaytirgichli karnayni ushlab, xalq oldida va'z qilardi. Mabodo siyosatchi odamlarni o‘ziga rom qila olmasa, hushtak chalishib, minbardan tushirib yuborishardi. 

Pablik siyosat, deyiladi. O‘z vaqtida Shukrillo Mirsaidov, Shuhrat Nusratov, Erkin A'zam, Mirzo Kenjabek, Abdurahim Po‘latov va, albatta, Muhammad Solihday zabardast siyosatchilarning xalq oldida va'z qilganini ko‘rganman.

Karimovning Namangandagi mullalar oldida qilgan chiqishini ham eslayman. Karimov o‘shanda Tohir Yo‘ldoshni ikki yurish bilan mot qilib qo‘ygandi.

Keyin o‘tgan 30 yil ichida bunday chiqish bo‘lmadi. 2005 yilning 13 mayida Andijonning Bobur maydoniga yig‘ilganlar prezident Karimov kelib bizning oldimizda va'z irod etadi, deb umid qilishgan edi. Ammo Karimov ularga qarata zambarakdan o‘q uzdi.

Xalq tinchidi-qoldi. Mirziyoev davriga kelib, molidan ajragan, uyi buzilganlar dod-voyi eshitila boshladi. 

Mana, kuni kecha So‘x eksklavida janjal chiqdi. Olomon Farg‘ona hokimi G‘anievni toshbo‘ron qilib haydadi. Ertasiga bosh vazir Abdulla Aripov qo‘llarini qanot kabi yozib xalq ichiga yurdi.

Cho‘lponning she'ridagi kabi: “Quchoq ochib xalq ichiga yuraylik, Butun kuchni xalq ichidan olaylik”.

Ammo shaklan go‘zal ko‘ringan bu chiqish O‘zbekiston Rossiya vassali bo‘lishining eski shahar shevasidagi reklamasi bo‘lib chiqdi.

Bosh vazir Aripov 1 iyun kuni So‘x tumanida chiqish qilib, So‘x-Rishton yo‘lini yopishni YeOII talab qilganligini aytdi. Bu nima, YeOIIning reklamasimi? Bu YeOIIning biz bilmagan yana qanaqa talablari bor?

Aripov o‘z so‘ziga muhtaram prezidentmiz, deya qo‘shsa ham amalda Mirziyoevning siyosati tugab, Aripovniki boshlangani kabi manzara ko‘rindi.

– Muhtaram prezidentimiz boshqa mamlakatla bilan, mana ko‘rvosila, hozir Rossiya mamlakati bilan xuddi shunaqengi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yaptila. Xabarila bomi bundan? Keremi bizzaga?

Xalq yo‘q-yo‘o‘q, desa, Aripov albatta kere, deb karnaydan baqirdi.

Kimdir chiqib, “So‘xdagi muammoni yechsa, Mirziyoevning botinkasini yalayman, dedi. Ammo muammoning yechiladigan siyog‘i yo‘q. Botinkani yalash Toshkentdagi maddohlardan ortmasa ham kerak.

Bunday qarasang, urushga ham o‘xshaydi. Kaska kiygan, qalqon ko‘targan askarlar. Tosh otayotgan xalq. Aslida urush ham siyosatning davomi.

200 yil oldin nemis harbiy faylasufi Karl fon Klauzevits: “Urush – bu siyosatning davomidir. Bundan buyog‘iga vositalar o‘zgaradi, xolos”, degan edi. 

So‘xda oyoqqa qalqqanlar O‘zbekiston vatandoshlari. Ularni ko‘rib, men sevgan buyuk shoir Nozim Hikmatning mana bu she'rini esladim:

Bu mamlakat bizniki!

Bilaklar qonga to‘lgan!

Tishlar qisilgan!

Oyoqlar yalang.

Ipak kabi yumshoq tuproq.

Bu jahannam.

Bu jannat bizniki.

Qo‘llarimiz musht bo‘lib tugilsin

va bir daf'a ochilmasin.

Yo‘q qiling insonning insonga qulligin!!!

Bu davlat bizniki!!!

Bir og‘och kabi tek va hur yashamoq.

Va bir o‘rmon kabi qardoshlarcha..

Bu hasrat bizniki….

Ulug‘bek baxshi aytganidek, yomon bo‘lsa ham shu yurt bizniki. Amaldorniki emas.

Ne bo‘lsam, sen bilan bo‘layin, Vatan,

Tuprog‘ing ko‘zimga surayin, Vatan,

O‘lsam ham bag‘ringda o‘layin, Vatan.

Rassom Tuzga maktub

Shuncha gapirdik. O‘zi So‘xning muammosi nima, degan savolga javob bermadik. Javob mana bu maktubda yozilgan.  Maktub muallifi Erkin Abdulaxatov. O‘qiymiz:

“Men o‘tgan qish oyida So‘xga ish bilan borganman. Chegaradan o‘tish bilan boshlanadi hamma narsa, odamga qilinadigan muomaladan tortib, hammasi. Endi javob qaytaraman desang, seni olib ketayotgan shofyor bola o‘rtaga tushadi. Bir safar Botken viloyati Qadamjoy tumani postida O‘zbekistondan chiqish va Qirg‘izistonga kirishda pasportga muhr bosadigan zobit haqoratli ohangda paltomning tugmasini qadab olishim kerakligini aytgan. Qadamayman, gaping bormi, deganim bilan bizni olib ketayotgan so‘xlik shofyor tizzasi bilan cho‘kkalab, o‘zi paltom tugmasini qadab qo‘ygan. Keling, aka, muammosiz yetib olaylik So‘xga, deb qo‘shimcha qilgan.

Shohimardonsoy bo‘ylab asfalt yo‘lda yurasiz, soy Shohimardon tomon burilgandan so‘ng o‘ngga tuproq-toshli yo‘lga burilasiz, aslida asfalt yo‘l orqali davom etsa ham bo‘ladi. Ammo o‘zbeklarga, o‘zbek raqamiga ega mashinalarga u qishloqning asfalt yo‘lidan yurishi qat'iyan man etilgan. Agar u yo‘ldan yurilsa, qirg‘izlar tomonidan toshbo‘ron qilinadi. 15 km.cha tosh-tuproq yo‘ldan yurilgandan so‘ng Haydarkon shaharchasiga yaqin joyda asfalt yo‘l davom etadi. Haydarkon shaharchada ovqatlanadigan kafelar, oshxonalar, oziq-ovqat do‘konlari bor. Ammo u yerlarda ham to‘xtash mumkin emas. To‘xtasang, mojaro chiqadi. Mabodo yo‘lda mashina buzilsa, darrov so‘xlik shofyorlar to‘planib olishib, buzilgan mashina tuzalishiga o‘z yordamlarini berishadi. Bo‘lmasam mahalliy xalq mashinani pachoq qilishadi. Dodingni hech kim eshitmaydi. Yo‘lda hatto hojat qilishga ham qo‘rqasan, ishonavering. O‘sha tashlandiq toshloq yo‘lda so‘xliklar o‘zlari uchun ko‘rimsizgina hojatxona qilib olishgan. Butun boshli 65 km.li yo‘lda faqat shu manzilda to‘xtaladi. Shofyorlarni to‘xtatib, qirg‘iz GAIlari qiynab pul olishini-ku, aytmay qo‘yaveray, quyonyurakdek bir-birlariga signal, imo-ishora bilan yurishadi.

So‘xga borganda esa qirg‘iz shofyorlarining So‘x orqali yo‘ldan bemalol foydalanishiga qoyil qolasan, ular kafelarda bemalol ovqatlanishadi, do‘konga kirib savdolashishadi. Hech kim indamaydi. Aslida hamma so‘xliklar ichida g‘azab bor bo‘lsa-da, ammo uni tashqariga chiqara olmaydi. Chunki…”

Shu yerda maktub tugadi. Chunkining naryog‘ida nima yozilishi mumkinligini siz o‘ylab ko‘ring. 

Boya beshotar miltiq haqida aytgan edim. O‘qdonning bir teshigida ertak bo‘ladi. Ertaklar yaxshilikka yetaklar. Ammo hayotiy ertakning yolg‘on cho‘pchakdan farqi bor. Bu aytadiganim ertak emas, haqiqat.

Parxonalik 27 yashar “erkak” bir ajrashgan xotinni “o‘rab”, unga uylanaman, deb qulog‘iga lag‘mon osdi (ular usta bunaqangi ishlarga). Xullas, ersiragan 37 yashar juvon opa 31 may kuni yasanib-tusanib uchrashuvga chiqdi. Kelishilganday, uchrashuv Yaypan tumani markazida bo‘ldi. Kuyov bola bo‘lg‘usi kelinga “villamni ko‘rsataman”, deb juvon opani jiydaning tagiga olib kirdi. Keyin kuyov darrov maqsadga o‘tib, bo‘lg‘usi kelinni urib, qulog‘idagi narxi 2.100.000 so‘mlik oltin isirg‘ani yulib olib qochdi. Birato‘lasiga ayolning sumkasidagi yarim ichilgan kolani ham olvoldi. Juvon opa bo‘lsa sochini yulib, melisaga arz qildi.

Bu paytga kelib “erkak” ersiragan bosha juvon opani avrayotgan edi. IIB xodimlari kelib, talonchining qo‘liga kishan taqdi.

Talonchi qamoqda. U JKning 166-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan (talonchilik) ayblandi.

Bu ertak emas, kundalik hayotimizdan olingan oddiy xabar. 

Tuyadan so‘radilar, nega bo‘yning egri, deb. Tuya ajablanib, qaerim to‘g‘ri, dedi. 

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
26 sentyabr 2015
Bundan ilgari Eltuz Inson huquqlari Alyansi yetakchisi Yelena Urlaeva bilan mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning Guliston shahrida ikki nafar ichki ...
12 may 2017
11 may kuni BMT inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zeyd Raad Al-Xuseynning tashrifi yakunlandi. Tashrifning bosh natijasi 15 yillik ...
26 sentyabr 2023
Eltuzga Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasida oziq ovqat sifatining yomonligi yuzasidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushdi. Shikoyatlar aksariyat ...
9 sentyabr 2023
8 sentyabr kechki soat 17 lar  atrofida Pop tumani Oqtepa o‘rmon bo‘limi 28 konturiga borgan Aspekt 24 jamoasi o‘zidan ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...