Asosiy mavzular
19 iyun 2020

RTdan va'z: O‘zbeklar birdan yo‘qolib qolsa, nima bo‘ladi?

Azizlarim, sizlar bilan hafta aylanib, yana bir bora yuzlashib turibman. Bu juda aziz uchrashuv. Bir paytlar Toshkentda metroda yurganimda, Pushkin bekati bilan Hamid Olimjon bekati orasida metro poezdi bir muddat yer ustiga chiqib olar va yana qorong‘u zimistonga sho‘ng‘irdi.

Vagonning yer yuziga chiqqan paytida quyosh nurlariga tikilib, zulmatdan charchagan ko‘zlarim orom olardi. Siz bilan har hafta uchrashgan paytimda ayni tuyg‘uni sezaman.

Yaxshiyamki, bir vaqtlar ustozlar menga yozishni o‘rgatdi. Shu bois, sizga atalgan tuyg‘ularimni ravon izhor qila olyapman. She'r Erkin Vohidovdan:

Ne baxtkim, bizni ustoz
Bir zamon ash'orga o‘rgatmish.
Nafosat deb atalgan
Ul ajib asrorga o‘rgatmish.

Sizni charchatmaslik uchun bu she'rning davomini keyinroq o‘qisam. Odamlar bizga she'r emas, xabar bering, deb talab qilishmoqda. Gapni xushxabardan boshlasam.

Xabarlar

Frantsiyadan O‘zbekiston xazinasiga oldingi prezidentning qizi Gulnora Karimova o‘margan 10 million dollar kelib tushdi. Bu pulga hozirgi prezident kuyovlari mayka olib kiysa kerak. Yalang‘och yurishmaydi-ku axir.

+++

Irim-sirimlarga ishonmayman. Men uchun 13 raqami oddiy raqam. Ammo bu raqam ota boltasidan omon qolgan ikki qizaloq uchun musibat belgisi bo‘ldi.

13 iyun. Namangan shahrida (ilgari sudlanmagan) 44 yashar ishsiz erkak o‘z uyida 36 yashar xotinining boshini bolta bilan chopib tashladi. So‘ng katta qizi, 10 yashar kenjasi, uch yarim oylik qizlarini ham boltaladi.

Xotini va uch yarim oylik chaqaloq o‘sha ondayoq o‘ldi. Ikki nafar qizaloq esa qoniga botib, qo‘shnining uyiga bekindi. Shundan so‘ng qotil er va ota bir kanistr benzinni ustidan quyib, gugurt chaqdi. Qotil yonib kul bo‘ldi. Bu nizoga sabab rashk yoki xiyonat emas, balki yo‘qsillik va ishsizlik.

«O‘zing uch o‘l yetim», «O‘ksiz (onasi yo‘q) o‘z kindigini o‘zi kesadi». Bu so‘zlar davlat va qora xalq orasidagi doimiy jarlikni ifoda qilgan xalq maqollaridir.

+++

Prezident Shavkat Mirziyoev 16 iyun kuni videoselektor yig‘ilishida koronavirusning yengil shakliga chalingan bemorlarni uyda davolash amaliyoti joriy etilishini bildirdi.

“Virusning yengil shakllari aniqlangan yoki kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan fuqarolarni uy sharoitida tibbiy nazoratda ushlash va davolash amaliyotini yo‘lga qo‘yishimiz kerak”, dedi O‘zbekiston kosntitutsiyasiga zid holda 2016 yili mamlakat rahbarligini o‘z qo‘liga olgan Mirziyoev.

«Uying bo‘lmasa, qaering kuyadur?»

Ëzuvchi Odil Ëqubov asarlarida turkistonliklarga xos yumor bor. «Ulug‘bek xazinasi» romani qahramoni Qalandar Qarnoqiy «uyim kuyadur, mavlono», deya nolisa, Ali Qushchi «uying bo‘lmasa, qaering kuyadir, darvesh», deb istehzo qiladi. Shu ma'noda uyi bo‘lmagan odam qanday qilib uyida davolanadi. Ëki 10 jon uch xonali kvartirada yashasa va shu kvartiraning bir xonasi koronavirus kasalxonasiga aylansa. Shu issiqda bu kvartiradagilarning holi ne kechadi?

Karimovdan qolgan saroyda yashamayman, deb o‘ziga yangi saroy qurdirgan Mirziyoevning og‘zidan chiqqan gapni qulog‘i eshitadimi? O‘ldik, ado bo‘ldik, virusni yengishga pul bering, deya tilanib olingan milliardlar qani? Kuyovlar kilolab oltinga aylantirib qo‘ydimi? Qimmat moshina olishdimi? Qizlari navbatdagi latta-puttani falon pulga Parijdan oldirdimi?

Eh, aziz va mukarram qadrdonlarim! Men bu gaplani yozguncha she'r qalamimni ohista yo‘nib, baytu bahor qilganim ming marta yaxshi edi. Zahar-zaqqum haqida emas, balki mehr-muhabbat haqida yozsam, koshki edi. (She'rning davomi)

Qalam tutgandin ilk bor,
Bizni o‘rgatmish sadoqatga.
Navoiy birla Pushkin,
Sa'diyu Attorga o‘rgatmish.

Qadi yo bir hilol go‘yo
Yig‘ib atrofga yulduzlar,
Jiloyu nur darsin
Gumbazi davvorga o‘rgatmish.

Ne hayrat, hayratomuz –
Qush bo‘lib uchsak, bizim ustoz
«Lisonut tayr» birla
«Hayratul abror»ga o‘rgatmish.

Kim o‘rgatmish demangkim,
G‘ayratiy ul, Xayriddin, Anvar,
Tomilla, Matluba, men,
To‘lqinu Sayyorga o‘rgatmish.

Bu she'rda nomi kechgan Xayriddin Sultonov hozir katta amaldor. Umri lavozimdagi hayotidan ham uzoq bo‘lsin.

Tug‘ruqxonadan go‘ristongacha

Kechgan haftada yuz bergan asosiy voqea, ya'ni andijonlik Alijonning IIB xodimlari tarafidan urib o‘ldirilgani haqida «Eltuz» alohida videolavha qildi. Meni quvontirgan narsa shuki, bu safar video tagidagi sharhlarning hammasi mazlumning yonini olgan ma'noda bo‘ldi.

Hech kim zolimning tarafini olmadi. Tasanno. Biz xuddi katta oila singari bu oila mansubi bo‘lgan yaqinimizni himoya qildik. Katta oila nima degani? Tasavvur qilsak, biz hammamiz avtobus yo‘lovchisiga o‘xshaymiz.

«Tug‘ruqxona» degan turoqda boshlanib «go‘riston» degan oxirgi bekatgacha boradigan avtobus. Albatta, yo‘lda boshqa turoqlar ham bor. Avtobus ichidagi tugmani bosib yoki sho‘pirdan iltimos qilib, yo‘lda tushib qolsa ham bo‘ladi.

Avtobusda ketyapmiz. Har kuni yurganimiz uchun yo‘lovchilar bir-birini tanib ham qolgan. Ba'zan avtobusga nazoratchi chiqib, chipta tekshiradi. Oldinga kelib, «Chiptang qani?» deydi. Siz kalovlanib chipta qidirasiz. Sotib olgan chiptangiz qaysi cho‘ntakda ekanini topa olmayapsiz. Nazoratchi bo‘lsa sizga g‘azab bilan o‘shqiradi: «Chiptang qani, quyon!»

«Men quyon emasman, chiptamni yo‘qotib qo‘yibman, xolos», deysiz. Nazoratchi bo‘lsa, «Jarima to‘la! Bo‘lmasa politsiya chaqirib, qamatib yuboraman», deb o‘shqiradi.

Shu payt avtobus ichidagi odamlardan biri nazoratchiga qarata: «Uning chipta olganini men ko‘ruvdim. Tegma unga. Ishonmasang, jarima yozib ber. Jarimani men to‘layman», deydi. Avtobusdagi boshqa odamlar ham ayni gapni aytadi. Ëvuz nazoratchi esa katta oila bosimiga chiday olmay, avtobusdan tushib ketadi.

G‘alabadan barchaning, ayniqsa, chiptasini yo‘qotgan yo‘lovchining yuziga tabassum yog‘iladi.

Ammo ba'zan bunday bo‘lmaydi. Ba'zida odamlar ko‘ra bila turib, zolimga qo‘shilib, seni tepkilaydi.

Avtobus bilan avtobusning farqi bor.

Faylasuflar xalq degan tushunchani sakral, ya'ni shak keltirib bo‘lmas but holiga keltirishgan. Bu noto‘g‘ri. Aslida xalq ham chirib, sasib ketishi mumkin. Millionta jinnini bitta joyga yig‘sangiz, millionta jinni bo‘ladi. Bu jinnilarning ko‘pligi sifatni bildirmaydi.

1945 yil bahorida Drezden ustiga AQSh uchoqlari yog‘dirgan bombalar xalqning esini joyiga keltirish uchun xizmat qilgan edi. Oradan 5 yil o‘tib ijtimoiy so‘rov markazlari nemis xalqi fikrini o‘rganib, dahshatga tushishdi.

Xalq ongi o‘zgarmagan edi. Toqatsizlik, irqchilik, fashizm, diniy jaholat, hasad va ko‘ra olmaslik ularning qon-qoniga singib ketgan edi. Bu majruh va siniq olomonni ulkan cho‘kichlar bilan urib to‘g‘rilash lozim edi.

Xuddi avariyaga uchragan mashina korpusini kostoprav usta kuvalda bilan tekislagani kabi. Shu tariqa odamlarni kinoteatrlarga yig‘ib, o‘zlarining Gitler davrida qilgan butun jaholati aks etgan hujjatli kinolarni majburlab tomosha qildirishdi.

Birovlar ko‘rmayman deb ko‘zlarini yumganida AQSh zobitlari ularning qo‘llarini qayirib, orqasiga bog‘lab, tomosha qildirishdi. Kechagina Gitlerga ta'zim qilib, u o‘lganidan keyin bir yumalab yangi yurtboshi ko‘tini yalaganlar ro‘yxati tuzildi.

Ularning hujjatiga maxsus teshik qilib berishdi. Tavqi la'natga chiday olmagan sobiq mulozimlar o‘z joniga qasd qildi. Pokayaniya. Tavba tazarru olovi ichidan barcha o‘tdi. Ko‘plar bu olov ichida yonib, jizg‘anak bo‘ldi. Ammo millat sog‘lomlashdi. Germaniya bugunga kelib yana Yevropaning eng ulug‘, eng aziz, boy va mukarram davlatiga aylandi.

Endi gapni o‘zimizga bursam.

Men mansub bo‘lgan massa keyingi 100 yil mobaynida hukmdorlar nima yozsa yozilib qoladigan qog‘oz kabi bo‘ldi.

70 yil sovet, 30 yil Karimov davrida deformatsiya bo‘lgan, mullalarning cho‘pchagini ilm deb o‘ylagan, kinnachining dam solganini tibbiyot deb bilgan, yolg‘onni rost, oqni qora deb o‘rgangan 34 millionlik massa ta'mirga muhtoj….

Ta'mir so‘zi to‘g‘ri kelmaydi. Xuddi eski-tuski temirlardan iborat metallolomni domna o‘choqlardagi olovda eritib, qayta metallga aylantirgan kabi jarayondan o‘tmog‘i kerak jamiyat.

Lyustratsiya. Karimov davridagi o‘g‘ri va korruptsioner amaldorlar bilan jamiyat abadiy xayrlashmog‘i lozim. Bu amaldorga faqat jismoniy mehnat, hammollik, yer chopish, beton aralashtirish kabi ishga izn berish kerak.

Ichki nostrifikatsiya. Barcha olim va mutaxassislar o‘z diplomini himoya qilib, qayta sinovdan o‘tkazadi. O‘zbek va ingliz tilini bilish shartga aylanadi. Ma'naviyat va boshqa soxta fanlardan olim bo‘lganlar bilan abadiy xayr-xo‘sh qilinadi. Matematik olim hech bo‘lmaganda karra jadvalini, o‘zbek tili kafedrasida ishlaydigan olim esa o‘zbek filologiyasini bilishi talab qilinadi. Barcha ilmiy unvon, orden, medal va martabalar bekor qilinadi.

Audit. Karimov va Mirziyoev davrida davlat resurslarini o‘margan barcha odamlarning hisob-kitobi qilinadi. O‘g‘ri mulozimlar va ularning barcha (BARChA) qarindoshlari nomidagi mol-mulk musodara qilinadi. Qamalmay qolgan mulozimlar uchun Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot shaharlaridan chiqmay, yashab ishlash uchun sharoit yaratiladi (manzil koloniya tarzida).

Informatsion purifying, ya'ni avomni kerakli ma'lumot bilan ta'minlash uchun pablik resurslar yaratiladi. Masalan, Mirziyoev nepotizmi yoki Karimov davridagi mulozimlarning o‘g‘irliklari ko‘lamidan hikoya qiluvchi hujjatli kinolar ko‘rsatiladi.

West orientation, ya'ni Rossiya hamda uchinchi dunyodagi diniy radikal davlatlar va Xitoy axboriy ta'sir doirasidan chiqib, G‘arb fazosiga kirish. Liberal qadriyatlar, individualizm, toqatlilik va sekulyar liberalistik qarashlar joriy qilinishiga erishiladi.

Arablar birdan yo‘q bo‘lib qolsa

Shu kunlarda Qatardagi Al Jazeera telekanali muxbiri Akram Atoullohning (أكرم عطالله) «Birdan dunyodagi hamma arab yo‘q bo‘lib qolsa nima bo‘ladi?» sarlavhaoi maqolasini tarjima qilib, FBdagi sahifamga qo‘ydim.

Maqola “Birdan dunyodagi barcha arab yo‘q bo‘lib qolsa-ya? Dunyo bir kuni uyg‘onib, bizning yo‘qligimizdan xabar topsa, nima bo‘ladi?» degan savol ustiga quriladi. Javobi ham tayyor:

«Hech narsa bo‘lmaydi!!! Hech kim hech narsadan ayrilmaydi. Internet qanday ishlagan bo‘lsa, shunday ishlayveradi, samodagi sun'iy yo‘ldoshlar uchaveradi, avtomobil zavodlari ham ishdan to‘xtamaydi.

Fond birjasi ham o‘pirilmaydi. Dunyoda hech kim dorisiz, tibbiy jihozlarsiz, jarrohlik uskunalarisiz va hatto qurolsiz ham qolmaydi.

Biz, ya'ni arablar dunyoga hech qanday foyda keltirmaymiz», deya ta'kidlaydi maqola muallifi.

Maqolani qunt bilan o‘qigan faol Mirza Anvar aka Hamidov: “Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit! Arabning o‘rniga o‘zbek deb o‘qib ko‘rdim! Birga bir to‘g‘ri keldi”, deydi.

Ammo dunyoda o‘zbeklar birdan yo‘q bo‘lib ketsa, Moskva ko‘chalari supurilmay qoladi, Dubay va Istanbuldagi fohishaxonalar bo‘sh qoladi. Har holda o‘zbekning dunyoda o‘z o‘rni bor. Bunga shak keltirib bo‘lmaydi.

Endi arab jurnalisti Akram Atoulloh maqolasini o‘qisak. Maqola muallifi “Dunyo bizdan hech bir kerakli narsani olmaydi”, deya qat'iy ta'kidlaydi.

“Xabarlarda arab arabni o‘ldirayotgani haqidagi ma'lumotlardan boshqa hech narsa.

Balkonda o‘tirgan frantsuz xonim qo‘shnisiga “Barcha arablar g‘oyib bo‘ldi”, desa qo‘shni: “Siz kecha-kunduz bir-birini so‘yadiganlar haqida gapiryapsizmi?” deydi.

Balki kimdir mening so‘zlarimni bo‘rttirish deb qabul qilar. Balki u men chizgan manzara voqelikning eng ayanch suratidir deb hisoblar.

Ammo vatandan uzoqda, dunyoning barcha poytaxtlaridan turib ko‘radiganimiz arab dunyosidagi manzara ayanch emasmi?

Liviya, Iroq, Misr, Suriya va Yamandagi daryo bo‘lib oqayotgan qonlar ro‘yomi? Bu o‘lkalardagi xalq ikkiga ajralgan. Bir qismi ochlikdan sillasi qurigan bo‘lsa, qolgan qismi to‘qlikdan quturmoqda. Va bularning hammasi dunyodagi arabdan boshqa insoniyat hisobidan yashamoqda.

Agar biz arablar zim g‘oyib bo‘lib, dunyodan yo‘q bo‘lsak, yapon yoki yevropalik hayotidan hech narsa o‘zgarmaydi.

Malayziyaliklar, turk va amerikaliklar hayoti ham o‘z tabiiy izida davom etaveradi.

Biz arablar dunyodagi ilm-fan, sanoat, moddiy va nomoddiy ishlab chiqarishda umuman qatnashmaymiz.

Hech narsani kashf qilmaymiz.

Biz arablar insoniyatning bizdan boshqa qismi ishlab chiqargan ne'matlarni tasarruf qilamiz, xizmatlardan foydalanamiz.

Ko‘p hollarda bu iste'foda ham noto‘g‘ri va yovuzlarcha ko‘lam kasb qiladi.

Bizga qurol chiqaradigan zavodlarning kuchi yetishmayapti.

Biz arablar bu qurollarni sotib olib, zavod egalariga milliardlarni ato qilamiz.

Biz arablar qurol sotib oladigan asosiy xaridormiz. Har kuni odam o‘ldirish va binolarni vayron qilish uchun o‘ta katta miqdordagi qurol-yarog‘ sotib olish bo‘yicha bitimlar imzolashdan charchamaymiz.

Ular, ya'ni arab bo‘lmaganlar dunyodagi hamma narsani ishlab chiqaradi. Biz arablar bo‘lsak, hech narsa qilmay, yotib yeymiz.

Biz faqat nafrat urchitadigan gap aytishdan nariga o‘ta olmaymiz.

Arabning dushmani yana bir arab. Har bir arab yana bir arab bilan nizolashgan. Vaqt o‘tsa ham bu nizolar to‘xtay demaydi. Davlatlar bir-birini yomon ko‘radi, qabilalar bir-birining tagiga suv quyadi, hammada sanoqsiz qurollangan jangari to‘dalar bor.

Qo‘liga qurol tushgan har bir arab yugurib, jang maydoniga borib tirillatadi. Arab ummatidagi yolg‘iz omadli xalq – bu falastinliklar. Ular ham ishg‘olchi Isroilga qarshi kurash o‘rniga bir-biri bilan kurashga o‘tib ketishdi. Umumiy kayfiyat yuqdi ularga.

Biz arablar barcha sohalardagi ro‘yxatlarning quyrug‘idamiz.

Bizda chet ellik odam atay kelib davolanadigan kasalxonalar yo‘q.

Shanxay reytingi bo‘yicha dunyodagi 400 ta eng yaxshi universitet ro‘yxatiga kirgan bitta ham oliy o‘quv yurtimiz yo‘q.

Bizda haqiqiy siyosiy tuzilmalar yo‘q. Ishonchli parlament ham va hurmat qilishga arzigulik qonunlar ham yo‘q. Hammasi yolg‘on. Maqtanadigan yerimiz yo‘q.

Bir payt Misr prezidenti husni Muborak hali iqitidorda ekanida o‘z a'yonlari va sanoqsiz tansoqchilari qurshovida nemis kasalxonasiga davolanish uchun bordi.

Kasalxonadagi izdihom shu klinikada davolanayotgan oddiy mahalliy nemis diqqatini tortdi. Kim u, deb so‘radi u palatadagi hamsoyadan. Bu arab lideri, deb javob berdi qo‘shni. U qanchadan beri taxtda o‘tiribdi, deb so‘radi nemis. 30 yil, dedi qo‘shni.

Nemis bo‘lsa: “Demak u korruptsiyaga botgan diktator ekan. Nega diktator? Chunki mamlakatni 30 yil boshqardi. Ammo 30 yil ichida laoqal o‘zi uchun ham tuzukroq kasalxona qurmabdi», dedi.

Mintaqadagi barqaror bo‘lmagan vaziyat bizning zaif ekanimizni barchaga oshkor qildi. Salgina erkinlik shamoli esuvdi, mamlakatlarimiz birin-ketin qulay boshladi. Biz buni ko‘rdik-ku. Siz ulg‘vor deya qurgan bino eng zaif yer qimirlashiga ham dosh bera olmadi-ku. Bu bino emas, uning karikaturasi.

Eng yomoni – ichimizdagi tuganmas kin, nafrat va zo‘ravonlik ishtiyoqi.

Hayratli shaklda biz go‘yo bizni chekkalaganlarga qarshi kurash niqobi ostida nafratli buzg‘unchilik va etnomazhab urushiga qilich yalang‘ochlab kirib boraveramiz.

Butun oratorlik kuchimiz, voizlik qudratimizni sun'iy yo‘ldosh kanallari vositasida katta pul sarflab ichimizdagi asosiy instinkt, ya'ni qotillik ishtiyoqini qondirish uchun xarj qilamiz.

Biz dunyodagi hammadan ko‘ra g‘alaba haqida lof to‘qiymiz. Yengilib oyoq ostida qolib ketganmiz haqida jim turamiz.

Ichimizdagi butun energiya birgina safsatali ritorikaga sarf bo‘ladi. Parovoz ichidagi bug‘ g‘ildirak aylanishiga emas, hushtak chalishga sarf bo‘lgan kabi.

Biz tarixni soxtalashtirish bo‘yicha katta ustamiz. Biz faqat buyuk kelajak haqida gapiramiz. Hech narsa qilmay, faqat gapiramiz.

Bir-biriga yov bo‘lgan dunyodagi eng tarqoq xalq bo‘lganimiz holda birlik va birlashish haqida gapiramiz.

Dunyodagi boshqa xalqlar demokratiya haqida gapirayotgan bir paytda biz eng ashaddiy mustabidlar oyog‘i ostida yashashni ma'qul ko‘ramiz.

Dunyodagi boshqalar sevgi, toqatlilik haqida gapirsa, biz ulardan nafratlanamiz.

Biz hammadan ko‘p inson huquqi haqida gapiramiz. Ayollar va bolalar huquqi haqida. Ammo bizning mamlakatimizda insonning istagan odam etigi bilan ezib tashlay oladigan hasharotdan farqi yo‘q.

Har safar bu safsatalar qadriyat emas, balki shunchaki shior ekanligini tushunib yetganimizda, har safar qandaydir mojaro bo‘lganidan keyin yangi hukumat keladi va o‘z bilganini qilaveradi.

Mintaqa qattiq siltanishga muhtoj. Shunday siltanish chog‘ida bizning siyosiy axloqiy va sotsial qip-yalang‘och ekanimiz o‘rtaga chiqadi.

Qattiq shapaloqdan keyin johilning ko‘zi ochilgani kabi biz ham o‘zimizga kelaylik.

Biz arab dunyosidagi real ahvolni ko‘rishimiz kerak.

Bu real manzaradan biz o‘n yillab, balki yuz yillab ko‘z yumib keldik.

Orzumandlarimiz “Arab orzusi” degan buyuk g‘oya bilan isitmalab, arab birligiga erishmoqchi bo‘lishdi. Ammo birlik o‘rniga islomdan oldingi qadim zamonga tushib qolishdi».

Eslatib o‘taman, bu arab jurnalistining fikrlari.

Dukchi eshonning uch qusuri

Arab yarim orolida nemis mug‘andisiga talab kattaligini bilasiz. Har qanday mexanizm yoki inshootni qancha pul ketsa ham nemis qursin, degan alohida intilish bor. Arab shayxi o‘z ummatdoshi qurgan ko‘prikdan o‘tishga qo‘rqadi. Qo‘liga, albatta, Tsyurixdagi nemis yasagan Shveytsariya soatini taqadi. Chunki bu soat siratul mustaqim. Vaqtni to‘g‘ri ko‘rsatadi….

Hozir eslaydiganim, epizod ko‘pchilikka yoqmasa ham fakt faktligicha qoladi.

Bu faktni ustoz Fitrat ham o‘rgangan.

Andijonda rus bosqinchilarga qarshi isyon ko‘targan mingtepalik muhtaram Dukchi eshon sxolastik ilmlar, xususan, so‘fiylik tariqatidan bilimdon bo‘lgan.

Ammo bu kishi sopromat, fizika, chizma, geometriya kabi fanlardan bexabar bo‘lgani fakt.

Dukchi eshon bir qo‘lim hunarda bo‘lsin, deb ayollar kalava o‘raydigan duk (yik, naycha) yasab sotgan. Ruschasi chelnok.

Eshon buva qo‘liga tol xivichni olib, pakki bilan barmoqday qilib kesib, ichini bigiz bilan teshib duk yasagan.

O‘sha davrda duk juda arzon bo‘lgan. Chorning bir tiyiniga bir savat duk bergan.

Ya'ni yuzta duk sotgan odam zo‘rg‘a non olib yegan.

Ammo hiylai shar'iy asosida Eshon buva yasagan duk tabarruk deya astronomik narxda sotilgan va duk sifatida ishlatilmagan.

Eshon buvaning tabarruk duki, deb odamlar ixlos qilib sotib olishgan. Olib sotishgan (xuddi cherkovdagi shag‘am do‘kondagidan qimmat bo‘lgani kabi).

Eshon buvaning xonaqohida yuzlab odamlar shu duk oldi-sottisidan tushgan pul ortidan pishgan shavlani yeb kun ko‘rgan (parazitlik har doim bor bo‘lgan illat).

Shu xonaqohda bitta kichikroq minora ham bo‘lgan. Eshon buva shu minoraning bo‘yini uzaytirib, muazzam qilmoqni ixtiyor etdilar.

Minoraning ustiga yana uch-to‘rt metr g‘isht o‘rib, bo‘yini uzating, dedilar muhtaram.

Dukchi eshon yaxshi yetakchi, bosqinchiga qarshi qo‘rqmay kurashgan ulamo bo‘lsa ham muhandis emas edi.

Minora poydevori buni ko‘tara olmasligini hisob-kitob qilmadi. Kuf-suf qilsam, minora poydevorining chidamliligi oshadi, deb xato o‘yladi (yoki umuman o‘ylamadi).

Xullas, fizika qonunlariga zid ravishda minoraning bo‘yi uzaytirildi. Eshon buva va son-sanoqsiz muridlari saf bo‘lib, minora tagida namoz o‘qishdi.

Hamma rukuga ketgan paytda minora odamlar ustiga gumburlab quladi. O‘lganlar va yarador bo‘lganlar bor edi. Fizika qonuni Eshon buvaning irodasidan ustun kelgan edi. TB (texnika xavfsizligi)ga rioya qilmagan ulamo ustidan Chor hukumati jinoyat ishi ochdi. Ammo Dukchi eshon chor generallariga pora berib, ishni bosti-bosti qildi…

Xullas, bu yerda o‘zbek rahbariga xos uch kamchilik ko‘rinadi. Birinchisi, «otkat» – «yo‘q narsadan soqqa qilish». Ikkinchisi, «hamma narsani o‘zim bilaman. O‘zim arxitektor, o‘zim muhandisman, degan o‘zbilarmonlik. Uchinchisi esa «pora bilan ishni bosti-bosti qilish».

Shu bilan birga, «ot desang otaman, yot desang yotaman», deydigan ma'suliyatsiz o‘zbek xizmatkori tiynati ham namoyon bo‘ldi. Hech kim «Eshon buva, bu minorani uzaytirib bo‘lmaydi», demagan. Demaydiyam. Chunki «kattaning aytgani to‘g‘ri, katta – xudo».

Albatta, Dukchi eshonning o‘ris bosqinchilariga qarshi chiqqani shoyon tahsinga loyiq. Ammo aytmaydilarmi oyda ham dog‘ bor, beayb parvardigor, deb.

Endi tushungandirsiz nega arab yarim orolida nemis muhandisiga talab katta ekanligini. Ko‘prikni mustahkam qurish kabi siratul mustaqim nimaligini nemisdan so‘rang.

Yerning har burchida odamlar goho
Menga o‘z tilimda so‘ylar, gumon yo‘q:
O‘zbek ko‘p butun Yer yuzida, ammo
Olamda boshqa hech O‘zbekiston yo‘q!

(Mirzo Kenjabek she'ri).

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
10 iyun 2021
“Abdulla G‘arib prodakshn”, rassom Elsevar, rassom Tuz va “Eltuz” yangi siyosiy satirik animatsion filmlar turkumining 9-qismini taqdim etadi. Rus ...
14 fevral 2016
Yozuvchilar uyushmasi ekspert guruhi qarori bilan, «prezident ko‘rsatmasiga amal qilmaganlari», “mamlakatda kechayotgan ulug‘vor ishlarga daxldorligini his etmaganlari uchun” haydalganlar ...
19 mart 2018
1972 yilda O‘zbekiston mustaqilligini talab qiluvchi uyushma tuzgani, Sovet Ittifoqiga qarshi kurashgani uchun KGB tarafidan qamoqqa tashlangan Mirtemir Mirabdullaev ...
3 yanvar 2017
Turkiyadagi tungi klubga hujum qilib 39 kishini o‘ldirgan hujumchi qirg‘izistonlik Mashrapov Yahyo ekani gumon qilinmoqda. Turk matbuotiga ko‘ra, Mashrapov ...
Bloglar
23 noyabr 2021
Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi milliy teatr qurilishi ham) yangi va yap-yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz ...
21 noyabr 2021
Siyosatchi bo‘lish¸ siyosatga kirish bugungi O‘zbekistonda boshni kundaga qo‘yish bilan barobar. Bu haqda Jahongirga yozuvdim ...
11 noyabr 2021
Xalqaro jurnalist «Agneshkaxon voqeasi» ko‘p savollarga javoblarni ochib berdi. Kelinglar, jonajon akkreditatsiyadan boshlaymiz. Aynan ularni ...