Asosiy mavzular
7 sentyabr 2020

O‘zbekiston islomiy harakatidan nima qoldi?

Garchi O‘zbekiston islomiy harakatining (O‘IH) o‘zi endi xalqaro jihodning murakkab maydonida muhim ishtirokchi bo‘la olmasa-da, uning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi haqida bashorat qilishga hali juda erta.

Mazkur maqola The Diplomat nashrida chop etilgan bo‘lib, jurnalist Agnieszka Pikulicka-Wilczewska tomonidan O‘IHning afg‘on turmasida saqlanayotgan sirdaryolik sobiq jangchisi bilan intervyu asosida yozilgan.  

Sherzod Boltaev tortinibgina eshikdan kirib, sarg‘aygan eski devorga qaragan stulga o‘tirdi. Afg‘onistonning asosiy xavfsizlik va razvedka idorasi – Milliy xavfsizlik boshqarmasiga qarashli qamoqxonadagi kichkina xonada  eskirgan stol ustiga turgan chiroq Afg‘onistonning kichkina bayrog‘ini xira oqish tusda yoritib turardi.

38 yoshdagi novcha, siyrak soqolli Boltaev xavotirli va tortinchoq ko‘rinardi. U shu qadar yumshoq va sokin ovozda gapirar ediki, hatto xonaning chuqur sukunatida ham zo‘rg‘a eshitilardi.

Qattiq tartibli hibsxonadagi boshqa ko‘plab mahbuslardan farqli o‘laroq, Boltaev o‘z xohishi bilan kurashdan voz kechishga qaror qildi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani “Islomiy davlatining Xuroson viloyati” to‘dasining taslim bo‘lgan a'zolariga rahm-shafqat va'da qilganidan so‘ng Boltaev bu ishni tark etish uchun eng to‘g‘ri vaqt ekanini his qildi. U horg‘in, och-nahor va o‘zini nima kutayotganini bilmas edi.

2019 yilning kuzi edi. Afg‘onistonda “Islomiy davlat” Pokiston chegarasi yaqinidagi Nangarhor tog‘laridagi so‘nggi tayanch punktini yo‘qotayotgandi. Uning ko‘plab a'zolari qochib ketgan yoki yashiringandi, boshqalari Afg‘oniston va Amerika qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olingan yoki o‘ldirilgandi.

Boltaev 2019 yil noyabr oyining boshida ixtiyoriy ravishda taslim bo‘ldi. Uning homilador rafiqasi va besh farzandi alohida avtobusga chiqarilib, noma'lum tomonga olib ketildi. O‘shandan beri Boltaev ularning taqdiridan bexabar.

Najibulla Abdul Rahim taxallusi bilan tanilgan Boltaev bu nomni jihodga qo‘shilgan paytida olgan bo‘lib, u yillar davomida O‘zbekiston islomiy harakati tarkibiga qo‘shilgan yuzlab o‘zbekistonliklardan biridir.

1990 yillarda O‘IHning o‘z vatanida boshlangan kurashi yillar davomida “Tolibon”, “Al-Qoida” va “Islomiy davlat” bilan ittifoqchilikka olib keldi, guruhlarga bo‘lindi, endi esa unutilish botqog‘iga g‘arq bo‘lmoqda.

Alg‘ov-dalg‘ov zamoni

Sovet Ittifoqi parchalanishni boshlagan 1990 yil edi. Farg‘ona vodiysidagi Namangan shahridan bo‘lgan bir guruh dindor yoshlar Sovet Ittifoqi tobora betartib bo‘lgan davrda adolatni tiklash maqsadida “Adolat” tashkilotini tuzishdi.

Uning rahbarlari Tohir Yo‘ldoshev ismli yosh mulla va sobiq sovet havo desantchisi Juma Namangoniy yangi masjid qurib, ko‘p o‘tmay shariat qonunlariga muvofiq ko‘chalarda nazorat qilishni boshladi. Asta-sekin ular huquqni muhofaza qilish organlari rolini o‘z zimmalariga olib, O‘zbekistonni islomiy davlatga aylantirishni talab qilishdi.

Farg‘ona vodiysida tobora kuchayib borayotgan dindorlikka nisbatan rasmiylar avvaliga sustkashlik bilan munosabatda bo‘lishdi. Faqat 1992 yilda “Adolat”ga taqiq qo‘yilib, unga qarshi kurash boshlandi. Uning bir qancha a'zolari mamlakatni tark etishdi.

Namangoniy Tojikistondagi fuqarolik urushiga qo‘shilib, u yerda yanada radikal islomiy guruhlar qatorida jang qildi. Yo‘ldoshev esa islom dunyosiga sayohat qildi.

1997 yilda Tojikistondagi fuqarolik urushi o‘z nihoyasiga yetgach, Namangoniy sulhga qarshi chiqib, tinchlik shartnomasini qabul qilgan tojik ittifoqchilaridan voz kechdi.

O‘sha paytda O‘zbekistondagi Islom Karimov hukumati Farg‘ona vodiysidagi islomiy guruhlarga qarshi tazyiq o‘tkazishi natijasida norozi dindor yoshlar xorijga chiqib ketishni boshladi.

O‘IH rasmiy ravishda 1998 yilda tashkil topib, uning asosiy diniy mafkurachilari Yo‘ldoshev va Namangoniy edi. Ular o‘sha paytda allaqachon daromadli giyohvandlik savdosi biznesida ishtirok etib, Afg‘onistondagi “Tolibon” bilan asosiy hamkor guruh sifatida yaqin aloqada bo‘lgan.

Ularning pirovard maqsadi Farg‘ona vodiysida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlarini ag‘darib, islom davlatini barpo etish edi. O‘sha paytda guruh fuqarolar urushi endigina tugagan Tojikiston va “Tolibon” hukmronligidagi Afg‘onistondagi bazalarda bir necha yildan beri tajriba orttirgandi.

1999 yil boshida Toshkentda bir qator portlashlar sodir bo‘lib, garchi bu ishda aybdorligi noaniq bo‘lsa-da, O‘IH aybdor deb topildi. Keyingi yillarda O‘IH o‘zbek-qirg‘iz-tojik chegaralarida faoliyat yuritib, to‘lov uchun odamlarni garovga oldi. O‘zbekiston va Qirg‘izistonga bostirib kirdi.

Ular giyohvandlik moddalari savdosidan pul ishlab, Afg‘onistonda joylashgan ittifoqchisi “Al-Qoida” tarafidan mablag‘ bilan ta'minlangani xabar qilingan.

AQShning Afg‘onistonga bostirib kirishi O‘IHni yangi yo‘lga boshladi. O‘shandan beri u asosiy e'tiborini koalitsiya kuchlariga qarshi kurashga qaratib, “Al-Qoida” va “Tolibon” bilan yanada yaqinlashdi.

2001 yilning noyabrida Namangoniy o‘ldirildi. Ko‘p o‘tmay, guruh Afg‘oniston chegarasiga yaqin bo‘lgan, Pokistonning qabilalar boshqaruvidagi hududlariga, xususan, Vaziristonga ko‘chib o‘tib, u yerda mahalliy qabilalar bilan aloqa o‘rnatdi va vaqti-vaqti bilan Pokiston kuchlariga to‘qnash keldi.

2004 yilda O‘IH o‘sha paytgacha islomga qarshi kurash avj olgan Toshkentga bir qator hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

2009 yilda Yo‘ldoshev dron hujumidan o‘lgach, keyingi yillarda tashkilot bo‘linib, rahbarlari o‘zgardi. U tobora xalqaro jihodga sodiq bo‘la bordi.

Uyni qidirib

Sherzod Boltaev O‘zbekistonning sharqiy qismidagi Sirdaryo viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh qishlog‘ida voyaga yetgan. Uning oilasi dinga berilmagan. Boltaevning aytishicha, Islomga uning qishlog‘ida noto‘g‘ri amal qilinadi. Odamlar o‘zlarini musulmon deb bilsa-da, lekin namoz o‘qimaydi.

Qishloqda zamonaviy dunyoning barcha gunohlari mujassam – aroq, fohishalar, sigaretalar. Boltaev 2008 yilda uni islom diniga da'vat etgan ukasiga ergashgan.

Ko‘p o‘tmay, Boltaev oila qurgach, muammolar boshlandi. O‘sha paytda O‘zbekistonda taqvodor musulmonlarga qarshi kampaniya avjida edi. Muqaddas islomga ergashgan, soqol qo‘ygan va kuniga besh vaqt namoz o‘qiydiganlar hamma joyda hozir bo‘lgan xavfsizlik xizmatlarining nishoniga aylanishdi.

Dindorlik qamoqxonaga tushishga sabab bo‘lardi, jumladan, qiynoqlarning keng qo‘llanilishi bilan tanilgan Jasliqda odamlar abadiy bo‘lmasa ham yillar davomida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin edi. Boltaevning rafiqasi hijobda erkin yurolmadi. Ukasi bir necha oyni panjara ortida o‘tkazdi.

“Sirdaryo viloyati xavfsizlik xizmati tomonidan qamoqqa olingan do‘stlarimni aroq ichishga majbur qilishib, namoz o‘qishga ruxsat berishmagan. Ularni qo‘yib yuborishganda, maxsus xizmat ularning aroq ichgan videolari borligini aytdi. O‘zbekistonda vaziyat shunaqa”, deydi Boltaev.

Ukasi qamoqdan chiqqach, ikkala oila Moskvaga ketishga qaror qilishdi. Ammo tez orada ayon bo‘ldiki, Rossiya birodarlar izlayotgan makon emas edi. Boltaev Rossiyada varaqa va gazetalar tarqatib tirikchilik qilgan bo‘lsa-da, ammo qo‘rquv saqlanib qolgandi. Axir taqvodor musulmonlar u yerda ham nishonga olingan edi. Ular yangi uy topishlari kerak edi.

“Ukam internet orqali viloyatimizdagi bir do‘sti bilan bog‘landi. Uning aytishicha, Afg‘onistonda jamoat bor, siz shariat qonunlariga ko‘ra yashashingiz mumkin, har kuni urush bo‘ladi va siz namoz o‘qishingiz mumkin. Ukam Afg‘onistonga ketdi, – deydi Boltaev. – Ukam behuda kurashib, o‘lib ketishni xohlamasligini aytdi. Ammo u yerda hech bo‘lmaganda kichik bir madrasa bo‘lib, u ovqat pishirishi, yordam berishi, idish yuvishi mumkin edi. Afg‘onistonda haqiqiy din mavjud. Shuning uchun biz hijratga qaror qildik. Ukam agar biz ketmasak, ertami-kechmi qamoqqa tushamiz, dedi”.

Jihod

2012 yilda Boltaev, uning rafiqasi va ikki yosh bolasi Rossiyani tark etishdi. Ular Ozarbayjon va Eron orqali Afg‘onistonga, u yerdan esa Pokistonning Afg‘oniston bilan chegarasidagi qabilala hududlariga borishdi.

Bu yerda ko‘plab o‘zbek jangarilari bor edi. Ular shu joyda ikki yil turdi. Boltaevning aytishicha, u o‘sha paytda Pokiston armiyasiga qarshi mahalliy islomchilar bilan jang qilgan o‘zbek mujohidlariga oziq-ovqat tarqatishda yordam bergan.

2014 yilda Pokiston shaharlarini larzaga keltirgan ko‘plab terroristik hujumlardan so‘ng hukumat qonunbuzar qabilalar hududlarida joylashgan ushbu guruhlarga so‘nggi zarbani berishga qaror qildi.

Janglar natijasida 1 million kishi uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. Minglab jangari va ularning oilalari mamlakatni tark etib, qo‘shni Afg‘onistonda boshpana topishdi. Ularning aksariyati Nangarhorga joylashib, u yerda asta-sekin “Tolibon” ko‘magida o‘z jamoalarini tiklashga kirishdi.

Afg‘oniston tahlilchi Obaid Alining aytishicha, O‘IH “Tolibon” bilan kurashga, asosan, mamlakat shimolida qo‘shilgan. Boshqalar, jumladan, Boltaev Zabulga kelib, “Tolibon”dan yer va boshpana olishgan. Ammo O‘IH va mezbonlar o‘rtasidagi munosabatlarga allaqachon darz ketgandi.

“2014 yilga kelib O‘IHning sobiq rahbari Usmon G‘oziy o‘z veb-saytida bir nechta savollarni tug‘diradigan bayonot e'lon qildi. Ulardan biri “Tolibon” rahbari mulla Umarning g‘oyib bo‘lishiga oid edi. G‘oziy mulla Umarni bir necha yil davomida hech kim ko‘rmaganligi va bu diniy me'yorlarga zid ekanligini aytdi.

“Agar siz rahbarni uzoq vaqt ko‘rmagan bo‘lsangiz, ularga javob bermaysiz, ular bilan jang qilmaysiz va qo‘llab-quvvatlamaysiz”, deydi Ali.

Bu O‘IH uchun juda ko‘p muammolarni keltirib chiqardi, chunki “Tolibon” ularga ergashmadi va O‘IHning mamlakat shimolidagi ko‘plab qo‘mondonlarini qurolsizlantirdi.

2015 yilda “Tolibon” nafaqat mulla Umarning hayot emasligini, balki u 2013 yilda vafot etganini tan olib, mulla Axtar Mansurni o‘zining yangi rahbari etib tayinladi. Bu bir qator kelishmovchiliklarni keltirib chiqarib, harakat ichida bo‘linishga olib keldi. Shundan so‘ng vaziyat yanada yomonlashdi.

Xuroson viloyatiIslomiy davlat

“Tolibon”ning Nangarhorga yangi kelganlarga ko‘rsatgan mehmondo‘stligi tez orada tugadi. 2015 yilda ushbu hududdagi ko‘plab pokistonlik jangarilar o‘tgan yilning iyun oyida Suriya va Iroqda xalifalik barpo etilganini e'lon qilgan “Islomiy davlat” rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay'at berdi.

“Xuroson viloyati – Islomiy davlat” (XVID) shu tarzda tug‘ilib, ellinizm davridagi Fors imperiyasining keng shimoli-sharqiy mintaqasi nomi bilan atalgan. Bosh qarorgohi Nangarhor viloyatida joylashgan yangi guruhga “Tolibon”ning ko‘plab norozi mahalliy qo‘mondonlari qo‘shildi.

Shinjon, Eron va Markaziy Osiyoni o‘z ichiga olgan kurashni butun mintaqaga yoyishga va'da berib, XVID Afg‘onistonda joylashgan xorijiy jangchilar va chet eldan yangi chaqirilganlar uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.

U, shuningdek, asta-sekin Nangarhor va Kunar viloyatlaridagi yangi hududlarni, shu jumladan, serdaromad konlar va Pokistonga olib boradigan muhim savdo yo‘llarini bosib olishga kirishdi.

Shu tariqa O‘IH yangi ittifoqchisini topdi. O‘tgan yillar davomida tarkibi jihatidan ancha xalqaro bo‘lib kelgan O‘IHning ko‘pgina a'zolari Suriya va Iroqdagi “Islomiy davlat” safiga kelib tushgan bo‘lsalar-da, ko‘plari Afg‘onistonga qaytib kelishdi.

Ammo hamma ham yangi ittifoqdan mamnun emas edi. O‘IH rahbari Usmon G‘oziy 2015 yil iyul oyida o‘z guruhi XVIDni qo‘llab-quvvatlashini e'lon qilgach, uning ayrim a'zolari “Tolibon” bilan qolishga qaror qildi.

Zabulda vaziyat keskinlashdi. “Tolibon”ning mahalliy qo‘mondonlari o‘zbekistonlik mehmonlar bilan muzokaralar o‘tkazishga urinishsa-da, O‘IH “Tolibon”ning yangi rahbarini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. “Tolibon”ga avvalgi ittifoqchilari bilan kurashishdan boshqa iloj qoldirmadi.

Ali ta'kidlaganidek, shafqatsiz qon to‘kilishida O‘IHning bir qator rahbarlari va qo‘mondonlari o‘ldirilgan, boshqalar qurolsizlantirilgan va hibsga olingan. Ba'zilar oilalarini olib qochib, Nangarhorda “Islomiy davlat”ga qo‘shilishga muvaffaq bo‘lishdi.

“Ularda tirik qolish uchun ikkita yo‘l bor edi: yoki Nangarhordagi XVIDga qo‘shilish, yoki “Tolibon”ning ikkinchi rahbari tayinlanishini qo‘llab-quvvatlash. Ularning ayrimlari uni qo‘llab-quvvatladi va mamlakatning ba'zi hududlarida, asosan, shimolda o‘z lavozimlarida qoldi”, deydi Ali.

Boltaev guruhi Zabul qirg‘inidan omon qolgan baxtli odamlar qatoriga kirdi. Uning bo‘linmasi qurollarini topshirib, “Islomiy davlat”ga qo‘shilmaslikka so‘z berdi. Ular hech qachon bu va'dani bajarishni niyat qilmagandi. Ko‘p o‘tmay, ular Nangarhordagi XVID qo‘rg‘oniga ko‘chib o‘tdi. “Islomiy davlat”da hayot qanday bo‘lgani haqidagi savolga Boltaev batafsil javob bermadi.

“Odamlar tahsil oldi. Ikki oy davomida tinch va osoyishta hayot kechirdik, hech narsa bo‘lmadi, keyin portlashlar boshlandi, – deydi u. – Bitta fotokopiya markazi bor edi, odamlar materiallarni chop etishlari uchun printerlar izladim. Ovqat ham pishirdim”.

Vaziyatning ayni shunday ekanini aniqlashning imkoni yo‘q.

Mag‘lubiyat

Boltaevning aytishicha, u uch yil davomida 200 nafar o‘zbekistonlik qatori “Islomiy davlat” safida bo‘lgan, garchi u qaerdaligini aniq aytmasa ham. So‘ngra 2018 yilda yana “Tolibon”ga qarshi kurash boshlandi.

“Ular bombardimon qilishni boshlagach, hamma Vaziriston tomonga qochdi. Biz u yerda 1,5 yil yashadik. Keyin “Tolibon” yana hujum boshladi. Bu bir necha oy davom etdi. Biz asta-sekin yana ketishni boshladik, – deydi Boltaev. – Oziq-ovqatsiz va bolalar bilan qiyin bo‘ldi. Ko‘plab oilalar otasiz qoldi. Har bir erkakning o‘nga yaqin xotini bor edi. Xotinim u yerda kasal holida besh farzandi bilan qoldi. Men sakkiz oy davomida qochqinlikda yurib kasal bo‘ldim. Ovqat yo‘q edi”.

O‘sha paytda Boltaev taslim bo‘lganlar amnistiyaga tushishini eshitdi. XVID Afg‘oniston va AQSh qo‘shinlari, mahalliy qo‘zg‘olonchilar va “Tolibon”ga qarshi Nangarhorda yutqazayotgandi.

Oxir-oqibat guruh a'zolarining bir qismi Pokistonga yoki Kunar viloyatiga ko‘chdi, boshqalar qochib ketdi, ba'zilari o‘ldirildi, qolganlari hibsga olindi. Xotini bilan birgalikda ular taslim bo‘lishdan boshqa iloj yo‘q, degan qarorga kelishdi. Ularning jihodlari barbod bo‘ldi. Boltaev boshqa jangarilar bilan birga afg‘on rasmiylariga o‘zlarini topshirdi.

“Agar vaqtni orqaga qaytara olganimda, – deydi Boltaev, – Afg‘onistonga umuman bormagan bo‘lar edim”.

U jang qilishni yoqtirmaydi, faqat rafiqasi va bolalari bilan yashab, islom diniga amal qilishni xohlardi. Uning aytishicha, agar yana ozodlikka chiqsa, tinch joy bo‘lgan Yevropa, Turkiya yoki Rossiyaga bormoqchi. U oxirgi marta Suriyaning Kurdistonida jang qilayotganini aytgan ukasi va oilasi bilan uchrashishni istaydi.

Bu hech qachon bo‘lmasligi mumkin. Va'daga qaramay, taslim bo‘lgan XVID jangarilari avf etilmadi. O‘IH ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

“Harakat tugadi. “Tolibon” tomonida jang qilayotgan bir necha kichik [o‘zbek] guruhlar bor, ammo ular o‘z-o‘zidan hech narsaga yaramaydi ”, dedi Boltaev.

Omon qolganlar

“Tolibon” shu yilning fevral oyida AQSh bilan deyarli 20 yillik urushni tugatish maqsadida imzolangan tinchlik shartnomasiga binoan, guruh AQShning chiqib ketishi evaziga Afg‘oniston hududida hech qanday terroristik harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka va'da berdi.

Badaxshonning chiroyli tog‘lariga sayohat “Tolibon”ning bo‘ysunishini shubha ostiga qo‘yadi.

Uyqudagi Xostak vodiysida markaziy osiyolik bir guruh jangarilar jangni davom ettirmoqda. Ularning soni noaniq bo‘lsa-da, deydi Ali, ular mahalliy “Tolibon”ga hamda 11 sentyabr xurujlaridan so‘ng AQShni afg‘on tuprog‘iga olib kelgan tashkilot – “Al-Qoida” bilan bog‘liqligi xabar qilinadi.

Uning aytishicha, guruh ko‘p yillardan beri faoliyat yuritadi. Biroq Zabul qirg‘inidan omon qolgan yana ko‘plab jangarilar bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. Ularning “Tolibon”ga qarshi juda ko‘p shikoyatlari bor.

“Tolibon”ning sobiq jangarisi, 27 yoshli Isan men bilan Badaxshon viloyatining markazi Fayzoboddagi tinch idorada uchrashdi. Bu kurashdan noroziligi sababli u uch yil oldin guruhni tark etdi. O‘shandan beri u ota-onasi bilan shaharga yaqin qishloqda yashaydi. Yaqinda uni unashtirishdi.

“Badaxshonning Jurmasidagi Xostak vodiysi chet ellik terrorchilar uchun xavfsiz joydir. Uyg‘urlar ko‘p, keyin tojiklar va o‘zbeklar. Har yili yozda harbiy hujum uyushtiriladi. Ular u yerda olti-etti yildan beri yashaydi. Har yili ularga Pokiston va boshqa joylardan kelgan yangi chet elliklar qo‘shiladi,- deya tushuntiradi u.  – Xostak aholisi chet elliklardan norozi – ulardan qo‘rqishadi. Ba'zan ulardan oziq-ovqat, mashinalar talab qiladi yoki ularga hujum qilishadi”.

Alining aytishicha, Badaxshondan tashqari ba'zi o‘zbek jangarilari hanuzgacha Tohar, Qunduz va Bag‘lon viloyatlarida faoliyat yuritmoqdalar. BMTning Analitik qo‘llab-quvvatlash va sanktsiyalarni monitoring qilish guruhining iyul oyidagi hisobotida ta'kidlanganidek, O‘IHning Afg‘onistondagi a'zolari soni, asosan, Faryob viloyatidagi oilalarni qo‘shganda yaqinda 140 kishiga yetgan.

XVID mamlakatda hanuzgacha mavjud va o‘z hududining katta qismini yo‘qotishiga qaramay, qurbonlar soni yuqori bo‘lgan hujumlarni amalga oshirishga qodir. BMT kuzatuvchilar guruhi ma'lumotlariga ko‘ra, hozir Afg‘onistonda XVIDning 2200 ga yaqin jangarisi bor. Ammo ularning qanchasi o‘zbekistonlik ekani aniq emas.

“Bir narsa aniq, – deydi Ali. – “Tolibon” yetarlicha kuchli ekan, boshqa harbiy guruhga Afg‘onistonda mustaqil harakat qilish uchun joy bo‘lmaydi. Ushbu guruhlar joylashgan hududlarning aksariyati “Tolibon” nazorati ostida. Hukumat bu joylarga kirish huquqiga ega emas.

Maqola The Diplomat nashrida chop etilgan. Eltuz tarjimasi

Tag‘in o‘qing
19 avgust 2019
Yonidan Muhammad Solih kitoblari chiqqani uchun bosimga uchrayotgan shoir Mahmud Rajab tergovi respublikada o‘tgan hafta kechgan quyidagi voqealar fonida ...
4 sentyabr 2020
Hafta aylanib yana takiyamni kiyib sizga qarab og‘iz juftladim. Televidenie bo‘yicha o‘tgan treninglarimda mentor ohang, ya'ni aql o‘rgatish tomoshabinni ...
11 oktyabr 2015
O‘zbekistonda dunyoviy, demokratik, savodli, ziyoli muxolifatning yo‘q qilinishi, kelajakda qo‘zg‘olonlar bo‘lgan taqdirda hukumat bilan dialog qilishga zarracha umid qoldirmadi. ...
30 iyun 2023
Xafta girr etib aylanib yana siz bilan muloqotdaman. Muloqot so‘zi sal bo‘rttirilgan. Chunki men gapiraman, siz eshitasiz. MS: Manam ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...