25 yoshli o‘zbek ayol osma ko‘prikdan yiqilib o‘ldi
Joriy yilning 2 oktyabrida Turkiyada o‘zbekistonlik 25 yoshli Shahnoza Yo‘ldosheva ikkita qoyani birlashtirgan simli osma ko‘prikdan (funikuler) yiqilib o‘ldi.
Turkiyaning Riza viloyati Boshko‘y qishlog‘ida choy barglari terish bilan shug‘ullangan va tergan choylarini tashiyotib 25 metr balandlikdan yiqilgan Shahnozaning ikki bolasi yetim qoldi.
Bu haqda «Eltuz»ga Shahnozani tanigan Turkiyadagi yaqinlari xabar berdi. Ammo Yo‘ldoshevaning O‘zbekistondagi yaqinlari bilan «Eltuz» bog‘lana olmadi.
Fojea qanday ro‘y berdi?
Turkiyaning choy yetishtiriladigan tog‘li Riza bo‘lgasida yo‘l yo‘qligi bois, odamlar sim arqonga osilgan va mahalliy aholi Teleferiğ deb ataydigan qo‘lbola ko‘prikdan foydalanishadi.
Ba'zan funikuler deb ham ataladigan bu qurilma simga osilgan belanchakni eslatadi. Mahalliy aholi bu osma ko‘prikdan yuk tashiydi.
Rizaning Guneysuv elchasi Boshko‘y qishlog‘ida choy terish kabi mashaqqatli mehnat bilan band bo‘lgan Shahnoza Yo‘ldosheva kun bo‘yi tergan choy barglarini qanorga solib, funiuler vagonchasiga yukladi.
O‘zi ham vagonchaga chiqdi. Osma ko‘prikdagi harakatga kelgan troslardan biri chiqib ketgani ortidan Shaxnoza 25 metr chuqurlikdagi jarga qulab, og‘ir jarohat oldi.
Qo‘shnilari bu ayolni kasalxonaga olib borishdi. Shahnoza Yo‘ldosheva shifoxonada jon berdi. Bundan oldin ham ayni qishloq turg‘unlaridan ba'zilari shu qo‘lbola osma ko‘prik belanchagidan tushib o‘lgan edi.
Shahnozalar, shahnozalar…
Turkiya ish izlab xorijga ketayotgan o‘zbekistonliklar uchun Rossiya va Qozog‘istondan keyingi yirik mehnat bozoriga aylangan.
O‘zbekiston pasporti bilan 90 kungacha vizasiz qolish mumkin bo‘lgan bu mamlakatda hozir qancha o‘zbekistonlik ishlayotgani haqida aniq ma'lumot yo‘q.
Taxminlarga ko‘ra¸ ular soni bir millionga yaqinlashgan.
Eltuz.com