Multimedia
5 fevral 2021

Imperativ-2. Sen kimsan?

(Arafadagi o‘ylar)

Bu savolni sizga emas, o‘zimga berdim uzun yillar davomida.
Bu savolga bugun javobim bor, alhamdulilloh, ammo kecha yo‘q edi.
Kechadan hikoya etmoqchiman.

«Sen kimsan?» («Men kimman?») savoli bizning kechmishimizda taqiqlangan savol edi. Chunki kimligimizni biz emas, biz yashayotgan jamiyat belgilab berardi.

Bu kimlik ostidagi insonlar kommunistik jamiyatda yashayotgan baxtiyor fard (individ)lar edi.

Bu baxtiyorlik tashqarisida hech bir kimlik yo‘q edi, bo‘la olmas edi.
Men shunday jamiyatda dunyoga keldim.

Yaratgan men qulini Yoy burjida dunyoga keltirdi. Yoy burjida dunyoga kelganlar aql bovar qilmas darajada optimist bo‘ladilar. Ularning odamlar, narsalar, voqealar haqida husnizoni – yaxshi gumoni beqiyosdir.

Yaxshi gumoni ortiqcha bo‘lgani uchun ham «yaxshi odamlardan» aldanadi, «yaxshi voqelardan» kutgani chiqmaydi, «yaxshi narsalar» esa u qadar yaxshi bo‘lmagani ma'lum bo‘ladi. Ammo Yoy bu kutmagani natijadan biroz talmovsirab turadi-da, yana o‘z xarakteridagi nekbinlik pardasi o‘rtgan yangi tahlikalar girdobiga sho‘ng‘iydi:

SIZDAN FARQLI O‘LAROQ

Sizdan farqli o‘laroq, har xil
Yo‘llarin bilaman ovunishning men.
Sizdan farqli o‘laroq, meni
Voyaga yetkazar yetishmovchilik.
Uzokda miltillayotgan shamchiroq – nafrat
Ko‘proq yoritadi yo‘limni
Mehr quyoshiga ko‘ra do‘stlarning.
Agar hech kim meni yerga urmasa,
Ko‘kka qanday sakray olardim?
Oddiy o‘simlikman, xullas:
Qancha ko‘p suv quysalar tagimga
Men shunchalik gullab-yashnayman.

(1983) «Olis tabassum soyasi», 1986.

Bu she'r mansub bo‘lganim Yoy burji umrining leytmotividir.

Bularni goroskop kitoblariga qarab emas, boshimdan kechirgan tajribalarimga suyanib, e'tirof etyapman. (Kamina goroskoplarga emas, Allohning taqdiriga imon keltirgan bir bandaman.
“Yoy burji” muqoyasalari ramziy ma'noda qo‘llanilmoqda).

Mening o‘rta maktab, maktab, armiya, universitet va keyingi butun hayotim TAXMINAN kun ko‘rgan, ammo hech IKKILANMAY yashagan odam hayotidir.

Yashaganim voqealar silsilasiga boqib, bu yoshimga qadar qanday tirik qolganimdan hayratga tushaman. Hech narsani o‘ylamay, hech narsani pisand qilmay, ham ijtimoiy, ham xususiy hayotda
birorta kompas qo‘llanmasdan, turish-turmushni tavakkul ichtuyg‘usiga topshirib, yetmish yoshga yetib kelish bir mo‘'jizadir chunki.

1991 yil prezident sayloviga kirayotganda juda ko‘p do‘stlar yaxshi niyat bilan meni bu fikrdan voz kechtirish uchun g‘ayrat ko‘rsatdilar. Shoir Erkin Vohidov shaxsan kelib, «saylovda 1% olgandan ko‘ra, «katta» bilan kelishib, hukumatga o‘rtoq bo‘lish ko‘proq perespektivali» ekanini uqtirishga urindi.

Hatto do‘st tutinganim yozuvchi Ahmad A'zam ham «saylov»ning tahlikali ekanini aytib, murosa qilish haqda do‘stona maslahatlar bergan edi.

Ammo ichimdagi «yoy» olingan qarorda ikkilanishga izn bermay, kaminani voqealar girdobiga itqitdi. Keyin 1992 yil 5 may kuni diktator I.Karimovning o‘zi chaqirib, E.Vohidov maslahat bergan
o‘sha «hukumatga o‘rtoqlik»ni taklif qildi. Men taklifni hech ikkilanmay rad etdim.

Karimov bundan g‘azablanib, menga, oilamga, tashkilotimga qarshi keng miqyosda repressiyalar boshlab yubordi. Bunga javoban 1992 yil 2 iyul kuni deputatlik mandatini diktatorning yuziga uloqtirib, o‘zimni yangi girdoblarga otdim.

Bu harakatlar tashqaridan qaragan insonlarning aksariyatiga, hatto do‘stlarimga ham mantiqsiz tuyuldi. Kamina ularga boshiga qo‘nayotgan baxt qushini otib o‘ldirgan telba ovchi bo‘lib ko‘rindim.

Ammo O‘zbekistondan bosh olib chiqib ketar ekanman va so‘ngra yillarcha uysiz, makonsiz, ertaga qaerga borishim noma'lum sarson kezar ekanman, manglayga yozilgan bu taqdirdan hech bir on pushaymonlik tuymagan bir Yoy burji mansubi edim.

Do‘stlarimga mantiqsiz ko‘ringan va ko‘rinishda davom etayotgan bu hayot meniki edi. Uni menga bergan Robbimga shukrlar bo‘lsin, men qulini bu hayotning kechish tarzidan hech pushaymon ettirmadi.

Chunki agar do‘stlarim menga yaxshi niyat bilan ravo ko‘rgan «yaxshi hayot» takliflarini qabul qilsaydim, men u «go‘zal hayot»da bir soniya ham huzurli yashayolmasdim. Chunki vijdonimga, inonchimga,
e'tiqodimga, iymonimga qarshi borgan bo‘lardim. Va u «go‘zal hayot» men uchun dahshatli bir vijdon azobiga – jahannamga aylangan bo‘lardi.

Ha, men qarshi chiqolmaganim qiymatlar – vijdon, inonch, e'tiqod, iymon men uchun aqlimning ustidagi bir aql edi. Yaratganga cheksiz shukrlar bo‘lsin, buyuk lutf ko‘rsatib, meni surgun diyoriga yo‘lladi.

Va bu 27 yillik surgunda, vatansizlik, sargardonlik, tahlika mening murabbiylarim bo‘ldi. Asl huzurni aynan shu murabbiylarim soyasida topdim.

Butun bu tahlika zanjiri bilan chirmalgan hayotimda meni oyoqda tutgan nima edi? Hech ikkilanmay aytishim mumkin: HAQLILIK TUYG‘USI edi. Agar o‘zimni HAQSIZ bilsa edim, mujodalani bir soniya ham davom ettirolmasdim.

Qaysi haqlilik tuyg‘usi? Adolat tarafida turib zulmga qarshi kurashmoq, zolim emas, mazlum yonida bo‘lmoqning bergan aqlilik tuyg‘usi. Bizni yaratgan Alloh hamisha odildir va mazlumning yonidadir. Alloh tarafida bo‘lmoq, buni his etmoq mening ma'naviy umurtqam edi.

Bu kurashda men yengdimmi yoki yengildimmi? Bu savolga ham har kim o‘z mantig‘idan kelib chiqib javob beradi. Ba'zilar bizning pozitsiyamizdagi bir shaxs uchun yengishni “vataniga qaytib
taxtga o‘tirish”, deb biladi.

Yengilish esa ular uchun “vatanga qayta olmasdan, yot ellarda o‘lib ketish”dir. Men esam hayotim mazmunini mazlumning haqlari uchun so‘nggigacha kurashda ko‘rganman. Shuning uchun ham vatanga qayta olmasligim, siyosiy hadaflarimga erisha olmaganimni yengilish deb
bilmayman. Bu xil axloqiy qarash umuminsoniydir.

Ernest Xeminguey ham «Insonni o‘ldirish mumkin, ammo yengish mumkin emas», deganida aynan shu qarashni ifodalagan edi.
Tabiiy, bunday qarash moddiyatchi zehniyatga begonadir.

1992 yili yurtimni tark etayotib, bir necha kishi yoki bir necha guruhni emas, bir mustabid boshida urgan kap-katta davlat mashinasini qarshilayotganimni bilardim. Ammo bu mashinaga qanday qarshi turajagimni bilmasdim – hech bir
reja, startegiya, mo‘ljal yo‘q edi.

Chunki yurtimni tark etish uchun hech tayyorlanmagan edim. Tark etish xayolimda ham yo‘q edi. Aksincha, ketishga isror-la undayotgan do‘stlar
mulohazasiga qaramay, atrofimni qurshab borayotgan tarang sharoitga qaramay, yurtdan ketishni so‘nggi damgacha o‘ylamadim.
Ammo so‘nggida tark etdim.

Bu radikal qarorda ham aqldan ko‘proq ichtuyg‘u, tadbirdan ko‘proq tavakkul bor edi. Toshkentdan Olmaotaga, u yerdan Bokuga uchdim. Bokuda Ozarbayjon prezidenti rahmatli Abulfayz Elchibey qabul qilib, og‘alarcha mehr bilan: «O‘lkadan chiqib to‘g‘ri qilding, qardoshim, u yerda hech narsa qilolmasding, seni o‘ldirishardi. Biz seni Turg‘ut O‘zol bilan birga dastaklaymiz, maroq etma», deganida ham bu qarorimning to‘g‘ri bo‘lganidan tom amin emasdim.

Shuur ostidagi «sen kimsan» savoliga surunkasiga javob izlar, ammo bu holning real ekaniga o‘zimni ishontirolmagan edim.

Frantsuz shoiri Artur Remboning «sarxush kemasi» bo‘lmasam ham langar tashlaydigan joyi hali noma'lum bo‘lgan, har milda bir qaroqchiga duch kelish ehtimoli bor kemaday his qilardim o‘zimni.
Ustiga ustak, u pallalar shaxsiyatimdagi kibr o‘zining eng yuksak cho‘qqisida edi.

Men izlagan kimlik tamoman uning soyasida qolgan edi. Lekin anavi savol xuddi to‘xtatilishi unutilgan plastinka kabi takrorlanishda davom etardi: «Sen kimsan?».

Meni mashg‘ul qilgan g‘oyaga avval o‘zimni ishontirishim kerak edi.
Mayli, do‘stlar ishonmasin, mayli, aqrabolar, yaqinlar, hatto xalq ishonmasin, ammo o‘zim mutlaqo ishonishim shart edi.

Alloh nazdida to‘g‘ri ekanini bilish men uchun yetarli edi, u holda bu g‘oya yo‘lida o‘limga borishim mumkin edi. Bu holda o‘zimni g‘oya uchun mujodalada HAQLI his qilardim.

1970-80 yillari o‘zimni ishontirganim g‘oya milliy istiqlol g‘oyasi edi.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
3 noyabr 2020
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etigan «O‘zing yasab ol» jurnalida cho‘chqa rasmi tasvirlangani O‘zbekistondagi qadimchi konservatorlar qatlami ...
26 aprel 2021
Prezident Shavkat Mirziyoevning kenja kuyovi Otabek Umarov O‘zbekistonga qaytdi. Bu haqda aktyor Dilshodbek Kattabekov o‘zining Instagram sahifasida ma'lum qildi. ...
29 aprel 2022
Azizlar yana sizlar bilan hamsuhbatman. Popuk qizlar yashaydigan Popdan tortib, boy biznesmenlar pulini traktor pritsepida tashiydigan Muxomongacha, Enamyaxshi qishlog‘idan ...
30 avgust 2017
1973 yilda Samarqand viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat Universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. O‘zbekiston radiosi va «Amerika ovozi» ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...