Asosiy mavzular
11 fevral 2021

Imperativ-4. Arafa ham bayramdir

Qur'oni karimda 25 payg‘ambarning ismi zikr etiladi. Hadislarda esa yer yuziga jami 124 ming payg‘ambar yuborilgani haqda bildiriladi.

Ulardan 313 tasi rasul (kitob va shariat bilan kelgan – M.S.)dir. (Ahmed b. Hanbel, el-Müsned 5/265-266; İbn Hibbân, es-Sahîh, 2/77).

Lekin hech bir payg‘ambar hayoti Muhammad alayhissalom hayoti kabi maksimum tafsilot bilan bizgacha yetib kelmagan. Yetib kelganlari ham din peshvolari tarafidan buzilgan, siyosiy yoki diniy manfaatlarga mos qilib o‘zgartirilgan.

Shuning uchun ham bu payg‘ambarlarning hayoti va faoliyati adabiyotlarda bir afsona, asotir, mifologiya kabi o‘qiladi.
Allohning so‘nggi payg‘ambarining hayot hikoyasida bunday xususiyat yo‘q.

Payg‘ambarimiz (sav)ning vahiy inayotgan ondagi chehrasi qaysi tusga kirganidan tortib, tahorat olayotganida necha misqol suv ishlatganigacha, hatto ayollari bilan yashagan mahram onlar ham ahli bayti yoki sahobalar tarafidan tafsilotli bir shaklda tasvirlangan.

Bu tasvir na afsona, na-da asotir. Bu tasvir bizning bugun yashashimiz mumkin bo‘lgan tirik turmush manzarasini ko‘z oldimizda gavdalantiradi.

Ha, payg‘ambarimizning hayoti tasviri TIRIK MA'SUMIYaT manzarasidir.

Shu qadarki, uning eng mahram hayoti tasvirini o‘qiyotgan insonning ham aqliga birorta adabsiz xayol kelmaydi.

So‘nggi yillarda juda ko‘p diniy kitob o‘qidim. Bularning ichida Qur'oni karim oyatlaridan keyin payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning so‘zi meni tarbiyaladi.

Ha, payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi va sallam)ning So‘ziga shubhasiz ishonaman, ammo bizga hadis deya taqdim etilayotgan kitoblardagi so‘zlarning hammasi ham sahih hadis emasligi ayon.

Bunday kitoblar shu qadar ko‘pki, mantiqan olganda ham 23 yil davom etgan payg‘ambarlik davrida u zot (s.a.v.) agar har kuni ertalabdan kechgacha hadis aytganida ham bugun bizga taqdim etilayotgan miqdorcha bo‘lmas edi.

Alhamdulilloh, «hadis» nomi ostida chop etilgan “rivoyat”lar ichida haqiqatda payg‘ambarimiz aytgan ikki kalimani darhol taniyman. Chunki bu ikki kalima millionlarcha so‘z ichida shunday kuchli porlab turadiki, uni tanimaslik uchun odam ko‘r bo‘lishi kerak.

Masalan, uch so‘zdan iborat «Insonlar o‘lganda uyg‘onurlar» va yoki ikki so‘zdan iborat «Tabassum sadaqadir» kabi javohirlar faqat payg‘ambar (s.a.v.) tilidan to‘kilishi mumkin.

Xullas, hotam-ul-anbiyo – Allohning so‘nggi payg‘ambari Muhammad (sallallohu alayhi va sallam)ning hayoti kimligimga so‘ng shaklni berdi. Bugun turganim nuqta Allohni va payg‘ambarini tanigan bir qul turgan nuqtadir.

Hayotga ham, o‘limga ham ayni masofada turib, har ikkisiga ham ular loyiq bo‘lgan hurmatni ko‘rsatgan holda, har ikkisining ham bir Buyuk Imtihon bosqichlari ekanini idrok etish nuqtasidir.

Bu Imtihon necha ming yillardir bitish arafasida turibdi. Azaldan beri Allohning malagi Isrofil bahaybat surni lablariga qo‘yib, Yaratgandan «Chal!» degan amrni kutmoqda. Arafadamiz, alhamdulilloh. Arafa ham bir Bayramdir.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
28 may 2018
Toshkentdagi “Malika” maishiy texnika bozori o‘tgan oyda 15 kunga yopib qo‘yilgan paytda oshkora norozilik bildirgan tadbirkorlardan do‘konlari olib qo‘yilayotgani ...
15 aprel 2019
“Eltuz” sayti Toshkentdagi manbalariga asoslanib, oldingi haftada Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Nodir Jo‘raev Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ...
16 dekabr 2020
11 dekabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining onlayn sammitida O‘zbekiston va Kubaga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomi berildi. Tadbirda YeOIIga ...
26 mart 2021
“Bilasizmi,” – deydi U sizga tikilib, – Nechun «Erk» deganda, Qushning nomin bog‘lab aytarlar, “Qushday erkinman”, deb aytarlar nega? ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...