Asosiy mavzular
16 fevral 2021

Xatirchi hokimidan norozi dehqonlar adolat istamoqda

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida o‘nlab fermer, bog‘bon va dehqonlar hokimlik tomonidan imzolangan yer bilan bog‘liq hujjatlarni noqonuniy, deya iddao qilishmoqda. 

“Tasmachi” MFYda turg‘uni Habibullo Mamadiyorovning “Eltuz”ga aytishicha, 2019 yil avgustda tuman hokimi G‘ofir Aliev “Xatirchi eksport klaster” MChJ rahbari Erkin Qahhorov va uning ukasi Shomirza Qahhorovga yerlarni noqonuniy rasmiylashtirib bergan. Natijada o‘nlab dehqonlar yeridan ajralgan. 

Eng qizig‘i, auktsionda yutib olingan yerlar – dehqonlarning 25-30 yillik tokzorlari ham Erkin Qahhorov va uning ukasi Shomirza Qahhorov nomiga o‘tib ketgan.


Shu hududda yashovchi Yorqin Xudoyqulov “Eltuz” bilan suhbatda tuman hokimi qonunlarni mensimasligi, birovga qarashli yerlarni noqonuniy ravishda boshqa boshqalarga rasmiylashtirib berayotganini bildirdi. 

– Prezident xalq bizdan rozi bo‘lsin, deb bong urayotgan vaqtda tuman hokimi yuzlab xalqni yeridan ayirdi,- dedi Habibullo Mamadiyorov. – Mayli, qonunni buzmay shu ishlarni amalga oshirganda, biz qarshilik qilmas edik. Qo‘llab-quvvatlar edik. Afsuski, bu ishlar noqonuniy sodir etilmoqda. 

Ma'lum bo‘lishicha, 2006 yil kolxozlar tugatilib, 2006 yil 9 yanvarda prezidentning meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus qarori chiqqan. 

Mazkur qarorga muvofiq, o‘sha paytda odamlar yerlarni auktsionda xarid qilgan. Bu yerlar endi hokimto‘raning “yordami”da hech qanday tendersiz “Xatirchi eksport klaster” MChJ rahbari Erkin Qahhorov tomonidan o‘zlashtirib olinayotir. 

“Tender to‘g‘risida odamlarni ogohlantirmadi. Klaster tashkil etkanmiz, deb yil boshida ishchilardan xabar olmasdan, yig‘im vaqti hosilning yarmini berasan, yer meniki, deb turib oldi. Qarshi chiqqan odamlarning hosilini majburan tortib oldi. 

Men ham qarshilik ko‘rsatdim. Axir mineral o‘g‘it olishga, parvarishlashga, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishga, suv ta'minotiga biror amaliy yordam ko‘rsatmasdan hosil talab qilishi qay darajada to‘g‘ri? 

Xatirchi uzumlarini va meva sharbatlarini chetga eksport qilishni xohlasa, bizdan uzumlarni sotib olsin, qayta ishlasin. Dehqonlarning bir burda yeriga ko‘z olaytirmasdan, yalanglikdan yer olib tokzorlar bunyod etsin. 

Bu yerlarni obod qilishning o‘zi bo‘lmagan. Suvsiz 10 gektar yerga 96 million so‘m pul sarflab maxsus suv inshootlari qurdirganmiz. To‘rt-besh xo‘jalik birlashib tokzorlarni yaratganmiz”, dedi Habibulla Mamadiyorov.


Hudud dehqonlari ushbu muammo yuzasidan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonovga, Oliy sudga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga va boshqa ko‘plab tashkilot va shaxslarga murojaat qilgan. 

Ammo ularning aksariyati “ishni tegishli tartibda Xatirchi tumani sudi ko‘rib chiqsin” mazmunidagi maslahatdan naryog‘iga o‘tmagan.


Mirishkorlar esa Xatirchi tumani sudi ham, prokuraturasi ham tuman hokimidan o‘tib hech narsa qila olmasligi, holatni xolis o‘rganmasligidan nolimoqda. 


“Eltuz” tuman hokimligidan vaziyat bo‘yicha hech qanday munosabat ololmadi. 

Bundan ikki oy oldin xatirchilik marhum fermer Muzaffar Mustafoevning yaqinlari uning o‘limida hokimning qo‘li borligi, bu maxsus uyushtirilganini iddao qilgandi. Fermer o‘limidan oldin yerlarni noqonuniy sotayotganlikda ayblab, hokimni sudga bergan edi.

Tag‘in o‘qing
15 yanvar 2019
Nemis shirkatlari Toshkentdagi Xalqaro forumlar saroyi qurilishi uchun o‘n yildan buyon o‘z ish haqlarini kutishmoqda. Germaniya matbuotiga ko‘ra, federal ...
5 fevral 2016
Rassom Elsevar bugungi hajviy rasmini, O‘zbekistonda gaz, suv, elektr va boshqa kommunal to‘lovlardan qarzlar muammosining qanday hal etilayotganiga bag‘ishladi. ...
9 aprel 2019
Toshkent shahri IIBB podpolkovnigi 38 yashar Umid Qurbonov poytaxtning Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida 6 aprel kechasi bir ayolni mashinasida ...
14 may 2018
Mirziyoevning 15-17 may kunlari AQShga safari oldidan «Amerika ovozi» muxbiri Navbahor Imomova rasman O‘zbekistonda jurnalistik faoliyat yuritishga akkreditatsiya oldi. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...