Multimedia
23 fevral 2021

Imperativ-7. Qon-qonimga singib ketgan til

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

Sizlar-chi, 1987 yilda nima bilan mashg‘ul edinglar, janob manqurtlar?

Masalan, men bilaman, sizlarning adabiyotchilaringiz u paytlarda biror-bir jurnalning biror bo‘limida muharrir maqomiga tayinlanish uchun, biror-bir nashriyotda biror kitobini nashr etish uchun, sal omadliroqlari esa biror kitobi evaziga komsomol mukofotini olish uchun g‘ayrat ko‘rsatayotgan edi.

Sizlarning «birinchi dodangiz» Islom Karimov esa u paytlarda Davlat rejalashtirish qo‘mitasida yoki Kompartiyaning Qashqadaryo viloyati qo‘mitasi birinchi kotibligi lavozimida Moskvaning poshnasini yalab yurgan edi.

Sizlar-chi, ul «doda»ning bolalari, kimga qarshi «O‘zbekiston uchun nima qilding?» deb hayqirayotgan edingiz?

Masalan, men o‘sha paytda bunday deb hayqirayotgan… yo‘q, yig‘layotgan edim.

DYeSA EDI…

(85 va 86-yillarda «paxta ishi» deya begunoh qatag‘on qilingan dehqonlar uchun yig‘i)

Mana shu ketayotgan odamlarga qarab,

Mana shu ketayotgan odamlarga men,

Men javob beraman desa edi kimdir.

Mana shu ketayotgan, tinmay ketayotgan

Odamlarga qarab, shularga men javob beraman,

Men javob beraman, desa edi kimdir.

Mayli, baqirmasin, mayli, hayqirmasin,

Mayli, jar solmasin dunyoga,

Mayli, pichirlasin,

Loaqal pichirlasa edi,

Men javob beraman shularga, deya.

(1986)

«Tun tashbehlari»

(1988)

O‘sha maqolaga hech kim javob bermasa, go‘yo «javob berish mas'uliyati» mening zimmamga tushardi. Holbuki, «xalq uchun javob berish» kabi iddao hech qachon bo‘lmagan menda. Siyosat bilan shug‘ullanish niyati ham bo‘lmagan. Irodamdan tashqari yuz bergan voqealar siyosat bilan shug‘ullanishga majbur etdi.

Shu ma'noda, ekzekutsionerlar: «O‘zbek uchun nima qildingiz?» derkan, pisandalarida haqlidirlar. 30 yildan beri bu savolni berib kelayotganlar, eshitinglar nihoyat: O‘zbek uchun hech narsa qilmadim, nima qilgan bo‘lsam, O‘ZIM uchun qildim.

Sillogizm shu: xalq O‘ZIMNING XALQIM bo‘lgani uchun yozdim. Ya'ni O‘ZIM uchun YoZDIM. XALQdan emas, YoZGANLARIMdan mas'ulman. Yozganlarim uchun tergang, ammo XALQING UChUN NIMA QILDING, deya hayqirmang.

Bir rivoyat:

Yaman hukmdori Abraxa Ka'baga borayotgan ziyoratchilarni o‘z o‘lkasiga yo‘naltirish uchun Ka'bani yiqishga qaror qiladi.

Makkaliklarning bu hukmdorga qarshi qo‘yadigan kuchlari yo‘qdi. Abraxa qo‘shini Makka xalqining mol-mulkini yag‘mo qilib, Abraxaga keltirdilar. Uning qarorgohiga Ka'badan bir hay'at keldi. Boshida Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning bobosi Abdulmuttalib bor edi. U Abraxadan yag‘molangan tuyalarini qaytib berishini talab etdi.

Abraxa kinoya bilan:

  • Ka'bani yiqma deb yolvorishga keldingiz, deb o‘ylabman. Sen mendan qandaydir 100 ta tuyangni istayapsanmi, dedi.

Shunda Abdulmuttalib:

  • Men tuyalarning egasiman, ularni istayman. Ka'baning esa o‘z egasi bor, Ka'bani U qo‘riyajak, deb javob berdi.

Abdulmuttalibga tuyalari qaytarildi. Abraxa va qo‘shinlariga esa Alloh og‘zida sirli tosh-o‘q bo‘lgan qush galasini yuborib, ularni yakson qildi.

Qissadan hissa: Har kim o‘z ishini qilsin va bu qilingan ishdangina mas'ul tutilsin. Mening tuyalarim – so‘zlarimdir, ulardan javobgarman. Ularning to‘g‘ri bo‘lishidan, adolatga, iymonga, Allohga qarshi bo‘lmasligidan mas'ulman.

Ammo xalq uchun javobgar emasman. Uning uchun biror narsa qilish majburiyatim ham yo‘q. Ammo o‘zim uchun qilayotganlarim kutilmaganda xalqimga ham foydasi tegsa, tabiiy, sevinardim.

Endi O‘ZIM UChUN nima qilganimni tushuntirib bermoqchiman.

Yuqorida bildirdim, umrimning naq yarmi she'r yozish bilan kechdi, yarmi siyosat bilan. Bu kitobda she'r bilan kechgan qismini gaplashamiz.

O‘z aravamni doim o‘zim tortdim. Na aqrobo, na do‘st-yoron, na xalqqa yuk bo‘ldim, alhamdulilloh.

O‘ZI BOR

Balkim yangi orollar ochmas,

Lekin aytadigan so‘zi bor.

Aravani quruq opqochmas,

Aravada uning o‘zi bor.

(1981)

«Olis tabassum soyasi»

(1986)

Bu she'r, istaysizmi-yo‘qmi, avtoportret edi. Bugun ham uning birorta chizgisi o‘zgarmadi. Bu avtoportret qahramoni o‘zining yashash tarzi va hayotdagi hadafini 1981 yil uchun juda ham ochiq ifoda etgan:

Men hech kimga bo‘yinsunmasman

Men hech kimga bo‘yinsunmasman,

Balki menga bo‘ysunar qismat.

Men siz ekkan joyda unmasman,

Faqat ruhga qilarman xizmat.

Men sizlarga pahm qilmasman,

Ya'ni o‘zni ayamayman hech.

«Oq-qora!» deb vahm qilmasman,

Yo‘q, sochimni bo‘yamayman hech.

Bukilmasman quvonchu g‘amdan,

So‘ramasman sizdan nafaqa,

Ya'ni men bu moddiy olamda

Alloh uchun yasharman faqat!..

(1981)

(«Olis tabassum soyasi»)

(1986)

Allohning izni ila bu mavhum satrlar yillar o‘tib aynan moddiylashdi. Rabbim men qulini O‘zidan boshqa hech kimga bo‘ysundirmadi. Qismatimni niyatimga ko‘ra «o‘zgartirdi» va meni zolimlar «ekmoqchi» bo‘lgan yerda undirmadi.

Hadaf yo‘lida avvalambor o‘zimni ayamadim, «oq»ni zinhor «qora» demadim, oqargan sochimni qoraga bo‘yamadim, nafaqa olmadim va inshaallohu taolo, boshim sajdaga kelgan kundan boshlab Yaratganning rizosi uchun yashashga harakat qildim.

Muhammad Solih

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
18 may 2017
17 may kuni ijtimoiy tarmoqda odamlarni vahimaga soluvchi video paydo bo‘ldi. Yo‘l-yo‘lakay mashina oynasidan olingan tasvirda, militsiya kiyimidagi shaxs ...
15 mart 2017
O‘n ming so‘mlik kupyura chiqishi haqidagi gaplar ortidan o‘tgan haftada AQSh dollari narxi rekord 7500 ga ko‘tarildi. Bu mavzu ...
15 may 2017
Alpomish filmida rol o‘ynab tanilgan kino va teatr aktrisasi Gavhar Sharipova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga maktub yo‘llab, o‘tgan yili ...
18 may 2021
Rassom Kirpi
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...