Asosiy mavzular
24 may 2021

Imperativ-29. Shirin til bilan ro‘zg‘or tebratganlar haqida

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” audiokitobining 29-qismi. Matnni muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

Xalq shoirlari millat haqida qayg‘urar ekan, TVlardan chiqib, Sharof Rashidov “ikkinchi ona tilimiz” deb e'lon qilgani rus tilining shaharlarda o‘zbek tilini siqib chiqarayotgani haqida emas, balki O‘zbekistonda shirin til bilan suhbatlashish kerakligi haqida va'z o‘qir edi. O‘zbek tilining naqadar shirin til ekanini butun dunyoga namoyish etaylik, deya hayqirardi bu shirinlik shaydolari:

ShIRINSUXAN KIShI

Menda yomon so‘zning o‘zi yo‘q,

Men dunyoda eng mamnun zotman.

Har bir so‘zim gulday sokin o‘q,

Gulday tabassumda ozodman.

Kun ko‘raman, boqaman ro‘zg‘or,

O‘z tilimdan tomgan bol bilan.

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Til masalasi mustaqillik e'lon qilinganidan keyin avtomatik ravishda kun tartibidan tushadi, deb o‘ylagandik, bundan amin ham edik hatto. Aksi bo‘lib chiqdi: maxsus qonun qabul etilganiga qaramay, diktator davrining gizli to‘siqlari sabab o‘zbek tili davlat tili ko‘tarilishi kerak bo‘lgan birinchi mavqega ko‘tarila olmadi…

Diktator o‘lib, o‘rniga hokimiyatga kelgan uning shogirdi davrida esa battar pastga tushib keta boshladi. Bugun mamlakatda rus tilining mavqeini yanada kuchaytirish harakati boshlanib, Moskvaga yaxshi ko‘rinishning jirkanch bir usuli topildi.

Eski she'rlarimiz bugun ham o‘ta dolzarb bo‘lishda davom etyapti, demak:

XORIJDA

O‘zga tilda beraman men o‘z salomimni,

O‘zga tilda nonushtaga qilishar taklif.

Bu shaharning ko‘chasida ko‘r misol meni

O‘zga tilning uch-to‘rt so‘zi yurar yetaklab.

O‘sha tilda ko‘rsatarlar menga yulduzni,

O‘sha tilda uyg‘oturlar meni saharda,

O‘z tilimni emas,

Uch-to‘rtta so‘zni

Unutmoqdan qo‘rqaman bu ulkan shaharda!..

Vatan bo‘lsa-mening tushim,

Vatan tushimdir

O‘z tilimda gapiraman faqat tushimda…

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Tilimizni xo‘rlab kelayotgan bu diktatorlar hokimiyatini oyoqda mustahakam tutib turgan muhim omillardan biri yana o‘sha hol – haqsizlik qarshisida mum tishlagan ziyoli qatlamining qo‘rqoqligi.

Bu qatlam o‘z jasoratsizliklarini demagogik «hikmat»lar bilan mohirona o‘rta biladi.

Bir misol. Feysbuk sahifasida bittasi rus yozuvchisi Fozil Iskandarning «hikmat»li so‘zini qo‘yibdi: «Inson axloqli bo‘lishi kerak. Bu har qanday shartda va har qanday hokimiyat davrida mumkin. Axloqlilik qahramonlik talab qilmaydi. U ablahlikka sherik bo‘lmaslikni taqozo qiladi, xolos». Yaxshi gap.

Biz diktatura (1989-2016) davrida rejimning bizga qilgan ablahliklarini kuzatib turgan, ammo ablahlikka sherik bo‘lmagan do‘stlardan «sherik bo‘lmaganlari uchun» minnatdor qoldik.

Boshqa tarafdan, ko‘chadagi itlar ham inson qilgan ablahlikka sheriklik bo‘lmaydi. Demak, ablahlikka sheriklik qilmaslikning o‘zigina yetmaydi. Inson ablahlikni to‘xtatishga harakat qilishi kerak: kuchi yetsa, qo‘li bilan, yetmasa, tili bilan, uni ham qilolmasa, ichida qarshi chiqishi kerak ablahlikka.

Bizning axloqimiz shuni taqozo etadi.

Ular shonli o‘zbek adabiyotining o‘gay farzandlaridir. Bundaylar juda ozchilikni tashkil etadi, afsus.

Bu she'r shu kichik sinf kayfiyatini belgilaydigan matn:

ShOIRNING SYeVGILISIGA YoZGAN OChIQ XATI

Munisim, paxtadan boshingni ko‘tar,

Kun botdi, keldi bosh ko‘tarmoqqa payt!

Cho‘lni quvaverib, o‘zing ham, dilbar,

Cho‘lga quvg‘in bo‘lding, yetar, uyga qayt.

Paxtani terasan… vatanga berib,

Dong qotib uxlaysan, faqat uxlaysan,

Uyqungda yotasan quchog‘ing kerib,

Qaysi saodatni bunday yo‘qlaysan?!

Bular kesak emas, emasdir xarsang,

Bular – o‘g‘illaring, aytayapman-ku.

Har biri, sen agar ko‘zingni ochsang,

Ko‘zlarin yummoqqa tayyordir mangu!..

Jonim, uxlamagin!..

Aytolmayman men

Bundan ham soddaroq, bundan ham battar,

Nahot, o‘z jigarim, tushunmasang sen,

Dushmanlar ham meni tushungan paytda?..

(1985)

Tun tashbehlari» (1988)

Bizning «antisovet» kayfiyatimizni 80-yillar boshiga kelib dushmanlar tushunib yetgan edi, ammo o‘z xalqimizga bu kayfiyatni hali ham tushuntira olmadik.

Chunki xalqimiz rus og‘asi 70 yil miyasiga suqqan «kichik xalq» kompleksi girdobidan hali ham chiqmagan:

DARD ChUQUR

Dard chuqur,

Mazmun emas.

Odam ichidagi maxluq

Allaqachon boshqa,

Allaqachon maymun emas.

Ko‘ksini o‘qlarga tutmagan

Avlod shajarasi dunyoga keldi.

Tasavvur qilingki, ularning

Birortasi maymunmas endi.

Ammo otam yelkasiga tekkan o‘q

Mening ko‘kragimda bitmoqda.

Balkim u kichikdir,

Sal kichik.

Durbinni teskari qilib qarasang,

Nainki, yara, hatto xalq kichik!

Dard chuqur.

Mazmun esa…

To‘piqqa ham chiqmaydi mazmun.

(1981)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Rusiya hukmdori O‘rta Osiyoga, uning hamisha markazi bo‘lgan O‘zbekistonga TYeRS DURBINdan qarab turardi. Rus shovinistlari uchun nufuzimiz 100 millionga yetsa ham biz «kichik xalq» bo‘lib qolaveramiz. Va bizning boshimizda bu nomga loyiq bir liliput doim topiladi. Liliput diktator, to‘g‘rirog‘i.

Ba'zan bu qullik kayfiyati radikal xayollarni tugdirardi. Siyosiy rejimga qarshi qurolli kurash xayollarini masalan:

ShUNDAY VATANING BO‘LA TURIB

Shunday vataning bo‘la turib,

Yozasan yulduzlar haqida,

Charog‘on kunduzlar haqida,

Qoshlari qunduzlar haqida.

Shunday vataning bo‘la turib,

Sen gullar haqida kuylaysan.

Onangning ham ko‘zyoshini sen

Shabnam deya o‘ylaysan.

Shunday vataning bo‘la turib,

Koinot haqida so‘ylaysan.

Toshga urish kerak bo‘lgan boshni

Gulchambar uchun shaylaysan.

Shunday vataning bo‘la turib,

Qurol yo‘q qo‘lingda*,

Shunday vataning bo‘la turib,

Qo‘rqasan o‘limdan!

(1986)

*Bu satr kitobda nashriyot tarafidan «Faqat qalam bor qo‘lingda», deb o‘zgartilgan.

«Tungi tashbehlar» (1988)

Haqiqatan ham, she'rda ifodalangani kabi dardimiz chuqur edi, ammo u mazmunsiz, monoton bir dard edi. Balki bu Shayboniy qurgan so‘nggi markazlashgan davlat yiqilgandan keyin boshlangan vayronalik dardi edi.

Dushmanga qarshi jihod ruhining o‘lishi dardi. Hech qutula olmaganimiz bir necha yuz yillik jaholat dardi edi.

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
22 mart 2024
Mana xafta aylanib siz bilan yuzma yuzman millat. MS: Nichiksizla, xo‘jik brri, mo‘chchi oybikala. Og‘o tozoliqladan so‘llang. O‘lgan qotqon ...
15 oktyabr 2021
13 oktyabrda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani fuqarolik ishlari sudida shoir Yo‘lchi Ro‘zievning da'vo arizasiga binoan ochiq sudda O‘zbekiston ...
23 fevral 2017
23 fevral kuni bir biriga tutash ko‘p qavatli binolarda yirik yong‘in yuz berdi. Yong‘in Chilonzor tumanidagi, «Mirzo Ulug‘bek» metro ...
6 iyun 2022
“Pop tumani hokimligida yolg‘onchilik, yerlarni talon-taroj qilish avj olgan. Tanish-bilishchilik kuchaygan, tadbirkor fermerlarning yer maydonlari noqonuniy tortib olingan”. Bu ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...