Asosiy mavzular
4 noyabr 2021

Ta'lim vazirligi gazeta va jurnallarga obuna kampaniyasini boshladi

O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi o‘qituvchilarni kelgusi 2022 yil uchun gazeta va jurnallarga obuna qilish kampaniyasini boshladi. «Eltuz» suhbatdoshlari bu kampaniyaning gazeta-jurnallar obunasiga majburiy to‘lovlar yig‘ish tarzida amalga oshirilayotgani bildirishmoqda.

“Eltuz”ga kelib tushgan, Namangan viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i R.Isroilov tomonidan joriy yilning 23 oktyabrida “barcha tuman va shahar xalq ta'limi bo‘limlari mudirlariga” jo‘natilgan tsirkulyar xatda Xalq ta'limi vazirligining 2021 yil 15 oktyabrdagi xatiga asosan barcha ta'lim muassasalarida soha xodimlarini matbaa nashrlariga obuna qilish lozimligi tushuntiriladi. 

Hujjatda 2022 yil obunasi uchun ta'lim sohasiga oid jami 16 ta nomdagi, jumladan, «Ma'rifat”, “Uchitel Uzbekistana”, “Zamonaviy ustoz”, “Nastavnik”, “Tong yulduzi”, “Klass”, “Murabbiy”, “Bolalar dunyosi”, “Xalq ta'limi”, “Xalq ta'limi axborotnomasi”, “Boshlang‘ich ta'lim”, “Til va adabiyot ta'limi”, “G‘uncha”, “Gulxan”, “Qaldirg‘och”, “Nastarin” kabi gazeta va jurnallar nomi keltirilgan.

“Obuna qilish jarayonida, avvalo, targ‘ibot va tashviqot ishlarini samarali tashkil etishga amaldagi qonunchilik doirasida yordam ko‘rsatish hamda mazkur ta'lim nashrlarida yoritiladigan mavzular dolzarbligini tushuntirish ishlarini olib borish tavsiya qilinadi”, deyiladi hujjatda.

Namangan shahridagi maktablaridan birining «Eltuz» bilan suhbatlashgan direktoriga ko‘ra, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish targ‘iboti har yili takrorlanadigan odatiy holdir.

“Ta'lim tizimidagi yangiliklarni bilish, saviyalarini oshirish uchun o‘qituvchilar gazeta-jurnallarga obuna bo‘lishlari kerak-ku”, dedi maktab direktori.

U ro‘yxatdagi gazeta va jurnallarga obunaning majburiy-ixtiyoriy tarzda tashkil etilishini bildirdi.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri xalq ta'limi bo‘limida ishlovchi xodima ham buni tasdiqladi. Uning «Eltuz»ga bildirishicha, vazirlikning obuna tashviqoti haqidagi rasmiy tavsiyasi tuman va shahar maktablari o‘qituvchilar uchun majburiy obuna tarzida amalga oshirilmoqda.

“Chindan ham gazeta-jurnallar obunasi uchun majburiy to‘lovlar bor. Maktab direktorlari ko‘pincha buni o‘qituvchilarning qoldirgan dars soatlari uchun oyligidan pul ushlab qolish tarzida, ba'zan esa kasaba uyushmasi orqali yoppa tartibda amalga oshirishadi. O‘qituvchilar ko‘pincha bunga rozi bo‘lishadi. Chunki bunday kampaniya viloyatda nafaqat xalq ta'limi, balki boshqa sohalar – ichki ishlar, prokuratura tomonidan ham tashkil etilyapti. Ya'ni ular ham o‘z sohalariga oid nashrlarga obuna to‘lovlari yig‘ishlari kerak”, dedi ta'lim tizimida ishlovchi xodima.

«Eltuz» yuqorida ro‘yxati keltirilgan gazeta va jurnallarning muharrirlari bilan ham bog‘lanishga va majburiy obuna borasida fikr olishga harakat qildi.

Bugungi kunda vazirligining obuna targ‘iboti qanday bormoqda? Agar rasmiy targ‘ibotsiz hech kim bu gazeta va jurnallarni o‘qishni istamasa, ularni chiqarishni to‘xtatish kerak emasmi? «Eltuz» muxbirining nashr muharrirlariga yo‘llagan shu kabi ko‘plab savollari javobsiz qoldi. 

Biroq telegram kanali orqali qisqa javob bergan «Ma'rifat” gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov bu masalada Xalq ta'limi vazirligiga murojaat qilishimiz kerakligini aytdi.

Xalq ta'limi vazirligi “Ma'rifat” gazetasi ta'sischisi hisoblanadi. Biroq gazeta bosh muharriri Husan Nishonov «Eltuz» muxbiri savoliga javoban ayni paytda hukumat “Ma'rifat”ga hech qanday imtiyoz va subsidiyalar ajratmaganini bildirdi.

“Hozir gazetaga shu mavzuda maqola tayyorlayapman. Chiqsin. Keyin bafurja gaplashsak bo‘ladi”, deya javob berdi Husan Nishonov «Eltuz» muxbiriga.

2018 yil 17 iyulda ta'lim tizimi islohotiga bag‘ishlab prezident Shavkat Mirziyoev o‘tkazgan yig‘ilishda o‘qituvchilarni obodonlashtirish, turli yig‘ilishlar, obuna kampaniyasi va o‘zlarining vakolatlari doirasida bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilishni taqiqlash zarurligi ta'kidlangan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 yanvar 2018
Rassom Dumham Eltuz.com
4 avgust 2018
Navoiy teatrining yaponlashtirilishi, aslida xiyobonlarning chopib yo‘q qilinishi, devoriy san'at asarlarini o‘chirib, ustiga fotooboy qoplash, tarixiy yodgorliklar o‘rni, shakli ...
3 iyun 2019
28 may kuni Toshkentda o‘tgan konferentsiyada prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva mahalliy ommaviy axborot vositalarining «oqsayotgani»ni aytib tanqid qildi. ...
15 dekabr 2015
Ulug‘bek Ashur Eltuz.com 14 dekabr kuni Jizzax shahrining Bobur maxallasida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida o‘qib berilgan MXX maktubi mazmunidan ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...