Asosiy mavzular
15 noyabr 2023

Radarga tushgan «Tez yordam» va ko‘chat sug‘orayotgan «hokimiyat vakillari» – EP107  

Eltuz portaliga yog‘ilayotgan shikoyatlar oqimini yoritishda davom etamiz va navbatdagi beshta maktubni o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Toshkent, Sirdaryo, Andijon viloyatlaridan kelgan. Dastlabki shikoyat Yunusobod tumanidagi Billur mahallasi atrofida to‘plangan chiqindi axlatlar yuzasidan.

«Assalomu alaykum Eltuz. Sizga murojaatim yetib boradi degan umiddaman. Chunki bu murojaat bilan hatto «Yekologiya» ga ham ariza yozgandim. Ammo natija ko‘rib turganingizdek – 0.

Ko‘rib turganingiz rasmda Yunusobod tumani, «Billur» mahallasida joylashgan 460 – maktabgacha ta'lim muassasasining oldidagi holat aks etgan. Farzandim shu bog‘chada tarbiyalanadi. Har kuni ertalab aynan shu axlatxonaning oldidan o‘taman bog‘chaga qo‘yish uchun. Burnimni yopib o‘tsam ham dimog‘imga kelayotgan xiddan o‘qchimay iloj yo‘q. Qizimni guruhidagi deraza ham aynan shu tomonda va man har kuni o‘ylayman. Bizku kunda ikki marta o‘tamiz bu joydan, ammo farzandlarimiz shu havodan nafas olishyapti. «JYeK» ga ayting deyishdi. Ular tozalashadi, ammo farosatsiz insonlar yana ahlat tashlab, daraxtlarning atrofini musorga to‘ldirishyapti.

Yaqinda Ekologiya vazirligi mumkin bo‘lmagan joylarga axlat tashlaganlarni shtrafga tortayotgani, kameralar qo‘yishayotgani haqida o‘qigandim

Va Ekologiya vazirligiga murojaat qildim. 15 ish kunida ko‘ramiz deyishdi arizangizni. Besh kundan keyin telefon qilib «Opajon biz siz aytgan joyni o‘rgandik, bizning vakolatimizga kirmaydi kamera qo‘yish. Mayli, bir marta tozalatib beramiz deyishdi.» Va tushundimki yuqorida yozganim, Ekologiya vazirligi qilayotgan ishlar g‘irt yolg‘on ekan. Kamiga menga siz bo‘ldi, arizam qoniqarli tarzda hal qilindi deb yozib, imzo qo‘yib bering va hokimiyatga telefon qiling ularning vakolatida arizayizdagi muammo» desa bo‘ladimi!» deya kuyinadi yunusobodlik Eltuz obunachisi.

Navbatdagi maktub Surxondaryo viloyatidan. Eltuz portaliga Xalq deputatlari kengashi va hokimiyat vakillari murojaat qilishmoqda. Ularni baklajkalarda va shaxsiy mashinalarida ko‘chatlarni sug‘orishga majbur qilishayotgan ekan.  

“Bizlar Xalk deputatlar kengashidan va xokimiyat vakillarimiz. Surxondaryo viloyati Termiz tumani  M-39 yo‘l yoqasida “Yashil makon” dasturi bo‘yicha ko‘chatlar ekayapmiz. Albatta, ko‘chat ekib, hudud obod qilingani yaxshi. Ammo tuman hokimiyati bizlarni majburan baklajkada suv tashitib, ko‘chatlarga quydiryapti. Sug‘orish uchun katta mablag‘ evaziga tortilgan quvurlardan negadir suv chiqmaydi. Baklajkada quyilgan suv bilan daraxt ko‘karadimi?

Bir kunda 10-15  reys shaxsiy mashina bilan suv tashiymiz, xarajat qilamiz. Bizga tuman hokimiyati mashina xarajatlarini qoplab bermaydi. Nimaga kerak bu ko‘zbo‘yamachilik? Axir, Prezidentimiz ko‘chat ekishda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida topshiriq berdi-ku. Mutasaddilar holatni nazoratga olishlarini iltimos qilamiz”.

Biz ham Xalq deputatlari va hokimiyat vakillaridan holatni nazoratga olishlarini so‘raymiz. Keyingi maktubni radarga tushgan tez yordam haydovchisi yozmoqda. U hodisa “Bemor oldiga ketayotganida sodir bo‘lgani»ni aytmoqda.

“Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani tez yordam xizmati haydovchisiman. Joriy yilning 24 oktyabr kuni chaqiruvga ko‘ra, isitmalayotgan bemor oldiga ketayotganimizda, soatiga 94 km tezlikda radarga tushibman. Shunga ko‘ra 330 ming so‘m jarima belgilanibdi. Bemor huzuriga tezroq yetib boraylikmi, yo jarima sabab sekin yuraylikmi? “Tez yordam” mashinalari o‘z nomi bilan bemorlarga tez yordam ko‘rsatishi talab etiladi. Mas'ullardan buni  inobatga olishlarini so‘raymiz. Holat yuzasidan Prezidentimizdan ko‘mak kutib qolamiz” deya yozadi tez yordam haydovchisi.

Keyingi shikoyat ham avtomobil haydovchisidan kelgan. Andijonlik obunachimiz yo‘llagan video murojaatdan ma'lum bo‘lishicha, Andijon shahrida asfalt o‘pirilishi natijasida yo‘lda chuqurcha xosil bo‘lgan, uning “Matiz” avtomobili esa shu chuqurga tushib, pachoqlangan.

Va nihoyat so‘nggi beshinchi shikoyat maktubini ochamiz. Toshkentlik tadbirkor Doston Norimonov yozmoqda. Unga tegishli oziq ovqat savdosiga mo‘ljallangan avtoulovi obodonlashtirish idorasi tomonidan olib ketilgan. U mulkiy huquqi himoya qilinishini, savdo avtoulovi qaytarilishini talab qilmoqda.

“Men – Doston Norimonov, 2023 yil 9 sentyabrdan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Shu kunga qadar 10 nafar fuqaroni ish bilan ta'minlab kelayotgan edim. Joriy yilning 10 oktyabr kuni Toshkent shahar hokimligining Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Isroilov va tizim mas'ullari faoliyatimizni noqonuniy deb da'vo qilib, ko‘chma savdo avtoulovimiz (food trak)ni sud qarorisiz va tuman komissiyasi hujjatisiz olib ketmoqchi bo‘lishdi. Biz ulardan sud qarori va boshqa hujjatlarni  so‘raganimizda, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 13 iyuldagi 1043-sonli qarori va “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasini asos qilib ko‘rsatishdi. Ushbu qonun va qarorlarda ko‘chma savdo taqiqlangani ko‘rsatilmagan. Ularda muhofaza hududida suv xo‘jaligi ob'ektlaridan tashqari har qanday qurilish taqiqlanishi belgilangan bo‘lib, biz qurilish qilmaganmiz. Buni tushuntirganimizda, Kanallardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va xodimlari bizni kaltakladi. Shu zahoti 102 ga qo‘ng‘iroq qildik.

17 oktyabr kuni Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi rahbar va xodimlari bizni xabardor etmay ko‘chma savdo avtoulovimizni olib ketishdi. Endilikda mulkimizni qaytarib berishmayapti. Bu haqda prokuratura va ichki ishlar organlariga yozma ravishda murojaat qildik. Mulkiy huquqlarimiz himoya qilinishini so‘rayman” deya yozadi Toshkentlik tadbirkor Eltuz portaliga Va bu sizga bugun o‘qib eshittirganimiz beshta maktubning so‘nggisi edi.

Ko‘rsatuvimizga kelayotgan izoxlarda ko‘pincha biz bilan qanday bog‘lanish. Qanday qilib bizga murojaat qilish mumkinligi to‘g‘risida so‘rashadi. Bilmaganlar uchun yana bir bor eslatamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.  

Tag‘in o‘qing
10 mart 2020
– O‘tiring, bratan, o‘tiring. Bilaman, hozir kayfiyatingiz osmondagi yulduzlardan ham yuqorida turibdi. Buning sababi, sizning ashaddiy dushmaningiz bo‘lgan “qassob” ...
30 sentyabr 2016
Rassom Elsevar eltuz.com nashriga jo‘natgan navbatdagi suratida masjidda ikkita e'son qutisi paydo bo‘lganini aks ettirgan Ayrim masjid imomlar, paxta ...
20 noyabr 2015
Paxta kampaniyasini yuritayotgan koalitsiya bugun Jahon bankiga maktub yuborib O‘zbekistonda majburiy mehnat to‘xtamayotgani borasida o‘z havotirini bildirdi. Hususan Jahon ...
28 fevral 2019
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) 27 fevral kuni terma jamoaning sobiq murabiyi, bir yil burun «umrbod futboldan chetlatilgan» Samvel Babayanni ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...