Asosiy mavzular
11 mart 2024

Qulayotgan simyog‘ochlar, kesilgan daraxtlar va abgor ko‘chalar – EP123

Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta maktubni o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridan kelgan. Dastlabki maktub Samarqanddan. Chirigan simyog‘ochlar qulashi Oqdaryoda ham davom etmoqda.

“Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Yangiobod mahallasidan murojaat qilyapmiz. Mahallamizdagi simyog‘ochlar 2021 yilda almashtiriladi deb ro‘yxatga kiritilgan edi. Mana, 3 yildirki, hech o‘zgarish yo‘q. 7 fevral kuni tunda Muzon qishlog‘idagi simyog‘ochlar ag‘anab, simlar uzilib ketdi. Yaxshiki, hech kim yo‘q ekan, aks holda birortasining umriga zomin bo‘lishi mumkin edi. Biror mutasaddi xodim kelib tekshirgani yo‘q. 

yo‘llarimiz ham asfalt qilinishi kerak edi, lekin odamlar kutishdan charchab o‘z yonidan beton quyib, tosh to‘kyapti. Mahalla raisi simyog‘och va yo‘l masalasida harakat qilarmikan? Mahallamiz qachon nomiga munosib bo‘ladi?” deya hasrat qiladi yangiobod mahallasi turg‘uni.

Qashqadaryoda esa ko‘p yillik tut va teraklar kesilmoqda. Bu haqda Yakkabog‘lik Eltuz obunachilari yozmoqda

 “Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidan murojaat qilyapmiz. 1088-konturdagi terak va tutzor 1996 yili Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan edi. 8 gektarlik shu bog‘ 2023 yili go‘yo bo‘sh yer sifatida noqonuniy ravishda elektron savdoga chiqib ketgan. Uni yutib olgan shaxs hozirgi kunda ko‘p yillik tut va teraklarni ayovsiz kesib tashlamoqda. Ekologiya idorasi holatga e'tibor qaratishini so‘raymiz”.

Keyingi maktub, maktablarda bolalari o‘qishi va tarbiyasi yuzasidan ogoxlantirish xati olgan ota onalardan. 

“Maktab ma'muriyati ota-onalarga jarima haqida ogohlantirish xati beryapti. Maqsad pul ishlashmi? Bu talab qonunchilikka to‘g‘ri keladimi o‘zi?” deya shubhalanmoqda murojaatiga ogohlantirish xatini ham ilova qilgan muxlis. 

Ma'lum bo‘lishicha, Ogohlantirish xati huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonunning 31 moddasi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47 moddasida ko‘rsatilgan xolatlar yuzasidan berilgan. Demak hammasi qonuniy. Ya'ni bolalar tarbiyasi va o‘qishi uchun ularning ota onalari javobgar. Agar siz bolangizga to‘g‘ri tarbiya bermagan bo‘lsangiz va sizni buning uchun 15 sutkaga qamashsa, yoki jarimaga tortishsa har xolda bu to‘g‘ri qaror bo‘ladi.

Keyingi maktub, Zangiota tumanining abgor ahvoldagi ko‘chalari haqida.

«Assalomu alaykum, Xurmatli «Eltuz» taxririyati, sizga Toshkent viloyati Zangiota tumani «Erkin» MFY da istiqomat qiluvchi fuqarolar nomidan murojaat yo‘llamoqdamiz.  

Bizning mahallada o‘tgan 2023 – yilning yoz oylarida kanalizatsiya va ichimlik suvi quvurlari yotqizilgan edi. Bu ishlar yakunlangach, qazilgan yer qaytadan ko‘milgan, lekin hanuzgacha asfalt qilinmadi!

Ta'mirlash ishlari yakuniga yetganidan keyin Kamoliddin Bexzod va Erkin ko‘chalarida faqatgina buldozer yoki traktor kabi maxsus transport vositalarida yurish mumkin bo‘lib qoldi, yengil avtomashinalarda esa bu ko‘chalardan o‘tish, mashina egasi uchun xam moddiy xam ma'naviy AZOB! 

Agar XOKIMlarimiz va ularning muovinlari ishonishmasa o‘zlarining xizmat yoki shaxsiy avtoulovlaridami kelib bir yurib ko‘rishsin!

Yilning yog‘ingarchiliksiz paytida ko‘chalarimiz, xonadonlarimiz changdan arimaydi. Ayol, qizlarimiz suv sepishdan, uylarning changini artishdan rosayam charchashdi!  

Mutasaddilarga qilingan murojaatlar aksar hollarda javob va e'tiborsiz qolmoqda, yoki «tepadan» qandaydir uchinchi darajadagi muammoni hal qila olmaydigan, lekin «nomiga» mahalliy fuqarolar bilan formal uchrashuv o‘tkazib ketadigan «vakilchalar» yuborilishi bilan cheklanib qolinmoqda. Ular ham faqat yupatadilar va hech narsa qilolmaymiz degan soxta vajlarni rukach qiladilar. Yoki nomiga «qo‘l uchida» yo‘lning kichkinagina qismiga shag‘al va tosh yotkazib, «RAXBARIYaTLARIGA» ishni do‘ndirdik deb «RAPORTOVAT» qilisharmikin?

Bu ishlarning natijasini bir yomg‘ir va qor yog‘gandan so‘ng kelib ko‘rishsin!» deya yozmoqda Zangiotadagi ko‘cha jonkuyari.

Va nihoyat so‘nggi maktub, yerto‘lasini suv bosgan, Termizdagi Islom Karimov ko‘chasida qurilgan uy egalaridan.

 “Surxondaryo viloyati Termiz shahri Bog‘ishamol mahallasi I.Karimov ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan yozyapmiz. Podvallarimizni suv bosishi sababli uyimiz ichki fasadi ko‘karib-zaxlab ketyapti. Yo‘laklarimiz cho‘kib ketgan, ayvonchalar ta'mirtalab. Gazonlar suvsizlikdan sarg‘ayib ketgan, hovlida bir dona ham gul yo‘q. Quruvchilar remont qilib beramiz degandi, ammo natija yo‘q. Uyimizning krediti bor, ta'mirga ortiqcha pulimiz yo‘q. Mutasaddilar holatni o‘rganib, yetkazilgan zararni qoplatib bersin” deya yozmoqda ayni uylarda yashovchilar.

Va bu sizning e'tiboringizga bugun havola etganimiz beshta shikoyatning so‘nggisi edi.

Ko‘rsatuvimizga kelayotgan izohlarda ko‘pincha biz bilan qanday bog‘lanish. Qanday qilib bizga murojaat qilish mumkinligi to‘g‘risida so‘rashadi. Bilmaganlar uchun yana bir bor eslatamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.  

Tag‘in o‘qing
25 iyul 2017
1 iyuldan Farg‘onada ish boshlagan Majburiy ijro byurosi (MIB) ishidan odamlar norozi bo‘la boshladi. MIB inspektorlari uyma-uy yurib aliment, ...
5 may 2020
Xalq artisti Yulduz Usmonovaning xatti-harakatlari va ichki ishlar xodimlarini haqoratlagani yuzasidan ma'muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi shug‘ullanmoqda. ...
22 sentyabr 2021
Rassom Kirpi
17 iyun 2019
Andijon shahri IIB xodimlari qiynagani haqida gapirgan 2-tug‘uruqxona sanitarkasi 10 sutkaga qamaldi. «Ozodlik» radiosining Andijon IIBdan iqtibos keltirib bildirishicha, ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...