Kesilgan daraxtlar va 40 yil asfalt ko‘rmagan yo‘llar – EP 193
Yangi O‘zbekistonning eski muommolari, Andijon va Farg‘onaning 40 yildan buyon asfalt qilinmagan yo‘llari. Asakada gaz bosimi pasaygan. Jarqo‘rg‘onda esa daraxtlar kesib tashlandi.
Salom qadrli muxlislar. Navbat Eltuz portaliga kelayotgan shikoyat maktublarini o‘qishga. Murojaatlar O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan. O‘zbekistonning ayrim hududlaridan kelgan murojaatlar aholi tomonidan yillar davomida e'tibordan chetda qolgan masalalarga jiddiy e'tibor qaratilishi kerakligini ko‘rsatmoqda. Yig‘ilgan muammolarni hal qilish o‘rniga, mas'ullar go‘yo “Yangi O‘zbekistonda” yashayotganini unutib, faqat o‘tmishdan gapirishadi, va «kelajak» haqida fol ochiishadi.
Demak bugun e'tiboringizga taqdim qilmoqchi bo‘lganimiz dastlabki maktub Andijon viloyatidan. Marhamat tumanining 40 yildan buyon asfalt qilinmagan yo‘llari mashina va piyodalar harakatini qiyinlashtirmoqda. Yo‘lga asfalt kuzda kelar. Kayfiyatim yo‘lsozda kelar:
“Andijon viloyati Marhamat tumani Rovot, Yuqori Rovot, Durafshon va Hasanmergan mahallalari aholisi nomidan murojaat yo‘llamoqdamiz. Yo‘llarimiz oxirgi marta 40 yilcha oldin asfalt qilingan edi. Mustaqillikdan keyin Marhamatning boshqa mahallalari kamida 3 martadan to‘liq ta'mirlandi. Ammo bizning mahallalar e'tibordan chetda qoldi. Tilga olingan mahallalar aynan tuman hokimi sektori hisoblanadi. O‘tgan yili noyabr oyida bizga shaxsan tuman hokimi katta va'da berib, yo‘llarni asfaltlash kuzda tugallanishini aytgan edi. Iltimos, yo‘llarimiz ta'mirlab berilsin”.
Qo‘shni Farg‘onaning Furqat tumani yo‘llarida ham ayni ahvol. Bu xolatga na MFY raisi, na yo‘lsozlar e'tibor qaratmayapti.
“Farg‘ona viloyati Furqat tumani Ardaxshon MFY, Yuksalish ko‘chacidan yozmoqdamiz. Yog‘ingarchilik bo‘lganda yo‘llarimizdan yurib bo‘lmay qoladi. Aholi, ayniqsa, farzandlarimiz bog‘cha, maktabga mana shunday ko‘chalardan qatnashga majbur. Na MFY raisi, na yo‘lsozlar qiziqadi. Joriy yilning 16 noyabr kuni tuman hokimligi sayyor qabuliga ham bordik, lekin natija yo‘q. Biz Yangi O‘zbekistonda yashayapmiz, yo‘llarimiz ravon holga keltirilmoqda. Bizning hududga ham e'tibor qaratishlarini kutyapmiz” deydi umidini yo‘qotmagan ardaxshonliklar.
Rossiya va Xitoyga gaz yetkazib berayotgan O‘zbekistonliklarning yana bir jiddiy muammosi albatta gaz muammosi. Asakalik fuqarolar hududgaz ta'minoti AJ boshqaruv raisi Xo‘jaev M. M ga, Andijon viloyati hokimligi rahbari Sh. Abdurahmonovga navbatdagi murojaatni yo‘llashdi.
«Hurmatli rahbarlar, biz Asaka tumani aholisi sizlarga bir necha bor murojaat qildik, ammo natijalar nolga teng bo‘lmoqda. Kechga borib gazimiz umuman yonmaydi. Gaz ta'minotiga oid masalani ko‘tarsak, qo‘shni mahalla gazingizni tortib olyapti, degan bahona bilan javob berilmoqda. Natijada aholida katta norozilik vujudga kelmoqda. Biz esa charchadik.
Yuqoriga murojaat qilganimizda ham hech kim e'tibor bermayapti. Yuqori bo‘z ko‘chasi, Navbahor 1, 2, 3, 4, 5, Farg‘ona ko‘chalari gazlashtirilgan deb e'lon qilingan, lekin hanuzgacha gazimiz yonmayapti. Majbur bo‘lib o‘tin va ko‘mir yoqib yashamoqdamiz.
Asaka tumani hokimligi shtabiga ham murojaat qildik, ammo natija yo‘q. Ushbu muammoni Respublika Gaz Ta'minoti rahbari darajasidagi mas'ul hal etishi kerakdek ko‘rinmoqda.
Iltimos, murojaatimizga befarq bo‘lmaysiz, deb umid qilamiz.» Deya hasrat qilmoqda asakaliklar.
Gaz va ko‘mir konlariga boy mamlakat odamlarining qishni chiqarish uchun tappi yoqishi, daraxtlarni o‘tin uchun kesishi aqlga sig‘maydigan xolat albatta. Lekin daraxtkesarlikning hokimlik darajasida qilinishini qanday tushunish mumkin? Surxondaryoning Jarqo‘rg‘onida tuman hokimi qarori bilan 100 dan ziyod mevali va manzarali daraxtlar kesib tashlangan.
«2024-yil 25-noyabr kuni, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani «Oqtepa» hududida «Zang» kanali hamda avtomagistral muhofaza zonasidagi ko‘p yillik 100 tadan ziyod mevali va manzarali daraxtlar ayovsiz kesilib, texnika yordamida tag-tomiri bilan qo‘porib tashlandi.
Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, ushbu holatga Jarqo‘rg‘on tumani hokimining chiqargan qarori sabab bo‘lgan! Bu holat Prezidentning “Yashil makon” davlat loyihasi va O‘zbekistonda 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e'lon qilinishi tamoyillariga xiyonat emasmi?” deya yuzlanadi Eltuz portali shikoyat yo‘llagan jarqo‘rg‘onlik.
Mas'ullardan ushbu intsident yuzasidan rasmiy izoh kutamiz. Navbatdagi murojaat ham Surxondaryo viloyatidan.
5 EP: Noqonuniy qurilishlar oldi olishini hoxlaymiz
Assalomu alaykum. Ko‘chalarda o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilishlar olib borayotgan fuqarolar ustidan qat'iy nazorat o‘rnatilib, qonuniy jazo choralari qo‘llanilishi, hamda bu kabi qurilishlar buzdirilishi lozim.
Yuqorida keltirilgan joy Termiz shahri Ma'rifat MFY, Sh. Rashidov 1-burilish ko‘chasidagi holatni aks ettiradi. Ushbu hududdagi barcha uylar va qurilmalar kadastr hujjatlariga ega yoki ega emasligi, shuningdek, kadastr chizmalarining haqiqiyligi to‘liq tekshirilishi kerak.
Masalan, yuqoridagi ma'lumotlarga ko‘ra, fuqaro tomonidan ko‘chada ruhsatsiz, o‘zboshimchalik bilan hammom va hojatxona qurib olgan. Bu borada kadastr agentligiga murojaat qilingan va protokol tuzilgan. Buzdirish haqida va'da berilgan bo‘lsa-da, oradan bir yil o‘tganiga qaramay, jarima ma'lumotlar bazasida mavjud emas va noqonuniy qurilishlar hali ham joyida turibdi.
Ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Kadastr agentligi, Bosh prokuratura yoki Surxondaryo viloyati Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan atroflicha o‘rganish va tegishli choralar ko‘rilishini so‘raymiz. Aks holda, Surxondaryo filialida noqonuniy ishlar davom etayotganidan dalolat beradi yoki tashkilotning vakolati yetarli emasligi ko‘rinadi.»
Va bu sizga etkazganimiz bugungi so‘nggi murojaat edi. Yuqoridagi muammolar haqida mutasaddi tashkilot raxbarlari va jamoatchilik ko‘proq o‘ylab ko‘rsa, barcha mas'ullarni uyqudan uyg‘otish, ularni o‘z vazifalarini bajarishga undash dolzarbligini anglasa yaxshi bo‘lar edi. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Eslatib o‘tamiz, ayni soniyalarda yutubdagi kanalimiz obunachilari soni 697 mingdan oshdi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz sponsorlik tugmalarini, Superchat, super stiker va super raxmat tugmachasini bosing. Sog‘ bo‘ling.