Asosiy mavzular
19 yanvar 2017

Partiya endigina xalq bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘ymoqchi

Yangi saylangan prezidentning g‘ayrat-shijoati, ya'ni ketma-ket yig‘ilishlar o‘tkazayotgani, farmonlar qabul qilayotgani gazetalarni, shular qatorida partiya nashrlarini ham ancha shoshirib qo‘yganga o‘xshaydi.

Chunki ularni kuzatar ekansiz, bunday amallarga munosabat bildirish an'anasini zo‘rg‘a eplayotganiga guvoh bo‘lasiz. Garchi bu munosabatlar mohiyatan marhum prezident davrida aytiladigan gaplarning takrori bo‘lsa-da, e'tiborni tortadigan ba'zi jihatlari ham yo‘q emas.

Prezident kitobxonlikka oid hujjatga imzo chekkandi, «Milliy tiklanish» gazetasi (18.01) bu mavzuga oid bir emas, ikkita katta maqola e'lon qildi.

Shuningdek, prezidentning Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tabrigi, «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun, yil yakunlariga bag‘ishlangan ma'ruzasi va davlat boshlig‘iga aloqador yana boshqa qator mavzularga bag‘ishlangan maqolalar bilan to‘ldi gazeta.

Esingizda bo‘lsa, avvalgi prezidentning har bir farmoni, qaroridan so‘ng islohotlarning «yangi bosqichi» boshlanaverardi. Islohotlar xuddi karamdek qavat-qavat bo‘lib ketayotgandek taassurot uyg‘otardi.

«Yetti qavat to‘ni bor» karam haqida aytilgan topishmoqning javobi nima, degan savolga O‘zbekistondagi islohotlar, deb javob bersangiz ham aslo adashmagan bo‘lasiz.
Kuni-kecha prezidentning yil yakunlariga bag‘ishlangan chiqishiga munosabat bildirgan «Milliy tiklanish» partiyasining parlamentdagi deputati bu safar ham «islohotlarning
yangi bosqichi» boshlanganini e'lon qildi.

Prezident ma'ruzasida erishilgan «yutuq va muvaffaqiyatlar»dan maqtanish o‘rniga tanqid asosiy o‘ringa chiqarilgandi. Partiyadan saylangan deputatning maqolasi esa prezidentning bu tanqidlarini tahlil qilish, yechimlarni ko‘rsatish o‘rniga uni sabotaj qilishga o‘xshab ketadi.

Zero, unda prezident tanqidlari haqida birorta so‘z yo‘q. Faqat ma'ruzaning maqtov qismi yana bir takrorlangan, xolos.

Gazetada «Milliy tiklanish» partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi 2016 yilgi faoliyati yakunlarini sarhisob qilgani ham aytiladi. Sarhisobda partiya fraktsiya o‘tgan yili amalga oshirgan ishlar haqida og‘iz ko‘pirtiriladi.

«2016 yilda O‘zMTDP fraktsiyasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 8 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi», deya ayuhannos olindi.

Holbuki, yaqindagina parlament qonunlar qabul qilishda sust ekani, partiyalar ijroiya hokimiyati taqdim etgan qonun loyihalarini qabul qilishdan boshqasiga yaramayotgani tanqid ostiga olingandi.

Shuncha gaplardan so‘ng partiya o‘z «tashkilotlarida aholi bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilishi»ni e'lon qilganiga nima deysiz?

Nima, partiya shu paytga xalq bilan doimiy muloqot qilmaganmi? Xalqning dardini eshitmaganmi? Nega endi kechagina raqib bo‘lgan boshqa partiyadan saylangan prezident aytganidan so‘ng «Milliy tiklanish»ning xalq bilan muloqotga ishtiyoqi oshdi?

Gazetada bu savollarga javob yo‘q, albatta. Agar kuzatuvchilar bu partiyalar qo‘g‘irchoq ekanini aytmagan-da, prezident saylovida «Milliy tiklanish»ning nomzodi arzimagan ovoz olganiga sabab partiyaning xalq bilan muloqot qilmaganida ekan-da, degan aldamchi xulosaga kelish ham hech gap emas.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 mart 2017
Siyosatshunos Bahodir Fayz bugungi Turkiya muammolari haqidagi fikrlarini Eltuz o‘quvchilari bilan baham ko‘radi. Youtube: https://youtu.be/QEWknveLhXY Soundcloud: https://soundcloud.com/eltuz/erdon-turkiyasi-markaziy-osiyoga-rnak-emas
25 may 2018
Markaziy osiyolik bir guruh faollar O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga tegishli, kelib chiqishi korruptsion aktivlarning mazkur ...
17 dekabr 2019
10 dekabr kuni toshkentlik 35 yoshli Amir Sharifullin ikki noma'lum shaxs tomonidan mashinada o‘g‘irlab ketilgan va qandaydir qo‘riqlanadigan joyga ...
5 iyul 2016
So‘nggi vaqtlarda prezidentning har bir chiqishiga labbay deb «otklik» yozish mahorati borasida boshqalarga dars berayotgan «Adolat» gazetasi bosh muharriri ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...