Catira
21 fevral 2017

Bank odamlarga chopar, odamlar bankdan qochar

Bugun O‘zbekistonda barcha banklar «xalq manfaati»ni o‘ylab qolgan. Ularning vakillari uyma-uy yurib, odamlarga kredit tarqatish bilan ovora.

Yangi prezidentning ur to‘qmog‘i zarbiga uchrashdan qo‘rqib qolgan banklar odamlarni tadbirkorlikka jalb qilish borasidagi ma'lumotlarni kerak bo‘lsa reklamanusxa qilib, u gazet qolib bunisiga, bunisi qolib unisiga chop ettirib yotibdi.

«Mohiyat» gazetasi (16.02) ham «Mikrokreditbank»ning «har bir oilani tadbirkor qilish»ga qaratilgan faoliyati xususida maqola e'lon qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, «Aholini tadbirkorlikka jalb qilish» dasturi doirasida mazkur bankka 428 ta aholi punktida 700 mingdan ortiq xonadon egalarini tadbirkorlikka tortish majburiyati yuklangan.

«Bugungi kunga qadar bank xodimlari 305 mingta xonadon egalari bilan suhbat o‘tkazdi. Ularning 39,5 mingtasi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirdi», deyiladi maqolada.

Lekin «kurk tovuq go‘ng sochadi, o‘z ketini o‘zi ochadi» deganlaridek, bu borada qilgan ishlarini maqtash barobarida ular aslida odamlar kredit olishga shoshilmayotganini ko‘rsatib qo‘ymoqda. Zero, tadbirkorlikni istash boshqa, ish boshlash boshqa.

Gazetada yozilishicha, kredit taklif etilgan yuz minglab odamdan bor-yo‘g‘i 5876 tasi imtiyozli kredit olibdi. Ularga 43,4 milliard so‘m ajratilibdi.

Aslida moliya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan davlatda bankka odamlarning o‘zi kredit so‘rab keladi. Buning uchun uyma-uy yurib, ularga kredit taklif etish shart emas.

Odamlar tadbirkorlik qilishi uchun, avvalo, sharoit yaratilishi kerak. Ularni nohaq ayblashga, amaldorlarning ularning noniga sherik bo‘lishiga chek qo‘yish, ishiga aralashmaslik, erkin faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yib berish lozim.

Bugungi harakatlar esa odamlarni tadbirkor bo‘lishga majburlashga o‘xshab ketadi. Bunday majburiylik esa kutilgan natijani bermasligi boshdanoq aniq!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 avgust 2016
«Toshkent oqshomi» gazetasida (23.08.2016) O‘zA muxbirining ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari bilan suhbati bosildi. Vazir o‘rinbosarining aytishicha, ichki ishlar ...
21 oktyabr 2020
Qashqadaryoning G‘uzor tumanida 21 oktyabr kuni oylik maoshlari berilmaganidan norozi GTL ENTER ENGINEERING kompaniyasi ishchilari g‘alayon ko‘tarishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ...
15 aprel 2023
Rassom Tuz: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.  Matchon Suqilish: Nichiksizlar mo‘chchi oybika ...
13 yanvar 2016
O‘zbekistonda qalbaki dorilar bozori, ayniqsa, keyingi yillarda rivojlandi, deydi Eltuz.Com bilan suhbatlashgan o‘zbekistonlik shifokor Sabohat Ahmedova. Vaziyat shunday tus ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...