Catira
18 iyul 2018

Bug‘doyini davlat tortib olgan fermer somonga umid qilmoqda

“Biz fermerlikning eng yaxshi davrlarini o‘tkazib qo‘ygan ekanmiz. Bu yilgi ahvolimiz shunday dalolat bermoqda”.

Bu qashqadaryolik bir fermerning e'tirofi. U uzoq yillardan buyon fermerlik qilishini, lekin bu yilgidek bosimga ancha vaqtdan beri duchor bo‘lmaganini aytdi.

“Hali g‘alla bo‘yicha rejani bajarmagan yilim bo‘lmadi. Shunga yarasha qolgan bug‘doyni uyimga to‘kardim, ishchilarimga tarqatardim. Bu yilgi bug‘doy esa boshga bitgan balo bo‘ldi”, deydi fermer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bug‘doy rejasi bo‘yicha shartnoma ikki marta qaytadan tuzilgan. Birinchi shartnoma bekor qilinib, o‘rniga fermerga yanada ko‘proq g‘alla topshirishi belgilangan boshqa shartnoma imzolatilgan. Bundan tashqari, bu shartnomaga qo‘yimcha ravishda yana o‘n foiz ortiqcha hosil topshirish bo‘yicha majburiyat ham yuklangan.

“Ammo hokimlik majburiyatni bajargan fermerlarga ham ortiqcha g‘allani o‘ziga olishga ruxsat bermadi. Yoki rejasini bajarmagan fermerga sotishimiz, yoki hammasini davlatga topshirishimizga majbur etdi”, deb nolidi fermer.

Qashqadaryolik fermerning aytishicha, o‘tgan yili 45-50 tonna ortiqcha bug‘doyni o‘z uyiga to‘ktirgan. Shundan ishchilariga berganidan ortganini sotib, paxta yetishtirish uchun sarflagan.

Fermerning beshta doimiy ishchisi bor. Ularga 3 tonnadan g‘alla berishi kerak. Qolaversa, mavsumiy ishchilarga ham somon va ma'lum miqdorda g‘alla bilan hisob-kitob qilishi lozim.

Lekin barcha g‘allasini davlatga topshirgani sababli ishchilarining oldida uyatli bo‘lib turibdi. Endi qanday qilib bo‘lmasin, ular bilan hisob-kitob qilish yo‘lini topishi shart.

“Bu yil pillasi ham boshqa bitgan balo bo‘ldi. Pillaning ko‘p qismi o‘lib qoldi. Tepadagilar o‘rniga pul to‘lashimni talab qilishdi. Qaysidir hisob raqamiga 6 million so‘m to‘lab keldim. Kattalar bu pullar xayriya uchun ishlatilishini aytdi”, deydi fermer.

Ammo u o‘zi kabi fermerlar topshirgan pul xayriyaga ishlatilishiga ishonmaydi. Bu pul “tuya” qilinishi haqiqatga yaqin, deydi fermer.

Uning bildirishicha, hozir fermerlarga kredit berish oldingilardan ko‘ra ancha yengillashgan. Shunga qaramay, hamma ham kredit olish ishtiyoqida yonayotgani yo‘q. Chunki xuddi oldingi davrlardagidek, fermer o‘z hisob raqamiga o‘zi to‘la egalik qila olmaydi.

“Oldin ham g‘alla o‘rayotgan paytda militsiya, hokimiyatdagilaru yana allakimlar dalaning boshida turib olardi. Lekin rejani bajargandan so‘ng bitta-ikkitasi qolardi, qolgani boshqa fermerga ketardi.

Qolganlariga 200-300 kilo g‘alla berib, hosilni tez o‘rdirib, uyga tashib olardik”, deydi fermer.

“Hozir esa ularning ham nafsi o‘pqon bo‘lib ketdi. Bir narsa berib, ortiqcha hosilni o‘zimizga olib qolaylik desak, so‘ragani osmon qadar.

Buning ustiga, hammasi bug‘doyni to‘liq o‘rib bo‘lguncha tepamizda turgani uchun o‘zimiz g‘allasiz qolimizga ko‘nib o‘tiribmiz”, deb qo‘shimcha qiladi u.

Fermerning ta'kidlashicha, bu yil somon ancha qimmat. Shuning uchun u o‘z ishchilari bilan hisob-kitob qilish uchun somonning puliga ko‘z tikib turibdi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 mart 2019
O‘tgan 2018 yilning birinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga jami 726 mln dollar pul o‘tkazilgan. Uning 200 million dollari Rossiya fuqarolari, ...
22 iyun 2020
Yevropadagi eng nufuzli gazetalardan biri, Tsyurixda chop etiladigan Neue Zürcher Zeitung o‘tgan haftada o‘zbek paxtasi, majburiy mehnat va O‘zbekiston ...
19 iyun 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi maktublarni o‘qiymiz. Bu safar ularni o‘qishda va tanlashda sun'iy intellekt mansublari bo‘lgan Uyg‘un Egamberdi va ...
30 mart 2019
Toshkent aeroporti bojxonasida kitoblari va telefoni olib qo‘yilgan o‘zbekistonlik shoir, xorazmlik 56 yoshli Mahmud Rajab 30 mart kuni unga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...