Asosiy mavzular
19 aprel 2020

19 aprel – shoir va olim Bahodir Sodiqov tug‘ilgan kun

Bahodir Sodiqov 1959 yilning 19 aprelida Xorazm viloyatining Shovot tumanida tug‘ildi.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida o‘qib yurgan kezlaridayoq o‘zbek zamonaviy she'riyati xususidagi adabiy — tanqidiy maqolalari matbuotda e'lon qilingan.

Bahodirning ilk ijod namunasi 1976 yil 7 fevralida Shovot tumani gazetasida chop etilgan edi.

Kurashga chiq, uyqudan uyg‘on!

rasm1179
Bahodir hayotining so‘nggi davrini tasavvuf ilmini o‘rganishga bag‘ishlagan

Uning she'rlaridagi “ozodlikning dengizi” ichra “qullik qoyasiga sachragan” to‘lqin misoli yorqin ruh bugun ham mustaqil fikr, o‘zgacha g‘oyalar, inson erki qatag‘on etilgan O‘zbekistonda dolzarb ohang kasb etadi.

Xurshid Davronning e'tirofiga ko‘ra, “Bahodir Sodiqov 80-yillarda o‘zbek adabiyotshunosligi maydonida paydo bo‘lgan salohiyati baland, zukko olim bo‘lgan”.

Uning ham mumtoz, ham zamonaviy adabiyot yo‘nalishida yozgan maqolalari o‘sha davrda juda katta qiziqish uyg‘otgan, adabiy jamoatchilik yosh olimning kelajagiga katta umid bilan qaragan.

Bahodir Sodiqov mumtoz adabiyotni chuqur bilishga intilgan, bu sohadagi mavjud muammolar, xususan, mumtoz adabiyot namunalarini nashr etishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar haqida hozirjavoblik bilan munosabat bildirishdan qochmaydigan, o‘z fikrini dadil himoya qila oladigan munaqqid edi.

Shoirning fojiali va sirli o‘limi

1980 yilda u 21 yoshida fojiali halok bo‘ldi. U suvga oqib ketgan. To‘g‘rirog‘i, bir bolani suvdan qutqarib, keyin o‘zi daryoga g‘arq bo‘lgan…

«Uning fojiali o‘limida o‘z jonini qurbon qilish evaziga o‘zgalar hayotini saqlab qolishdek kamdan-kam inson jur'at eta oladigan buyuk insoniy jasorat namoyon bo‘lganini aslo xotiramizdan chiqarmasligimiz kerak”, deya yozdi Xurshid Davron.

Afsuski, yosh olimning fojiali o‘limi adabiyotimizni zukko bilimdondan, bizni pokiza qalb egasi bo‘lgan insondan judo etdi.

Uning she'rlari go‘yo uning o‘limini bashorat qilganday yangraydi:

Sochilarsan sir bo‘lib,
Hayratimda hur bo‘lib.
Ucharsan-ey falakda…

Bahodir hayotlik chog‘larida so‘fiy shoirlar ijodiga doir tadqiqotlarining matbuotda yoritilishiga hukmron mafkura monelik qildi.

Vafotidan so‘ng «Insonni sevmoq kerak» kitobi yorug‘lik yuzini ko‘rdi. Tadqiqotlari «Sharq yulduzi». «Yoshlik» jurnallarida, «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» haftaligida, «Kamalak», «Shovot mavjlari» almanaxlarida bosildi.

Bahodir Sodiqov she'rlaridan

Dardlaringni daryoga,
Sirlaringni samoga,
To‘kma, sochma, sevgilim,
Sirlaringni sev, gulim.
Darding bilan dilbarsan,
Sirlar bilan suyukli.

Daryolarning dengizi,
Samolarning yulduzi.
Senga bo‘lsa, men o‘zim
Borman axir, kunduzim.

Daryolardan dilbarsan,
Samolardan suyukli.
Suydiriblar suymasang,
Kuydiriblar kuymasang,
Eng baxtiyor tuyg‘u bo‘l!

Tog‘siz, cho‘lsiz ohu bo‘l!
Kuymagandan dilbarsan,
Suymagandan suyukli.

Sochilarsan sir bo‘lib,
Hayratimda hur bo‘lib.
Ucharsan-ey falakda,
Falaklarim yurakda.
Falaklardan yurakda.
Falaklardan dilbarsan,
Yuragimdan suyukli.


Esa boshlar ishonch shamoli,
Va ko‘pirar kurash to‘lqini.
Ham ozodlik dengizi uzra,
Ko‘rinadi baxtlar yolqini.

Hali ko‘pdir qullik qoyasi,
Ozodlikning dengizi ichra.
Ey, shamollar, dovuldek esing,
Va sen, to‘lqin, qoyaga sachra!

Shamol hamda to‘lqin, birlash va
Qoyalarning qirg‘og‘in kemir,
Ey sen, dengiz, qullik orolin,
Qahr ila qa'ringga simir!

Shunda qoya o‘smog‘i uchun,
Xunta bo‘lib otilmas vulqon.
Zamondoshim ozodlik uchun,
Kurashga chiq, uyqudan uyg‘on!

1980 yil.
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 dekabr 2023
Rassom Tuz: Tarix ulug‘ murabbiy. Ustozlar yodi muqaddas. Matchon Suqulish: Tuz og‘a bugungi gunam ertang uchun tarix. Siz bugunnan ...
19 sentyabr 2021
O‘zbekistonning “Orient Group” kompaniyasi bilan bog‘liq bir yillik tergov ishi shuni ko‘rsatdiki, uning O‘zbekiston prezidenti bilan oilaviy aloqasi mavjud ...
8 iyun 2017
Andijon Hususiy avtomobillar bozorida ham narxlar keskin ko‘tarilib ketdi. GM Uzbekistan shirkati 31 may kuni mamlakat ichki bozorida avtomobillarini ...
16 mart 2020
Assalomu alaykum, hurmatli o‘quvchi!  “Vaqt mashinasi” ruknida e'tiboringizni bugun Turkiston tarixining sovetlar hokimiyati o‘rnatilgan dastlabki davriga qaratamiz. Zotan, ulug‘ ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...