Vaqt mashinasi
9 aprel 2022

9 aprel – Junaid Rossiya bilan tinchlik shartnomasini imzoladi

Junaidxonning Rossiya bilan ushbu kelishuvi Xiva xonligining Taxta qal'asida imzolangani uchun “Taxta shartnomasi” deya tarixga kirgan.

Bitim Sovet hukumati Xiva xonligi ustidan Chor davridagi hukmronligini qayta tiklash uchun “vaqtdan yutish” tadbiri sifatida qaraladi.

1919 yilning 9 aprelida Xiva xonligi manfaatlarini bolsheviklar tajovuzidan Xivaning so‘nggi xoni Said Abdullo nomi bilan himoya qilayotgan Junaidxon va Kreml vakili (TurTsIKning Xiva ishlari bo‘yicha favqulloda komissari) A.F.Xristoforov “sulh bitimi”ni imzolashadi.

Bitim yuzasidan muzokaralar Xivadan 20 km uzoqlikdagi Taxta qal'asida 7 aprelda boshlanib, ikki kun davom etadi.

Muzokarada Xiva xonligi tomonidan Junaidxon (hujjatlarda Muhammad Qurbon Sardor Xon-Junaid), Xon eshon va Sovet tajovuziga faol qurolli qarshilik olib borayotgan turkman otliq guruhlarining sardorlari va Xiva xoni Said Abdullaxonning vakili (ismi aniqlanmagan) qatnashadi.

Kreml tarafini TurTsIKning Xiva ishlari bo‘yicha favqulloda komissari A.F.Xristoforov tamsil qiladi.

Ikki kun davom etgan muzokaralar ortidan imzolangan “tinchlik kelishuvi” tomonlarga o‘q otishni to‘xtatish va ma'lum jabhalarda orqaga chekinish majburiyatini yuklaydi.

Bu kelishuv 1919 yilning 26 aprelida TurTsIK tarafidan tasdiqlanib, inobatga olingan.

Sovet Turkistonining sakkizinchi qurultoyida qilingan asosiy ma'ruzada mazkur hujjat “sovetlarning ulkan diplomatik yutug‘i” sifatida qayd qilingan.

“Taxta shartnomasi” imzolanishi tadbiridagi Kreml tamsilchilaridan yana biri N.Vostrikova bitim bilan bog‘liq tafsilotni o‘z esdaliklarida qayd etgan.

Unga ko‘ra¸ bitimdan bir kun o‘tib favqulloda komissar A.F.Xristoforov boshchiligidagi missiya Xivaga boradi va 11 aprel kuni Xivaning so‘nggi xoni Said Abdulla tarafidan qabul qilinadi.

Said Abdullaxon kelishuv imzolangani munosabati bilan sovetlarga oziq-ovqat ehson qiladi.

Vostrikovaga ko‘ra¸ Said Abdulloning bu ehsoni ochlikdan o‘lar holiga kelgan qizil askarlar uchun ayni muddao bo‘lgan.

Said Abdullo farmoni bilan Petro-Aleksandrovsk (hozirgi To‘rtko‘l) shahridagi Qizil Armiya askarlariga 6 ming pud bug‘doy va arpa beriladi.

Bu “ehson” uch kun ichida Qizil Armiyaning Amudaryo bo‘limi askarlariga yetkaziladi.

Eltuz.com muxbiri tanishib chiqqan tarixiy hujjatlarda ushbu bitim Kreml tarafidan tezda buzilgani haqida ma'lumotlar mavjud.

Bitimdan uch oy o‘tar-o‘tmas, Kreml nomidan RVS (Revolyutsionnыy voennыy sovet) 1919 yilning 12 iyulida Chorjo‘yga telegramma yuborib, Amudaryo garnizonini hujumga tayyorlashga buyruq beradi.

1920 yil 2 fevralda bolsheviklar Junaidxon lashkarini mag‘lubiyatga uchratib, xonlikni zabt etdilar.

Said Abdullaxon taxtdan tushirilib, uy qamog‘iga olindi, Junaid esa Qoraqumga chekindi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 fevral 2017
«Eng katta poraxo‘rlik tug‘uruqxonalarda. Poraxo‘rlikni hayot normasi deb qabul qila boshlashdi», dedi Shavkat Mirziyoev 7 fevral kuni o‘tkazgan majlisida. ...
18 iyun 2020
1989 yil may-iyun oylarida mahalliy o‘zbeklar bilan yuz bergan etnik to‘qnashuvlar davomida mesxeti turklari yashaydigan hududlar vayron etildi. Rasmiy ...
27 sentyabr 2017
27 sentyabr kuni Turkiyadan O‘zbekistonga qaytib kelgan o‘zbek yozuvchisi Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurilla Otaxonov) hibsga olindi. Yozuvchining rafiqasi Gulnora ...
17 dekabr 2020
Rassom Elsevar karikaturasi
Bloglar
15 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solih suhbatining davomida sevimli ayoli Oydin xonim bilan kechirgan ...
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...
20 iyul 2022
O‘zbek xalqi kimga, qaysi rejimga qaram bo‘lib kelgan ediki, endi u o‘zini ozod, erkin millat ...