Video
15 iyun 2016

Ibrohim Xalilning ramazon kulchalari

43 yashar novvoy ramazon paytida iftor uchun maxsus yumaloq kulchalar yopadi.

rasm1571
Shaharchadagi ro‘zadorlar o‘z iftor dasturxonida Ibrohim Xalilning “O‘tin ekmagi” bo‘lishini juda istashadi

Bu kulchalar odatdagidan mazali va odatdagidan arzon. Oddiy non bir lira 80 qurush bo‘lgan bu shaharchada Ibrohim Xalilning o‘tin yoqiladigan tandiridan chiqqan kulchaning narxi bor yo‘g‘i bir lira.

Shaharchadagi ro‘zadorlar o‘z iftor dasturxonida Ibrohim Xalilning “O‘tin ekmagi” bo‘lishini juda istashadi. Shu bois iftorga yaqin novvoyxona ichi “ekmaktalab”lar bilan liq to‘ladi.

Ibrohim Xalilning chiroqlari (shogirdlari) granit supa ustida zuvalani o‘qlov bilan yoyib novvoy tarafga irg‘itishadi. Samoda uchayotgan non zuvalalarini epchillik bilan ilib olgan novvoy ularni yog‘och kurakka qo‘yib tandir ichiga tiqadi.

Pishgan nonlarni ham kurak bilan chiqarib olib marmar lavh ustiga tashlaydi. Chaqqon shogirdlar issiq nonlarni oldin qog‘ozga o‘rab keyin esa to‘rvaga solib mijozlarga berishadi.

Tandirxonani liq to‘ldirgan mijozlar orasida bugungi Turkiyaning barcha qatlamlari vakillarini ko‘rish mumkin. Iste'fodagi turk harbiysi suriyalik qochqin bilan yonma-yon o‘tirib non chiqishini kutmoqda.

Ëg‘och o‘rindiqlarda kurd, gruzinlar bilan birga Iroq turkmanlari ham o‘tiribdi.

rasm1570
Novvoy oq partiya saylov avtobusiga tosh otgan kurd shogirdlarini ishdan haydab yuborganini aytadi

Suryoni, alaviy va salafiylar yonida sotsial demokratlar ham non kutmoqda. Tandir olovida yanoqlari yal–yal yongan Ibrohim Xalil ramazon kunlarida iftor dasturxoni uchun non yetkazib berish uchun shoshib qolayotganini aytadi.

“Mijozlarni hammasi iftordan besh daqiqa oldin tandirdan chiqqan issiq non istashadi. Tandir bitta – odam esa ko‘p. Men non yetkaza olmayapman. Iftor dasturxonida issiq non bo‘lsin degan talab bir ritualga aylantirilgan. Aslida bir dona xurmo, bir kosa suv yoki tuz zarrasi bilan ham iftor ochiladi”, – deydi novvoy.

Ramazonning ilk kunida Istanbulda portlash sodir bo‘lganida Ibrohim Xalil o‘z davlatiga hamdardlik timsoli o‘laroq novvoyxonasi ustiga turk bayrog‘ini osib qo‘ydi.

“Bu portlashlar iqtidordagi oq partiya olib borgan bemaza siyosat mevasi” der ekan, novvoy Turkiya prezidenti Erdo‘g‘onning asabiy ritorikalari bilan to‘lgan gazetalarni g‘ijimlab olovga tashlaydi.

“Bu gazetalar faqat tutantiriqqa yaraydi”, – deydi novvoy. Ayni paytda novvoy oq partiya saylov avtobusiga tosh otgan kurd shogirdlarini ishdan haydab yuborganini aytar ekan, toqat va sabr siyosatda muhim omil ekanligini ta'kidlaydi.

taratatam
Ibrohim Xalil siyosatdan ko‘ra futbolni, futboldan ko‘ra og‘ir navo turk qo‘shiqlarini sevadi

Aslida Ibrohim Xalil siyosatdan ko‘ra futbolni, futboldan ko‘ra og‘ir navo turk qo‘shiqlarini sevadi.

“Ichim to‘la qo‘shiq. Elliginchi yildan beri Turkiyada qanday qo‘shiq aytilgan bo‘lsa hammasini azbar bilaman” deydi novvoy. Rossiyada “Ugaday melodiyu” degan ko‘rsatuv bor. Qo‘shiqni bitta notasini eshitiboq qaysi qo‘shiq ekanligini topish o‘yini. Shunaqa o‘yin Turkiyada bo‘lsa Ibrohim Xalil birinchi o‘rinni olgan bo‘lar edi.

“Qo‘shiq odamlarni birlashtiradi futbol esa ularni taraflarga ajratadi” degan novvoy Eltuz.com mushtariylari uchun qo‘shiq hirgoyi qilib berdi.

Menimcha Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh shaharcha ahlini qo‘shiq emas, Ibrohim Xalilning ramazon kulchalari birlashtirmoqda.

Abdujamil Do‘stmuhammad
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 dekabr 2019
Qish mavsumi boshlanishi bilan mamlakat viloyatlarida elektr tarmog‘idagi uzilishlar tag‘in kuchaydi. Rassom Dumham Farg‘ona viloyati, Beshariq tumani, Telov qishlog‘i, ...
15 sentyabr 2016
8 sentyabr kuni O‘zbekiston senatorlari bir ovozdan qabul qilgan qaror, odamlarning gapida jon borligini ko‘rsatdi. Asosiy qonun, O‘zbekiston Konstitutsiyasining ...
30 sentyabr 2022
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.MS. Tuz og‘a, sizam shu tarmoqda dim ko‘p ...
23 dekabr 2023
21 dekabr kuni O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarining 32 yillik tarixida ilk bor rus elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...