Catira
4 aprel 2018

O‘pishganlarni poylagan TV jurnalistlariga dakki berildi

3 aprel kuni O‘zbekiston Adliya vazirligi «Mening yurtim» telekanalini xalqaro va mahalliy qonunchilik me'yorlarini buzganligi haqida rasmiy ogohlantirdi.

Telekanalga dakki berilishiga 1 aprel kuni efirga uzatilgan, yoshlarning istirohat bog‘larida qo‘l ushlashib yurgani, o‘pishgani qoralangan «Yashirin kamera» ko‘rsatuvi sabab bo‘ldi.

O‘zbek jurnalistlarining o‘zini tutishi mashhur «Fleyta uchun unutilgan kuy» filmi qahramonlari harakatiga mengzaydi.

Ko‘rsatuvda odamlarning shaxsiy hayotiga daxl qilingani haqida «Eltuz» nashri 2 aprel kuni xabar bergan edi.

Adliya vazirligi boshqarmasining ijtimoiy tarmoq orqali «Eltuz» nashriga yetib kelgan xatida, jumladan, ko‘rsatuvda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasi buzilgani qayd etiladi.

Ushbu norma, vazirlikka ko‘ra, respublika milliy qonunchiligiga to‘liq implementatsiya qilingan.

Shuningdek, maktubda Konstitutsiya bandlariga ko‘ra, «har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangani” ta'kidlanadi.

Telekanal rahbariyatiga “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun moddalariga asosan, «jismoniy shaxslarning roziligisiz ularning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotdan foydalanilishi»ga yo‘l qo‘yilmasligi eslatiladi.

“Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun moddalariga ko‘ra, «shaxsning huquq va erkinliklarini hurmat qilish shart”ligi uqtiriladi.

Nodavlat radiotelekanallar xartiyasi va O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi axloq kodeksidan iqtibos keltirib, vazirlik «teleradioko‘rsatuvlarni ommaga uzatishda ruxsat etilgan chegarani va kasbiy etikani e'tiborga olishi» kerakligini jurnalistlarga eslatadi.

2 aprel kuni «Eltuz» nashri chop etgan maqolada «Yashirin kamera» ko‘rsatuvi boshlovchisining yoshlarga nisbatan harakati yuzasidan ijtimoiy tarmoq yuzerlari fikrlari yoritilgandi.

Ko‘rsatuvda uning boshlovchisi 22 yashar Badriddin Husniddinov yoshlar oldiga kamera bilan qo‘qqisdan borib so‘roqqa tutadi.

Toshkentlik bloger Xurshid Yo‘ldoshev va ijtimoiy tarmoqlarning boshqa yuzerlari «Eltuz» nashriga bergan izohlarida bu holatni shaxsiy hayotga aralashish deya baholashgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 noyabr 2016
7 noyabr kuni Armaniston respublikasi Ombudsmani Arman Tatoyan O‘zbekistonlik hamkasbi Ulug‘bek Muhammadiev nomiga maktub yo‘lladi. Bu arman ombudsmani tomonida ...
18 yanvar 2019
Turk yozuvchisi Aziz Nesin va rus yozuvchisi Anton Chexovga taqlidan va bo‘lgan voqeaga asoslanib yozilgan «hikoya» Bu hikoya yana ...
4 aprel 2018
«O‘zbekkontsert» davlat muassasasida 30 mart kuni san'atkorlar ishtirokida «To‘y-hashamlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda majlisda ...
13 aprel 2016
Hukumat o‘z hisobotlarida O‘zbekistonda inflyatsiya yo‘qligini isbotlashga harchand urinmasin, real voqelik buning aksini ko‘rsatmoqda. Eltuz.com tahliliga ko‘ra, o‘tgan hafta ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...