Asosiy mavzular
22 noyabr 2018

KGB-MXX vs Rembo. Kurash davom etadi. 1-qism

SSSRning qudratli KGB idorasi jinoyatlarini fosh qilgani uchun xalq orasida» Rembo» laqabini olgan va o‘n yilga qamalgan o‘zbek militsiyasi tezkor vakili Qahramon Xo‘jaqulov ikki yildan beri o‘zini oqlashga urinmoqda…

“Eltuz” nashrining surishtiruv guruhi KGB-MXXdan aziyat chekkan sobiq militsiya mayori haqida film tayyorladi.

E'tiboringizga filmning birinchi qismini taqdim etamiz.

KGB-MXX narkobiznesini ochgan o‘zbek hamon oqlanmayapti

O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoev iqtidorga kelgach, sobiq MXX, hozirgi DXXning ko‘plab jinoyatlari haqida oshkora aytdi. Ayniqsa, “xizmat”ning narkotrafikka aloqadorligini keskin tanqid qildi. Uning bu harakatlari MXXdan jabr chekkan kishilarda katta umidlarni uyg‘otdi.

Ulardan ba'zilari o‘zlarini rasman oqlash uchun O‘zbekistonning turli idoralariga murojaat qila boshladilar. Lekin ko‘p hollarda davlat idoralari bunday murojaatlarni jiddiy o‘rganish o‘rniga, arizachilarni u idoradan bu idoraga jo‘natishni ma'qul ko‘rishmoqda. Ba'zi hollarda bunday kishilar yana ta'qibga olinmoqda.

“Eltuz”ning bugungi filmi KGB-MXXdan aziyat chekkan sobiq militsiya mayori haqida. U ikki yildan beri o‘zini oqlashga urinmoqda. Demak…

KGBni oyoqqa turg‘izgan o‘zbek militsioneri

Bundan o‘ttiz yil oldin surxondaryolik oddiy o‘zbek militsioneri SSSRning eng qudratli ikki tashkiloti – KGB va Tashqi ishlar vazirligini oyoqqa turg‘izgan. Narkotrafikka qarshi u olib borgan navbatdagi operatsiya natijalaridan SSSR tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze va KGB raisi Viktor Chebrikovning oromi rostakamiga buzilgan.

1988 yilda 28 yoshda bo‘lgan Qahramon Xo‘jaqulov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tezkor vakil bo‘lib ishlagan. O‘sha yil yozida Xo‘jaqulov o‘zining maxfiy manbalaridan muhim xabar oladi. Xabarda noma'lum shaxslar Afg‘onistonning Mozori Sharifidan O‘zbekistonning Termiziga doimiy ravishda narkotik tashishi aytilgan edi.   

Qahramon Xo‘jaqulov:

“1998 yilning yozida manbalarim qizil rangli, ya'ni diplomatik raqamdagi oq rangli GAZ-24 avtomobilida noma'lum kimsalar Termizdagi uylardan biriga har hafta 1-2 marta kelib, har kelganda avtomobil balonini tashlab, yana olib ketishini aytishdi. Menga kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, keyinchalik shu balonlarni bu uydan noma'lum kishilar olib ketib yurishgan.  Men Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatini bu haqida ogohlantirib, ma'lumotni tezkor o‘rganishga ruxsat oldim. O‘tkazgan surishtiruvlarim natijasida avtomobilning zaxira g‘ildiragi ichida narkotik moddalarni Afg‘onistondan olib kirayotgan kishilar sobiq SSSRning Mozori Sharifdagi konsulligi xodimlari Babkin, Miloshevich va Xatskevich ekanligini aniqladim. Diplomatlar qoldirgan narkotiklarni olib ketib yurgan shaxslar esa Termiz davlat pedagogika institutining bir o‘qituvchisi va yana bir tadbirkor ekanligi ma'lum bo‘ldi”.

Qahramon Xo‘jaqulov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga vaziyat haqida xabar beradi. Rahbariyat esa, o‘z navbatida, o‘sha paytdagi O‘zbekiston SSR ichki ishlar vaziri Uchqun Rahimovga murojaat qiladi. Murojaatda Surxondaryo militsiyasi narkotik savdosiga aralashgan sovet diplomatlarini qo‘lga olishga ruxsat so‘raydi.

O‘sha paytdagi O‘zbekiston ichki ishlar vaziri polkovnik Uchqun Rahimov KGBdan chiqqan edi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, chekistlardan chiqqan vazir diplomatlarni qo‘lga olish uchun avval SSSR KGBsidan, keyin Tashqi ishlar vazirligidan ruxsat olish kerakligini aytadi. Shu bahonada u operatsiyani vaqtincha to‘xtatib turadi.

Qahramon Xo‘jaqulov:

“Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Tohir Mahkamov menga Babkin, Miloshevich va Xatskevchilarni qo‘lga olish operatsiyasini biz emas, “komitetchik”larning o‘zi amalga oshirishi haqida aytdi. Diplomatlarni qo‘lga olish operatsiyasini o‘tkazish uchun SSSR tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze va KGB raisi Viktor Chebrikovning ruxsati kerakligini aytdi. Keyin menga ma'lum bo‘lishicha, SSSRning Mozori Sharifdagi konsulligida rasman diplomatik xodim bo‘lib ishlab yurgan Babkin, Miloshevich va Xatskevich aslida KGBning birinchi bosh boshqarmasi, ya'ni tashqi razvedka boshqarmasining xodimlari ekan. Hozirda bu boshqarma Rossiyada alohida tashkilotga aylantirilib, Tashqi razvedka xizmati deb aytiladi. Xullas, ichki ishlar idoralari bu operatsiyadan chetlashtirildi. Shunday bo‘lsa ham KGBning Afg‘onistondagi razvedkachilari narkotik savdosiga aralashib qolgani ichki ishlar idoralari rahbarlariga, jumladan, o‘sha paytda SSSR ichki ishlar vaziri general-polkovnik Aleksandr Vlasovga ham ma'lum bo‘lib ulgurgan edi”.

KGB josuslarining jinoyatlari oshkor bo‘lib ulgurgan edi.  Vaziyat shunchalik jiddiy tus oladiki, 1988 yil yozida SSSRning Afg‘onistondagi elchisi Nikolay Yegorichev va O‘zbekiston SSR KGBsining rahbari general-leytenant Vladimir Golovin zudlik bilan Moskvaga chaqirtirilishadi. Xullas, narkofurush chekistlarni qo‘lga olishdan boshqa chora yo‘q edi.

KGB rahbari Viktor Chebrikov Moskvadan O‘zbekistonga maxsus qo‘lga olish guruhini jo‘natadi. Moskvalik chekistlar O‘zbekiston KGBsining tezkor xodimlari bilan birgalikda Termizga borishadi. Surxondaryoga kelgach, ular ishni tezkor ma'lumotlarni o‘rganishdan emas, KGBning tinchini buzgan o‘zbek militsioneri Qahramon Xo‘jaqulovni ko‘rishdan boshlashadi.

Qahramon Xo‘jaqulov:

“Babkin, Miloshevich va Xatskevich ishidan chetlashtirilganimdan biroz vaqt o‘tgach, xonamga rus millatiga mansub bir kishi kirib kelib, men bilan salomlashdi. Menga o‘zini: “Ya polkovnik KGB Belov”, – deb tanishtirdi. “Sыnok, mы tebe zvanie Geroya Sovetskogo Soyuza ne dadim, no orden dadim”, – dedi. Keyin bilsam, shu odam Moskvadan kelgan KGB guruhining rahbari ekan… Keyinchalik meni KGBning Toshkentdagi idorasiga chaqirtirishdi. U yerda tergov boshqarmasi xodimi, polkovnik Sergey Medvedev menga savollar bera boshladi”.

Lubyanka vakillari narkofurush hamkasblarini Hayraton ko‘prigidan o‘taverishdagi chegara postida qo‘lga olishadi. Babkin, Miloshevich va Xatskevich bu safar ham chegarani o‘sha oq rangli GAZ-24 avtomobilida kesib o‘tishayotgan edi.

Diplomatik avtomobilning zaxira g‘ildiragidan 20 kilogramm qoradori chiqadi. Mashinadan ko‘p miqdorda xorijiy valyuta, qimmatbaho antikvar buyumlar ham topiladi. 

“Eltuz” surishtiruv guruhiga ma'lum bo‘lishicha, Termizda qo‘lga olingan uch diplomat shu kunning o‘zidayoq Toshkentga, O‘zbekiston SSR KGBsining Tergov boshqarmasiga va tergov izolyatoriga olib kelingan.

Biroq uch kundan so‘ng Babkin, Miloshevich va Xatskevich noma'lum sabablarga ko‘ra qo‘yib yuborilgan. Narkofurush uch chekist lubyankalik hamkabslari bilan birga Toshkentdan Moskvaga uchib ketishgan. Moskvaga yetib kelgach, Babkin, Miloshevich va Xatskevich jazolanish o‘rniga, KGBning quyi tabaqa idoralariga ishga o‘tkazilgan.

Ularni fosh qilgan surxondaryolik militsiya mayori Qahramon Xo‘jaqulov esa rag‘batlantirilish o‘rniga viloyat markazi Termizdan uzoqlashtirilgadi. U Jarqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘linmasiga boshliq etib tayinlangan. Ya'ni militsionerlar tilida aytganda “xizmat surguniga” yuboriladi.

Lekin Xo‘jaqulov yangi ish joyida ham jinoyatchilikka qarshi astoydil kurasha boshlagan. Jumladan, anchadan beri ochilmay yotgan qator jinoyatlarni fosh qilgan.

Masalan, o‘sha paytda Surxondaryoda ikkinchi rahbar Qo‘chqor Ahmedovning ukasi Eshshi Qo‘chqorovni o‘ldirgan qotillarni topgan. Bu jinoyat o‘sha paytdagi prokuror Hayitmurod To‘laganovga yaqin kishilarning qo‘li borligi tufayli ochilmay yotgan edi.

Qahramon Xo‘jaqulov o‘zining faolligi bilan yana mahalliy prokuror va chekistlarning jig‘iga tega boshlaydi.

Endi uni Termizdan yanada olisroq joyga – Denov tumaniga o‘tkazishadi. Buerda ham u yillar davomida ochilmay yotgan jinoyatlarni ochishga erishadi. Shundan so‘ng mahalliy aholi uni “Rembo” deb atab boshlaydi. Lekin “Rembo”ning bu harakatlari xalqqa yoqqani bilan alamzada chekistlarga yoqmaydi. Va mahalliy KGB Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi tuhmat uyushtirish uchun maxsus operatsiya ishlab chiqadi. 

Bu maxsus amaliyot haqida surishtiruvimizning keyingi qismida hikoya qilamiz.

Eltuz.com ning maxsus jurnalistik surishtiruv guruhi tomonidan tayyorlandi .

Tag‘in o‘qing
14 aprel 2016
O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati buyurtmasiga ko‘ra tayyorlangan “GTA yohud o‘yinga aylangan xayot” xujjatli filmi Oliy o‘quv yurtlari, maktab va ...
3 mart 2017
Surxondaryoda kunduzi bolalar jismoniy jazolanadigan, tunda esa fohishaxonaga aylanadigan to‘rtta bog‘chadagi vaziyat aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqni larzaga soldi. ...
25 oktyabr 2023
MTRK boshlovchisi Dilshoda Matchonovaning O‘zbekiston konstitutsiyasida qoralangan irqchilik, qirg‘inni qo‘llab-quvvatlab 70 millon kishini o‘choqda yoqqan Gitlerga oshiq bo‘lgani jurnalistika ...
1 may 2015
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning Suriyada halok bo‘lgan norasida bola taqdiri ta'sirida yaratilgan “Aytib beraman” qo‘shig‘i plagiatorlik mojarosiga sabab ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...