Video
6 dekabr 2018

KGB-MXX vs Rembo. Kurash davom etadi. 4-qism

Filmning bu qismida “Rembo”ning hibsga olinishi haqida hikoya qilinadi.

“Kontora” Remboga qarshi tuhmat uyushtirish maqsadida maxsus guruh tuzadi.

MXX zobiti Nikolay Karika rahbarlik qilgan ushbu guruh Qahramon Xo‘jaqulovga navbatdagi operatsiyasini o‘tkazishga to‘sqinlik qiladi.

Remboning hibsga olinishi

Bu paytda Qahramon Xo‘jaqulov 60 kilogrammlik yangi partiya narkotikni qo‘la olish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlagan edi.

Shu maqsadda u Termizdagi harbiy qismdan bir nechta Kalashnikov avtomati, Stechkin pistoletlari va bir dona PBS pistoleti oladi. Qurollar Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Alisher Sharipovning rasmiy ruxsati bilan olinadi.

1994 yil 6 may kuni Qahramon Xo‘jaqulov endi operatsiyaga chiqay deb turganida, uni Surxondaryo viloyatining o‘sha paytdagi prokurori Mels Naimov o‘z kabinetiga chaqirib qoladi.

Qahramon Xo‘jaqulov viloyat prokurorining xonasiga kirganida u yerda Mels Naimov va uning o‘rinbosari Ramazon Po‘latov bor edi.

Qahramon Xo‘jaqulov: “Kabinetga kirib kelishim bilanoq, viloyat prokurori Mels Naimov menga: “Surxondaryoda qaysi rahbarlarga kompromating bor? MXX xodimlarining qaysi biriga kompromating bor? O‘sha xujjatlarni menga bersang, kelishamiz!” – dedi. Men javob berishga ulgurmadim ham. Chunki kabinetga viloyat MXX boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik To‘lqin Zulfiqorov, MXX kapitani Bobrishchev va yuziga qora niqob taqqan qurolli 10 kishi kirib keldi. Yuziga niqob kiyib olganlarning biri yonimga kelib: “Sen qamoqqa olinding!” – dedi. Niqoblilardan yana ikki nafari yonimga kelib avtomaning qo‘ndog‘i bilan boshimning orqa qismiga qattiq zarba berishdi. Men yerga quladim. Shu payt xayolimga yonimdagi avtomatik pistoletdan ularning hammasini otib tashlash fikri keldi. Lekin unday qilmadim. Chunki aybim yo‘qligiga va har qanday ayblovning asossizligini isbotlay olishimga ishonchim komil edi. Agar nohaq qamalishimni bilganimda, o‘sha paytda bu formadagi narkobaronlarni joyida otib tashlar edim. Hozir alam qilmas edi”.

MXX atalmish narkomafiyaga qarshi kurashayotgan militsiya mayori kimsan viloyat prokurorining, ya'ni qonun qo‘riqchisining kabinetida va ko‘z o‘ngida kaltaklanadi. Mels Naimov va uning birinchi o‘rinbosari Ramazon Po‘latov vahshiylik sahnalarini kulib tomosha qilib turishadi.

Qahramon Xo‘jaqulov prokurorning xonasidan to‘g‘ri viloyat MXXsining yerto‘lasiga olib ketiladi. Zax va qorong‘u yerto‘lada uni besh kun saqlashadi. Shu besh kun ichida MXX xodimlari “Rembo”ni har kuni qiynoqqa solishadi. Tergovda qo‘yiladigan barcha ayblarga iqror bo‘lishni talab qilishadi.

Qahramon Xo‘jaqulovga kuchliroq ta'sir qilish, uni tuhmatga tezroq iqror qildirish va umuman uni ruhan sindirish uchun Surxondaryo viloyati MXX va prokuratura xodimlari boshqa noqonuniy ishlarni ham amalga oshirishadi.

1994 yil 6 may kuni, ya'ni Qahramon Xo‘jaqulov noqonuniy tarzda hibsga olingan kun uning jiyani, transport militsiyasi xodimi, 21 yashar Aziz Xo‘jaqulov ham hibsga olinadi.

Amaki-jiyanni batamom sindirish maqsadida prokuratura tergovchilari Qahramon va Aziz Xo‘jaqulovlarga uyidan keltirilgan kiyim-kechak va oziq-ovqatlarni berishni taqiqlaydi. Qarindoshlari bilan uchrashishga ham ruxsat berishmaydi.

Siz ko‘rib turgan mana bu maktubda Surxondaryo viloyati prokuraturasining tergovchisi Davlatov Termiz shahri ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Bekanazarovga murojaat qilmoqda. Prokuror hibsda saqlanayotgan amaki-jiyan Xo‘jaqulovlarga uyidan kelgan narsalarni bermaslikni talab qilmoqda.

Keyinchalik Qahramon Xo‘jaqulov Termizdagi tergov izolyatoriga o‘tkaziladi. U yerda militsiya mayori o‘sha paytdagi oliy jazo – o‘limga hukm qilingan mahkumlar o‘tirgan kamerada saqlanadi. Bu mahbus va mahkumlarni saqlash qonunlarini qo‘pol ravishda buzish edi.

Qahramon Xo‘jaqulov Termiz izolyatorida saqlanar ekan, MXXning Aleksey, Sergey va Bahrom ismli tezkor xodimlari tomonidan muntazam qiynoqlarga solinadi.

Bu yerda u 27 maygacha o‘tiradi. Shu kuni Qahramon Xo‘jaqulov MXXning Toshkentdagi hibsxonasiga uchoqda olib kelinadi. Bu yerda qiynoqlar yanada vahshiy tus oladi.

Qahramon Xo‘jaqulov fuqarolar Ahmad Xudoyberdiev, Omongeldi Xudoyberdiev, aka-uka Qobul va Olloyor Sarievlardan pora olganiga iqror bo‘lishi kerak edi. Bundan tashqari, MXX tergovchilari undan uyida narkotik saqlaganiga va yonida noqonuniy qurol olib yurganiga iqror bo‘lishni ham talab qilishadi. Lekin militsiya mayori dahshatli qiynoqlarga solinsa ham tuhmat “iqrornoma”ga imzo chekmaydi.

Bir yarim oy davom etgan qiynoqlardan keyin MXX rahbariyati Qahramon Xo‘jaqulovni yana Termiz hibsxonasiga qaytaradi. Endi “Rembo”ni bir kishilik kamerada saqlashadi. Kameraning qalin temir eshigiga qo‘shimcha temir halqalarni payvandlab, yana ikki qulf osishadi.

Qahramon Xo‘jaqulov: “Meni bu kameraga olib kirishganidan keyin kameraning eshigiga qo‘shimcha temir halqalarni payvandlashdi. Eshikka qo‘shimcha yana ikki katta qulf ilib, yopadigan bo‘lishdi. Ularning qiynoqlari to‘xtamas edi. Qanchalik zabardast, kuchli va irodali bo‘lsam ham chiday olmasdan o‘z jonimga qasd qildim, qon tomirlarimni kesdim”.

Vahshiyona qiynoqlar bir yil davom etadi. MXX jallodlarining vahshiylashib ketishiga, bir tomondan, Qahramon Xo‘jaqulovning sinmayotgani sabab edi. Ikkinchi tomondan esa tergov payti asosiy tuhmatlarning fosh bo‘lgani sabab edi. Demak…

Tergov paytidayoq singan ayblovlar

Qahramon Xo‘jaqulovga ilgari, ya'ni tergovgacha qarshi guvohlik berganlardan bir kishi – Panji Xudoyberdiev Toshkentda, respublika MXX tergov boshqarmasida 1994 yil 23 iyul kuni o‘tkazilgan yuzlashtirishda “Rembo”ni tanimasligini aytadi. U: “Qarshimdagi odam mendan pora talab qilmagan!” – deb turib oladi.

Bu odamning ko‘rsatmasi tuhmat ekani tergovning o‘zidayoq oshkor bo‘ladi. Bundan jig‘ibiyron bo‘lgan MXX tergovchilari shu yerning o‘zida guvohni haqoratlab ketishadi.

Arizachi MXXning rejalarini pachoq qilgandan keyin “chekist”lar jazavaga tushishadi. Ular Qahramon Xo‘jaqulovni MXX yerto‘lasidagi qiynoqlar xonasiga olib tushib, yana azoblay boshlashadi. Lekin o‘zbek “Rembo”si baribir tuhmat aybga iqror bo‘lmaydi.

Deyarli bir yil davom etgan tergov harakatlari davomida Surxondaryo MXX va prokuraturasining yana ko‘plab ayblovlari o‘z tasdig‘ini topmaydi. Masalan, Qahramon Xo‘jaqulovga qo‘yilgan noqonuniy qurol saqlash ayblovi Termizdagi harbiy garnizonning rasmiy ko‘rsatmalari tufayli yo‘qqa chiqadi.

Mana bu hujjatlarda hamda Parsaev va Kikar degan harbiy boshliqlar Qahramon Xo‘jaqulov yonidan chiqqan qurollar haqiqatdan ham rasmiy hujjat va ruxsat asosida ularning harbiy qismlaridan olinganligini tasdiqlashmoqda.

Lekin na sud, na tergov bu hujjatlarni inobatga olmaydi.

“Rembo” ishida Surxondaryo viloyati MXX va prokuraturasi boshqa g‘ayriqonuniy usullarni ham ishga solishgan. Bu harakatlari bilan ular ishning buyurtmaligini bildirib qo‘yishgan. Demak…

“Rembo”ga qarshi buyurtmaning boshqa belgilari

Tergov paytida Qahramon Xo‘jaqulovning turmush o‘rtog‘i Jonona Ahmedova hibsdagi eri qiynoqqa solinayotgani haqida yuqori idoralarga tinmasdan ariza yozadi. U sud tibbiy ekspertizasi o‘tkazishni talab qiladi. Surxondaryolik “Rembo”ning advokati Vladimir Barabash ham xuddi shunday talabnoma bilan chiqadi.

Bosim ostida qolgan prokuror Tolib Samiev sud tibbiy ekspertizasi o‘tkazishga rozilik beradi. O‘tkazilgan ekspertiza Qahramon Xo‘jaqulovda tan jarohatlari borligini tasdiqlaydi.

Lekin na tergov, na sud buni inobatga olmaydi.

Qizig‘i shundaki, Surxondaryo viloyati MXX va prokuratura rahbariyati ekspertiza o‘tkazishga ruxsat bergan prokuror Tolib Samievdan darg‘azab bo‘lib, uni Qahramon Xo‘jaqulovning ishidan chetlashtirishadi. Ishni MXXning gapini yerda qoldirmaydigan boshqa prokurorlar – Akbar Sulaymonov va Farhod Qulmatovga berishadi.

MXX va prokuratura qo‘ygan ayblovlarning sindirilishida Qahramon Xo‘jaqulovning advokati Vladimir Barabashning xizmatlari katta edi. Shuning uchun MXX tergovchilari “Rembo”dan bu advokatdan voz kechishni talab qilib, qiynoqqa sola boshlashadi. Qahramon Xo‘jaqulov advokat Vladimir Barabashdan voz kechishga majbur bo‘ladi.

Bundan tashqari, Qahramon Xo‘jaqulovning turmush o‘rtog‘i Jonona Ahmedova ham MXXga xalaqit qilib, “kontora”ning tuhmatlariga to‘g‘anoq bo‘layotgan edi. Shu sababdan MXXdagilar Ahmedovani qo‘rqitish yo‘liga o‘tishadi.

Qahramon Xo‘jaqulov ustidan tergov ketayotgan paytda D 05-50 SD davlat raqamli GAZ-24 avtomobilida noma'lum kishilar Qahramon Xo‘jaqulovning uyiga kelib, uning turmush o‘rtog‘ini qo‘rqitib ketishadi. Ular Ahmedovadan turli idoralarga ariza yozmasdan tinch yurishni talab qilishadi. Aks holda o‘ldirib ketish bilan qo‘rqitishadi.

Qahramon Xo‘jaqulovning turmush o‘rtog‘i bu haqida prokuratura idoralariga yozma murojaat qilib, o‘sha avtomobil rusumi va nomerlarini yozib beradi. Lekin prokuratura avtomobilni ham, unda kelgan zo‘ravonlarni ham topmaydi.

MXX xodimlari Qahramon Xo‘jaqulov ishida guvohlarga tahdid va qiynoqlar ishlatgani sudda ham fosh bo‘ladi. Demak…

Asosiy guvohlarning suddagi iqrorlari

Qahramon Xo‘jaqulovning ustidan ochilgan 10016-jinoyat ishi bir fuqaro – Ahmad Xudoyberdievning ko‘rsatmasi asosida ochilgan edi. Mana shu arizachi sudda o‘z ko‘rsatmasini MXXchilarning qiynoqlari ostida yozganini aytadi.

Sudda Ahmad Xudoyberdiev: “MXXchilar: “Rembo”ga qarshi ko‘rsatma bermasang, seni odam o‘ldirganlikda ayblab, qamoqda chiritamiz”, – deb tahdid qilishganini qo‘rqmasdan aytadi.

Qahramon Xo‘jaqulov: “Sudda asosiy arizachi Ahmad Xudoyberdiev o‘zining tuhmat ko‘rsatmasini Surxondaryo viloyati prokurori Mels Naimov, MXX boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari To‘lqin Zulfiqorov, MXXchilar Bobrishchev va Galitskiyning tahdidlari va qiynoqlari ostida yozganini ochiq aytdi. Xudoyberdiev Ahmadni sudga boshqa chaqirishmadi”.

Lekin Qahramon Xo‘jaqulovning ustidan hukm chiqarayotganda sud bu ko‘rsatmani inobatga olmadi.

Chunki asosiy guvoh Ahmad Xudoyberdievning mazkur ko‘rsatmasi inobatga olinsa, jinoyat ishi yopilib, “Rembo” sud zalidan ozod qilinishi kerak edi. Buning barobarida MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi va prokuratura rahbarlariyu tergovchilarining ustidan jinoyat ishi ochilishi lozim edi.

MXX buyurtmasiga ko‘ra esa bu suddan keyin faqat bitta odam – “kontora”ning narkobiznesiga xalaqit qilayotgan Qahramon Xo‘jaqulov qamalishi kerak edi.

Tergov payti “Rembo”ga qarshi ko‘rsatma bergan yana bir guvoh Omongeldi Xudoyberdiev sudda Qahramon Xo‘jaqulovni tanimasligini aytadi. Omongeldi Xudoyberdiev militsiya mayori undan hech qanday pora talab qilmagani aytadi.

Qahramon Xo‘jaqulov: “Omongeldi Xudoyberidiev suddagi ko‘rsatmasida avvalgi, ya'ni tergovdagi ko‘rsatmalarini viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Ramazon Po‘latovning tahdidlari tufayli berganiga iqror bo‘ldi. “Ramazon Po‘latovich menga: “Agar Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi ko‘rsatma bermasang, qamoqxonada qiynoqqa soldirtirib, o‘ldirtirib yuboraman”, – deb qo‘rqitdi”, – dedi. Sudga kelishidan oldin o‘zlarini Termiz tergov izolyatorining boshlig‘i va prokurori deb tanishtirgan yana ikki shaxs sudda ham avvalgi ko‘rsatmangda turasan”, – deb o‘ldirish bilan tahdid qilishganini aytdi. Uning ko‘rsatmalari sud hujjatlarida ham aks etgan”.

Omongeldi Xudoyberdievning haqqoniy ko‘rsatmalari sud hujjatlarida aks etgani bilan Qahramon Xo‘jaqulov ustidan chiqarilgan hukmda aks etmadi. Chunki sudyalar bu ko‘rsatmani ham inobatga olishmadi.

Sudga kelib, to‘g‘ri ko‘rsatma bergan guvohlarning gaplarini inobatga olmagan Surxondaryo viloyati sudi sudga kelmagan shaxslarning hattoki tergovgacha bergan ko‘rsatmalarini jon deb inobatga oldi.

Masalan, “Qahramon Xo‘jaqulov mendan pora talab qilgan edi”, deb tergovgacha ariza bergan Qobil Sariev sud tugul tergovga ham kelmagan. Chunki u Afg‘onistondan O‘zbekistonga katta miqdorda narkotik keltirib, sotib yurganlikda gumonlanib qidiruvda bo‘lgan.

10016-jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra, Qobil Sariev “Rembo”ga qarshi arizasini Qahramon Xo‘jaqulov hibsga olingan kundan besh kun o‘tib, ya'ni 1994 yil 11 may kuni yozgan. Yozganda ham shaxsan viloyat prokurori Mels Naimovning kabinetida yozgan. Mels Naimovning o‘ziga topshirgan. Qizig‘i shundaki, 20 kundan keyin Qobil Sariev MXX tomonidan qidiruvga berilgan.

Balki narkobaron “kontora” va uning yo‘rig‘idagi prokuratura Qobil Sarievni ushlab kelib, Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi ariza olib, keyin Afg‘onistonga jo‘natib yuborgandir?

Balki “kontora” Qobil Sarievdan kerakli arizani yozdirib olgach, uni o‘ldirib yuborgandir?

Bunday savollarni o‘rtaga tashlashimizga sabab shuki, oradan 24 yil o‘tgan bo‘lsa ham Qobil Sarievning shu bugungacha na tirigi, na o‘ligi topilmagan.

Shunday bo‘lsa ham uning tergovgacha bergan ko‘rsatmasi sudda inobatga olingan. Vaxolanki, O‘zbekiston qonunchiligida sudda ko‘rsatma bermagan guvohning ilgarigi ko‘rsatmalari inobatga olinmasligi kerak.

“Rembo”ni qamatish yo‘lida Surxondaryo viloyati sudi boshqa qallobliklarga ham qo‘l urgan. Masalan, sudga kelmagan va hech qanday ko‘rsatma bermagan Bahriddin Abdunazarovni sudga kelgan va “Rembo”ga qarshi ko‘rsatma bergan shaxs qilib rasmiylashtirgan.

Pogonli narkobaronlar yo‘rig‘idagi sudyalar O‘zbekiston qonunchiligiga emas, davlat nakormafiyasining ko‘rsatmalariga amal qilishgan.

Shuni ham aytish kerakki, sudda Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi ko‘rsatma berganlar ham bo‘lgan.

Ular kimlar edi? Ular o‘sha dom-daraksiz yo‘qolib ketgan Qobil Sarievning aka-ukalari va yaqinlari edi.

Ya'ni sudda Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi ko‘rsatma bergan olti kishining barchasi bir oilaning – Sarievlar oilasining a'zolaridir. Bular – Olloyor, Rustam, Muxtor Sarievlar, Sharofat Sarieva, ularning onasi Ko‘rpa Chorieva va Olloyor Sarievning turmush o‘rtog‘i.

Shulardan Olloyor Sariev sudga zonadan olib kelingan. U Qahramon Xo‘jaqulovning tergovigacha narkotik savdosi ustida qo‘lga olinib, qamalgan. Shunisi diqqatga sazovorki, Olloyor Sarievni aynan Qahramon Xo‘jaqulov qo‘lga tushirgan va ishini tergovga oshirib yuborgan.

Bir paytlar “Rembo” qamatgan narkofurush zonadan ataylab keltirilgani va militsiya mayoriga qarshi ariza yozgani kundek ravshan edi.

Sudda Sarievlar oilasi Qahramon Xo‘jaqulov ulardan qamalgan yaqini Olloyor Sarievni ozodlikka chiqarib yuborish uchun pora olganligini iddao qilishdi. Lekin birining ko‘rsatmasi ikkinchisinikiga, ikkinchisiniki uchinchisinikiga to‘g‘ri kelmay, yolg‘onlarida o‘zlari ham chalkashib ketishdi.

Akasi: “Porani Xo‘jaqulovning kabinetiga borib bergandik” – desa, ukasi: “Porani Xo‘jaqulovning uyiga borib bergandik” – degan. Onasi: “So‘ralgan porani gilamlarimizni sotib berdik” – desa, kelini: “Porani uydagi puldan berdik” – degan.

Qahramon Xo‘jaqulov: “Sudda menga qarshi ko‘rsatma bergan Sarievlar oilasi MXX to‘qib o‘rgatgan yolg‘onni kelishtira olmay, rosa sharmanda bo‘lishdi. Ularning poyintar-soyintar so‘zlari, biri-biriga zid ko‘rsatmalari sud hujjatlarida aks etgan”.

Surxondaryo viloyati sudi bu chalkashliklarning tagiga yetib, haqiqatni yuzaga chiqarib o‘tirmagan. 1995 yil 14 avgust kuni sud Qahramon Xo‘jaqulovni 12 yil ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqaradi.

Sudning adolatsiz hukmidan iymonli va vijdonli har bir kishi norozi edi. Shulardan biri Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i, militsiya podpolkovnigi Muhammadjon Boboev edi. U kishi sudga kelib, MXXning buyurtmasini bajarayotgan prokuroru sudyalarga qarata: “Xudodan qo‘rqinglar! Bir begunoh odamni qamatib, oxiratingizdan ayrilmang! Qahramon – eng pokiza va halol xodimimiz. Uni qamash emas, unga tirikligida haykal qo‘yish kerak!” – deydi. Lekin buyurtma bajaruvchilar keksa podpolkovnikning iltijolarini ham e'tiborsiz qoldirishadi.

Surxondaryo viloyati sudining adolatsiz hukmi “Rembo”ni ham, uning yaqinlarini ham qattiq iztirobga soladi. Qahramon Xo‘jaqulovning onasi bu hukmga dosh berolmay qoladi. Bundan tashqari, “Rembo”ning ikki akasi sirli ravishda vafot etadi.

Rembo yaqinlarining sirli o‘limlari haqida filmimizning keyingi qismida hikoya qilamiz. Unda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov MXXning o‘sha paytdagi raisi Rustam Inoyatovga nega tennis raketkasini sovg‘a qilgani haqida ham to‘xtalamiz.

Film qismlarini Yutub kanalida kuzatib boring: 

4-qism: https://youtu.be/xS7QQ8Erpug

3-qism: https://youtu.be/kK3TZL9sJ_8

2-qism: https://youtu.be/3gCfFL4oufE

1-qism: https://youtu.be/Q04i9rS3E9M

eltuz.com – jurnalistik surishtiruv guruhi

Tag‘in o‘qing
31 mart 2016
Qozog‘istondagi parlament saylovi dastlabki natijalariga ko‘ra, Prezident Nursulton Nazarboev yetakchiligidagi «Nur Otan» partiyasi 82,15 foiz ovoz to‘plab g‘alabaga erishgan. ...
24 iyun 2016
Istanbul politsiyasiga ko‘ra, 23 iyun kuni tushlik paytida Istanbulning Yenibosna mavzeida O‘zbekistonlik tadbirkor (balki mulozim) O.Ye. yo‘lto‘sar qaroqchilar hujumiga ...
13 dekabr 2021
Nihoyat, ma'naviy ruhiy bo‘shliqda ekanmiz, ratsional fikr egalari tomonidan e'tirof etila boshlangach, ko‘pchilik o‘z holatini tushinib olsa kerak. Adabiyot ...
28 avgust 2023
25 avgust kuni Toshkent viloyatining Yangi Hayot tumani Yangi Choshtepa mahallasi ko‘prigi tagidagi hovuzga tushib halok bo‘lgan ikki yosh ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...