Asosiy mavzular
25 sentyabr 2020

RTdan va'z: Parazitning yapon tili

Mana, azizlarim, hafta aylanib diydor ko‘rishdik. Hafta ichida internetning o‘zbek segmenti nafrat bilan to‘la bo‘ldi. 

Avvaliga koreyalik erjonlarga posilka kelin uzatadigan shirkat kollektiv bo‘lib qarg‘aldi. Sovet davrida Pinochet ham bu qadar ommaviy qarg‘ish olmagan bo‘lsa kerak. 

Keyin odamlarning ko‘zi yozda paltosiz yurgan ashulachi Munisa Rizaevaga tushdi. Nega ochiq-sochiq kiyinasan, deb dag‘dag‘aning kattasini qilishdi. Munisa ham jim turmay, bu avrat qorovullariga javob qaytardi. Keyin esa xuddi rus nasroniy cherkovi Tolstoyni shakkoklikda ayblab anafema qilgani kabi soqol qo‘ygan o‘zbek zoti bo‘lsa, Munisani duoibad qilib o‘tirdi. 

Yaxshiyam prezident Mirziyov BMTning virtual majlisida o‘zbekcha so‘zlagani. Shunga chalg‘ib, Munisa bilan karisga tekkan qizlarni qarg‘ayotgan chakaklar bir muddat o‘chdi. Moshollo, prezidentimiz naq o‘zbekcha gapirdi-ya, deb yerlarga dumalab sevinishdi. 

Baribir sevinch yaxshi. Karisga erga tegish mavzusida ikkiyuzlamachilik. Oldin aytganimdek, bu qavm hujayralariga ikkiyuzlamachilik singib ketgan. 

Qatortoldagi jalapning uyiga borib kelib, machitda edim, xuftonni o‘qidim, deydi. Zinoning zarari haqida shang‘illayottgan opoqining o‘zi uchiga chiqqan g‘ar. Pora olish ma'naviyatsizlik deya TVga chiqqan universitet domlasi pora olib uchastka qurgan. 

Shunga o‘xshab, «karisga erga tegish razolat», deya dod solib tarmoqda layk yiqqan  bitta opani taniyman. Yoshi o‘tib, pirduxtor bo‘lib, er olmagan. Necha marta menga chiqib «Mo‘g‘ulistondagi mo‘g‘ulmi, Koreyadagi qari karismi yoki Burkina Fasodagi mulat bo‘sayam erga tegaman, surish kerak», deya yolvorgan edi. 

Bu opaning maxsus kod bilan sovchilik saytida «chet ellikka erga tegaman», deb e'lon berganini ham bilaman. Buning mutlaqo yomon tomoni yo‘q. Odam o‘z baxtini topishga haqli. Lekin bitta fokusni ushlash kerak. 

O‘zi karisga tegsam, deb firmaning bo‘sag‘asida kuni bilan navbatda o‘tirib, kechqurun uyiga kelib, «karisga erga tegish millat tanazzuli», deya yozsa. Buning nomi ikkiyuzlamachilikdir.

Tushunaman. Jamiyat trendda bo‘lgan fikrni eshitgisi keladi. Umum fikridan farqli gap aytgan kishi sazoyi qilinadi. Masalan, bu ayol chiqib: «Men bir oydan beri karisga erga tegish uchun harakatdaman. Nima bo‘libdi, men ham baxtli bo‘lishga haqliman» desa, avrat qorovullari bu ayolni virtual sazoyi qiladi. 

YaKUNIGA YeTMAGAN SOVChILIK

Umrimda bir marta sovchilik qilish uchun o‘rtaga tushganman. Chet ellik 48 yashar, katolik dinida bo‘lgan yarim frantsuz, yarim nemis, yarim slavyan kinooperator va bastakor do‘stim o‘ris xotinidan ayrilib, depressiyaga tushib qoldi.

O‘sha paytda uning tug‘ilgan kuni bo‘ldi. Men Qodiriyning nemis tilida «Toshkentlik sevishganlar» nomi bilan chiqqan «O‘tkan kunlar» kitobini sovg‘a obordim. Bir ikki kundan keyin, bu do‘sti aziz telefon qilib, «marg‘ilonlik qizga uylanmoqchiman», deb istak bildirdi. 

O‘sha paytda FBda «svaxi.uz» degan sahifa bor edi. Sahifaga bu potentsial kuyov haqidagi e'lonni joylashtirdik.  Ertasiga qarasam, 2800 dona xat kelibdi mening lichkamga. Lichka ko‘tarolmay tormoz bo‘lib qoldi. Erkaklar ham yozgan edi, «Oka, bizaga to‘g‘ri kevotti. Opachamni xotin qivosa sizzi rozi qilaman», degan xatlarning adog‘i yo‘q edi. Endi qiz-juvonlarning anketalarini qo‘yaverasiz. 

Hammasi pazanda, hammasi uyim joyim deydig‘on. Hammasi huriliqo. Bittasi hijobdagi rasmnini yuvoribdi. «Opajon, boshqa rasmingiz yo‘qmi. Kuyov boshqacha tushunmasin», deganim bilan shessekundda ne to‘lka boshi ochiq, balki cho‘milish kiyimida Chorvoqda yurgan rasmlarini jo‘natdi. Shu yerda «ni to polojeniya»ga tushib qolganimni bilib, e'lonni bekor qildim.  

Endi mavzuga qaytsam. Koreyaga borib karis er bilan turmushi yaxshi bo‘lmagan namanganlik juvon opa menga dardini aytib, elchixona orqali yordam qilishimni so‘radi (bu opaga TIVdagi do‘stim yordam berdi).

Bu opa menga Namangandagi to‘yxonada bo‘lgan to‘y videosini jo‘natdi. To‘yda bu karisga shahodat ayttirib, musulmon qilishdi. Karis tirjayib qo‘liga yozib berilgan kalimai shahodatni bir amallab o‘qidi. Aslida unga tarjimon «bu shunaqa ritual, hindilarning bo‘yniga gulchambar taqqanday», deb tushuntirdi. 

Mahalliy mulla esa yangi musulmon bo‘lgan karis birodar bilan kelin bolaga nikoh o‘qidi. Keyin o‘rtani oborayotgan xezim kelinning otasini davraga chiqardi. 

«Mana, hozir kuyov bola o‘z sovg‘asini beradi», dedi. Kuyov bo‘lsa qayin otasiga konvertni berdi. Buncha pulni (3 ming dollar) ilk bor qo‘liga ushlagan, og‘ir mehnatdan qorayib ketgan, yangi chust do‘ppini to‘y bahonasida kiygan amaki ikki qo‘llab pulni oldi. 

Albatta, to‘yda ichib netib pulni yo‘qotmasin deb qoshini tatu qildirgan qaynona xola konvertni erining qo‘lidan olib, lo‘pchigining ichiga tezda solib bekitib qo‘ydi. 

To‘y videosida birorta ajablangan odamni ko‘rmadim. Hamma kelin-kuyovga baxt tilagan. To‘yga kelgan pirduxtorlar esa «karis er» qo‘shma korxonasi tarjimoning oldiga borib vizitka opketishyapti, «yo nasib» deb. 

Nima demoqchiman? Qissadan hissa nima? Aytmoqchi bo‘lgan gapim- qizlarimizning kuni karislarning mikroskopik kichik asbobiga qoldi. Oxir zamon bo‘ldi. Uyat, isnod, deya o‘zini zanjir bilan urib dod solayotganlar gapiga ishonmayman. Stanislavskiy aytganday, «Ne veryu!».

Kema teshilib, cho‘ka boshlaganda o‘zini suvga otgan odam kiyimim ho‘l bo‘ladi, deya andishalanmaydi. Maqsad qutulish. 

P.S. Toshkentdagi «Salom» kafesi yonida Mo‘g‘ulistonga erga beradigan «Mongolian eyr» shirkati ish boshlabdi. Lichkaga yozsangiz telefonini beraman. Noumid bo‘lmang, hurmatli pirduxtorlar.

Mabodo dod solmoqchi bo‘lsangiz, mavzu ko‘p. O‘zbek o‘g‘lonlari BAA, Saudiya, Turkiyadagi erkaklar tagida yotib, ularga xotin vazifasini bajarish uchun ketmoqda. Katta oqim yo‘lga qo‘yilgan. O‘shlik hajboshi 18 yashar yigitni aldab, Jiddadagi arab erkaklariga o‘ynash qilib bergani haqida «Ozodlik» qirg‘iz xizmati yozuvdi. Rossiyada o‘zbek o‘g‘il bola fohishalar tanini sotuvchi tarmoqlar gurillab ishlab turibdi. Qani endi o‘zimizni zanjir bilan urib yig‘lashni boshlaylik. Razolat. Kasofat. Ismat. Qismat. Qani erkaklik iffati, ibo va hayosi. 

OMMA FIKRI VA INDIVIDUAL ZAKOVAT

Zakovat egasi hamma oqqan tarafga qarab og‘maydi. Men ham amma irg‘ishlasa, ularga qo‘shilib shataloq otmayman.. O‘zimning fikrim bor. Milliard pashsha «go‘ng eng mazali ovqat», degani bilan mening fikrimni o‘zgartira olmaydi.

Jurnalist saviyasiz olomon ehtiyojini qondiradigan buyurtma bajaruvchi emas, balki u oydin fikr bilan qorong‘ilikni yoritguvchi arbobdir.

Sovetlar davrida zehni o‘tmaslashgan yozg‘uchilar bugun ham omma nima der ekan, deya biomassa ehtiyojini qondirishga tayyor turishadi. 

Ammo G‘arb jurnalistikasi, xususan, Britaniya publitsistikasida muxbirlar zakovat o‘rnagi sifatida jamiyat fitratining yuksak cho‘qqisida turishadi. Bu publitsistika bitta fokusni ushlab, jamiyat e'tiborini qaratadi. Zarrada dunyo aks etadi, deyishadi-ku bilgichlar. Xullas, bugungi mavzumiz parazitlar haqida. 

Parazit — boshqa bir organizm hisobidan yashovchi organizm.

Parazit yoki ijtimoiy parazit — begonaning mablag‘i, mehnati hisobidan yashaydigan odam, tekinxo‘r.

Masalan, otning yelkasidagi kana – bu parazitga yaxshi misol. Kana otning qonini so‘rib kun ko‘radi. Men sizlarga inson shaklidagi parazit haqida gapirsam.

Koreyaga turmushga chiqqan bir juvon Chiroqchidagi 12 qarindoshiga oyma-oy pul yuborar ekan. 12 qarindosh ishlamay, o‘sha ayol jubargan aqchani mayda tishlab yeb o‘tirishadi. Ora-sira eski kiyilgan kiyimlarni ham posilka qiladi o‘zi Koreyada bo‘lsa ham yuragi Chiroqchida qolgan kelinchak.

Beshariq tumanida yashaydigan bir amakini taniyman. Uchta bolasi va erdan ajrab, ikki bolasini yetalab kelgan singlisi bilan birga xaroba uyda yashaydi. To‘rt muchasi but, tog‘ni ursa talqon qiladigan hirsday bu amaki hech qaerda ishlamay, uyda o‘tiradi. Xotini Rossiyaning Zelenograd shahridagi kafeda idish-tovoq yuvadi va har oy uyiga pul yuboradi. 

Amaki yashaydigan uy romi bir qavat. Devorlari ilma-teshik. Uyga o‘rnatilgan arzon pechkadan is chiqib, ikki marta bolalari o‘limdan qoldi. Uy sovuq. Shu odam xotini yuborgan puldan tejab, uy devorini issiq bo‘ladigan qilinishi va ikki tabaqali vakuum oyna o‘rnatishi mumkin edi.

Ko‘mirga mo‘ljallangan temir pechka olib, mo‘risini tutun sizmaydigan qilsa ham bo‘ladi. Doim chakka o‘tadigan tomga shifer qilsa ham bo‘ladi. Ammo bu amaki xotini yuborgan pulga ulfatlari bilan choyxonada osh qilib yeydi. Eng katta LSD televizorni falon pulga olib o‘rnatib qo‘yibdi. Ertadan kechgacha serial ko‘radi bu parazit. Chunki kitob o‘qishni bilmaydi. Ikki jumla o‘qisa, ko‘zi tinib, miyasi achiydi. Kechqurun choyxonaga chiqib, «serial axloqsiz», deya g‘o‘ldirab o‘tiradi.

Ammo koronovirus degan balo keldi-yu, parazitlarning quyoshi botdi. O‘ris yurtdagi muhojirlar ishsiz, uysiz bo‘lib, sarson-sargardon yo‘llarda yuribdi.

Besh million, o‘n million qullar va tullar. Gardanda cho‘yandan quyilgan zanjir. Non deya, non deya bosaroq kechmishdir.

RASSOM TUZGA ROSTOVDAN MAKTUB

Rossiyaning Rostov-Don degan o‘lkasida chodir qurib yashayotganlardan biri «Eltuz»ga xat yozib, dardini doston qildi:

«Dod degim keladi, faryod urib yig‘lagim keladi. Sevgan qizimdan ayrildim, umrimda hatto bir martagina Neksiya olib minolmadim, yoshligimdan buyon qornim nonga to‘ymaydi, ustim biron marta ham butun kiyim ko‘rmadi.

Mardikorman rusning yerida, millatchi va fashist rusning qo‘lida.

Ming mashaqqat bilan ishlayman, qo‘llarim muzlab ketsa ham tishimni tishimga qo‘yib loy qoraman 15 daraja sovuqda.

Oylik olgan zahotim bankdan bor pulimni dollarga aylantirib, uyga jo‘nataman va o‘zim yana 1 oy quruq non chaynab, qulday ishlayman. 

Rublning qadri tushib, keyingi vaqtlarda yuborayotgan pulim hatto betob bo‘lib qolgan ota-onamlar zaruratiga ham yetmaydigan bo‘lib qoldi. Betob bo‘lib qolishgani sababi – gaz yo‘q.

Yuborgan pulimga ko‘mir olishsa, yeb-ichishga yetmaydi, yeb ichishga sarflashsa, dori-darmonga yetmaydi, dori-darmonga sarflashsa, kiyim-kechak olishga yetmaydi. Endi esa umuman ishsiz qoldim. Uyga boray desam, biletga pul yo‘q. Chodirda gadoy kabi yashayapman. O‘risning iti mendan ko‘ra o‘n chandon yaxshi yashaydi.

Hayotmi shu? Yashashdan ma'no qolmadi. Mazmun qolmadi yashashdan. O‘lib ketaver, birov hatto nega o‘libdi, deb so‘ramaydi.

Bir burchakka olib borib ko‘mib qo‘yishsa ham xursand bo‘l, omadli odam ekansan.

Ko‘milmasdan rus o‘rmonlarida bo‘rilarga ozuqa bo‘layotganlar talaygina.

O‘qiyman dedim, ammo pul yo‘q edi menda. O‘qishga kirish boylarning bolasi uchun. 

O‘zbeklarni ko‘rib xo‘rligim keladi.

 BOMJ bo‘lib yuribdi o‘zbeklar.

 Bundan ortig‘i bormi?»

O‘G‘RILAR TO‘G‘RIDIR, TO‘G‘RILAR O‘G‘RI

Shunaqa. Eng so‘nggi tadqiqodlarga ko‘ra, O‘zbekiston yuqori malakali mutaxassislar oyog‘ini qo‘lga olib qochayotgan antimagnit, notovonu qashshoq mamlakatlardan biridir.

O‘zbekiston zaminida yetishgan minglab mutaxassislar, mana, Karimov iqtidoridagi 25 yildirki, birin-ketin O‘zbekistonni tark qilib, o‘z bilim va mahoratini o‘zga ellar rafoqi uchun xarjlamoqda.

Toshkentlik gen olimasi Londonda Britaniya ilm-faniga hissa qo‘shmoqda. Urganchlik jarrohlar Afrikada ko‘richak kesmoqda. Farg‘onalik rassom Moskvada xalqaro san'at akademiyasini boshqarmoqda.

Baxt uylari ko‘pdir, baxtli bo‘lmadim, 

Oromgohlar ko‘pdir, olmadim orom. 

O‘g‘rilar to‘g‘ridir, to‘g‘rilar o‘g‘ri, 

Haromlar haloldir, halollar — harom.

Sabrim chidamadi sabr qilmoqqa, 

Toqatim yetmadi qilmoqqa toqat. 

Hech kim or etmagach sharmisorlikdan, 

Eng sharmanda yumush bo‘lgach sadoqat.

YaPON TILI

Yapon tilida bir gap aytilsa, boshqa gap tushunilar ekan.

O‘zbek deb atalgan qavmning tili ham shunday.

Oldiga ovqat qo‘yib, qani oling, desangiz: “Yo‘q, aka, hozirgina osh yeb keldim, qornim to‘q”, deydi. 

Holbuki, o‘zi och, ertalabdan tuz totmagan.

Ko‘chada birovni ko‘rib qolsangiz: “Yuring, uyga osh qiberaman”, deydi.

Holbuki, uyi yo‘q, ijarama ijara yuradi. Ijara uyida oshxonasi ham yo‘q.

Amerika yomon, nafratlanaman, deydi.

Holbuki, 4 yildan beri grin kard lotereyasi o‘ynaydi, AQShga ketsam deb tunlari uxlamay chiqadi.

«Yevropa chirib ketdiiii», deb yoqa yirtadi.

Ammo o‘zi Germaniya (Frantsiya, Britaniya, Chexiya…) elchixonasining oldida shengen vizaga navbat kutib tong ottiradi.

Men bolalarni yaxshi ko‘raman, deydi.

Bolasini olib bozorda sotadi, sotmasa och-nahor qo‘yib, quldek ishlatadi.

«Jannat onalarning oyog‘i ostidadur», deydi.

Holbuki, kuni bo‘yi og‘zidan chiqqan har uch gapning ikkitasida onasi bilan yoki boshqalarning onasi bilan jinsiy aloqa qiladi.

«Men vatanimda gadoy bo‘lib yashaganim yaxshi», deydi. 

Ammo Koreyaga ketish testini topshirish uchun «Kuntug‘mish» dostonini o‘qiydi.

«Aka, abketing mani bu yerdan, Afrikaga bo‘lsa ham mayli», deb ko‘zidan siyadi bu vatanparvar.

O‘zi piva-aroq  ichadi, ishlamasdan birovlarning puliga parazit kabi yashaydi, lekin kimning kofir ekanligi haqida ekspert bo‘lib ketgan.

Mana sizga yapon tili.

Bu paytga kelib Toshkentda daydi hayvonlarni tutish otryadi ish boshladi. Otryad egasiz it-mushuklarni ushlab, terisini shiladi. Kap- katta kishilar erkakligim kuchaysin, deb it yog‘ini chotiga suradigan bo‘lishibdi. Eh, farosat. Eh, arosat.

O‘ttiz-qirq yil avval O‘zbekistonda,

Boshqacharoq edi

Farosat, didlar.

U payt ham

mehr-shafqat

jo edi jonga,

ammo o‘z joyini bilardi

itlar.

Itlar kurashardi bo‘rilar bilan,

o‘zlarin otardi

balolar sari,

ammo odam uchun — ko‘rpacha, gilam,

itning joyi esa

eshikdan nari…

Suruv tegrasida kezardi sergak,

qora tasodifning to‘sib yo‘lini.

Cho‘ponga bo‘lardi

beminnat tirgak,

ammo

yalamasdi

uning qo‘lini.

Bosiq do‘st edilar odam bilan it,

Eng og‘ir damlarda hozir —

madadkor.

Ish qilmas edilar

bir-biriga zid.

Usmon Azim

SARIMSOQ YeYISh BO‘YIChA TAVSIYa

Shu kunlarda koronavirus oldida o‘zbek tibbiyoti oq bayroq ko‘tarib taslim bo‘lganini e'lon qildi. Ammo odamlar davo istaydi. Britaniya olimlari emchak suti koronaga davo, deyishdi. Qo‘shnim totor obziy bo‘lsa nuqul sarimsoq yeydi. Sarimsoq hididan korona qochar ekan. Har holda men ham qochaman bu hiddan. 

Sarimsoqning o‘zini yesangiz, ichingizni yondirvoradi. Shu bois, uni mana bu tartibda yeng. Semiz sarimsoq tishini parrak shaklida kesasiz. Yaxshi bulturgi qazini ham parrak qilib kesasiz. Sarimsoqlarni qazi ustiga aylantirib yozib chiqasiz. Keyin ustiga yana bir qazi parragini qo‘yasiz. Patir nonning orasiga solib yeysiz.

Mabodo qaziga allergiyangiz bo‘lsa, sarimsoqni qizil baliq (laks) yoki syomga, u ham bo‘lmasa, forel balig‘i orasiga qo‘yib yeysiz. Patir non jizzali bo‘lsa, yana yaxshi. Osh bo‘lsin. Sekin uzoq chaynab yeng.

Uni yeyatganingizda boshqa ochofatlarlardan ijtimoiy masofa saqlash joiz. Shotland viskisi yoki aroq (absolyut vodka, russkiy standart)dan 50 grammini sag‘al oldinroq ichvolish tavsiya qilinadi. 50 gramm, mayli, 100 gramm. 

Lekin undan ko‘pi zarar. 

GULChI TOG‘A HIKOYaSI

Odatda va'z ichida ertak bo‘ladi. O‘tgan safar ikkita ertak aytgandim. Bu safar menga kelgan maktub ertakday tuyuldi.

Hurmatli Tuz og‘a, shu maktubimni e'lon qilsangiz, deyishdi. Ag‘- bag‘iga qo‘l tekkizib, bu maktubni sizga ilindim:

«Esimni tanibmanki, tirikchilik guldan. Gul sotaman. Gul ekaman. Shu gul bois birim ikki, o‘nim yuz bo‘ldi. Issiqxona quray deb bir-ikki idoraga bosh urdim. Ishim bitmadi. Bitta so‘zi qilichdan keskir bloger bor. «Ashi sizdi ishdi shessekundda bitirib beradi», deyishdi.

Bloger ham mahtal turgan ekan, «bir og‘iz so‘zingiz, tog‘a», deb rozi bo‘ldi. Ertasiga eshigimni qoqib keldi. Gaplashdik. Yaxshi maslahat berdi, «limon ekadi deb ruxsatti aberaman, siz gulizni ekourasiz», dedi.

Iymanib, «Sizni qanaqa rozi qilaman, uka. Nech pul?» dedim.

Bloger javobidan ko‘zimga yosh keldi:

«Bekarga (tekinga) qiberaman, tog‘a. Duo qiling, yetadi. Sizni ko‘zlaringizda prezident islohotidan mamnunlik uchquni porlasa, savobi menga yoziladi».

Men moshinamni obchiqay desam, bloger uka unamadi.

«Mana, tayyyaar moshin. Chiqouring, tog‘a».

Moshinada ketayotib, zapravkaga burildik. To‘la qilib gaz quyib berdim. Bloger bola cho‘ntak kovlagandi, «Qo‘ying, uka, xalq xizmatidasiz, bir sapar men to‘lasam to‘labbanda», deb qo‘ydim.

Ketyapmiz, bloger bolaning telefoni jiringladi. Birovning gapiga quloq soladigan odatim yo‘q. Ammo bu so‘zlashuvdan blogerning ajrashgan xotini telefon qilib, «alimentti voxtida to‘lab qo‘y», deganini tushundim.

Bloger yigit tilpon qigan qizga, “Bola o‘ynashingdan bo‘lgan, soxta dienkangni ko‘tingga tiq. MIBdi ustidan portalga yozib bersam, ko‘tini qisadi”, dedi.  Keyin yana uchta telefon ham aliment temasida bo‘ldi. Yigitdi guli bir necha bor qo‘ydi-chiqdi qilganov, degan fikr keldi. 

Likin bu uning shaxsiy ishi, mening nima ishim bor birovni alimenti bilan.

Ketayotsak, orqadan bir moshin ko‘zini yoqib-o‘chirib to‘xta, degan ishora qildi.

Bu yigit parvoyam qilmay ketourdi. Sal o‘tmay moshinlar ikki bo‘ldi. Biri oldinga o‘tdi. To‘xtashga majbur bo‘ldi bloger.

Qo‘lida beysbol bitasi ushlagan kachok bola kelib dag‘dag‘a qila ketdi:

«Ippplos. Qarzni qachon qaytarasan». Keyin yana bittasi kelib so‘kishga qo‘shildi: «Buvingdi s…y aprst- bizni lox deb o‘yladingmi».

Qarasam, sho‘rlik blogerni urib o‘ldirib, ko‘mib tashamoqchi bu ma'naviyatsiz, o‘qimagan johillar.

O‘rtaga tushib so‘rasam, arzimagan ikki million pul.

Bloger bola: «Pul uyda turibdi, shessekunda abkeberaman. Xudo ursin», deb moshin bardachogidan salafani yechilmagan Qur'on kitobini olib qasam ichvordi.

«San ippplos xudoni sherik qima», deb qo‘lidagi beysbol bitasi bilan solmoqchi edi, men tutib qoldim. Bloger yigitga qarab, «Uka, men berib turay shu qarzni. Kechqurun uyga qaytganda berib qo‘yarsiz», dedim. 

Ko‘chaga ish bilan chiqsam, sumkamga sal ko‘proq pul solvolaman. Na vsyakiy sluchay. Mana, savob yo‘lida sarf bo‘lib, bir fidoiy yurtdosh qarzi uzilishiga sabab bo‘ldi bu pul. 

Kechqurun bersa bo‘ldida menga. Kechgacha sumkada turgandan ko‘ra bu pul biravdi koriga yaradi. Xullas, ikki millionni barzangilarga berib, yo‘lda davom etdik.

Shu paytgacha jim turgan blogerning jag‘i ochilib «qarzini qistagan» barzangilar adresiga so‘kish yomg‘irini yog‘dirib ketdi.

Omo lek. O‘rischa so‘kishni bunaqa kiftini keltiradiganni ko‘rmaganimga ancha bo‘luvdi. Bola paqir o‘ris yurtni ham aylanib o‘rischa so‘kishdi suv qilib ichib kepti. Endi bilganga bu ham bir hunarda. 

Bloger bola boradig‘on idoramizga tilpon qildi. Soat 12da ochilarkan qabuli.

“Ikki soat voxtimiz bor. Abet qivolaylik. Shu yaqin joyda bir oshnamdi hovuzi bor. Baliq boqadi. Nondi biz oborsak, baliqni bekarga pishirib beradi”, dedi bloger yigit.

O‘ydim-chuqur yo‘llardan loylarga botib hovuz oldiga bordik. Qozonlarda baliq jag‘ir-jug‘ur pishib turibdi. Odamning ishtahasini ochadigan hidlar keladi. Ammo baliqchi tog‘a bizni xushlamay qarshi oldi:

“Ikki yildan beri kadastr chiqarib beraman deb, bekarga baliq yeysan. O‘zing yeganing kamlik qilib, oshnalaringdi ham yetalab yurasan. Yesang pulga olib ye, bo‘masa buvingdi a…ga kirib ket”.

Bu gap menga qattiq tegdi. Gapning qisqasi bugungi abetga qo‘shib, blogerning ilgarigi abetlarini pulini ham to‘lavordim.

Odattim shu, yesam pulga yeyman.

Soat 12 da idora oldiga bordik. Blogerga dakument solingan ko‘k popkani uzatdim.

“Siz shu yerda jichcha o‘tirib turing, men shessekundda…”

Bir oz o‘tirgach, shovqin eshitildi. Idora eshigidan bloger yigit orqasida tepki izlari bilan chiqdi. Uning ortidan bir tog‘a o‘dag‘aylab chiqdi:

“Portalingayam, sengayam qo‘——g‘imni qo‘ydim», deb yana bir tepdi blogerni.

Bloger yigit ikki qo‘li bilan boshini pana qilib men tomon qochdi. Moshina oldiga turib, qaddini ko‘tarib so‘kong‘ich tog‘aga tiliponini qaratib, “Hozir yutubga chiqarib sharmandangni chiqaraman”, deb do‘q qildi. “Mening ortimda Allamjonov turibdi”, dedi-da meni ko‘rsatdi, ”Shu tog‘a Allamjonovning odami bo‘ladi. Sen endi o‘lding”, dedi bloger.

Mulozim tog‘a bo‘lsa, “Allamjonovingayam,  uning odamigayam  qo‘to–mni qo‘ydim”, deb ko‘k papkani men tomonga otvordi. 

Bloger yigit moshinaga o‘tirdi. Tezgina jila qoldik. Yigit javrashni boshladi. Ayon bo‘lishicha, mulozimning so‘kkanini telefoniga yoza olmabdi. Aynagi sinib rasm oladig‘on ko‘zi g‘ilay bo‘p qopti tilponni.

Mening yilt yangi samsung telefonimga qarab dedi: “Tog‘a, shuni bir kunga berib turing. Kechqurun bitta kottakonni ko‘tini ochmoqchi edim. Video tushirish kerak”.

Men iymanibgina, «shu tilpon kerak bo‘ladi menga» deb aytsam, shartta o‘zining eski tilponini menga berib “ma, oling, tog‘a, ishlatouring”, dedi. Meni savolomuz qarab turganimni ko‘rib, shartta moshinani to‘xtatdi-da, bardachokdan sim olib, tilponlar simkasini almashtirdi. Meniki unga, uniki menga.

Sal yurgandan keyin siqilganimni his qildim.

“Uka, meni shetta tashab ketouring. Kechqurun o‘zingiz anavi ikki million bilan tilponni uyga abkebaerarsiz”, dedim.

Moshina to‘xtadi. Bloger yigit kalovlanib, “Tog‘a, kin bo‘o‘yi sizzi ketizda yurdim. Hech bo‘masa ujinga pul tashab keting, tog‘a. To‘g‘ri, bloger pul omiydi. Nega omiydi?  O‘zi aslida olishi kerak. Jurnalist gonorar oladi-ku”, dedi.

Sumkadan pul chiqarib, sidenyaga qo‘ydim. 

“Oz-u bu, tog‘a. Yana jichcha qo‘shing. Ikki milion pulingiz va tilponni bugun kechqurun tashab qo‘yaman uyizga”.

Qutulganimga shukur qilib taksi olib uyga ketdim. Taksist kamgapgina bola ekan. Qulog‘im dam oldi.

Kechqurun puldan va tilpondan darak bo‘lmadi. 

Ertasiga blogerning uyiga tilpon qildim. Ayasi olib javrab ketdi:

“Sizlarni o‘ylayman deb o‘g‘limni qamab qo‘yishdi. Bolam xalqni o‘yladi, ammo xalq bolamdi o‘ylab turgan yeri yo‘q. Tog‘amdi o‘g‘li advokat, ammo uyam o‘rderga pul to‘lash, deb turibdi.  Agar ozgina atagan joyingiz bo‘lsa, shu o‘rder pulini to‘lab bering”.

G‘uldurab aynagi siniq eski tilponni o‘chirdim. Ikki million so‘m va telefondan ayrilganimga o‘zimni ruhan tayyorladim. 

Kompyuterni yoqib saytlarga kirdim. Bitta sayt “Blogerning 15 sutkaga qamalgani iddao qilinmoqda”, deb yozibdi. Yana bir chet eldagi sayt esa “Insoniyat buyuk blogerdan 15 kunga ayrildi, endi musulmonlar nima qiladi?” deb yozibdi. 

Bir musulmon sifatida judo bo‘lganim telefon va pullar borasida  «chirayli sabr» qilishimni tushundim. Yana 15 kundan keyin bu blogerning qamag‘dan chiqishini bilganim uchun insoniyatga achindim. 

Bundan buyon o‘lip qosamam blogerning yoniga yaqinlashmayman deb o‘zimga so‘z berdim. 

Gulchi tog‘angiz Maxamat aka”.

Xatning ag‘ bag‘ini to‘g‘illab sizga o‘qishga bergan Rassom Tuz. Tak chto lyuboy pritenziya gulchi tog‘aga. Bu matn hech kimdi agarotiga tosh emas. Lyuboe sovpadeniya eto sluchaynost.

XABARLAR

Tuz og‘a, nega bu safar xabarlar yo‘q, deyishdi. Xabarlar hazin va ma'yus. Katyushani maromiga yetkazib aytadigan mulozim Barnoev koronadan o‘ldi, ammo janozasiga Jirinovskiy kelmadi.

Oqibat yo‘q o‘risda. Mahalla vaziriyam koronaga yo‘liqibdi.

19 sentyabr sahar to‘rtlarda Toshkenting Uchtepa tumanida qashqadaryolik 19 yashar Sevara 23 yashar yurtdoshi Asilbekning «Lasetti» moshinasini yoqvordi. Sabab: Asilbek bu qiz bilan yurib «uylanaman» deb va'da berib, uylanmay boshqa qizlarga qarab ketibdi.

Qizlar hujumga o‘tishda davom etmoqda. Sag‘al oldin bir ayol kishi o‘zi bilan otnosheniyada bo‘lgan eks partneri Ulug‘ning moshinasini yoquvdi. Men tomonga qiyo boqib, qo‘limni ushab o‘pdingmi, demak menga uylanishga majbursan, degan aqida asosidagi dvijuxa. «Ulug‘imsan, Uluuuuug‘-im!».

Jadid otamiz Behbudiy «Millat qanday shakllanadi» degan maqolasida «odamlarning arzon hashamat va hoyu havasga qiziqib haqiqiy irfondan uzoqda» qolganidan afsuslanadi. 19-asrda hali ruslar ishg‘ol qilmasidan turib Xivaga sayohat qilgan olim Vamberi shahar xalqining to‘yda otilgan mushak, raqs tushadigan o‘g‘lon bola (bachcha) va maddoh (diniy cho‘pchak aytadigan voiz)larga o‘ta qiziqishini yozgan edi. 1873 yilda Xivaga borgan AQSh  jurnalisti MakGaxan ham buni tasdiqlab, «o‘g‘ri mulozimlar ham obro‘-e'tiborda» bo‘lganini qo‘shimcha qiladi. 

Oradan 100 yildan ziyod vaqt o‘tib nima o‘zgardi. Agar shaharga kibernetika, matematika yoki fizika fani bo‘yicha kashfiyot qilgan olim kelsa, hech kimga qiziq emas. Mabodo fonogrammada qo‘shiq aytadigan xonanda, liftda ashulachini quchoqlaydigan sozanda yoki birov yozgan matnni qiroat bilan o‘qiydigan suxandon kelsa, shaharning yarmi ishini qo‘yib yuguradi.

Miyasida hirs va shahvatdan boshqa narsa bo‘lmagan din tujjori kelib ma'viza qilsa, hamma o‘zini unutib talpinadi. Borini ularning oldiga tashaydi. Mabodo kokil qo‘yib, ashula aytadig‘on birisi o‘lib qolsa, yos tutib «qandoq yaxshi odam edi-ya», deb uch kun yig‘laydi.

Sal oldin ulug‘ fizik olim, shoir Oybekning bek o‘g‘li Bek aka Toshmuhammedov olamdan o‘tdi. Birov bildi, birov bilmadi.

Behbudiy ta'rif bergan qoloq millatning avom mansublari shisha sinig‘ini olmos deb biladi. O‘g‘rini aziz, so‘pini avliyo deydi. Mabodo orasidan bir «millatni yaxshi ko‘rguvchi» chiqsa, uni «taffoncha birla oting», deya yurtboshisiga yolboradi.

 Amerikadagi hindular Kolumb kemasida kelgan dengizchilarga olmos va oltinlarni berib, evaziga shisha siniqlarini olishgan. Buning badali nima bo‘ldi. Hindular dunyodan yo‘q bo‘ldi. Buyuk g‘ozi poshsho Mustafo Kamol Otaturk aytganiday, «Uxlagan millat uyg‘onmaydi. Mabodo uyg‘onsa, abadiy qul bo‘lib uyg‘onadi». Bu dono gapga qo‘shadigan bir jumlam ham yo‘q.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak.

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
10 noyabr 2017
9 noyabr kuni Toshkentga Puyol keldi, bilasiz-a? Karles Puyol «Barselona»ning sobiq himoyachisi. Jamoa tarixidagi eng zo‘r himoyachi. 2007 yil ...
15 mart 2023
O‘zbekiston kalimasini tarixga kirgizib, bu davlatning ilk rahbari bo‘lgan Xo‘jaev siymosini tarixdan o‘chirishga urinish keyingi yillarda izchil tus olgani ...
21 yanvar 2022
Azizlarim mana xafta aylanib yana siz bilan hamsuhbatman. Suhbati chor anda  mazza bor deyishadi. Kanalga obuna bo‘lgan do‘stlar soni ...
12 aprel 2023
Shu kunlarda tarmoqda ochiqlangan bir qancha hujjatlar O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov shaxsining manfaatlar to‘qnashuvi ostida qolayotganini, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...