UzPoster
1 oktyabr 2020

MIB ijrochilari oldida o‘zini yoqqan ayol kasalxonada vafot etdi

Tanasining 90 foizi kuygan 35 yoshar Gulandom 30 sentyabr kuni Namangan viloyati tibbiyot markazida olamdan o‘tdi.

Namangan shahrining Bog‘i Eram ko‘chasida istiqomat qilgan Gulandom Dedaboeva 29 sentyabr kuni MIB ijrochilari harakatiga isyon sifatida ular oldida ustiga benzin sepib o‘zini yoqib yuborgandi.

Bu «isyon» kadastri bo‘lmagan uyni bo‘shatish talabi ortidan yuzaga chiqqani aytildi.

Videodan kadr

Bog‘i Eram ko‘chasidagi oshkora o‘lim hikoyasi

«Eltuz» muxbiri marhumaning onasi Muhabbat Dedaboeva bilan bog‘landi. Suhbatdosh voqea qay tarzda ro‘y berganini batafsil so‘zlab berdi. Bundan tashqari, «Eltuz» muxbiri voqea aks etgan bir soatlik videotasvir bilan tanishib chiqdi.

O‘zini yoqqan ayolning onasi Muhabbat Dedaboevaga ko‘ra, hodisa 29 sentyabr kuni chamasi soat 13:00 larda yuz bergan. Majburiy ijro byurosi va IIB xodimlari xonadonga keladi hamda ulardan uyni bo‘shatishlarini talab qiladi.

«Ushbu hol ko‘p bora bo‘lgan», dedi suhbatdosh.

Gulandom Dedaboeva bu safar mutasaddilarga: “Uyga tomon yursalaringiz, o‘zimni yoqib yuboraman, uyni «falon so‘mga sotib olganman, o‘sha pulni bersin loaqal”, deya shart qo‘yadi.

Murosasiz tortishuvlardan so‘ng Gulandom Dedaboeva qo‘lidagi yoqilg‘ini ustiga, sepib o‘zini yoqib yuboradi. Diydasi qattiq IIB xodimlari yonayotgan ayolga yordam berish o‘rniga undan qochadi.

Ayol yon-atrofdagilar ko‘magida bir amallab o‘chiriladi. Tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketiladi. Voqea shu hodisa bilan tugaydi.

Tahririyatimizga taqdim etilgan videoda qo‘shnilarning halokatdan so‘ng yig‘lab shovqin solgani, MIB va IIB xodimlariga tosh otib, hokimlikni la'natlagani aks etgan…

Gulandom Dedaboeva 90 foiz kuyish xulosasi bilan davolanishga yotqiziladi. Jarohat o‘ta og‘ir deb baholanadi. Shifoxonaga yotqizilgandan 10 soat vaqt o‘tib (soat 00:30 larda) joni uzilgan.

Videodan kadr

Muammo nimada?

Gulandom Dedaboeva ikki farzandi va onasi bilan istiqomat qiladigan uyini 13 ming AQSh dollariga sotib olgan edi. Uy onasi Muhabbat Dedaboeva nomiga rasmiylashtirilgan. Biroq uy qurilgan yer kadastrida muammo bo‘lgan. Uyni sotgan fuqaro bu muammoni oxirigacha hal qilib bermagan.

Natijada viloyat hokimining uy-joy kadastri to‘g‘risidagi qaysidir qaroriga muvofiq, uy Muhabbat Dedaboevaga tegishli emas deb topilgan. So‘ng ijrochilar tomonidan tegishli tartibda uy bo‘shatilishi so‘ralgan.

«Eltuz» muxbiri viloyat MIB vakili bilan bog‘landi. Xodimning aytishicha, ushbu tortishuv ikki yildan buyon yechimini topmagan. Dadaboevalar istiqomat qilishda davom etgan va qonunlarga bo‘ysunmagan. Fojeadan so‘ng ushbu jarayon yopilishi yoki uyni tortib olish qay tartibda kechishi ma'lum emas.

Videotasvirlarni diqqat bilan ko‘rish chog‘ida ayolning ruhan sog‘lom ekanini sezish mumkin. U o‘zini yoqishni, natija bunday yakun topishni xohlamagan, bor-yo‘g‘i atrofdagilarga ta'sir ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Ayolni tinchlantirib, qo‘lidagi yoqilg‘ini olib qo‘yolmagan xodimlar va qo‘shnilarning katta xatosi tufayli voqea ayanchli yakun topdi.

Natijada kim ziyon ko‘rdi? Uy muammosi kasalmand onani qizidan, hali balog‘at yoshiga yetmagan ikki yigitni onasidan ayirdi…

Videodan kadr

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Bundan oldin ham MIB xodimlari faoliyatini bajarayotgani vaqtda shunga o‘xshash ko‘plab hodisalar sodir bo‘lgan. 

Qashqadaryoda ayol o‘zini yoqib yuborgan, surxondaryolik ayol bolta ko‘tarib chiqqan, ko‘plab tadbirkorlar o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgani haqida o‘zbek mahalliy elektron nashrlari e'lon qilgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 noyabr 2017
31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda pikapdagi erkak velosiped yo‘lakchasida sakkiz nafar odamni bosib o‘ldirdi. 12 odam jarohatlandi. Jinoyat terakt deya ...
30 noyabr 2020
Prezident Shavkat Mirziyoevning tibbiyot tizimini tubdan qayta qurishga qaratilgan topshirig‘i ortidan hali kasbini to‘liq egallab ulgurmagan talabalar go‘yoki amaliyot ...
13 iyun 2016
Sammitga hali ikki hafta vaqt borligiga qaramay, masjidlarga va boshqa jamoat idoralariga, odamlar maxsus metall skaneri orqali tekshirilgan holda ...
5 dekabr 2016
«Otasi» o‘lib, yetim qolgan O‘zbekiston telekanallari noyabr oyida asosiy e'tiborini saylov mavzusiga, undan ham muhimrog‘i saylovda 88,6 foiz ovoz ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...