Video
7 oktyabr 2020

Revizor: Davlatning imtiyoz sigirini emgan Allamjonov

Korruptsiya va nepotizm botqog‘iga botganlar, yetim haqini yeganlar, o‘g‘ri va firibgar mulozimlar, eshiting, revizor kelmoqda! U sizni fosh qiladi.

Fakt va raqamlar sizga qarshi. Revizorning lupasi siz qilgan jinoyatlarni kattalashtirib barchaga ko‘rsatadi.

Bugungi taftish qilmoqchi bo‘lganimiz mulozimni siz taniysiz. Men esa uni sizlardan ham yaxshi taniyman. Chunki men revizorman.

Adolatsiz afzalliklar: davlat yordami, O‘zbekistondagi iste'molchilarga imtiyozli munosabat va majburlash

Qo‘limizda kriminalistika professori Kristaian Laslett tadqiqoti. Davlat va xususiy boshqaruvning uzviy masalalari va boshqaruvga taalluqli xavf-xatarlar O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining sobiq bosh direktori, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov misolida chuqurroq tadqiq etilgan.

Allamjonov ishi

Komil Allamjonov (1984 yilda tug‘ilgan) — Davlat madaniyat va san'at instituti (2006) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (2010) bitiruvchisi.

2002−2004 yillarda O‘zbekiston FVV axborot xizmati bosh mutaxassisi bo‘lib ishlagan. 2004−2005 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati bosh mutaxassisi, 2005−2009 yillarda DSQ axborot xizmati rahbari v. b. — DSQ raisi matbuot kotibi bo‘lgan.

Allamjonovning mansab pillapoyalaridan shiddat bilan ko‘tarilib borishi uning sezilarli darajadagi ishchanlik faoliyati, yuqori martabali davlat lavozimlarini egallab borishga tayyorligi bilan ifodalanadi. 

U Davlat soliq qo‘mitasining matbuot kotibi lavozimida ishlayotgan davrida, 2009-2013 yillarda soliq mutaxassislariga mo‘ljallangan «Soliq Info» gazetasiga asos soldi, BEM asosida buxgalteriyani dasturiy ta'minlash, soliq deklaratsiyalari uchun E-Report raqamli platforma va «Avtotest» haydovchilarini o‘qitish uchun dasturiy ta'minotlarni amaliyotga tatbiq etdi. 

2013 yilda Allamjonov davlat xizmatidagi faoliyatini qisqa vaqtga tark etdi. U hukumat tarkibiga 2017 yilda prezident Mirziyoevning matbuot kotibi sifatida qaytdi. Keyinchalik, 2018 yil noyabrida OAV erkinligi bo‘yicha hukumat tomonidan ochilgan tizim podshohiga aylandi.

Kimlardir negadir Allamjonovni jurnalist deyishadi, ammo uning biror mavzuda yozgan jiddiy maqolasini topa olmadik.  

Tolstoy «Anna Karenina»ni, Qodiriy “O‘tkan kunlar”ni, Nabijon Boqiy “Qatlnoma”ni yozgan. Allamjonov hech narsa yozmagan. Ko‘cha tilida aytadigan bo‘lsak, davlatdan atayin imtiyoz olib, soqqa qilgan.

Rimga asos solgan aka uka Romul va Rim bo‘rini emgan bo‘lsa, Allamjonov davlat deb atalmish sigirni emish uchun turli vositalar yaratgan.

Kriminalistika professori Kristaian Laslett ikki yil davomida Allamjonov biznes saltanatining davlatga ulangan quvurlarini diqqat bilan o‘rgandi.

Ëstiqday bu tadqiqotni bilgichlar «Eltuz» saytidan o‘qib olishi mumkin. Men esa bu tadqiqotdagi tafsilotlarni teatr sahnasida qo‘yilgan spektakl kabi ko‘rsatib beraman. Pardalarni oching!!!

KIM ZAIF BO‘LSA, O‘ShA PUL TO‘LAYDI

Allamjonovning so‘zlariga ko‘ra, u tomonidan tashkil etilgan dastlabki ikkita yirik kompaniyadan biri soliq mutaxassislari uchun mo‘ljallangan “Soliq Info” gazetasidir.

“Soliq Info” o‘zining dastlabki marketing materiallarida gazetada Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi mutaxassislarining eksklyuziv sharhlari e'lon qilinganligini ta'kidladi.

“Soliq Info”da qayd etilishicha, obunachilar ekspertlar kengashi orqali Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi orqali hukumat amaldorlariga murojaat qilishlari mumkin. Hukumat va “Soliq Info” o‘rtasidagi yaqin munosabatlarning eng yorqin namunasini gazetadan topish mumkin. 

“Soliq Info” veb-saytining 2012 yildagi arxivlangan nusxasidan Murot Qodirovning gazeta bosh muharriri o‘rinbosari bo‘lganini ko‘rish mumkin. Bu davrda Qodirov Moliya vazirligining soliq siyosati bo‘limini boshqargan. 

“Soliq Info” Davlat soliq qo‘mitasining yuqori lavozimli xodimi tomonidan ta'sis etilgan va bosh muharrir o‘rinbosari Moliya vazirligidan tayinlangan.

Bu  jiddiy va aniq manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligini anglatadi. Gazeta faol ravishda sotilib, hukumatdan eksklyuziv ravishda pul ishlab topganligi sababli faktlar ushbu manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘ri hal qilinmaganini ko‘rsatadi.

“Soliq Info” gazetasini sotishda Davlat soliq qo‘mitasi yordam berganligi haqida aniq dalillar mavjud. Bu “Soliq Info” bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarlarda yaqqol kuzatiladi.

Seminarlarga taklif etilgan ishtirokchilar soliq xizmatining yuqori lavozimli amaldorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Davlat soliq qo‘mitasi bilan tashkil etilgan ushbu seminarlarda BEM va “Soliq Info” mahsulotlari bevosita ishtirokchilarga sotilgan.

Reklama takliflari auditoriyaga potentsial ta'sirini tegishli kontekstda taqdim etishi kerak. O‘sha paytda Davlat soliq qo‘mitasi Karimov hukmronligining so‘nggi davrida tobora kuchayib borayotgan avtoritar davlat apparatidagi eng nufuzli organlardan biri edi. 

2013 yil 9 may kuni O‘zbekiston buxgalterlari va tadbirkorlari forumida soha mutaxassislari bunday deb yozdi: 

«Xayrli kun! Bizda favqulodda vaziyat, kecha soliq xizmati xodimi «Soliq Info» gazetasini va elektron hisobotlarni yuborish dasturini yetkazib berishga oid «SOLIQ INFO SYSTEMS» MChJning shartnomasi va schyot-fakturasini olib keldi va qoldirib ketdi. Buning uchun 249 ming so‘m haq to‘lash kerakligini va imzo chekish lozimligini aytdi».

Ushbu xabar bir qator fikr-mulohazalar paydo bo‘lishiga olib keldi, hamkasblar nashrlarni sotib olishga majbur qilinganiga doir boshidan o‘tkazgan voqealarni aytib berishdi. Bir buxgalter bunday dedi:

«Bugun men balansni qayta hisoblash uchun Chilonzor tumani davlat soliq inspektsiyasiga bordim. Albatta, boshqalar qatori mendan ham «Soliq Info»ning elektron nusxasini disk bilan birga sotib oldingizmi, deb so‘rashdi. Albatta, men garchi bunga ehtiyojimiz yo‘q bo‘lsa-da, bizda borligini aytdim. Ammo soliq inspektori mening so‘zlarimga ishonmadi. 

DSIdan qaytganimizdan yarim soat o‘tgach, soliq idorasi xodimlari qo‘ng‘iroq qilishdi va bizning muddati o‘tgan debitorlik qarzimiz borligini xabar qilishdi. Garchi bizda hech qanday qarzdorlik bo‘lmasa ham ular hujjatlar bilan DSIga kelishimizni so‘rashdi».

O‘ynashmagin arbob bilan, arbob  urar har bob bilan. Gazetaga obuna bo‘lmagan odamning kovushi to‘g‘rilangan.

Ushbu da'volarning haqqoniyligini tekshirish uchun buxgalterlar va soha mutaxassislaridan izoh so‘rash talab qilindi. Bu O‘zbekistonning hozirgi siyosiy iqlimida qiyin. 

Yuqori lavozimli mansabdor shaxslarni va ularning biznes faoliyatini ommaviy tanqid qilgan odamlar ta'qibga uchrashi yoki qamoqqa olinishi xavfiga duchor bo‘ladi. Ikki kishi qat'iy anonimlik sharoitida suhbatlarda qatnashishga tayyor edilar. 

Ulardan biri 15 yildan ortiq ish tajribasiga ega buxgalter: «Soliq xizmati tekshiruvlar paytida bizni gazetaga obuna bo‘lishga majbur qildi. To‘g‘ri, gazetada kerakli ma'lumotlar e'lon qilingan, ammo u majburiy ravishda tarqatilmasa narxi juda yuqori bo‘lgani tufayli hamma ham obuna bo‘la olmaydi». 

Ikkinchi tajribali tadbirkor va soliq bo‘yicha mutaxassis oldingi ma'lumotni tasdiqlaydi:

 «Soliq qo‘mitasi bizni “Soliq Info” gazetasiga yillik obuna bo‘lishga va BEM dasturlarini sotib olishga majbur qildi. «Soliq Info» gazetasiga majburiy obuna bundan ham ilgari boshlangan. Soliq qo‘mitasi meni “Soliq Info”ga obuna bo‘lishga majbur qildi… Na iloj, biz ularning aytganini qilamiz, aks holda ular normal ishlashimizga yo‘l qo‘ymaydi, buni o‘zingiz ham bilasiz».

Na “Soliq Info” yoki BEM kompaniyasi rahbarlarining va na Komil Allamjonov yoki  soliq inspektorlarining mijozlarni o‘z mahsulotlarini keng miqyosda sotib olishga majburlayotganliklarini isbotlash mumkin emas. 

Biroq ba'zi bir muhim savollarga javob berish kerak: mijozlarni davlat miqyosida majburlov yo‘li bilan ish olib borishiga bu kompaniyaga kim buyruq bergan? Ularga bu ishlarni amalga oshirishda kimlar turtki bermoqda? Noqonuniy operatsiyalari haqida kimlar biladi?

Ishonch bilan ayta olamizki, «Soliq Info» ushbu korruptsion faoliyati orqali mahsulotlarini sotishni ko‘paytirishga erishdi va bevosita foyda ko‘rishdi.

Taftish davom etadi, janoblar. Asabi bo‘shlar tomosha zalini tark qilishi mumkin.

Nima bu BEM? Har xolda bemanilik degan so‘z boshidagi uch harf emas. 

30 yil oldin buxgalterlar yog‘och va simdan bo‘lgan oddiy cho‘tni qoqib hisobot tayyorlashgan. Keyin esa ular ish stolida kompyuterlar paydo bo‘ldi. Kompyuter esa dastur bilan ishlaydi. Dastur esa sotiladi.

2014 yil 1 yanvardagi holatga ko‘ra, O‘zbekistonda 241 mingdan ziyod  yuridik shaxs faoliyat ko‘rsatayotgani va ularning har birida ishlatgan buxgalter soliq idorasiga hisobot topshirishini o‘ylasak, Allamjonovning ishtahasini tushunib yetamiz.

Bojxonadan siyosatga: E-Report Service elektron hisobot xizmati

BEM sobiq bosh direktorining 2016 yildagi izohiga ko‘ra , «O‘zbekiston Respublikasidagi deyarli barcha yuridik shaxslar BEM dasturiy ta'minotiga ega». 

Ya'ni Allamjonov 2014 yilda o‘zining filkina gramotasini 241 mingdan ziyod  buxgalterga pullagan. Olish ixtiyoriy-majburiy bo‘lganini bilamiz. 

Kriminalistika professori Kristaian Laslett tadqiqotidan parcha:

“Soliq Info va BEM an'anaga asos soldi. Aftidan, Allamjonovning boshlang‘ich tashkilotlari Davlat soliq qo‘mitasi Allamjonovga bergan qator imtiyozlar tufayli doimo adolatsiz ustunliklardan foydalandilar. Ushbu kelishuv E-Report Service biznesi bilan rasmiy hukumat siyosatiga aylandi». 

E-Report degani nima? O‘zbeklar birovni so‘kmoqchi bo‘lsa, e reportingga ham, deb boshlaydi. Mening bilishimcha, E-Report Allamjonov ijod qilgan vosita. Bu vosita shirkat va kichik korxonalarni qaqshatishga qaratilgan.

E-Report – bu soliq va buxgalteriya sohasi mutaxassislariga soliq hujjatlarini onlayn ravishda topshirishga imkon beradigan dastur va raqamli platforma.

Shuningdek, ular davlat xizmatchilari tomonidan boshqa raqamli xizmatlar doirasida «qonunlarni biznes jarayonlarda qo‘llashning murakkabligi» to‘g‘risida maxsus yordam va mulohazalarni olishlari mumkin. 

E-Report Service MChJ dasturiy ta'minot kompaniyasi va platformasi. Dasturda Avtotest Report va Pomidor Entertainment ning telefon raqami va pochta manzili haqida ma'lumotni ko‘ramiz. Umuman, E-Report ning etagini ko‘tarsangiz, tagidan Allamjonov chiqadi.

«2014 yilga oid rasmiy protokollar Allamjonov Davlat soliq qo‘mitasidan ishdan ketganidan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Respublikasi milliy axborot-kommunikatsiya tizimini 2013-2020 yillarda kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi komissiya yig‘ilishida tuziladi. Protokolda E-Report Service va hukumat o‘rtasidagi noo‘rin munosabatlarga aniqlik kiritiladi. 

Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari O.Rustamov tomonidan berilgan ma'lumotlarga asoslanib yig‘ilish bayonnomasida quyidagilar ko‘rsatilgan: «Moliyaviy hisobot, soliq, statistika va boshqa turdagi hisobotlarni taqdim etish kabi real vaqt rejimida tadbirkorlik sub'ektlariga konsalting xizmatlar ko‘rsatishga imkon beruvchi E-Report Service mas'uliyati cheklangan jamiyati E-Report ichki dasturini ishlab chiqdi».

Bayonotda aytilishicha, respublika komissiyasi «Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi davlat tijorat Xalq banki E-Report dasturiy ta'minotini butun mamlakat bo‘ylab ixtiyoriy ravishda joriy etishga rozilik bildirgan». 

Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi davlat tijorat banki ikki oy ichida «E-report» dasturidan foydalangan holda elektron hisobotlarni olish uchun o‘zaro aloqa qoidalarini ishlab chiqish va o‘zlarining axborot tizimlarini integratsiyalash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib olganliklari qayd etilgan. 

Shuningdek, ular doimiy ravishda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda barcha xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish va » E-Report Service» MChJga E-Report dasturiy ta'minotini sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzishga yordam berish bo‘yicha kelishib oldilar.  

Qisqacha aytganda, protokollar davlat idoralari tomonidan raqamli tizimlarni E-Report platformasi texnologiyasiga muvofiq kalibrlashga rozi bo‘lganliklarini ko‘rsatadigan bir qator qarorlar yozilgan.

Bu esa E-Report Services MChJga har qanday potentsial raqibga nisbatan sezilarli raqobat ustunligi kabi ko‘rinishi mumkin. Bundan tashqari, davlat elektron hisobot dasturlarini sotish va mijozlar bilan shartnomalar tuzishda yordam berishga rozi bo‘ldi. 

Yig‘ilish bayonnomasida shunga o‘xshash yordamni qabul qilgan boshqa biron bir kompaniya haqida hech narsa aytilmagan. 

Ammo Allamjonov Forbesda o‘zining shaxsiy manfaatlariga doir ba'zi ochiq e'tiroflarni yoyinlagan. U Soliq Info, BEM Systems, E-Report Service va Avtotest Report, shuningdek, Uz24 yangiliklar portalining asoschisi ekanligini tasdiqlaydi. 

Komil Ismoilovich Allamjonovning so‘zlariga ko‘ra, u tomonidan ta'sis etilgan kompaniyalarning bayonoti 2019 yil 16 avgustda tasdiqlangan. 

Birinchidan, Soliq Info Tahriryati aktsiyalari Allamjonovning xotiniga tegishli. Ushbu kompaniya orqali u Xurshida Ismoilovna Sultonova bilan birgalikda qisman BEM Systemsga egalik qiladi. 

Ikkinchidan, internetda Bobur Alimboboev ismli odam Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘z akkauntiga ega. Ushbu qaydnomada Alimboboevning ish beruvchisi Soliq Info ro‘yxatiga kiritilgan. Bu Avtotest Report va Pomidor Entertainment ro‘yxatida qayd etilgan o‘sha odam ekanligini tasdiqlash mumkin. Alimboboevga yuborilgan yozishmalarga javob berilmadi. Nihoyat, O‘zbekistonning intellektual mulk reestriga ko‘ra, Avtotest Reportga tegishli bir qator texnologiyalar va materiallar Komil Ismoilovich Allamjonov tomonidan yaratilgan.

1-chizma: Komil Allamjonov tomonidan asos solingan kompaniyalarning diagrammasi

Ba'zi bir muhim tafsilotlarni 1-jadvalda ko‘rish mumkin. Masalan, Avotest Report, E-Report Service va PomidorEntertainment ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamiga ega, shuningdek, Pomidor Entertainment va E-Report Service ro‘yxatdan o‘tgan ko‘cha manziliga ega. Bu ularning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik sub'ektlari ekanligidan dalolat beradi.

Albatta, Davlat soliq qo‘mitasi kabi organning E-Report Services MChJ xususiy kompaniyasiga savdo agenti sifatida ishtirok etish huquqini berishi qachonki kompaniya asoschisi qo‘mita bilan yaqin aloqa o‘rnatgan bir sharoitda har tomonlama mos kelmasligi mumkin.  

Xuddi BEM kabi E-Report Services ham Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi ishtirokida tashkil etiladigan va muntazam ravishda o‘tkaziladigan seminar va amaliyotlardan foyda ko‘rdi. 

Chunki bunday anjumanlarda ularning dasturlari namoyish etilgan va o‘ziga xos reklama qilingan. Elektron hisobot xizmati xususiy veb-saytida 2015-2016 yillar davomida o‘tkazilgan tadbirlar muntazam ravishda qayd qilib boriladi. 

Bu paytga kelib Allamjonov Davlat soliq qo‘mitasidagi faoliyatini to‘xtatgan edi. Ammo endi Allamjonov davlat deb atalmish sog‘in sigirning boshqa yelinini  emishga chog‘lanayotgan edi. 

Gap «Avtotest» va davlat hujjatlarini plastik karta holatiga keltirish biznesi haqida. Bu haqda keyingi ko‘rsatuvda  to‘xtalamiz. Taftish davom etadi, janoblar.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 oktyabr 2016
Bugun 62 yoshini qarshilayotgan Muhammad Bekjonni men o‘z qadrdon akamday bilardim, «Erk» gazetasi sahifalarini tayyorlash jarayonlarida u bilan dastlabki ...
30 noyabr 2018
2018 yilning 29 noyabr kuni Xorazm viloyati jinoyat ishlari sudi binosida jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi majlisi ...
1 dekabr 2021
Taniqli huquq faoli Umida Niyozova rahbarligidagi Cotton Campaign koalitsiyasi delegatsiyasi 1 dekabr kuni O‘zbekistonga keldi. Ular bir hafta mobaynida O‘zbekiston ...
30 mart 2016
«Huquq» gazetasi bu iddaolarni tasdiqlovchi maqola chop etdi. To‘g‘ri, unda advokat vositachi bo‘lgani to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmaydi, balki firibgarlik qilgani ta'kidlanadi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...