Asosiy mavzular
26 mart 2021

RTdan va'z: Karimov haykalini uchinchi prezident yiqadi

“Bilasizmi,” – deydi U sizga tikilib, –

Nechun «Erk» deganda,

Qushning nomin bog‘lab aytarlar,

“Qushday erkinman”, deb aytarlar nega?

Chunki haqoratdan ustun turar qush –

O‘ta og‘zi shaloq kimsa ham,

O‘zini so‘kadi qushni so‘kkanda.

Chunki qush birovdan gina qilmaydi,

Xafa bo‘lmas don bermasalar,

Lekin ta'zim qilmas don berganga ham.

Chunki kim don bersa,

O‘zi uchun berar qushga berganda.

Qushni “hurkak” derlar,

Bu  –  yolg‘on.

Qush doim hurkkanda,

Tashlab ketayotgan bo‘ladi, xolos

Navbatdagi Erksizligini…

(Muhammad Solih, 1980)

Shoir va siyosatchi Muhammad Solih buni G‘afur G‘ulom nashriyotidan ishdan bo‘shatilgan kuni bitgan edi.  O‘sha kuni u o‘zini qushday erkin bo‘lgandek his qilganini yozgan. Shoir xalqi erkini ham shunday istab yashadi…. Qafasdan ozod bo‘ldi, lekin qanotlari singan edi bu xalqning. Bu xalq hamon parvoz qilishni istaydi. Ammo o‘tmish yarasi hamon og‘rimoqda.   

Azizlarim! Mushfiqlarim! Avvalgi diydorlashuvdan bir hafta o‘tdi. Bu orada  Yangi yilimiz ham kirib keldi. Barchangizni sog‘indim, mard, zukko, kuyukchan va jasur vatandoshim! Gohida kulib, gohida yig‘lab juma va'zini tayyorladim. Rahmatingizni davo, haqoratingizni shifo deya qabul qilaman. Tosh otsangiz, gul tegdi, deyman, aziz vatandoshim!

Yagona umidim – biz qurayotgan O‘zbekiston otliq shar osmonga ko‘tarilsin! Baland-balandlarga erkin qush misoli parvoz qilsin.

Parvozga bo‘lgan ehtiyoj

“Havo sharini uchirish qoidasi” nomli muhim hayotiy printsip bor. Bu qoida juda oddiy – havo shari osmonga ko‘tarilishi uchun ortiqcha yuk ataylabdan yerga tashlab yuboriladi.

O‘zbekistonning taraqqiy etishini havo sharining osmonga ko‘tarilishi, deya tasavvur qiling. Agar havo sharining ost qismidagi qutiga og‘ir yuk ortilgan bo‘lsa, u osmonga ko‘tarilmaydi. Havoga ko‘tarilgan taqdirda ham tezda yerga qulaydi, chunki yuki og‘ir.

Muvozanatni saqlab turish, yanada balandroqqa ko‘tarilish uchun esa ortiqcha yuk doimo tashlab turilishi kerak. “Havo sharini uchirish printsipi”dan kelib chiqib xulosa qiladigan bo‘lsak, nega O‘zbekiston qoloq mamlakatlar qatorida qolayotgani oydinlashadi.

Buni o‘tgan hafta sobiq qo‘shiqchi, siyosatga endi tetapoya qilib kirib kelayotgan Jahongir Otajonov o‘zida tajriba qilib ko‘rdi.

“Erkinlik oqibati”

Jahongir Otajonov agar prezident bo‘lsa, birinchi qiladigan ishi sobiq prezident Islom Karimovning Toshkentdagi haykalini olib tashlash bo‘lishini ta'kidladi.

Bu gapni aytdi-yu, Jahongir baloga qoldi. Unga trollar fabrikasi mo‘r-malaxday tashlandi.

Unga qarshi chiqishlardan ikkita misol keltiramiz. Mana bu troll esa Jahongir Otajonovga qarshi ochiqcha tahdidga o‘tdi.

Ko‘rib turganingizdek, bu trollbachcha ochiqchasiga o‘zbek xalqiga erkinlik kerak emasligini aytmoqda. Karimov davridagi zulmlarni yoqlab chiqyapti.

Jahongir, bilibmi-bilmaymi, qahramonlik ko‘rsatdi.

Lekin u bunday chaqiriq bilan chiqayotgan birinchi odam emas.

Bundan uch yil muqaddam O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Ëzuvchilar uyushmasining sobiq raisi Jamol Kamol Shavkat Mirziyoevga maktub yozib, uni Karimovga tanqidiy baho berishga  chaqirgan edi.

«Karimov davri zulmat edi. Karimov xalqni qatag‘on qilgan edi. Men bundan ikki yil oldin hozirgi rahbarimiz Shavkat Mirziyoevga maktub yozib, Toshkent xalqaro aeroportiga Karimov nomini qo‘ymang, muzey va haykallar qurishdan oldin bu shaxs faoliyatiga tanqidiy baho beraylik, deb chiqqanimda ko‘pchilik meni quvvatlamadi.

Bugunga kelib yurt oydinlari¸ jurnalistlar bu gapni ayta boshlagani ma'qul ish. Nega ular Karimov tirik paytida buni aytmadi, deyish insofsizlik bo‘lar edi. Karimov ularni yo‘q qilgan bo‘lar edi».

(Yozuvchi Jamol Kamol)

Nima uchun avvalgi hukmdorning jinoyatlari qoralanishi shart?

Avvalgi hukmdor sodir qilgan jinoyatlarning qoralanishi yangi hukmdorning bunday jinoyatlarga qo‘l urmasligiga ma'naviy poydevor, norasmiy va'da bo‘lib xizmat qiladi.

Yangi prezident eski prezidentning jinoyatlarini fosh qilmasa, ismini aytib qoralamasa, bu yangi rahbarning: “Kelajakda men ham xuddi shunday ishlarni qilishim mumkin”, deyishiga bir sha'ma bo‘lib xizmat qiladi.

Ha, eski prezident davrida vazir yoki bosh vazir bo‘lib ishlagan kishilarga buni qilish qiyin.

Lekin mamlakat va xalq to‘g‘ri yo‘ldan ketishi uchun qiyshiq yo‘lning qiyshiqligi, bu yo‘lga olib kirgan eski rahbarning ayblari ham tushuntirilishi va qoralanishi kerak.

Dekarimovizatsiya

XX asrning ikkinchi yarmida nemis jamiyati, ehtimol, Yevropadagi eng og‘ir tanlov vaziyatida o‘zini topdi – odamlar oldida tarixiy tajribani qayta ko‘rib chiqish va butunlay yangi ijtimoiy ongni yaratish vazifasi turardi.

Ikkinchi jahon urushidan oldin va urush payti nemis xalqi Gitlerning millatchi da'vatlariga mahliyo bo‘lib, uning fashist siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlagan edi.

Lekin urushda yengilgach, shu xalq adashganini, qiyshiq yo‘ldan yurganini mardlarcha tan oldi.

“Havo sharini uchirish qoidasi”ga rioya qilib, keraksiz yuklar yerga uloqtirildi.

Chunki bu to‘g‘ri yo‘ldan ketish uchun juda zarur edi. Hozirgacha Germaniyada fashizmning oqibatlari haqida ko‘plab chiqishlar qilinadi, hujjatli va badiiy filmlar suratga olinadi.

Gitler doim qoralanadi.

Bizda esa yangi hukumat ana shu sinalgan yo‘ldan yurish o‘rniga Karimovning ismini aytmasdan, qilgan ishlarini qoralamoqchi bo‘lib ko‘rdi.

Lekin uni ham oxiriga yetkaza olmadi.

Nima emish, Karimovni yomonlash o‘zbekchilikka, oshna-og‘aynigarchilikka, boring, ana, erkaklikka to‘g‘ri kelmas ekan.

Nima emish, o‘lgan odamning orqasidan gapirish yaxshi emas ekan.

O‘zbekiston o‘g‘rilarning «razborka»lari o‘tkaziladigan choyxona emaski, mamlakat rahbari u yerda mujikchilik-pujikchilik, o‘zbeychilik-andishachilik tushunchalari bilan ish yuritsa.

Davlat rahbari uchun siyosat odami bo‘lish muhimmi yoki choyxona erkagi bo‘lish muhimroqmi?

O‘zbek xalqi hali ham davlat rahbarining siyosatchiga aylanishini kutyapti. Zero, siyosatchi o‘zining ortidan butun xalqni ergashtiradi, choyxonachi esa to‘rt-besh og‘aynisini ergashtira oladi, xolos.

Bugungi rahbariyat o‘tmish xatolarini tan olishi, Karimov jinoyatlarini ochiqcha aytishi zarur!

Jasliq kontslageri muzeyga aylantirilishi kerak! Maktab o‘quvchilari va oliygohlar talabalari uchun guruh–guruh bo‘lib bu borsa kelmas qamoqxonaga sayohatlar tashkillashtirilishi kerak!

Jasliq yoki Gvardeyskiy qamoqxonasini qiynoqlar muzeyiga aylantirish shunchalik og‘ir ish edimi?

Mayli, Karimovning jinoyatlarini aytishdan va qoralashdan bosh tortildi.

Lekin unga mamlakat bo‘ylab haykallar o‘rnatilganini qanday tushunish kerak?

Karimovning qaysi karomati uchun? Matbuot bo‘g‘ilgani, minglab siyosiy va diniy mahkumlar, o‘ldirilgan muxolifat faollari, qirib tashlangan Andijon, majburiy mehnat, bolalar mehnati, diktatura uchunmi! Yoki o‘marilgan milliardlar uchunmi?

O‘ylanmay qurilgan haykal tufayli bugun uni buzish g‘oyasini dodachi zombilar xuddi Ka'batullohni buzish g‘oyasidek qabul qilishmoqda.

Jazavaga tushishmoqda.

Bu holatda yangi hukumat va rahbarning ham ulushi bor!

Yangi hukumatning farg‘onalik kelinlarni qoralashga kuchi yetadi-yu, lekin shu kelinlarning erlarini yomonlashga «duxi» yetmaydimi?! Uyat, uyat va yana uyat!

Yangi hukumat besh yil oldin Islom Karimovning jinoyatlarini qoralashga o‘zida iroda topa olmagan edi. Mana, bugun Sardoba suv ombori qurilishiga ajratilgan pullarni o‘margan mulozimlarni qoralashga ham kuch topa olmayapti.

O‘zbekiston degan yurtni so‘rab o‘tirgan janoblar!

Siyosatda haqiqatdan yuz o‘girish, chala va mayda qadamlar bilan imillash yomon oqibatlarga olib keladi. Yomon oqibatlarga olib kelmoqda ham.

Olmoniyada Gitler fashizmidan qutilish uchun defashisizatsiya siyosati o‘tkazildi. Bugun O‘zbekistonda ham dekarimovizatsiya siyosati yo‘lga qo‘yilishi kerak. Toki, bo‘lajak avlod Karimovdan dohiy yasamasin, toki Karimovni avliyoga aylantirmasin!

Avval xasta etding u sarxush itni,

Yo‘lin hozirlading so‘ng manzil tomon,

Va o‘z otang bo‘lgan bu mustabidni

“Xalqning otasi“ deb etdingku e'lon!

So‘ngra yuvding, ko‘mding sen – g‘assol,

Moskvadan olding yo‘lu yo‘riqni,

U amr ayladi: “Ey sodiq vassal,

Kiydir xalqingga shu bo‘yunturuqni!”

(Muhammad Solih)

Neokommunistlar

Mana, kuni kecha odamlarning qiziqishi so‘nib borayotgan Shovvozsoy mavzusini yo‘q yerdan hukumatning o‘zi qayta ko‘tardi. Davlat rahbari to‘rtta jurnalistning go‘yoki jurnalistik savoliga javob berganday bo‘ldi. Natijada unutilayotgan masala bo‘yicha yana savollarni ko‘paytirdi.

Nima uchun shunday bo‘ldi, bilasizmi?

Chunki temir yo‘l kompaniyasi tayyorlagan videoraddiya chala edi.

Prezident ana shu chala ishning kemtigini yopaman, deb kemtikni kattalashtirib yubordi.

Prezidentning yonida axborot siyosati, siyosiy texnologiyalarni yaxshi biladigan bir mutaxassis, maslahatchi yo‘qligi yaqqol ko‘rinib qolmoqda.

Davlat qo‘lbola usulda, kolxozchasiga boshqarilayotgani kundan kunga ayon bo‘lmoqda.

Boshqa tomondan, sobiq komsomol va kompartiyadan chiqqan bu neobolsheviklar mamlakatdagi axborot maydonini o‘z ishining ustasiga, professional va tajribali jurnalistga ishonib topshira oladimi?

Uning maslahatlariga quloq tutadimi?

Aminmanki, prezidentga G‘arb jurnalistikasi va mediamakonidan, zamonaviy siyosiy texnologiyalardan xabardor, tajribali bir jurnalist maslahatchilik qilsa, prezident esa uning maslahatlariga quloq solsa,  na prezident va na hukumat bugungidek sharmanda bo‘lmas edi.

Yarani yashirishni, xo‘p-xo‘plashni bas qilish vaqti yetmadimi, ey ahli Xo‘piston!

XO‘PISTON

Shoir va jurnalist Rahimjon Rahmatning bitiklarini “Xo‘piston” deb nomladim. Rahimjon Rahmat bugungi shuurimizni achchiq satrlarda ifodalagan.

Mana o‘sha bitiklar:

Maktabga borayotganimizda ota-onamiz:

– O‘qituvching nima desa, xo‘p degin, – deb aytardi.

Bizlar:

– Xo‘p, – deyardik.

Harbiyga ketayotganimizda:

– Komandiring nima desa, xo‘p degin, – degan nasihat eshitdik.

Ulg‘ayib, ishlaydigan bo‘ldik.

Ota-onamiz:

– Boshliqlaring nima desa, xo‘p degin, ular bilan gap talashma, – deya qattiq tayinladi.

» Xo‘p, xo‘p, xo‘p», deb ulg‘aydim.

Toshga qoqinsam, xo‘p dedim, oyog‘imga tikan kirsa ham xo‘p dedim.

Hayotda shu qadar ko‘p xo‘p deb yashadimki, hatto ismimni Xo‘p desam bo‘ladi.

Quturgan itgayam, ilonu chayonga ham xo‘p dedim.

Yarimta nonimni tortib olgan zo‘ravonga ham xo‘p dedim.

Kimdir kelib: » Uyingni buzaman!» dedi.

Men:

– Xo‘p,- dedim.

Yana kimdir:

– Ko‘cha meniki, yurmaysan,- dedi.

– Xo‘p,- dedim.

– Mening qo‘shig‘imni aytasan.

– Xo‘p.

– Men ko‘rsatgan yo‘ldan yurasan.

– Xo‘p.

-Men aytgan kunni bayram qilasan.

– Xo‘p.

– Begunohga tuhmat qilasan.

– Xo‘p.

– Yolg‘on guvohlik berasan.

– Xo‘p.

– Do‘stingning sirini sotasan.

– Xo‘p.

– O‘l degan kunim o‘lasan.

– Xo‘p.

– O‘g‘lingni malaylikka berasan.

– Xo‘p.

– Mendan qolgan sarqitni yeysan.

– Xo‘p.

– Xo‘p, xo‘p, xo‘p va go‘rga kirgunimcha xo‘p. Mendan keyingi avlodlarim ham o‘lguncha xo‘p deydi.

Qiyomatgacha bizning ishimiz xo‘p deyish.

Agar xo‘p demasam, fikr yuritishga, qiynalishga, och qolishga to‘g‘ri keladi.

Kimga xo‘p desak, o‘sha inson bizni himoya qiladi, non va boshpana beradi.

Sumalakdan tosh topdim

Xorazm viloyati markazi Urganch shahridagi tungi klubning yarim yalang‘och holda sumalak pishirgan raqqosalari hibsga olinib, omma oldida izza qilindi.

21 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda sakkiz nafar ayolning sumalakni yarim yalang‘och holda pishirayotgani aks etgan video tarqaldi.

Keyinchalik videodagi yarim yalang‘och ayollarning “Saxara” klubi raqqosalari bo‘lgani aniqlandi.

Jurnalist Ibrat Safo urganchlik raqqosa xotin-qizlarning sazoyi qilinishidan juda noqulay ahvolga tushganini yozadi:

Urganchlik raqqosa qizlarning hokimlik va milisaxonalarga sudrab sazoyi qilinishi, suratlar va videolarga olib, vazifasi fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘lgan mahalliy idoralar tomonidan ommaga tarqatilishi juda-juda ayanchli.

Juda noqulay qiladi odamni. Gap bu yerda u qizlar o‘zlari tushgan videoda ham emas, gap aynan davlatda o‘z ayollarini qanday oyoqosti qilish potentsiali borligi haqida.

Ogohlantirish yo jarima berishi emas, 15 kunga qamab qo‘yishi haqida. Klubda raqsga tushishga ruxsat berishi va keyin qamashi haqida. Biz yaqindagina bir kun to‘xtamay tabriklagan opa-singillarimizga nisbatan berahmlik, shafqatsizlik haqida.

19-asrda Xivaga safar qilgan ajnabiy sayyohning kitobidagi bir sahna esimga tushdi. U Xiva xonligida aybdor topilib toshbo‘ron qilingan qizlar boshqa xonliklardagidan ko‘proq qiynalib o‘lishlarini tasvirlaydi, chunki Xivada tosh kam edi, kesakbo‘rondan o‘lish azobi esa ancha uzoqroqqa cho‘zilardi.

Ba'zilar o‘zini o‘sha kesak ushlagan xonlardek his qilayotgan bo‘lsa kerak. Bravo.

Ayni kunda ayni Xorazm viloyatining Shovot tumanida ob-havo sovuq bo‘lishiga qaramay, bog‘cha tarbiyalanuvchilari yupqa kiyimda tuman hokimi o‘ngida sahna ko‘rinishi qilayotgani tasvirlangan suratlar ijtimoiy tarmoqda tarqaldi.

Ammo bu holatga hech kim lom-mim degani yo‘q. Nari borsa, bog‘cha opaga  hayfsan berishadi. Lekin bolakaylarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan hokimbuvalarga jazo berilishi kerak emasmi?

Yo‘q unday bo‘lmaydi. Chunki bugungi o‘zbek standardlari shunaqa. Paradoksli.

Bugungi o‘zbek

O‘zbekka qoyil qolmay iloj yo‘q. Chunki:

mustaqillikka tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan Islom Karimovni «mustaqillik me'mori» deydi-yu, unga mustaqillikni bergan Mixail Gorbachyovga la'nat o‘qiydi;

– mustaqillik uchun kurashganlarni «vatangado» va «xalq dushmani» deydi-yu, mustaqillikka tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lganlarni «vatanparvar» deb olqishlaydi;

–  Toshkentda qatag‘on qurbonlariga atab yodgorlik majmuasi, bosqinchilarga atab esa butxona quradi;

– Mustaqillik kunini bayram qiladi-yu SSSR qulagan kunni eslab ko‘zyoshi to‘kadi;

– namoz o‘qiydi-yu, Stalinni dohiy deb ataydi;

– cho‘chqa go‘shtini yemaydi-yu, aroqni bemalol ichaveradi;

– hayotidan ertayu kech noliydi-yu, har gal bitta rahbarni saylaydi;

– dunyoda eng yirik gaz zaxirasiga ega-yu, qishda tezak yoqadi;

– oltin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi-yu, cho‘ntagi teshik;

– ayollarni «sochi uzun, aqli kalta» deydi-yu, 8 mart kunga uning sharafiga qo‘shiq kuylaydi;

– Amerikani yomon deydi-yu, grin kard yutishni orzu qiladi;

– Yevropani geyropa deydi-yu, u yerdan boshpana olishni orzu qiladi.

Paradoksmi, paradoks. O‘zbekning o‘zi qiziq, o‘zidan so‘zi qiziq.  Chao pompido kurva kakain!

Yaxshimi, yomonmi, kasbimiz – so‘zdir.

Biz aytgan so‘zdan tosh erimasa ham.

Chiqib ketmasa ham ilon inidan,

Bu kasbdan tonmaymiz baribir.

Devor paydo bo‘lsa ro‘paramizda

Unga ham boshlarni urmaymiz –

Ish shu bo‘lgandan so‘ng gapiramiz-da,

So‘zlaymiz devorga, qarab turmaymiz.

(Muhammad Solih, 1981 yil)

Zukko do‘stim! Sen nima qilyapsan devor o‘ngida? Qarab turma, sen ham dardingni yoz, gapir. Hech bo‘lmasa devorga qarab, haqingni talab qil. Bu haqni sendan hali hech kim olib qo‘ygani yo‘q! Jillaqursa shu gapimga “Xo‘p” degin!

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak! 

Rassom Tuz

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 fevral 2018
Moliyaviy piramida yaratgan chinozlik tadbirkor, 40 yoshli Ahmad Tursunboev 13 yilga hukm etildi. Amnistiya qo‘llanib, jazo to‘rtdan birga qisqartirildi. ...
26 sentyabr 2017
26 sentyabr kuni tanqidiy fikrlari uchun o‘zbek hukumatining qora ro‘yxatiga kiritilgan 63 yoshli yozuvchi Nurilla Otaxonov Turkiyadan Toshkentga yo‘l ...
3 oktyabr 2016
Kasb bayramlarini o‘zbek tibbiyot xodimlari har yili paxta dalalarida o‘tkazishga majbur. Shugina emas, ularni o‘zbek hukumati «qora ishchi kuchi» ...
9 aprel 2024
Xatlar kelishda etmoqda, muammolar yechimini to‘liq ta'minlash uchun Eltuz kanaliga obuna bo‘lish, layk bosish va superrahmat tugmachasini bosib kanalni moddiy ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...