Asosiy mavzular
13 avgust 2021

RTdan va'z: Agar Germaniya O‘zbekistonga aylansa…

Azizlar, mana, hafta aylanib siz bilan yana betma-bet, yuzma-yuzman. Mening gaplarimga toqat qilayotganingiz shoyon tahsinga loyiq. Toqatsiz jamiyat ular nazarida “xato” kitobni yoqadi. Keyin kitobni yozgan yozuvchi yoqiladi. 

So‘ngra bu kitobni o‘qigan o‘quvchini yoqishadi. Shu bois, toqatli bo‘laylik. Balkonda sevishayotganlar, o‘z zavjai halolining avratini berkitayotganlarga ham. Shu bilan birga, meni Karimov davridan meros sukunat charchatadi…   

Men sening nomingni aytib chaqirdim. 

Menga javob qildi keng bir sukunat, 

(Farog‘at Kamolova) 

Bu sukunat mansublari mamlakatdan ketsam deya orzu qilishadi. Xo‘sh, barcha o‘zbeklar Germaniyaga, nemislar esa O‘zbekistonga ko‘chsa nima bo‘ladi? Germaniya O‘zbekistonga, O‘zbekiston esa Germaniyaga aylanadi.

Xabarlar 

Xalqaro matematika musobaqasida o‘zbekistonlik talabalar 15 ta medal oldi. Ulardan 5 tasi oltin. Ammo ularga qimmatbaho sovg‘alar berilmadi. Bizda faqat qafas ichida mushtlashadiganlarni shunaqa qadrlashadimi? 

Habibning sassiq futbolkasini 100 ming dollarga sotib olsa, unga oltin haykal qilinsa. 

+++

Xorijdagi o‘zbekistonliklar uchun 49 ta davlatda statsionar va ko‘chma saylov punktlari tashkil etiladi. Bu haqda 11 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatida ma'lum qilindi. Ayni paytda “Erk” partiyasi prezident saylovini boykot qilishga chaqirmoqda. 

+++

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini noqonuniy ravishda o‘z uyida ishlatgani to‘g‘risidagi xabar tarqaldi. Aytilishicha, Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ish vaqtida prokurorning hovlisida “o‘z ixtiyori” bilan ishlagan, ularga ajratilgan ish haqi davlat korxonasi hisobidan to‘langan. 

Janob prokuror mard bo‘lib o‘zgalar mehnatidan foydalanibdi, ish haqini ham byudjetdan emas, o‘z hisobidan to‘lasin-da edi. 

Ko‘pchilik korruptsiya deganda poraxo‘rlik, noqonuniy pul oldi-berdisini tushunadi. Lekin bu illat shoxdor bo‘lib, mansabini suiiste'mol qilishning har qanday turi korruptsiyaga misol bo‘la oladi. 

Qo‘rg‘ontepadagi holat ham korruptsiyaning o‘zginasidir. Mazkur vaziyatda korruptsion holatga “hashar” niqobi kiygizilib, ikki karra jinoyatga qo‘l urilmoqda.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlar orqali go‘yoki “norasmiy bayonot” berib, ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgan maqtul fuqarolarni og‘zaki ravishda tahqirlagani – haqoratlagani rasmiyu norasmiy matbuotda, shuningdek, o‘zaro muhokamalarda keskin qoralashlarga hamda qattiq noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Mazkur munosabat bilan “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlari vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovga nisbatan chora ko‘rildi”. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullaev ma'lum qildi. Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, matbuot kotibi nomaqbul so‘zlari uchun shaxsan IIV rahbari Po‘lat Bobojonovdan dakki eshitgan. 

+++

Toshkentda o‘qituvchi ikki do‘sti bilan 15 yoshli o‘quvchisini zo‘rlagan. 8-sinf o‘quvchisiga nisbatan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, 30 yoshli Anvar X., keyinchalik uning ikki tanishi – Mansurjon M. va Boymuhammedov G. tomonidan jinsiy tajovuz qilingan. 

Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, o‘qituvchiga nisbatan JKning 128-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlik aybi qo‘yilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Uning ikki sherigi avval tergovdan yashiringan, keyinchalik ushbu shaxslar ham qo‘lga olinib, jinoyat ishiga jalb qilingan. 

+++

Xabar berishlaricha, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning uchta jiyani 20 iyul kuni kechqurun onasi Qurbonbi Rahmonovaning vafotidan so‘ng yuqori martabali shifokorlar, jumladan, mamlakat sog‘liqni saqlash vazirini o‘lasi qilib tepkilashgan. Zo‘ravonlik oqibatida vazir Jamoliddin Abdullozoda va prezident ijro etuvchi apparati huzuridagi tibbiy markaz direktori Xolmuhammad Rahimzoda “og‘ir jarohat olishdi”. Vazirning burni singan. 

Rasmiylar ushbu voqea to‘g‘risida rasmiy izoh berishmayotir, ammo Ichki ishlar vazirligidagi manbalar bu xabarni anonim ravishda tasdiqlashdi. Shunaqa, prezident yaqinlarining joni qimmatliroq bo‘ladi. O‘lsa o‘ldirishadi… 

Sening joning shirin-u, xalqning joni shirin emasmi, deydigan birorta mard yo‘q.

+++

Marshal Abdurashid Do‘stum “Tolibon” bilan jang qilish uchun Kobuldan Balxga uchib keldi.

Toliblar keyingi uch kunda Shimoliy Afg‘onistondagi uchta yirik shaharni – Shibirg‘on, Qunduz va Saripulni qo‘lga kiritgan. Marshal Do‘stumning istehkomi va tug‘ilgan shahri bo‘lgan Shibirg‘onning qo‘ldan ketishi, ta'bir joiz bo‘lsa, xuddi Stalingradning qulagani kabidir. 

Kecha tunda va bugun tongdan toliblar shimoldagi eng yirik shahar – Mozori Sharifga hujumga tayyorgarlik ko‘ra boshlaganlar. Ularning o‘ziga ishonchi shunchalikki, shaharga bo‘ladigan hujumni oldindan anons qilishmoqda. Hukumat qo‘shinlari faqat chekinmoqda, toliblar ularning qayta jamlanishiga va pozitsion himoyani tashkil etishiga yo‘l berayotgani yo‘q. 

Rassom Tuzga maktub 

Aka, davlatimizdagi tez yordam masalasini ko‘tarishingizni iltimos qilaman.  Chunki hozir tez yordam Call-markazlari har bitta viloyatga bitta bo‘lib qolgan.  Bundan xalq juda katta aziyat chekyapti. Viloyatning bir chekkasidagi qishloq fuqarosi kasal bo‘lib yordam chaqirsa, qo‘ng‘iroq viloyatga tushadi, operator u qishloqning qaerdaliginiyam bilmaydi, kamida 10 minut ma'lumot so‘raydi.  

Xullas bemor – viloyatga, viloyat – tuman markaziga, tuman markazi – qishloq QVPsiga telefon qiladi. Keyin ma'lumot to‘g‘ri kelmay qoladi, chunki qishloq odami baribir manzil berishda chalg‘iydi-da…  Oqibatta eng kamida 1 soatda keladi yoki umuman kelmaydi. 

Eng qisqa ertak

Qadim zamonda bir sulton o‘z mamlakati boyligini faqat o‘z oilasi uchun oltin chiqadigan “qaynar xumcha” qilib oldi. Xalqning rizqini esa “ochil dasturxon” qildi. Norozi va tili uzunlarni urishni “ur to‘qmoq”qa topshirdi. Bu formula asosida kamida 30 yil yeb-ichib, murod-maqsadiga yetibdi. 

Ertak ham aslida adabiyotninng ibtidoiy turi.

Adabiyot nadir?

(Rassom Tuzning adabiyot haqidagi tushunchasi) 

Esimni taniganimda, adabiyot maktabdagi dars edi. Bu darsni o‘rindoshlik asosida do‘konda qorovul bo‘lib ishlaydigan adabiyot muallimi o‘qitardi. U kishi adabiyotdan ko‘ra yaqinda bolalagan itining ko‘zi ochilmagan kuchuklari haqida ta'sirliroq gapirardi. 

Men darsdan qochgan paytimda papkamni omonat qilib qoldirganim maktab qorovuli esa Orifjonov bosmaxonasida toshbosma usulda 1913 yilda bosilgan “Afandi latifalari” va “Jangnomaiy Abo Muslim”ni o‘qirdi. 

O‘zbek jamiyati madrasa va uning ichidagi ikki asosiy predmetdan biri bo‘lgan adabiyotga yaqin turgan doimo. Bu to‘plim (afkor omma) ko‘riluvchi san'at (haykal, kartina, grafika, performans, instalyatsiya, pantomimo, balet,¸kino) tilini tushunmaydi. Eshitiluvchi san'at (simfonik orkestr, opera, pianino, skripka, violonchel)ni his qilmaydi. 

Siz aytishingiz mumkin, kuy, qo‘shiqni yaxshi ko‘radi, deb. Aslida bu jamiyat musiqa deb aytadigan narsa ham adabiyot. She'rlarning musiqa fonida badiiy o‘qilishi, xolos. Bu yerda, asosan, adabiyot dominant. Kino va teatrda ham shu. Asosan adabiyot (uning zaif va notavon adabiyotligi esa boshqa mavzu). 

19-asrdagi Xivada 100 ta madrasa bo‘lsa, 100 tasida ham faqat din va adabiyot o‘qitilgan.

Bu adabiyot, asosan, diniy dogmalarning badiiy illyustratsiyasi va improvizatsiyasidan iborat. Didaktikaga asoslangan so‘z o‘yini. Sovet davridagi adabiyot esa mutlaqo sovet mafkurasi targ‘ibotchisi edi. Mustaqillikdan keyin “Adabiyot o‘ldi”. 

Ammo bir traktor tepalikka chiqib, motori o‘chib qolsa, inertsiya bilan pastga qarab o‘chgan motor bilan ham yurganidek, bu “o‘lik adabiyot” ham “yurishda” davom etdi. Yaxshiyam g‘ildiragi bor. 

Bu kirish so‘zini yozganim boisi, biz adabiyot deb o‘ylaganimiz voqelikni men qanday ko‘rishimni bilishingiz uchundir. 

G‘arbda bu sohaning nomi lotincha literatura — harflar bilan yozilgan degan mazmunda. lit so‘zi harf degani. Bizda esa bu “adab” degan so‘zga asoslangan. Ya'ni “odobnoma” desak bo‘ladi. 

Bu tarzdagi adabiyotning klassik namunasi “Qobusnoma”dir. 1082 yilda yozilgan. Bu “adabiyot” Kaykobus tarafidan millat yoki xalqqa atab emas, G‘ilonshohday hukmdorga atab yozilgan. 

“Ey farzand, qul sotib olsang, uning tishlarini tekshirib ol”, “Ey farzand, xotin bilan cherez den seks qilg‘il” formatidagi pand-nasihatlar to‘plami. Shu ma'noda oradan 1000 yil o‘tib ham bu adabiyot deyarli o‘zgarmay turibdi. 

Asosiy gapga o‘tsam. Adabiyot nadir? 

1. Adabiyot – bu san'atdir. 

2. Adabiyot – bu ko‘zqarashdir (jamiyatdagi eng yetishkin, ilg‘or, oydin va zakiy vatandoshning ayni jamiyatni tanqidiy elashtirishidir). 

3 Adabiyot – bu ko‘zgudir (yozuvchi ironiya, tanqidiy tafakkur, falsafiy tahlil¸ muhimni nomuhimdan ajratib, asl muammoni bo‘rttirib ko‘rsatish, sarkazm, hajv vositalaridan foydalanib jamiyat yuziga ko‘zgu tutadi). 

4. Adabiyot – bu jamiyat saviyasi haqidagi signaldir, tarbiyachidir (yozuvchi o‘zi ko‘tarilgan saviya cho‘qqisidan turib yozadi, jamiyat esa bu fikriy cho‘qqiga tenglashish uchun tirishish asnosida “tarbiyalanib qoladi”). 

5. Adabiyot – bu jamiyatga bilgi beruvchi qomusdir (masalan, “Urush va tinchlik” romani orqali biz Birinchi jahon urushi haqida batafsil bilgi olamiz)yu Bu xususiyatlarni men Xeminguey, Sartr, Zolya, Bulgakov, Kafka, Tolstoy, Jek London, Axmatova, Sergey Dovlatov va Orxon Pomuq asarlarida topganman (ro‘yxat sal uzunroq aslida). 

Bu umuman adabiyot haqidagi tushuncham. O‘zbek sovet adabiyoti deb atalmish voqelik bor (1991 yildan keyin o‘sha o‘zbek sovet adabiyoti, yuqorida aytganim, inertsiya bilan pastga qarab qulab borgani uchun mustaqillik davri adabiyoti deyishga tilim bormaydi). 

O‘zbek sovet adabiyoti Fitrat va Qodiriy misolida men aytgan adabiyot vositalarining dadil tajribasini boshladi. Ammo 1937 yili bu tajribaga nuqta qo‘yildi. Qahhor esa shu estetik tajribadan sovet jamiyatini ulug‘lash uchun professional saviyada foydalandi. 

Keyin esa uzun bir bo‘shliqni xuddi bugungi kabi savodsiz grafomanlar “yozmishlari” to‘ldirdi. Stalinizmni qoralagan XX qurultoydan keyin sovetlar birligidagi yozuvchilarda “adabiyot yaratishga istak” tug‘ildi. 

Asqad Muxtor, Odil Ëqubov, Pirimqul Qodirov o‘sha muzlar erishi deganimiz zamon mahsuli (ijobiy ma'noda). Keyin yana savodsiz, saviyasiz grafomanlar to‘dasi bir muddat boy berilgan maydonni to‘ldirdi. 

Dunyoning oltidan birini egallagan SSSR degan davlat oromi ostida yozuvchi bo‘lishdan ko‘ra bo‘lmaslik ehtimoli katta edi. 

Ammo fiziklarning aytishicha, qattiq bosim ostida qum zarrasi ham brilliantga aylanadi. Yetmishlarga kelib o‘sha davr mafkurasi bosimiga isyon qilgan kichik guruh paydo bo‘ldi. Bu guruhdagilar Rauf Parfi, Muhammad Solih va boshqalar. 

Bu guruh lideri, shubhasiz, Muhammad Solih edi. Bu yozganlarimda, asosan, nasrga e'tibor beryapman. Shu bois, o‘sha yillarda Ne'mat Aminov va Murod Muhammad Do‘st asarlarida shu paytgacha noyob bo‘lib qolayotgan istehzo borligini “minnatdor o‘quvchi” o‘laroq eslayman. 

Xulosa 

Qodiriy yozishga chog‘landi, ammo o‘ldirdilar. “O‘tkan kunlar” ilk mashq o‘laroq qoldi.

Ne'mat Aminov yozishga chog‘landi. “Yelvizak” asari mashqligicha qoldi. 

Odil Ëqubov yozdi. Yaxshi yozdi, ammo buyuklik zinasining pastki pog‘onasida qoldi.

Murod Muhammad Do‘st yozdi va yana yozishga chog‘landi. Ammo lavozim degan pashshatutar sirachga yopishib qoldi. 

Shu bilan davrning adabiyotga ajratgan limiti tugadi. “Kichkina Shahzoda”ni tarjima qilib ko‘zimni ochgan Xayriddin Sulton endi kalamush kabi bezbet mulozimga aylanishga mahkum edi. 

Iddao 

Bugun adabiyot yo‘q. Kechmish adabiyot tarixi bor. Kelajakda “o‘zbek adabiyoti” degan hodisa yuz berishiga ilmiy dalillarim yo‘q. Mirza Anvar aka ustozimiz “Tanqidchilarning o‘zi hukumatga kelsa, vaziyatni qanday o‘nglardi”, degan savol qo‘ydi. Xo‘p, siz velosiped yasaydigan do‘konga rahbar bo‘ldingiz. Nima qilgan bo‘lardingiz? Albatta, velosiped yasardingiz. 

Barcha velosipedlar deyarli bir xil. Ikki g‘ildirak, ko‘char, egar, zanjir, rom, rul.

O‘zbekistonning o‘ziga xos velosipedi bo‘lishi mumkin emas. Velosiped Londonda qanday bo‘lsa, Arnasoyda ham shunday bo‘lishi kerak. 

Xalqdan (bo‘lib ham o‘zbek xalqidan) velosiped qanday bo‘lsin, deb so‘ralmaydi. Dunyodagi eng zo‘r velosipedning chizmasi olinib, shtampovka qilinaveradi. 

Bu mavhum kirishdan keyin konkretika: 

1. Davlat boshqaruvi minimumga qisqaradi (bor-yo‘g‘i 7 vazirlik yetadi). 

2. Byudjetga kanaday yopishgan Ësh It va boshqa tashkilotlar tarqatilib, mol- mulki sotvoriladi. 

3. Barcha partiyalar tarqatib yuboriladi. 

4. Xalqdan hech narsa so‘ramasdan qoidalar joriy qilinadi. Xuddi ruhiy xastaxonadagi kabi majbur qilinadi o‘zgarishga. 

Barcha sobiq mulozimlarga ID raqam va maxsus qora pasport beriladi. Shu asosda ularning huquqlari mutlaqo cheklanadi.

To‘ylar mavsumi

Shu kunlarda yana to‘ylar mavsumi boshlandi. To‘ylarni tartibga solaman deb Karimov ikki marta uringan edi, Shavkat Mirziyoev ham hujumga o‘tdi. Menda taklif bor, kim to‘rt oylik real oylikdan ko‘proq summada to‘y qilsa, oldin borib 1000 oylik real ish haqi miqdorida hashamat solig‘i to‘lab kelsin. 

Deylik, Toshkentda bug‘alter yoki boshqa xodimni ishga olsangiz, kamida 300 dollar oylik berasiz. Ustamalar bilan 500 gacha boradi. Demak, to‘yning limiti 2000 dollar bo‘ladi. To‘rt oy ishlaganiga bitta to‘y qilsa, chidaymiz. Endi shu summadan oshirmoqchi bo‘lsa, 50 ming dollar hashamat solig‘i to‘lasin. 

Masalan, deylik, Shavkat Mirziyoev aytmoqchi, “pul topib, aql topmagan” Salim o‘g‘riga o‘xshagan birisi dabadabali to‘y o‘tkazishdan oldin 50 ming dollarni hashamat solig‘i sifatida to‘lab, to‘yxona kiraverishiga osib qo‘yadi. Endi agar buni to‘lamasdan bildirmay qilsa, 100 ming dollar jarimaga tortiladi. 

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak! 

Tag‘in o‘qing
10 mart 2024
O‘zbekistonda bokiralikni tiklash amaliyoti o‘n yil oldin 150 dollar edi. Hozir qancha? Bugungi ko‘rsatuvimiz ko‘pchilikni qiziqtirgan ayni mavzuga bag‘ishlanadi. ...
4 oktyabr 2015
“Yoshlar” telekanalida efirga uzatilayotgan “Senga oshiqman” (Ishani) serialini O‘zbekiston Ommaviy axborot vositalari monitoring markazi zararli, deb topdi.
26 avgust 2016
Bag‘dod tumani mahalla faollaridan biri, eltuz.comga har bir qishloqda yashovchi 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan har uch kishi bir ...
25 dekabr 2017
24 dekabr – yakshanba kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylov xalqning bunday tadbirga umuman ishonchi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...