Asosiy mavzular
16 sentyabr 2021

18 oy o‘zbek qamog‘ida o‘tirgan turkiyalik tekstilchi “asirga” olindimi?

O‘zbekistonda turk sarmoyasi asosida ishlaydigan to‘qimachilik shirkatining sobiq rahbari¸ 60 yoshli turk vatandoshi Najat Taylanli “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda tuhmat oqibatida 18 oy qamoqda o‘tirgani va shu kunlarda O‘zbekistondan chiqarilmay, “asir” holatida ushlab turilganidan shikoyat qildi.

O‘zbek rasmiylari esa Taylanlining sud hukmi bilan adolatli jazo olganini ta'kidlashmoqda. 

Rasmiylarning “Eltuz”ga aytishicha, Taylanli sud ajrimida belgilangan kamomad summasini to‘lab, bemalol o‘z vataniga ketishi mumkin.

Shu kunlarda ishsiz va ish iznisiz O‘zbekistonda o‘tirganini aytgan Taylanli 560 ming dollar kamomadni to‘lashga qurbi yetmasligidan nolidi:

“Qolgan jazoni shartli o‘taganimdan so‘ng deport qilinishim kerak edi. Lekin buni ham qilishmadi. Chunki 560 ming dollar kamomadni qaytarishim kerak edi. Bu mablag‘ni qaytarmasam, mamlakatdan chiqarilmasligimni aytishdi va pasportimni olib qo‘yishdi. Pasportimni olish bilan birga, ishga ruxsat va iqomat huquqini ham berishmadi. Men ishlamasam, yashash huquqidan mahrum bo‘lsam, qanday pul topaman, desam, bu sening muammoing, deyishdi”.

2016 yil 27 sentyabrdan 2017 yilning 3 fevraligacha Toshkentdagi Serbo Textile ning rasmiy rahbari va 2017 yilning 6 iyunidan 2018 yilning 24 sentyabriga qadar rahbar o‘rinbosari lavozimida ishlagan, tergov hujjatlariga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida  BF Textile Production shirkati norasmiy rahbari bo‘lgan Nejat Taylanli jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2020 yil 13 yanvardagi hukmiga ko‘ra to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Taylanli O‘zbekiston Jinoyat kodeksining  184-moddasi, ya'ni soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda aybli deb topilgan edi.

Hukm qat'iy, shikoyatga o‘rin bor

Serbo Textile xususiy shirkatida yollanma rahbar bo‘lib ishlagan Taylanli nohaq qamoqda o‘tirgani va adolatsizlik qurboni bo‘lganidan shikoyat qilib prezident va  bosh vazir qabulxonasi va O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga shikoyat arizasi bilan chiqdi. 

Joriy yilning 17 avgustida Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari Z.Qoraev imzo chekkan rasmiy javob xatida Nejat Taylanlining shikoyatlari asossiz ekani aytiladi.

Hujjatda Taylanli bildirgan e'tirozlar o‘rinsizligi ta'kidlanadi:

“Sizning sodir etilgan jinoyatlardagi aybingiz, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ko‘zdan kechirish va olib qo‘yish bayonnomalari, sudga oid xatshunoslik ekspertizalari xulosalari, taftish dalolatnomalari, so‘zlashuvlar stenogrammasi, uyali aloqa vositalarining kirish-chiqish qo‘ng‘iroqlar haqidagi ma'lumotlar hamda jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar bilan  to‘liq tasdiqlangan.

Sud tomonidan sizning harakatlaringiz to‘g‘ri malakalangan, jazo aybni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda qonun doirasida tayinlangan.

Sud qarorlarini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun protest keltirish haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdimnoma kiritishga asoslar aniqlanmadi”.

Toshkent “asiri”ning prezidentga aytadigan bir minutlik dardi

O‘zbek qamog‘ida 18 oy o‘tirgan turkiyalik tadbirkor Nejat Taylanli “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda bu javobning shunchaki “otpiska” ekanini aytadi:

“Agar menga prezident bir minut ajratsa, shu bir minut ichida butun dardimni aytgan bo‘lar edim. Birinchidan, adolat tiklanishini so‘rardim. Bu esa mening ishimni Oliy sud qayta ko‘rib chiqishini taqozo qiladi. Ikkinchidan, meni bo‘hton bilan qamaganlarni fosh qiluvchi hujjatlar to‘plamini prezidentga taqdim qilardim. Bu uchun bir minut yetib ortadi”.

Suhbatdoshga ko‘ra, u  BF Textile firmasidagi 9 oylik ish faoliyati davomida noqonuniy oldi- sotdi va korruptsiya holatlariga duch kelgan.

“Bu, jumladan, mahsulotlarning fakturasiz sotilishi, daromadning yashirilishi, qo‘sh buxgalteriya, taftishga kelgan tergovchi va prokurorlarga pora berish shaklida ko‘rindi. Men bu holatlarni qayd qilib bordim. Foyda, daromad yoki soliq solinadigan boshqa ob'ektlarni qasddan yashirish holatlarini monitoring qildim. Men bu hujjatlarni O‘zbekiston oliy rahbariyatiga berishga tayyorman”, deydi tadbirkor. 

Nima bo‘lgan edi?

Bir qarashda Turkiyadan O‘zbekistonga kelib ishlayotgan ikki turk vatandoshi o‘rtasidagi nizo kabi ko‘ringan bu hikoya aslida  O‘zbekistondagi tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar muz tog‘ining cho‘qqisini eslatadi.

Ëllanma rahbar bo‘lib ishlash chog‘ida noqonuniy holatlarni kuzatgan Taylanli bu jinoiy harakatlar haqida shirkat rahbariga shikoyat qiladi va ishdan bo‘shash haqida ariza beradi. 

Taylanlining “ Eltuz”ga bildirishicha, u ishdan ketganidan so‘ng BF Textile shirkati egasi  Usmon Bo‘zqurt kompaniyadagi noqonuniy faoliyat to‘g‘risida ovoza bo‘lishidan qo‘rqib unga tahdidlar qila boshlagan. 

“Men noqonuniy faoliyat haqida prokuraturaga bildirishimni aytdim. Shunda Usmon Bo‘zqurt meni qamattirib yuborishini aytdi va hech bir dalilsiz, prokurorga pora berib, meni hibsga oldirdi”, deydi Najat.

2017 yil avgust oyida Turkiya fuqarosi Usmon Bo‘zqurtga tegishli Serbo Textile mas'uliyati cheklangan jamiyatida 129 tonna tayyor trikotaj mahsulot kamomadi aniqlanadi. Dastlabki surishtiruvlarda bu mahsulotlar talon-toroj qilingani ma'lum bo‘ladi.

Najatning iddao qilishicha, tergov davomida Usmon Bo‘zqurt tergovchi va prokurorlarga pora bergan.  

Usmon  Bo‘zqurtdan 47 ming dollarni pora sifatida olgan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi katta tergovchisi xorijiy investordan pora olgani uchun 15 yilga qamalgani haqida mahalliy matbuot xabar berdi.

Ammo bu “yangilik” Turkiyadan kelib to‘qimachilik sanoatida boshqaruvchi bo‘lib ishlash asnosida qamalgan Nejat Taylanli ishiga ta'sir qilmadi.

U mahkamagacha 2019 yilning iyulidan 6 oy hibsda qoldi. Uch oy davom etgan sud uni 4 yillik qamoqqa hukm qiladi. 

Toshkent turk tadbirkorlari uchun qopqonmi?

2017 yil fevralida O‘zbekistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya turk sarmoyadorlarga maxsus taklifni shaxsan prezident Rajapb Toyyib Erdo‘g‘onga, so‘ngra yirik turk shirkatlariga taqdim qilgan edi. 

Ammo oradan o‘tgan 4 yil davomida O‘zbekistonga Turkiyadan aynan qancha investitsiya kirgani,  nechta turk shirkati yoki xususiy tadbirkori bu vaqt ichida O‘zbekistonda biznes boshlagani  rasmiy ma'lumotlarda ochiqlanmadi.

O‘zbekiston “turk tadbirkorlariga quchoq ochgan”idan bir yil o‘tib qahramonimiz Nejat Taylanli Turkiyada Namangan viloyatining o‘sha paytdagi hokimi bilan uchrashib, 50 million dollar sarmoya kiritish rejasida bo‘lgan turk tadbirkorlarini tamsil qilganini aytadi.

“Gazlama, dori-darmon va maishiy xizmat sohasida samarali ish olib borayotgan tadbirkorlar boshlanishiga 50 million dollar investitsiya kiritishini bildirdi. Men ularni o‘sha paytda Namangan hokimi bo‘lgan Xayrulla Bozorov bilan tanishtirdim. Xayrulla Bozorov katta-katta va'dalarni berdi. Ammo mening qamalganimni eshitgan tadbirkorlar O‘zbekistonga kelishmadi. O‘zbekiston turk tadbirkorlari uchun qopqon ekanini his qilishdi”, deydi suhbatdosh.

O‘tgan oyda Turkiyadagi “Dalgic Hayvancilik” shirkati rahbari Ahmet Dalgich (Ahmet Dalgiç) o‘zbek tadbirkorlaridan aldanib qolganini da'vo qilib, prezident Mirziyoevga shikoyat bilan chiqqan edi. Bunday tadbirkorlar o‘nlab topiladi. 

Tag‘in o‘qing
18 mart 2021
Bahor keldi. Sirdaryodagi o‘riklar oppoq bo‘lib gulladi. Giyohlar tabiatning so‘z erkinligi kabi ko‘kka o‘rladi. Bahordagi qayta tirilish tabiatga xos ...
10 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 25-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning ...
17 may 2018
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov AQSh-O‘zbekiston prezidentlari uchrashuvi oldidan o‘tgan davra suhbatidagi chiqishida zamonga qarab o‘zgarayotganini ...
Bloglar
22 oktyabr 2021
O‘g‘il nevarasini qo‘rqitib, muntazam zo‘rlagan toshkentlik amaki haqida video tarqaldi. Bu amaki «nojo‘ya jinsiy harakat ...
18 oktyabr 2021
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 36-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi ...
14 oktyabr 2021
Dastlab bolsheviklar Yosh buxoroliklar, jadidlarning kommunistik partiyaga qo‘shilgan a'zolaridan iborat Buxoro Xalq Sovet Respublikasini tuzdilar.  ...