Asosiy mavzular
26 noyabr 2021

RTdan va'z: Noming o‘chsin, Gerostrat!!!

Dramaturg Grigoriy Gorin 1972 yilda yozgan «Noming o‘chsin, Gerostrat» («Zabыt Gerostrata») asarini 1975 yilda Toshkent teatr va rassomlik instituti bitiruvchilari sahnalashtirdi. Bosh rolni xorazmlik Hoji Ortiqov ijro qildi. O‘sha paytda Xorazm teatriga kelgan Hoji Ortiqov Gerostrat monologini uchrashuvlarda aytib yurdi.Tragikomediya janrida yaratilgan bu asar nomim chiqsin deya Artemida binosiga o‘t qo‘ygan kimsa haqida.

Eramizdan 360 yil oldin hozirgi Turkiyaning Efes vodiysida yuz bergan voqea bugungi O‘zbekiston voqeligiga o‘xshaydi. Toshkentda o‘zbek benksisi deb nom chiqargan rassom Abdurahmonning benzin defitsitiga qarshi chizgan rasmi o‘chirib tashlandi.

Biz Artemida obidasini yo‘q qilgan odam Gerostrat ekanini bilamiz, ammo Abdurahmonning rasmlarini kim o‘chirganini bilmaymiz. Kim bo‘lsa ham o‘sha odam millat va san'at dushmani. Nomi o‘chsin uning. Muammolarni Toshkent devoriga o‘z rasmlari bilan zarb qilayotgan Abdurahmonga esa sharaflar bo‘lsin.

Bugungi rassom buyurtmachi nima buyursa yugurib borib chizadigan hunarmand emas. Bugungi rassom – bu faol inson. U o‘z qarashlarini tasvir bilan ifoda qiladi. Rassom degan rutbani baland ko‘tarib, har xil matohlarga sig‘inadigan kichik burjuaziyani joyiga o‘tkazib qo‘ygan ilk rassom Pablo Pikassodir.

Pikasso tug‘ilgan Malaga elini kezib, buyuk daraxt tomir otgan tuproq haqida o‘yladim. Rassomni tushunish uchun uning mamlakatiga safar qilish kerak, degan edi nemis shoiri.

Rossiya mafkurachisi Surkov «erlarni qaytarib olish» (O‘zbekistonni qayta mustamlaka qilish deb tushundik) g‘oyasini 20 noyabr kuni matbuotda e'lon qildi.

O‘zida yo‘q narsa bilan maqtanish

O‘zbekiston rahbari Rossiyaga ta'zimga borib kelganidan keyin yozilmoqda bu matn. Bu jiddiy mavzu. Mahalliy deputat o‘z to‘shagini kim bilan baham ko‘rishi mavzusidan ming marta muhim. 30 yil oldin Karimov bilan kim qanday munosabatda bo‘luvdi, degan naftalinli ko‘rpadan ham muhim. Gap mamlakat hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqillik haqida. Cho‘pchak, g‘iybat, tuhmat, mayda shantajdan boshqa narsaga aqli yetmagan biomassa uchun bu mavzu murakkab. Bir hafta davomida kap-katta kishilar bir deputat ayolning yalang‘och badanini muhokama qildi.

Kutubxonada kitob qidirayotib, Usmonli podsholigi harami tafsilotlari yozilgan suratli kitobga ko‘zim tushdi. Olib rasmlarini ko‘ray, deb birrov varaqladim. Rasmlardan birida sultonning xilvatda kanizaklar bilan yotganini eshik tirqishidan kuzatib turgan bichilgan qullar tasvirlangan edi.

Rasm tagidagi izohda bichilgan qullar sultonning olati qanchalik katta va qudratli ekanidan g‘ururlanib maqtanishni odat qilgani yozilgan. Har kim o‘zida yo‘q narsa bilan maqtanadi, degan gap esimga tushdi.

Xabarlar

«Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun» davom etayotgan shu kunlarda  Yakkabog‘ tumanida er o‘z xotinii bo‘g‘izlab o‘ldirdi. Bundan tashqari, Buvayda tumanida bir ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘ldi. Kechasi soat 16-17lar atrofida er ayolini pichoqlab o‘ldirdi. Xotin go‘rda, er qamoqda. Ikki bola yetim.

+++

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida «Tolibon» ta'siriga tushib uzun soqol qo‘ygan o‘nlab erkak ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirilib, soqoli majburiy ravishda olib tashlandi.

+++

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida Suriyadagi “Katiba tavhid val-jihod” terror tashkilotining O‘zbekistondagi yashirin jamoati a'zolari qo‘lga olingani to‘g‘risida viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi 23 noyabr kuni xabar berdi.

IIBBning bildirishicha, tezkor tadbir davomida guruh a'zolari “Katiba tavhid val-jihod”ning g‘oyaviy rahnamolari Abdulloh Zufar va Sodiq Samarqandiyning “audio va videoma'ruzalarini tarqatgan hamda saflarini kengaytirish bilan shug‘ullangan”.

+++

So‘nggi bir necha oy ichida Ichki ishlar vazirligi mamlakatning turli hududlarida o‘nlab kishi terror va ekstremist tashkilotlarga a'zolikda gumonlanib qo‘lga olingan.

Jumladan, Sirdaryo viloyatida 9 noyabr kuni DXX va IIV mahalliy bo‘linmalari o‘tkazgan tezkor tadbir davomida terrorchi guruh a'zolari qo‘lga olingan.

+++

31 oktyabr kuni DXX matbuot xizmati Dehqonobod tumanida “Jihodchilik” oqimiga mansub 12 kishi qo‘lga olingani to‘g‘risida rasman xabar bergandi.

Guruh tarkibida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, o‘rta maktab o‘qituvchisi, masjid imom-noibi, yakka tartibdagi tadbirkor hamda mavsumiy ishchilar borligi aytilgan edi.

+++

Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekiston Xitoyga qiymati 601,27 million dollarga teng 2,57 million tonna gaz yetkazib bergan. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi ma'lum qildi.

Miltiq izlagan aka uka

Shu kunlarda O‘zbekistonda ayollarga qarshi zo‘ravonlikka qarshi tadbir o‘tmoqda. «Xotinni urmagan nomard», degan maqol mavjud bo‘lgan bu qavm mansubi yozuvchi Rahimjon Rahmatdan eshitamiz:

Boya o‘zbek ayollarining erlari tomonidan kaltaklanishi haqida post yozmoqchi bo‘ldim, ikki-uch abzats yozdim ham. Keyin… keyin mavzuni oxiriga yetkazmay postni o‘chirdim, chunki johil erlar xotinini urishi bilan bog‘liq og‘ir xotiralarim uyg‘onib, miyamdagi qon tomirlarini qiynab qo‘ydi.

Esimni taniganimdan buyon mahallamizdagi deyarli barcha ayollarning ko‘zi tagi ko‘karib yurardi. Nazarimda, o‘z umr yo‘ldoshini itday kaltaklash erkakning oilaviy burchi edi.

Kichik sinfda o‘qirdim. Akam mendan bir yosh katta.

Aka-uka miltiq izlaganmiz. Bizga miltiq kerak, deganmiz.

Kattalar: » Miltiqni nima qilasizlar?» deb so‘ragan.

«Dadamni otib tashlaymiz», deganmiz.

– Nega ikkov dadangni otmoqchisizlar»?

«Dadam onamni ko‘p uradi», deganmiz akam ikkovimiz.

Sakkizinchi sinfdaligimda dadam onamni urmoqchi bo‘lganida yo‘lini to‘sganman. «Onamni urmaysiz», deganman o‘ta qat'iyat bilan.

Onamning himoyachisiga aylanganman. Hovlida telbaday qichqirganman: » Hech kim onamga qo‘l ko‘tarmasin. Ayamayman. Shafqat qilmayman».

Butun umr onamning himoyachisiga aylandim.

Ko‘plab o‘zbek oilalari bo‘ynigacha jaholatga botib yashaydi: ishlaydi, aroq ichadi, xotini va bolasini uradi.

Tosh va osh

«Nuqul bizani tarafga qarab tosh otasiz», degan malomatni eshitaman. O‘zbek zehniyatida tosh negativ ma'no beradi. Boshim toshga urildi, deydi muammoga duch kelgan kishi. Mo‘g‘ullar esa toshlarni yaxshi ko‘radi, lekin har qanday toshni emas. Asosan, ko‘chmanchilar o‘rta o‘lchamdagi yumaloq toshlarni afzal ko‘radi.

Gulxan yoki o‘choq ichidagi otashda toshlar issiqdan deyarli oq rangga aylanganidan so‘ng ular et pishirish uchun ishlatiladi. Masalan, xorxog degan ovqat qilish asnosida idish ichidagi go‘sht issiq tosh bilan aralashtiriladi.

Xo‘sh, nega mo‘g‘ullar ovqat pishirish uchun toshlardan foydalanadi?

Issiq toshlar go‘shtni yumshoq qiladi va idish ichida issiq toshlar bo‘lsa, tezroq pishadi. Bundan tashqari, pishirishning bu usuli ko‘chmanchi foydalanish uchun idealdir.

Bundan tashqari, go‘sht pishirilgandan so‘ng mo‘g‘ullar qo‘llarida issiq toshlarni ushlab o‘tirishadi. Bu ajoyib terapiya va tashqarida sovuq bo‘lganda qo‘llaringizni isitishning yaxshi usuli.

Ulan-Batordagi suhbat

– Isming nima?

– Chechak!

– Nima u?

Bronza rangli yuzi barkash oy kabi suluv yerda o‘sgan qordalin gulini yulib menga ko‘rsatdi.

– Mana shu chechak!

– Bu qanday gul? Nima farqi bor boshqa bitkilardan?

– Bu gul qish guli. Qor ostida o‘sadi. Sovuq urmaydi.

Ënimdagi mo‘g‘ul suluviga tikilib qarayman. Balki Qozonxonning qizi Saroymulk xonimnig yuz bichimi shunday bo‘lgandir.

– Mabodo barloslarga aloqang yo‘qmi?

– Yo‘q, nukuz urug‘idanman?

Nukuz turk urug‘i emasmi? O‘zbekistonda bitta shahar va bitta qishloq bor shu so‘zga yaqin nomdagi. Bittasi Nukus shahri bo‘lsa, boshqasi Qashqadaryoda – shoir Abdulla Orif tug‘ilgan Neko‘z qishlog‘i. Nukuz urug‘ining ilk mansublari Sibirda, Tungus meteoriti tushgan joyda yashagan-ku.

– Sen Ulan-Batorga qanday kelding? – deb so‘rayman Chechakdan.

– Ko‘k… – deydi u

– Nima?

Chechak osmonga qo‘lini niqtadi: «ko‘k»

– Demak, ko‘kdan tushibsan, malak kabi…

«O‘lso‘j bayna», deydi qiz qornimga qo‘lini tekizib. Qorning ochmi, deb so‘ragani edi bu.

Keyin gulxanda qizigan toshlarni temir bochkaga qo‘y go‘shti bilan solib, mo‘g‘ul dashtlari bo‘ylab yumalatdik.

45 daqiqalardan keyin dashtning X nuqtasiga yetib bordik. Chechak uzun xoda topib yerga sanchib qo‘ydi. «Urga», dedi Chechak.

Urga degani «bizni xoli qo‘ying», degan belgi. Bu belgini ko‘rgan qashqir aylanib o‘tadi, silovsin esa yaqiniga ham yo‘lamaydi.

Bochkadagi etni qo‘y terisi ustiga qo‘yib yedik. Nonsiz, go‘shtni go‘sht bilan yedik.

Xurjundan tarasun chiqarib o‘rtaga qo‘ydim. Tarasun – bu yilqi sutidan bo‘lgan aroq.

Aroq simirib, mo‘g‘ul qiz tushunmaydigan she'r o‘qidim. She'rni shodravon do‘stim Abduvali yozgan edi. Ëd o‘qidim. Boshimni sarak-sarak qilib.

Ay, mo‘g‘ul dilbarim…

Ohumiding yobonimda suv izlagan,

Yohumiding tomonimda lab izlagan,

Dalligina jahonimda

Siymu zarim: —

Ay, dilbarim…

Chashmamiding toshlar uzra to‘kilasan,

Ufqmiding, quyosh ketgach yiqilasan,

Yamoq tushgan hayotimda

Sen chevarim:

— Ay, dilbarim…

Biy dalada quyun ila sochilding-a,

O‘rtasida yavshan ila ochilding-a,

Yuragimga qadab qo‘ygan

Oq gavharim:

— Ay, dilbarim…

Koshkiydi, to qiyomat biz yonma-yon,

Koshkiydi, to qiyomat biz jonma-jon,

Gulxan yoqib uzun tunning etagida

Bilagimiz tilib qo‘ysak ust-ustiga.

To qiyomat

Zikr aytsam,

Mohpaykarim,

To qiyomat zikr aytsam, mohpaykarim:

— Ay, dilbarim…

Yana Mo‘g‘uliston haqida…

Mo‘g‘uliston haqida hikoya tugamay qolibdi, deb yozdi Rahmatjon og‘a. Og‘aning gapini ikki qilmay, bu qadim tuproqlar haqida batafsil yozsam.

Shamollashdan keyin burnim yaxshi hid bilmaydigan bo‘lib qoldi. Bu esa Mo‘g‘uliston safarimda asqatdi. Har holda sassiqdan ko‘nglim behuzur bo‘lmadi. Qo‘y yog‘i va achigan qatiq hidi Ulan-Batorning asosiy xush bo‘yi. Ba'zi mo‘g‘ullar badaniga dumba yog‘i surtadi va bu yog‘ hidini siz albatta sezasiz.

Qish keldi deguncha hamma tezak yoqadi. Busiz iloj yo‘q. Eshak o‘ldiradigan sovuq bo‘ladi u yurtlarda. Sovuq bo‘lsa ham qor deyarli yog‘maydi. Ko‘chalarda esa oriqlab ketgan mollar chiqit titib yuradi. Aksar odam qishda kigiz etik ustidan kalish kiyadi.

O‘tgan yili sovuq 38 daraja bo‘ldi. Ko‘chada alyumin qoshiqni etigim bilan bosuvdim¸ zarang qotgan qoshiq million zarrachalarga bo‘linib ketdi. Qalin guppi kiygan mo‘g‘ul bolakay buni ko‘rib kuldi…

Bolalar tug‘ilishi bilan metrika olmaydi. 3 yoshga kirgandan keyin tug‘ilish guvohnomasi olishadi. Shu yoshga kirmay o‘layotgan bolalar qancha…

Mo‘g‘ulistonda hayot mashaqqatli. Keskin kontinental iqlim. Lekin chavandozlarga qiyin emas. Chunki otlar pak-pakana. Oyoqlari kalta, semiz, uzun quyruqli bu otlar ustida mo‘g‘ullar xuddi taburetkada o‘tirganday o‘tiradi. Amir Temur ham shunaqa pakana ot mingan deyishadi.

Bir kuni eshik taqilladi. Chiqsam, ot ustida bir mo‘g‘ul turibdi. Qo‘lida katta birtli laqqa. «Sotib ol, ajnabiy», deya olib kelibdi. Olib, pishirib yedim. Haqiqatda mazali baliq. Ammo men bilgan mo‘g‘ullar baliq yemaydi. Qo‘y yeydi. Menimcha, bo‘ri ham bunchalik ko‘p et yemasa kerak.

Mo‘g‘ul choyi sovuq kunlari ichingga issiq beradi. Sutey tsay deyishadi uni. Qozonda sutga qora pamil choy, dumba va qo‘yning miyasi solib qaynatiladi. Susoq bilan suzib temir krujkaga solib beradi. Suxe Bator maydoni yonidagi kir choyxonada Ulan-Batordagi eng zo‘r choy bor. Sutli choy.

Shu kunlarda Ulan-Batorda bir gap tarqaldi. Tarbaqan degan hayvon go‘shti kovidga davo ekan. Yumronqoziqqa o‘xshash semizgina yungli hayvon. Mo‘g‘ullar uni ushlab terisini shiladi. Ichak-chavog‘ini olib tashlab, go‘shtini shilingan teriga qaytarib tiqishadi. Go‘shtning yoniga gulxan yoki o‘choqda qizigan yumaloq toshlarni ham solishadi. Teri tikiladi va bu qop yarim soatcha olovda aylantirilib pishiriladi. Keyin yana 15 minut dimlab qo‘yiladi. Tarbaqan pishgach, pichoq bilan kesib dasturxonga tortiladi. Xasipning mazasini beradi.

Qissadan hissa. Tezak yoqib isinayotgan faqat siz emassiz. Mana, mo‘g‘ul aymoqlarida ham kampirlar tezak yoqmoqda. Ana sizga taskin.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
13 sentyabr 2018
Toshkent shahrining jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida 12 centyabr kuni sobiq O‘zbekiston bosh prokurori 66 yashar Rashid Qodirov ...
7 noyabr 2018
Yaqinda Jahon banki tomonidan e'lon qilingan “Biznes yuritish” (Doing business) reytingida O‘zbekiston 76-o‘rinni egalladi. Ya'ni mamlakat o‘tgan yildagi o‘rnidan ...
11 oktyabr 2015
Eltuz ilgari xabar qilganidek Jizzax viloyati G‘allaorol tumani bosh shifokori Yusuf Esirgatov Do‘stlik tuman militsiya bo‘limidagi hibsxonada ikki kun ...
2 avgust 2021
Ikkita kokiliga ikki xil bantik taqqan sepkilli qiz aslida 23 yoshda. Ismi Nazokat, ammo o‘ziga NOZI deb ism qo‘yvolgan. ...
Bloglar
18 yanvar 2022
Tarmoqda ikki toifa mullalar bir-biri bilan qirpichoq bo‘lmoqda. 1-toifa: Hukumat va DXX yo‘rig‘ida yurib chiziqdan ...
16 yanvar 2022
O‘zbekistondagi har bir mulozimning ichida bitta shoir, har bir shoirning ichida bitta mulozim yashaydi. Bu ...
10 yanvar 2022
O‘zini bir guruh faollar deb tanishtirgan guruh Eltuz telegram kanaliga yozib, quyidagi murojaatni chop qilishni ...