Asosiy mavzular
21 aprel 2023

Avtobus ichidagi shariat – RTdan va'z

Bugungi juma va'zini qisqa yangiliklar bilan boshlasam.

Qashqadaryo viloyat 1 sonli asab ruhiy kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi to‘rt yuz do‘llar evaziga sog‘ odamni jinni deb qalbaki hujjat rasmiylashtirib berdi. 

MS: Jillixonani yoshullisi nerda? 

RT: Jinnixona direktori ushaldi. Jinnixona kattasi qamoqda..

Qirg‘izistonda «Tavhid va jihod Katibasi» terorchilik tashkilotining Istanbul bo‘limiga aloqador ikki nafar o‘zbekistonlik shaxs ushlandi. Diniy terrorchilar qamoqda.

MS: Ëmmon ko‘paydi bu mikropla. Yurt buzilsa mo‘llodan buziladi. 

RT: To‘g‘ri aytasan Matchonboy. Rossiya masjidlarida imomberdilar musulmonlar Rossiya tomonida urushda qatnashsin deb da'vat etishmoqda. 

Masalan, Moskvada juma namoziga borganlarga mana shunday varaqalar tarqatildi

MS: Ha, qon toshog‘on nimkalo. Putinni otom Kabaevani anam dayan yetmakla.

RT: Toshkentda voenniy biletni 600 dollarga sotgan voenkom ushlandi. Unga nisbatan  pora olish bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Voenkom qamoqda. 

MS: Urush purush bo‘b qosa vatanni sotadan toipa bi. Ishongon dog‘da kiyik yotmas.

RT: Samarqandning Narpayida 70 yoshli cholni 60 yashar qaynukasi pichag‘lab tashladi. 

Jabrlanuvchi bannisada  xujumchi qamag‘da.

MS: Duz og‘o indi sal gazni bosip. Uzinroq atib so‘llang. Gashirni uzini yoxshi.

RT: Tez yordam punktlaridan vrach shtati qisqartirildi. Endi tez yordam chaqirsangiz uyingizga vrach emas,  feldsher boradi. Sobiq bokser, kikboks jangchisi va karatechilar qisqa kurslarda o‘qitilib tez yordamga ishga olinadi. Ular «qani erkak duxtir» deya hezlangan rijollarni bir urib chakagini o‘chirib qo‘yadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi Suriyaga borib diniy terrorchilarga qo‘shilgan 25, 27, va 28 yashar uch rijolni 15 yilga qamadi. 

Sudda bu rijollar internetda do‘mlalar ma'ruzasidan ilxomlanib «kopirlarni o‘ldirish bo‘yicha master klass» olish uchun 2019 yilning aprel oyida Suriyaga borib bo‘mba yasashni o‘rganganini  tan olib ko‘rsatma berishdi.  

Mulla va imomberdilar gipnozi ostida diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish va  O‘zbekistonda  terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tgan, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, tahdid soladigan diniy materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish bilan shug‘ullangan va terrorizmni moliyalashtirishgan bu uch rijol 15 yil qamag‘da o‘tiradi. 

Tobora tolibonlashayotgan bugungi o‘zbek jamiyatida diniy radikalizm va terrorchilikka o‘ta moyil kishilar uchun qulay fazo vujudga kelgan.

MS: Juma guni butun Toshkent ko‘chalari propka bo‘b ketadi. Jumaya bordim dap moshinlarini yo‘lni o‘rtasinda qo‘yib getadilakan. Ina Sardor Salim yozdi «din bizni bezdirordi» dab.

RT: Toshkentlik biznesmenga pichoq tirab «davay ikki million dollirni chig‘or» degan talonchi qo‘lga olindi. Shu kunning o‘zida bu talonchining Namangandagi besh sherigini ham qo‘liga kishan solib ichkariga apkirib qo‘yishdi. Qo‘lga olinganlar yaqinda qamoqdan chiqqan tuzalmaydigan jinoyatchilar. 

Qo‘lga olinganlarning asosiy qismi muqaddam sudlangan  sportchilar bo‘lib, ularning aksariyati bosqinchilik rejalashtirilgan biznesmen  bilan tanish bo‘lgan va hatto u bilan birga ishlab  birga yeb ichib birga jumaga chiqib yurishgan. 

Mazkur holat yuzasidan, Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan JKning 164-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Talonchi qamag‘da. Biznesmen tirik. 

MS: Pul nerda og‘o?

RT: Pul temir qutida.

O‘zbekistonda mashinalar nomeri viloyatlarni bildirishiga barxam berish kerak. Nomer bois mashina egasi kamsitilmasin. Yaqingacha Chexiyada ham mashinalar regionga qarab nomerlanar edi. Bir sabab bilan qishloqqa borib qolgan pragalikning meshinasi g‘ildiragini teshib qo‘yish, yoki qishloqdan poytaxtga kelgan mashinaning oynasini sindirib tashash kabi ayirmachiliklar yuz bergan. Chexiya hukumati bunga barham berib  nomerlardagi regionga mansublikni bekor qildi.

MS: Chexiyada qishlok bilan shahar axolisi o‘rtasinda deyarli farq yo‘q, bizlada osmon bilan yercha farq bo. Xaydashi vyonda tursin, xatto fikrlashinda forq bo. Oyniqsa yovonnan galgan xotinla dim yomon haydiydi moshinni.

RT: Xotin qizlar huquqlari masalasi bu o‘zbek jamiyati uchun bir sinov bo‘ldi. Ko‘pchilik bu sinovdan o‘ta olmayapti. «O‘z xotinimni ursam, nega qamalishim kerak» deganlar poda poda, o‘rda o‘rda¸ suruv suruv bo‘lib yurishibdi. Bu erkaklar tug‘ilishi bilan joxil enalari tilidan «sen ustunsan¸ chunki erkaksan»degan gapni eshitib, ammayu xolasiga chukkini o‘ynattirib yelkasiga tasodifan general unvoni taqqan serjant kabi sevinib o‘tirishgan. 

Ammo bir kuni bu «martabali erkak» dangasaligi uchun boshliqdan tepki yeb, qarzini qaytarmagani uchun yuziga tuflanib¸  shtrafni to‘lamagani uchun uchastkavoydan qochib ko‘chada piyoda yursa¸ bitta qiz qimmat mashinada unga loy sachratib o‘tib ketdi. Yigit o‘zini xo‘rlangan xis qildi va «Negaaaaaa» deb baqirdi. Xo‘sh negaaaa?  Bu yigit enasi chaynab bergan nonni nanna deb yeb taltayib o‘tirganida bu qizgina ingliz tilini o‘rganib o‘tirgan edi. Bu yigitni guli xolalarining yelkasiga minib, toychoq bola toy bola bo‘lib yurganida bu qizgina o‘z vaqtini taqsimlab boshqarish ilmi bo‘lgan taym menejmentni o‘rgandi. Bu bola «ko‘chada» o‘g‘ri kissavurlar fenyasini o‘rganib nos chekishga o‘tgan paytda, bu qiz o‘z kuchi bilan chet do‘latdagi o‘qishga kirvoldi. Bu bola porno ko‘rib, drachit qib o‘tirganida bu qiz o‘qishni bitirib do‘llirda kotta oylik beradigan chet do‘latti firmasiga ishga joylashdi. Bu bola firibgarlik bo‘yicha bitta sxo‘dka qilib, qamalib, Qiziltepada g‘isht tashiyotgan paytda bu qiz Londonda stajirovka o‘tib qaytdi. O‘ziga kvartira va mashina sotib oldi. Parazit ishyoqmas aka ukalari ochdan o‘lib netib ketmasin deb pulam berib turadi bu qizgina. Bu qiz jamiyatda huquqlari borligi uchun, yoki davlatning osmoni musappo bo‘lgani uchun rivojlanib sho‘rvaning yuziga chiqib ketmadi. Balki agar o‘zi o‘qib tirishmasa rijol erkaklardan iborat hayvonlarning tuyoqlari tagida ezilib yo‘q bo‘lib ketishini bilgani uchun tirishib tarmashdi. O‘zi uchun o‘ladigan yetim edi bu qiz.  Xozir rangi zaxil¸ yaxshi o‘sib rivojlanmay qolgan¸ beshikda yotaverib miyasi osh taxtaday tekkis bo‘lgan va olgan qarzini berolmay o‘tirgan erkaklar feminizmni qarg‘ab o‘tirishibdi ikkala tizzasini yumuriqlab. 

MS: Og‘a shu  feminizm novvi?  Uyot gapmi?

RT: Feminízm (lotinchada «xotin» so‘zini anglatgan feminadan olingan kalima). Bu xotin qizlarning  siyosiy, iqtisodiy, shaxsiy va ijtimoiy huquqlarini kengaytirishga qaratilgan va seksizm hamda oilaviy zo‘ravonlikka nuqta qo‘yishni istaydigan kurash spektridir. Feminizmga qarshiman deyish bu xotin qizlarni kamsitish, urib do‘pposlash tarafdoriman deyish bilan tengdir.

Brilliantlar dengiz sohilida  yotmaydi

Turkiyada O‘rxonbey degan do‘stim bor. O‘rta sinf mansubi. Traktor sotadi. Gap traktorda emas. O‘rxonbeyning Sevim degan qizi bor. Matematika fakultetiini tugatgan. O‘rxonbey shahar markazida ochib bergan kursda bolalarga matematika o‘rgatadi. Gap Sevimning pul qaynar xumchasi bo‘lgan o‘quv kursi haqida ham emas. Gap Sevimning qo‘lini so‘ragan bo‘lg‘usi kuyov haqida. 

Bundan uch yilcha oldin Shukri ismli mexanik injener diplomli yigit O‘rxonbeyning uyiga sovchi yubordi. Odatga ko‘ra Shukrining otasi Hamdi, enasi Potma¸ katta akasi Karam qo‘llarida maxsus tugun paket qilingan shirinliklar ko‘tarib O‘rxonbeyning eshik zilini bosishdi. Shukri ham qo‘lida nemis shokoladi solingan yaltiroq qutini ko‘tarib muxtamal qayin padar uyiga sovchilarga qo‘shilib keldi. Unashtirish marosimi nishoni edi bu.  Tadbir finalida O‘rxonbey «modomiki yoshlar bir birini sevmish. Bizga tushadigan ish qolmabdi. Berdim ketti. Tepib  tepib  qo‘llan» deb rozilik berdi. Muxtamal kuyov borib muxtamal qayin padar qo‘lini o‘pdi. 

Ammo gap turklarning unashtirish to‘yi  «nishon» haqida ham emas. Gap nimada? Gap Turkiyadagi qizlarning qadr qiymatida. Ya'ni unashtirish paytida qizning otasi rozi bo‘lgani bu qizni shes sekundda o‘rab chirmab shessekundda kuyov uyiga olib ketilishini anglatmaydi. Kuyovga asosiy to‘y bo‘lib nikoh qiyilishidan oldin bir qator iqtisodiy moliyaviy talablar qo‘yiladi. Dedlayn yo‘q. Kuyov bu talablarni qachon bajarsa shunda nikoh o‘qiladi. Bu talablar mardum mansub bo‘lgan sinf va regionga qarab o‘zgaradi. Masalan, mamlakat kunchiqarida kuyov taraf biror uch kilo oltin taqinchoq osishi kerak kelinning bo‘yniga. 

Ammo gap oltin taqinchoqlar haqida ham emas. O‘rxonbey yashaydigan Izmirda kuyovga qo‘yiladigan talab bo‘lg‘usi oilaning «xuzur ichida yashashi» uchun zarur ashyolardan tarkib topgan. Avvalo O‘rxonbey kelin kuyovlarning hech bo‘lmaganda «ikki orti bir» (Bir zal ikki yotoq va kuxnya) uyi bo‘lishini talab qildi. Ba'zilar kiraga uy oladi, ammo O‘rxonbey o‘z qizining o‘z uyida yashashini istadi. Izmirda ikki orti bir uyning eng arzoni 70 ming dollar. Uy ichini turklar aytmoqchi «to‘shash»ni ham o‘zi bo‘lmaydi. Uy kirish eshigi «sulton sulaymon mchj» firmasida ishlangan bo‘lishi kerak minimum. Kiraverishdagi kiyim ilgichdan tortib yotoq va zal mebeligacha ularning ta'biricha «sifr» bo‘lishi joiz. Devordagi pardalar alohida simfoniya. Arzon parda oldi deb unashtirishni bekor qilgan o‘nta oilani bilaman Istanbulda. Kuxnya ya'ni mutfak «o‘n no‘mira» bo‘lishi kerak. Bu kuxnyada idish yuvadigan mashina¸ gaz pilita¸ elektr choynak¸ tost mashinasi albatta Bosch firmasiniki bo‘lishi shart. Xar xolda O‘rxonbek shunday istadi. Boshqa odamlar Beko yoki Archalikka ham rozi. Uyda kamida uchta elektr supurgi bo‘lishi kerak. Bittasi uzun bo‘yli. Bittasi elakday yumaloq robot supurgi va yana bittasi dastuxondagi ushoqni oladigan kichkina qo‘l pilesosi. Bularning hammasi Bosch firmasiga oid bo‘lishi kerak. O‘rxonbey bu oilaning hali start xolatida bo‘lgani uchun «bir banyoli» (Bitta xammomli) uy yetarli deb bildi. Lekin albatta  Bosch brendli kir yuvish mashinasi bo‘lishi lozim. Tualet zotan yangi qurilgan uylarda ikkita. Buning yonida yotoqqa va zalga to‘shaladigan gilam brendi va sifati ham ro‘yxatga kirgan. Darvoqe bu uyda qaynona va qaynota yo‘q. Ular yilda bir yoki ikki marta yarim soat bir soatga oldindan apportment olib kelib ketishi mumkin. 

Asosiy gapni aytib bo‘ldim. Turkiyada qizning qadri bizlarnikiga o‘xshamas. O‘rxonbeydan so‘radim. «Domodbey (kuyov) zimmasiga og‘irroq yuk yuklamadingizmi. Bu ketishda Sevinch uyda qolib pirduxtor bo‘ladi» dedim. O‘rxonbey kiprigini qoqmay javob berdi «inciler sahilde bulunmazlar. Eğer bir tane istiyorsan onun için dalmalısın.» Tarjimasi: Brilliantlar soxilda yotmaydi. Agar bir dona brilliant olishni istasang¸ buning uchun dengiz tubiga sho‘ng‘ishing kerak. Bir narsaga oson erishib bo‘lmasligi haqidagi maqol. Xullas bo‘lg‘usi kuyov Shukri uch yil ichida bu talablarning yuzda yetmishini yeriga yetiribdi. Eng muhimi uy olgan. Qolgan 30 foizni ham jadallashtirsa «xotin visoliga musharraf» bo‘ladi. Shu. Hamma gapni aytib bo‘ldim shekilli. Gap qizlarning qadri qimmati haqida edi. Brilliantlar dengiz sohilida kel meni ol deb yotmaydi.

Bolasotar xalq

«Bolasotar xalq» seriali davom etadi. Farg‘ona shahar «Yangi asr» ko‘chasida yashaydigan xotin o‘zining 8 oylik qizini Uchko‘prik tuman Katta Kenegas qishlog‘ida 10 ming dollarga sotayotgan paytda qo‘lga olindi. Xotin «jijisini sotib eshik olishni» plan qilgan. O‘zbek kriminal svodkalarida keng tarqalgan jinoyat bu bola sotish. Men ataylab axoli soni 30 million bo‘lgan mamlakatlarni solishtirib ko‘rdim. O‘zbekiston bola sotish bo‘yicha dunyo birinchiligida. O‘zlariga «bolajon xalqmiz» deb nom qo‘yvogan bu to‘da o‘z bolasini qassobga ham sotaveradi. Mana masalan sal oldinroq Sho‘rchi tumani Jarqishloq mahallasida yashovchi 51 yashar bobo  31 yoshdagi qizining qirq kunlik o‘g‘il farzandini sotayotganida qo‘lga olingan edi. Shunga o‘xshash voqea Namangan va Farg‘ona vodiysining o‘nlab qishloqlarida bo‘lib yotibdi. Dunyoni titratgan futbol qiroli Pele futbolni tark etgan kuni AQShdagi stadionga yig‘ilgan 80 ming odamga qarata «bolalarni seving» deya ko‘zida yosh bilan aytgan edi. Darvoqe  u odamlarga qarata aytuvdiya. Bu to‘daning odamiyzotga umuman aloqasi yo‘q. 

MS: 9 oydan keyin bozora toza tovar chiqarish uchun bugun harakat atjak bo‘lg‘onlaram shu gap.

«Oldin Qozonda, keyin Dubayda..» 

RT: Toshkent va Xorazmlik qizlarni Totor poytaxti Qozon va Dubayda jalablik qilish uchun jo‘natayotgan mamaro‘zayu paparo‘zalar Toshkent xalqaro aeroportida qo‘lga olindi. O‘zbekiston keyingi 30 yil ichida dunyoga fohisha yetkazib beruvchi yetakchi davlatga aylandi. Dubayga jalab yetkazib berishni o‘tkan asrda prezident qizi Gulnora Karimova keng ko‘lamda yo‘lga qo‘ygan edi. 

MS: Do‘shikina yarasha qoziqi. Ashakina yarosha kurrasi. Og‘o yomon g‘orlo ko‘paydi…

RT: Toshmining yuqori kursida o‘qiydigan durkun qizlardan iborat «sog‘lom jalaplar» otryadi shakllantirilgan. Bu erkaklar qalbini ishg‘ol qiluvchi otryad mansublari 200 dollardan 500 dollargacha bo‘lgan qimmat gonorar evaziga mehmonlarni «dam oldiradi» Xizmat haqini mezbon to‘laydi. Keyingi paytda Rossiyadan kelayotgan Kreml mulozimlariga mulozamat paketi ichida albatta qizlar bor. Yuqori martabali mezbonning mehmonlar uchun maxsus xizmat xonasida ko‘rsatiladigan bu «ikromi» odatda tinch o‘tadi. Ammo bu ishni havaskorlar yongsilasa ChP chiqadi. Kuni kecha Bo‘stonliqdagi dachaga beshta «Toshmi» studentkasini $3200 ga dostavka qilayotgan kuspurushlar ushlandi. Kuspurushlar qamag‘da. Qizlarga jarima solindi. Shu o‘rinda balog‘at yoshidan katta qizlarning sen sog‘ men salomat tarzida o‘zaro rozi rizochilik bilan mehmon tagiga yotishida nima qabohat bor degan savol ham tug‘iladi. Tundradagi ba'zi qabilalarda mehmonga o‘z qizi yoki xotinini qo‘shib qo‘yish odati bor. Har xolda mehmon aziz, mehmonni siylash joiz. 

MS: Dimom o‘zini qizi bo‘lmasam qo‘ngishini qizini memonni tiyina do‘shak atilyotirg‘oni bor gap. Sog‘ bo‘lg‘oysizla.

RT: Toshshahartranport idorasi Rassom Tuz aytganidan keyin avtobusda shariat o‘rnatmoqchi bo‘lgan sho‘prga xayfsan berdi.»Toshshahartransxizmat» Avtobusiga diniy varaqa yopishtirganlar yuzasidan surishtiruv boshlandi.

MS: Novvi bo‘lvadi o‘zi. Boshinnon so‘llang.

Diniy segregatsiya yoki tolibonbashara Toshkent

Toshkentdagi 43 yo‘nalishda yuradigan avtobus oynasidagi e'lon xuddi Eron islomiy respublikatsiyasidagi diniy segregatsiya talabini so‘zma so‘z takrorlaydi.

«Toshshahartransxizmat»ga qarashli bu avtobus xotin qizlar va erkaklar zonasiga aylantirilgan.  

Islomiy inqilob ortidan shariat cheklovi o‘rnatilgan Erondagi yo‘lovchi avtobus¸ Texron metrosi va boshqa yo‘lko‘liklar xotin qiz va erkaklar zonasiga ajratilgan. 

Bundan tashqari terrorchi Tolibon nazoratidagi Afg‘onistonda ham xotin qizlarning hech bir shaklda erkaklar bilan yonma yonma yon turishiga izn yo‘q. 80 yashar kampir bu segregatsiya qoidasini buzsa darra urib jazolanadi. 

Eronda non sotadigan do‘konlar ham xotin qiz va erkak hududlariga ajratilgan. 

Diniy segregatsiya bu diniy radikalizmning yomon ko‘rinishlaridan biri bo‘lib xotin qizlarga shahvat va seksual joziba markazi degan yanglish qarashga asoslangan. 

O‘zbekistonda xotin qizlar va erkaklar teng huquqli. Ularni jinsiga ko‘ra ayirish amaldagi va yangi qabul qilinayotgan konstituttsiyaga ochiqcha tajovuzdir.

Ayni paytda bu oshkora takfirchilikdan iborat bo‘lib diniy nizo chiqaradigan omil. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi¸ O‘zbekiston davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bu diniy segregatsiya ko‘rinishiga huquqiy baho berishi va aybdorlarni jazolashi joiz. 

O‘zbekiston dunyoviy demokratik davlat. O‘zbekiston konunlarida ko‘zda tutilmagan turli yot mafkura va cho‘pchaklar taraqqiyot g‘ildiragiga tiqilgan xodadir. O‘zbekistonni jaxolat botqog‘iga cho‘kdirmoqchi bo‘lganlarga qonuniy haddini ko‘rsatib qo‘yilishi davr talabi.

O‘g‘rigina sho‘pir

O‘zbekistoning barcha qashshoqlari kabi u xam ertalab do‘latni ishiga ketar ekan «bir narsa o‘marib kelsam» deb o‘ylardi. Yaxshiyam bu odam Bonka direktori emas. Bor yo‘g‘i bonka rahbarini ob yuradigan sho‘pr. 

“Xalq banki” G‘uzor tumani boshqaruvchisining sho‘piri bank kassiriga tegishli dasturdagi shaxsiy login va parol orqali boshqa odamning telefon raqamini kiritgan holda 3 nafar mijozning pul mablag‘larini yechib oldi. 

Sho‘pr birat  kassirning login va parollarini bilib olgan va bank monitoring xonasidagi kompyuter orqali tizimga kirib, ko‘plab  O‘zbekiston qashshoqlariga  tegishli 50 million so‘mdan ortiq mablag‘larni o‘g‘irlab olgan. Sho‘pr qamag‘da. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mavlono Rumiyning «Masnaviyi ma'naviy» kitobida o‘z istaklarini tiya olmagani uchun o‘lgan xotin haqida rivoyat bor.

Matchon suqilish: Siz eslayan rivoyatni o‘g‘ri sho‘pra aloqasi yo‘q. Rivoyatda erinnan qoniqmag‘an xotin eshakni teyina yotadi. Hangi eshshakni aspobi bu xotinni ichak chovog‘ini yorib toshiydi. Xotin go‘rda. Eshshaka novvi bo‘g‘ani haqqinda roviylla sukutda.

G‘or odamlari

Eng qadimgi odam ming mashaqqat bilan o‘rdak ovladi. Bu o‘rdakni g‘orda kutib o‘tirgan to‘rtta xotinimga oberay. Patini yulib gulxanda pishirib iftorda oldimga qo‘yishadi deb o‘ylab o‘rdakni beliga baylab g‘or tarafga jildi. Boshqa bir qadimgi odam esa kun bo‘yi hech narsa ovlay olmadi. Qarasa bir soch soqoli o‘sib ketgan bomjga o‘xshash odam kelyapti. Belida o‘rdak. Ishi yurishmagan birat qo‘lidagi gurzisi bilan uni bir urib yiqitdida  mazlum belidagi o‘rdakni belbog‘i bilan qo‘shib tortib oldi. Qo‘shimchasiga olov yoqadigan chaqmoqtosh  va mustajob duo o‘rnida o‘tadigan bo‘ri tishini ham tortib ovoldi. Shu tariqa dunyodagi ilk talonchilik jinoyati sodir bo‘ldi. O‘rdagidan ayrilgan birot o‘ziga kelganidan keyin jaxli chiqib osmonga qarab bo‘kirdi. O‘rdagidan ayrilgan mazlum  qo‘liga qirrali tosh parchasini olib shu yerdagi qizil qoyaga bo‘lgan voqeani rasm qilib chizib qo‘ydi. Bu dunyodagi ilk  jinoyat ifodasi. Ilk forma bir edi. (Forma 1 jinoyat haqidagi dastlabki  ma'lumot. IIB dagi maxsus kitob) Bu rasm AQShdagi gazeta tog‘i deya ataladigan qoyada hanuz jinoyat bayoni o‘laroq turibdi. 

Endi o‘zimizning qo‘ylarga qaytsak.  Toshkent viloyati. 2023 yil 10 aprel kuni soat taxminan 20:00larda, 26 yoshli A.A., 25 yoshli R.A. va 24 yoshli E.S.lar o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida, oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib bir guruhga birlashib, Toshkent viloyati Chirchiq shahar Sharq mahallasi hududidan o‘tgan “Bo‘z suv” kanali oldida 30 yoshli X.X.ni beysbol kaltagi bilan urib mazlum yonida bo‘lgan 2.000.000 so‘mlik “VIVO 23” rusumli telefon apparati, 250.000 so‘mlik bir dona nikoh uzugi va 270.000 so‘mlik bir dona kumushdan ishlangan va ustiga «Ë Ali» deb yozilgan erkaklar uzugini talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashirinishgan.

Bundan tashqari, yuqoridagi yovuz niyatli shaxslar o‘zlarining jinoiy qilmishlarini davom ettirib, shu kuni soat taxminan 22:00 larda, o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq, takroran talon-toroj qilish maqsadida, Toshkent viloyati Qibray tuman Turkiston mahallasi hududida 33 yoshli D.Z. ni «itaramiz» deb qo‘rqitib, tanasining yuz va qorin qismiga urib tan jarohati yetkazib, unga tegishli bo‘lgan 2.000.000 so‘m naqd pullarni, 1.800.000 so‘mlik “Samsung A20” rusumli telefon apparati va 12.200.000 so‘mlik erkaklar kumush hamda oltin  taqinchoqlarini ochiqdan-ochiq talon toroj qilib, hodisa joyidan noma'lum tomonga yashiringanlar.

Ammo xozir g‘or davri emas. Bo‘libam Toshoblda!!! Lekin agar Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi shovvoz xodimlari neolit davrida yashagandayam talonchini ushagan bo‘lishardi. Bugunam shunday bo‘ldi. Talonchilar shoxida yursa milisalar bargida yurishdi. 

Talonchilar qamag‘da!!! Tinch uxla Qibray. Bobojonov og‘aning mirshablari bor ekan o‘g‘riyu talonchilar albatta qamag‘da balanda ichadi. 

Mazkur holat yuzasidan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.A., R.A. va E.S.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qarz olsa qaytarmaydi¸ ijaraga uy olib haqini to‘lamaydi. Bu aqalliyat vatandoshlar tasnifi   13 aprel kuni soat 15:30larda Kitob tumani «Guliston» mahallasida yashovchi U.E. bilan T.Q. o‘zaro janjallashib qoldi.  Fuqaro T.Q. qo‘lidagi tayoq bilan qariya U.E.ni urib, o‘ldirdi. 

Aniqlanishicha, marhum ayblanuvchining xonadonida ma'lum haq evaziga ishlagan. Uy egasi qariyaning haqqini berish o‘rniga uzoq vaqt uning haqqini bermay kelgan. Hodisa sodir bo‘lgan kuni qariya 1 200 000 so‘m pulini so‘rab ayblanuvchining uyiga borgan.

T.Q. jinoyat ishida JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qotil qamag‘da. Chol go‘rda.

O‘ris cherkovi

Toshkentda «Qutqaruvchi Preobrajenskiy» degan rus provoslav cherkovi butxonasiga qo‘shib qurilarkan. Kremldan bizning tuzemets rahbarlarga sholdiratib buyurishibdi. «Tez qurish. Bo‘masa anavindaqa bo‘ladi» deb. Tuzemetslar tilida uch xarflik so‘z bor. «XO‘P» degan so‘z. Ular egalari binnasa desa darrov xo‘p deyishadi. Bugun rahbarlikda o‘tirganlarni ota buvasini tergov qilgan Gdlyan Ivanov guruxi bularni «xopchiki» deb atagan. «Raisni ustidan yoz» javob «xo‘p», «oltinlarni potolokka yoshirdim deb oyt», «xo‘p».  

«Qutqaruvchi Preobrajenskiy» degan rus provoslav cherkovi  Chor¸ ya'ni oqposhsho davrida Toshkentning xozirgi mustaqillik maydonidagi globusning o‘rnida bo‘lgan. Bu cherkov Turkistonni ishg‘ol qilgan rus bosqinchilari sharafiga qurilgan. O‘sha paytdagi musulmon imomberdilar ham bu cherkov ochilish tantanasida qatnashib oq poshshoni duo qilishgan. Bu cherkovni Sovet hukumati kolonizatsiyaning manfur timsoli sifatida buzib g‘ishtidan Hamid Olimjon metrosi yonidagi hammomni qurdirdi. Rahmat shu ishiga. Shu hammom bois mahalliy aholi orasida bit kamaydi. 

MS: Gapni do‘g‘risi, ho‘kimot cherkovni asl o‘nninda ya'ni mustaqilliq maydoninda qurmag‘oni uchunam so‘vinish garak. Xozirg‘i rahbarlarni kremldagi egalari «onosho‘rda qurasan» dasa novvi bo‘lar adi. Qurar adi ko‘r bo‘lib Madturvazir boshchiliqinda. Butxonani yaltillatib qo‘ydiqu. 

RT: Endi asosiy gap. Men cherkov qurilishiga qarshiman. Bo‘libam Ukrainada go‘daklarni o‘ldirayotgan o‘ris bosqinchilari cherkovining qurilishiga.

Yov qochsa botir ko‘payadi

Ëv qochsa botir ko‘payadi. Bugun paxtada bolalar majburiy mehnati yomon deganlarning ko‘pi jim o‘tirishgandi. 1999 yil noyabr oyida Urganchdagi TV ALS telekompaniyasi paxtaga olib chiqilgan bolalarning ayanchli ahvoli haqida reportaj bergan edi. Ular ichayotgan suv ichidagi qurt qumursqa va qumni ham ko‘rsatgan edi. Shu reportajdan o‘n kun ham o‘tmay viloyatning eng korruptsiyalashgan va oshqovoq kalla zamhomi Botir Raximov telekompaniyani efirdan uzish uchun harakat boshladi. 20 dekabrda Xokimiyat shotirlari va matbuot qo‘mitasidagi savodsiz joxil Xusayn Raxmonov degan odam studiyaga kelib rubilnikni o‘chirdi. Telekanal o‘chirilishi so‘ralgan hujjatda «kanal xabarlarida negativ faktlar ko‘p beriladi» degan xulosa bor edi. Agar kimdir Karimov davrida ezilgan bo‘lsa bu TV ALS jurnalistlaridir.

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron og‘amizning  «Ma'rifat va madaniyat» telekanali taqdiri haqidagi  28 minutlik chiqishini mamnuniyat va qoniqish bilan eshitdim. Bu chiqishdagi barcha pointlarga qo‘shilaman va O‘zbekiston Madaniyat va Turizm vaziri lavozimiga tayinlangan ashlachi Ozodbek Nazarbekov nishonga olingan qismini o‘ta muxim deb hisoblayman.

Faqat muloyim ovozda qo‘shiq kuylagani uchun  yoshulli tarafidan «piligi» ko‘tarilgan, aslida tamal savodi yo‘q¸ dunyo tamaddunidan behabar, yaqin o‘tmishda xizbu taxrirning puch g‘oyalari targ‘ibotchisi bo‘lgan kimsani davlatning muxim jabhasiga rahbar qilib tayinlanishi jiddiy xato bo‘lgan edi.

«Yaxshi qo‘shiq aytgan odam TV kanal direktori bo‘lib bu kanalni ko‘taradi» degan yanglish ammo yaxshi niyatda bu folk pop ashlachini to‘yda xizmat qilib qistr qistrni qism qism qilib yurgan joyidan olib «ko‘tarib qo‘yishdi».

Bu esa o‘z navbatida hali oqil odamlar o‘latdan butkul qirilib ketmagan jamiyatda dissonans xolatni vujudga keltirdi. Bu xuddi davlatni farrosh ham boshqarishi mumkin degan Lenin doktrinasining ijobiday ko‘rindi. 

Agar Ozodbek  bu yangi vazifada hech narsa demay va hech narsa qilmay o‘tirganida balki jamiyatga ham, o‘ziga ham foydali bo‘lardi. Ammo artistlar tabiatan egotsentrik ekstrovert bo‘ladi. Ular o‘zlarini ko‘z ko‘z qilishni istashadi. Shu bois kallasi absolyut bo‘sh bo‘lgan Ozodbek konstitutsiya bergan huquqni Chust do‘ppisini kiyib poz berish deb tushunib kulgiga qoldi. 

Donishmand shoir Xurshid Davron ashlachilarning bo‘yinturuq yoki quyushqonga qamalgan toifa ekanligini ziyrak nigoh bilan payqadi. Darxaqiqat shoirning she'ri¸ bastakor musiqasi va qistir qistir dan iborat doira ichiga qamalgan bozingar ular.

Davlat amaldori¸ bo‘libam Madaniyat vaziridan ba'zan qat'iylik va o‘z siyosiy irodasini o‘tkaza bilish talab qilinadi. Masalan hatto Madaniy obidalar ro‘yxatida ham bo‘lmagan Kamolondagi bosqinchi o‘rislar butxonasini davlat hisobidan ta'mirlash masalasida professional yondashilsa bo‘lardi. «Ta'mir kutayotgan ro‘yxatdagi minglab tarixiy obidalar bor. Nega hatto sovetlar ham obida ro‘yxatiga kiritmagan vayronani ta'mirlashimiz kerak» demadi. Bu ashlachi  Buxorodagi Sitoraiy Moxi Xossa vandal ta'mirchilar tarafidan vayron qilinganini ham tushunib yetmadi. Aynan shu vazir davrida minglab obidalar «Vaqf» diniy tujjorlariga padarka qilindi. Eltuzga ma'lum bo‘lishicha, bu ashlachi opera va baletni ham kafanlab qo‘mishni rejalagan.  Eltuz yaqinda qo‘lga kiritgan xujjatlarda bu «vazir» mavjud qoidaga zid tarzda bir necha biznes shirkatlarni ochib olgan. 

O‘rta maktab hajmida ham ilimi bilimi yo‘q¸ prezident farmonlarini o‘qib uqmaydigan¸ faqat aytgan ashlasi birinchi rahbarga yoqqani uchun amaldor bo‘lib turgan kimsa endi tuppa tuzuk ishlab turgan «Ma'rifat va madaniyat» telekanalini o‘z madturvazirligi omborxonasiga «apkirib qo‘ymoqchi».

Shoir Xurshid Davron bu xolatni detdomdagi yetim qizlarni mamaroza qo‘liga o‘tishi va mulozimlar tagiga to‘shalishi bilan bog‘liq Xorazmdagi xolatga o‘xshatdi.

Donishmand shoir va uzoq yillar TVda ishlagan Xurshid Davron o‘z so‘zi avvalida «to‘pi yo‘q zamabaraklar» haqida gapirdi. Madturvazirlik aynan o‘qi yo‘q zambarak. Tashqaridan qarasang zambarakka o‘xshaydi. Ammo zarur v asosiy funktsiyani bajara olmaydi. Oldinroq men bu tashkilotni yonmaydigan gugurtga o‘xshatgan edim.

Xurshid Davron bilan Ozodbek Nazarbekovni solishtirib bo‘lmaydi. 

Tog‘ bilan botqoq yoki fil bilan bit taqqoslanmaydi. 

Sport tili bilan aytsak Xurshid Davron og‘ir vaznli chempion. Ozodbek esa vaznsizlik xolatidagi bir bechora.

Agar somon parchasi  shamol turganida osmonga chiqsa ham hasligicha qoladi. 

Kechagina Gulnora Karimovaning marafonida «hayot uchun» degan maykani kiyib yo‘rg‘alab yurgan¸ undan oldin esa «demokratiya kufr» deya xizb g‘oyalarini bayroq qilgan bu ashulachi Yangi O‘zbekistonning yuzi bo‘la olmaydi. Saviyasiz¸ tuturiqsiz va tayinsiz ashlachining paloncha muxlisi bo‘lgani uning siyosiy qiymatiga konvertatsiya bo‘lmaydi. 

Taklif: Madaniyat va Turizm vazirligini tugatib tashash kerak. AQSh yoki Frantsiyadagi modeldan birini tanlab «madaniyat va san'atga oid g‘oyalarni davlat granti bilan ta'minlaydigan» agentlik qilinsa yetadi. Ashlachilarni esa zinxor davlat vazifalariga yaqinlashtirmaslik kerak.

Davlat puli hisobiga ishlaydigan MTRK esa Britaniyadagi Bi Bi Si kabi aholi to‘laydigan soliq hisobidan ishlaydigan pablik teleradiokanalga aylanishi kerak. Bu kanallar ko‘proq info va ma'rifat tarqatishi va kamroq ko‘ngil ochishi kerak. Mendan aytish.

Bayroq

Dunyoda eng qimmat narsa bu vatan bayrog‘i. Urushda bayroqdorning vazifasi dushman qo‘liga tushmaslik. Bayroq shunchaki uch rangli yulduz hilolli gazlama emas. Bayroq bor. Bayroq bor !!! (urg‘uni o‘zingiz qo‘ying) Qiziltepa tumani obodonlashtirish boshqarmasi 4 ta bayroqni 71 mln so‘mga sotib oldi. Qo‘llarda bayroq kelajak porloq.

Rijol fabrikasi

O‘zbek maktabi zombi radikallar yetishtirib chiqaradigan inkubatorga aylanmoqdami? 

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Xilola Umarovaga maktub.

Muxtarama Xilola O‘ktamovna sizga bu maktubni yozishdan maqsad O‘zbekistonda ta'lim tizimi reforma qilinayotgani va yangi konstitutsiya dunyoviy davlatning garanti bo‘lajagiga ishonch tuyg‘usidir.

Ammo ta'lim reformasi bu zvonok chalinishi bilan boshlanadigan dars emas. Unga asli kecha tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak edi. Yangi Konstitutsiyada alohida ta'kidlangan dunyoviylik printsipi mavjud konstitutsiyada sal mavhum qolgani bois ta'lim tizimining diniy dogmalar va diniy institutlardan ayri bo‘lishini o‘qituvchilar umuman bilmaydi. 

Tarmoqda bahslarga sabab bo‘lgan videoda Toshkentdagi davlat maktabida diniy tadbir o‘tkazilayotgani aksi etgan. Tadbirda oq rido va oq do‘ppi kiygan o‘quvchilar ota onalariga jannat tojini kiyish ritualini ado qilishdi. Ota onalaro oldida tiz cho‘kib qo‘l o‘pishadi. Indulgentsiya ya'ni qiyomat sudidan oldin odamlarga jannatga yo‘llanma berish rituali katolik dinida bor va bu boshqa samoviy dinlar xususan islomga ham sizgan. 

Men barcha din mansublariyu klerikal ruxoniylar orasida ziddiyat va nizo keltirib chiqaradigan indulgentsiya ritualini yaxshi yoki yomon demoqchi yoki uni analiz qilmoqchi emasman. 

Bu ritual o‘z konstitutsiyasida dunyoviy deb belgilangan davlatning maktabida o‘tkazilayotgani borasida haqli e'tiroz va havotirlarda asos bor.

Bu videoni tarmoq muhokamasiga qo‘ygan bloger Alim Nishanov bu xolatni «7-asrga qaytish. Shariatizm» deb atagan:

«Bolalar dinga qattiq sho‘ng‘ib miyasi dogmalashadi. bu diniy ahkomlarini Davlat maktabida bo‘layotgani meni taajubga soldi. Ta'lim tizimiga din aralashishi va bu ketishda «shariatizm ongi» yetishtirib chiqaruvchi zamburug‘ avlodlar yetishtirib chiqarish sari ketmoqda. Eron, Afg‘onlarga tez yetib olamiz ta'lim tizimini shu zaylda berib qo‘ysak.

Kecha qizlarga maktabda ro‘mol deb erishishdi, keyin xijob, burqa, darslarda aloxida o‘tirish va bugun diniy bayram o‘tqazish, ertaga maktablarda namozxona ochish, dinga to‘g‘ri kelmaydigan fanlarni taqiqlash, qizlarni o‘g‘il bolalar bilan o‘qitishni taqiqlash, umuman qizlarni o‘qitishni taqiqlash, va xakozolar… 

Bundoq qarasangiz maktabga takbir, Ollo akbar deb kirib keladigan rijol bachchalar. Tolibonlar xavas qiladigan shariatchi bachchalar yetishib chiqadi. Ayollar bo‘lsa qora qopda uydan chiqmasdan inkubatir ishini bajarib o‘tiradi.

Shariat tizimiga erishish shunday asta sekinlik bilan.Ta'limni dinga topshirgan kunimizdan boshlab shariat tizimida ekanligimizda xis qila boshlaymiz!»

Bu havotirga qo‘shilgan Sardor ismli bloger Toshkentdagi maktabdagi manzarani tasvirlaydi 

«Biologiya o‘qituvchisini maktab orqasidagi sport ploshadkada toshbo‘ron qilish kerak, odam bilan maymunni ajdodi bir dedi kopir. Juma kun 5 nchi soat matem edi, o‘rniga juma o‘qidik. Direktorimiz imomlikka o‘tdilar».

Dars o‘rniga jumaga borish¸ dars paytida umra sayohatiga ketish tendentsiyasi kuchaygan. Joriy yil boshidan buyon majburiy maktab ta'limi davrida, 6 ming 346 nafar o‘quvchilarga, saudiya arabistoni va misr davlatiga viza rasmiylashtirilib, ularning bu davlatlarga chiqib ketgani kuzatilgan.

Muxtarama Xilola O‘ktamovna bu muammo faqat bitta maktabga xos juz'iy problema emas, balki butun ta'lim tizimiga yoyilayotgan rak o‘simtasiga o‘xshash jiddiy va tizimli xastalik. 

Bu xastalik oqibatida Yaqin Sharq mamlakatlari diniy nizolar bois kuniga o‘nlab odamlar o‘ladigan notinchlik bilan yuzma yuz yashashga majbur.  

Bu kasallik oqibatlarini tugatib mamlakat ta'lim tizimini dunyoviy o‘zanga burish uchun Saudiya hukumati o‘nlab  milliard sarflab boshladi. Biz esa jadid otalarimi boshida turib shakllantirgan ta'lim tizimini bolta va gurzi bilan sindirishni boshlab yubordik. 

Xilola O‘ktamovna bu xatimni jiddiy qabul qilishingizni istardim. 

Ta'limning diniy institut va din dogmalaridan ajratish Yangi qabul qilinayotgan konstitutsiyada ta'kidlangan dunyoviy davlat tamoyilidir. Buni amalga oshirishga vazifalantirilgan eng katta davlat amaldori esa sizsiz. 

Xurmat bilan. Bloger. Eltuz.com  portali asoschisi Rassom Tuz. 

MS: Og‘o sho‘rda to‘xtop yonqi gapni oyting

Assalom O‘zbekiston, Juma muborak.

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
9 mart 2021
Insoniyatning uzoq kechmishidan ma'lumki, Aleksandr Makedonskiy aqlan, jismonan va ruhan tengsiz kuch-qudrat sohibi bo‘lgan. Shuning uchundir o‘z vaqtida ayovsiz ...
10 aprel 2018
Kanadada yashovchi Ulug‘bek Ashur shu bugungi kunda turli qora ishlarga majburlanayotgan o‘qituvchilarga atab yangi qo‘shiq kuyladi. «Eltuz» nashri studiyasi ...
16 mart 2016
„Paxta kampaniyasi“ (The Sotton Sampaign) O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida odamlarni majburiy mehnatga jalb qilish hamon saqlanib qolayotgani xaqida Jaxon Bankini ...
30 oktyabr 2015
Militsiya: -Josuslarni ushladik. Terimga majburlash taqiqlangan, deyishayapti. MXX xodimi: (telefonda) – Bizda majburiy mehnat taqiqlangan? Nahotki? Rassom: Tuz www.eltuz.com
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...