Asosiy mavzular
29 dekabr 2023

Qorbobo boy xotinga uylandi

Yangi yil,

Kelaver qanday kelsang ham,

Kimlar yetdi senga, kimlar yetmadi.

Sen yangi yo‘ldoshsan, sen yangi hamdam,

Yo‘qlab kelganingni o‘zi bir bayram.

MS: Tozo yil morak o‘lsin xo‘jik birri mo‘chchi oybikala. Suvuqloda so‘qishmiyin o‘tiribsizlami? Duzog‘o sizam tozo yildo ponqildovuq otosizmi?

RT: O‘zi aslida Ovropa formatidagi mavludniyam va Sovet formatidagi yangi yilniyam nishonlamasdim. Primitiv tuyulardi. Berlin markazidagi otel sohibi bo‘lgan do‘stlarim mana 10 yildirki xollga archa qo‘yishmaydi. Ular xristian qadriyatlari bo‘lgan archani daqqiyunus demoda deb bilishadi. Lekin bu yil 31 dekabr kuni men yangi yilni namoyishkorona kutib olaman. Vinegret yeyman. Shuba ostidagi baliq. Shampan sharobi. Olive. Shashlik mashlik. Anavi eri yo‘q piterlik mallim xotindi uyiga bir moskvalik alkash mol duxtr kirvolib jit qigani haqidagi kinoni millioninchi marta ko‘raman. Uyga kegan qorbobo va qorqizga 50 ta quyib berib ular bilan selfi tushib instaga qo‘yaman. Paqqildoq otaman. 31 dekabr soat rovno o‘nakkida sevgilmning labidan uzooq bo‘sa olman. Vsem vragam nazlo– pust budet prazdnik..

MS: Lekin og‘o shu qimmotchilik bo‘lg‘oni yomon. Etni kilosi ina. Ibiy shunchalli qimmotmanmi dap qossopni qonorinda durg‘on et qoltiriydi. Qozono solsong qozon qoltiriydi.

RT: Lekin Matchon Suqilish. Atrofga bir qara. Oddiy nalogchining uyi ham xonning saroyiga o‘xshaydi.

Mashhur italyan opera hofizi Toshkentga kelib, «bu xovli kimniki?» deb so‘radi, hashamatli villani ko‘rib. «Palonchi artsniki» deyishdi. «Uning ovozi sopranomi» deb yana so‘rabdi xofiz. «Fonogramma» deb javob berildi. Qoshini chimirgan opera xofiziga yana tushuntirildi. «Bu arts palonchi aka to‘yda 2 soat faqat og‘zini ochib yopib turadi. Ashula fonogrammadan» ketadi.

 «Odamlar shunaqa feyk ashlachiga pul beradigan joyni otini yana bir aytvoring» debdi xofiz. «To‘y» deb qaytarishdi. «Yaxshi joy ekan, men maqb yuribman Milan operada adashib»

MS: Vu o‘ylani usti yoldirovuq ichi qoltirdovuq. Penoplasdan bo‘lg‘on noqsh yopishtirib, moxtonib jijong-jijong atip qo‘yibdilo.

RT: Matchon Suqilish uka. Qish faslimizni yoz qil. Yaxshi gaplardan ayt.

MS: Og‘o sher oytiyn asa…

Ayt.

MS: Nu pogodi Non yopodi. Ërisini xom yopodi. Qo‘yon galip bir dapadi. Moyml galip suv sapadi.

RT: Bu she'ringni Navoiy eshitmasin. Nima degandilar Navoiy bobomiz…

Jingl

MS: Og‘o avallari ertak oytor adingiz. Sichonloni nikoh to‘yi hoqqinda…

Ertak emas, bo‘lgan voqeani aytib bersam.

Qorbobo qanday qilib saodatini topdi?

U Izboskanda tug‘ilganida Shaytanat filmi anjanda rosa ko‘rilayotgan edi.

Otasi unga Asadbek deb emas, Elchin deb ism qo‘ydi.

Kinoda  Behzod Muhammadkarimov o‘ynagan tragik personaj nomi.

Elchin boqchada va keyinroq maktabdagi teatr ko‘rinishlarida yalmog‘iz kampir rolini o‘ynardi.

Uning «xe xe xe» deb firmenniy kulishi barchani maftun qilgandi.

Maktabni bitirib Toshkentdagi teatr institutiga topshirdi.

Ammo imtixonda o‘ziga o‘xshash yalmog‘izlar to‘dasi yurganini ko‘rdi. Imtixondan quladi.

Beshyog‘ochdagi kompyuter o‘yinxonasida ishlaydigan tog‘asi  «jiyanim o‘ksimasin» deb Hadradagi tsirk kollejiga «jaylab qo‘ydi»

Bu orada ketma-ket ota onasi o‘ldi. Anjandan kelayotgan pul daryosi quridi.

Tog‘asidan qarz olib ayiqplovon kostyumini sotib oldi.

Adliya vazirligi oldidagi ko‘chada ayiqpolvon bo‘lib suratkashlarga yollandi.

Roddomning oldida o‘tiradigan bo‘ldi. Bolani olib chiqish tantanasida ayiqpolvon bo‘lib berish uchun.

Pul orttirib suppermen, mikki maus va timsox kostyumlarini ham sotib oldi. Mang‘itlik ikki bolani yoniga olib gruppa tuzdi.

Ba'zan konkurent ayiqpolvonlar, ba'zan mentlar bilan nizo chiqqanda yugurib qochishni ham eplardi Elchin.

Elchin yosh yigit bo‘lsa ham  bir qiz-pizni o‘ray olmagandi.

Shu yoshida hali biror qizni labidan o‘pmagan edi Elchin.

Qizlarga yoqmaydigan tip edi. Boz ustiga yo‘qsil, kambag‘al.

Elchin qish kelganini oyog‘idagi krossovkasi yirtig‘idan nam o‘tganda bilardi.

Har yil qishda Elchin qorbobo kiyimini kiyib, uyma-uy yurardi.

O‘zi tushunmasa ham rus tilida qorbobo nutqini yodlab oldi.

Chunki, asosan o‘rislar zakaz berardi qorboboni.

Ikki yil avval kallaxonalik bollar ko‘chada tutib olib, «kofirsan» deb kaltaklashgandi Elchinni.

Xullas, o‘sha yili ham Elchin qorbobo bo‘ldi.

Zakazlarni telegrammdan olardi. Oldindan pulini olib keyin borardi.

31 dekabr kuni  Xalqlar do‘stligi metrosi yonidagi uydan zakaz tushdi.

Boy odamning uyiga o‘xshardi. Eshikda uni chinozlik xizmatchi xotin kutib oldi va qorbobo beradigan sovg‘ani Elchinning to‘rvasiga soldi.

Ichkarida dasturxon yasatilgan, archa bezatilgan. Ammo stol oldida bittagina o‘ttizdan oshgan xotin o‘tirardi.

Qizil kiyim kiygan, qo‘lida qirmizi sharob solingan billur jom.

Elchin bu xotinni qaerdadir ko‘rganday edi. Esladi. Bu xotin Elchinning yoshligidagi marxum onasi rasmiga o‘xshardi.

«Erim xozir keladi. Menga gap otaman deb o‘ylama, erim bokser. Jahon chempioni»  dedi xotin.

Elchin qorbobo stsenariysi bo‘yicha hammasini ado qildi.

Baxmal xaltasidan sovg‘ani olib yonidagi maktubni o‘qib berdi.

«Jonginam men xozir kelaman, senga esa mana shu ayfon 14 sovg‘a. Ne bahtki ikki otash dil orzulari ushalsa mangu, ne bahtki visol sevgiga muhabbatni qo‘sholsa mangu»

Qizil kuylakli xotin yosh boladek chapak chalib, sovg‘ani oldi.

Sovg‘a telefon jiringladi «Rahmat asalim» dedi ayol oshig‘ich his tuyg‘u bilan.

Elchin soatiga qaradi. Yarim soatlik programma tugagan va endi boshqa zakazga borishi kerak edi.

Elchinni kuzatib chiqqan chinozlik xizmatkor xotin «Uning hech qanday bokser eri yo‘q, Telefonni o‘zi sotib olgan. Telefonga men narigi xonadan qo‘ng‘iroq qildim. Buning hammasi teatr» dedi.

Elchin ko‘chadagi qorni g‘arch-g‘urch qilib bosib borarkan, birdan bu xotinga ichi achidi. Uning g‘ussali ko‘zlarini unuta olmadi. Elchin uni sevib qolgan edi.

Metro kiraverishida bir o‘ris xotin gul sotib turardi. Elchin bir dasta qizil guliro‘z oldida yana o‘sha uyga qaytdi. Zakazlarni bekor qildi.

Unga eshik ochgan xizmatkorga «gul berishni unutibman» dedi.

Qo‘lida bir dasta gul bilan qorbobo qiyofasidagi Elchinni ko‘rgan xotin ko‘zlaridan yosh duvv etib to‘kildi.

Elchin butun akterlik mahoratini ishga solib «Qorbobo sizning qalbingizdagi maxfiy tilakni amalga oshiradi. Yangi yil sizga muhabbat olib keladi» deya yasama soqoli va duxoba po‘stinni yechdi…

O‘sha kuni Elchin va noma'lum  xotin archa atrofida raqsga tushib bir birlariga sevgi rozini so‘ylashdi.

Bu shunchaki bir kechalik ko‘ngil hushi emasdi.

Elchin o‘zidan katta va boy ayolga uylandi.

Ayolning tanish bilishlari yordamida kinolarda rol o‘ynab tanildi. Bir yil o‘tib tug‘ilgan qiziga Elchinning onasini ismini qo‘yishdi.

Saodat edi marhumaning ismi.

MS: Qorvubomas alpons akan bi xo‘jik birri oslinda.Og‘o tozo yilni ko‘p odom bu yil qomoqda kutadon bo‘ldi lekin.

Osmon musappa nyus

Bo‘stonliq sudi 13 yashar qizni zo‘rlagan

31 yashar pedofil milisani 15 yilga qamadi.

Toshkent musorxonasida yashovchi 48 yashar xotinni 57 yashar o‘ynashi ustiga benzin quyib yoqvordi. Xotin reanimatsiyada. O‘ynash qamag‘da.

Eski spark bagajida 590 ming dollarini qirg‘izga o‘tkazmoqchi bo‘lgan ikki anjanlikni yozyovonda ushab ichkariga apkirib qo‘yishdi.

Pul va spark  davlat poydasiga obqo‘yildi.

Ikki anjanlik besh yarim yil qamag‘da balanda ichadigan bo‘ldi.

Spark jalko. Besh ming do‘llarga ketadigan otaxon moshn davlatga o‘tdi ketdi.

Sho‘rchi tumani hokimining sho‘ri quridi

Sho‘rchi tumani sobiq hokimi Baxtiyor Xudoyberganov  Jinoyat kodeksining 229/4-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari, 167-moddasi 2-qismi “a, v, g” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi, 184/1-moddasi 2-qismidagi jinoyatni qasddan sodir etganlikda aybdor deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Baxtiyor Xudoyberganov o‘tib borayotgan yilning yanvarida vazifasidan olingan edi.

Sobiq hokimbuva qamag‘da emas, uyda o‘tiradi yirtilgan joylarni yamag‘lab…

Aftidan oliy rahbariyat poraxo‘r hokimlarni ham qamashga buyruq bergan ko‘rinadi.

MS: Ina garak bo‘sa, immunitet olib tashlandi janobi hokimla. Byoni indi umblaqidon… Kishtala kishtak, Roto ollo!

RT: Mabodo duch kelgan 100 ta mulozimni qamab so‘roq qilinsa ulardan nechtasi pora olgani isbotlanadi? Manimcha 99 tasi. Bir paytlar bekitib pora olishardi.  Xozir bemalol. Bir kuni kadastr idorasidagi jiyanimni to‘yga aytay deb idorasiga borsam, stol ustida ikki qop pul turibdi. O‘sha kuni porani so‘mda olgan ekan. Uch kishi sanab o‘tiribdi. «Tog‘a sanashvoring» deydi… Mavzuga o‘tsam…

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bosh mutaxassisi Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi O‘zbekiston qashshog‘iga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik masalasini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 6 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumani IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta inspektori qashshoqdan noqonuniy tarzda 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari tomonidan ushlandi.

Aniqlanishicha, u Jinoyat Kodeksining 251-1-moddasi 3-qismi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumni Navoiy shahridagi 11-sonli jazoni ijro etish muassasasidan Chirchiq shahrida joylashgan 14-sonli jazoni ijro etish muassasasiga ko‘chirilishida yordam berishini va'da qilgan.

MS: Bu xo‘jiklar nerda?

RT: Poraxo‘rlar qamag‘da.

MS: Gap ko‘p ko‘mir oz

RT: Buxoroda aholiga imtiyozli narxda sotilishi kerak bo‘lgan 800 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi

I have a dream

(Antiutopik ro‘mondan parcha)

2051 yilning dekabr oyi. Vashington Di Si. Oq uyning yumurtosimon kabinetidagi tosh kaminga sozoq yoqib isinib o‘tirgan Bill Tursunqoraev  yaqindagina AQSh prezidenti bo‘lib saylangan edi.

Bill o‘zining azaliy orzusini amalga oshirishga qaror qildi. O‘zbekiston xalqi AQShga vizasiz kiradi degan  farmonni imzoladi.

Gap shundaki, Bilning bobosi 2023 yili ne mashaqqatlar bilan Meksika botqog‘idan kechib AQShga kelgan edi. Bobosining ko‘tidagi bir quymichi yo‘q edi. Uni timsoh tishlab olgandi. AQShda tug‘ilgan Bill agar bir kun prezident bo‘lsam O‘zbekistonga vizani bekor qilaman deb orzu qilgan edi. Martin Lyuter Kingga o‘xshab I have a dream deb kollejda insho ham yozgan edi. Orzu ushaldi. Bill Tursunqoraev respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lib saylovda yutdi.

2051 yilda O‘zbekiston aholisi 60 milliondan oshgan va rasmiy nomi «O‘zbekiston xilopoti» edi. O‘n besh yilcha oldin shariat tarafdorlari mamlakatda to‘ntarish qilib, ho‘ko‘matni qo‘lga olishgandi.

Mamlakatda dinsiz qizlarni sotishga rasman ruxsat berilgan, paxta o‘rniga ko‘knori ekish joriy bo‘lgandi. Teatr, muzey va kontsert zallari machitga aylantirilgandi.

Mamlakat aholisi har kuni ertalab maydonlarga yig‘ilib, AQShni kollektiv qarg‘ash bilan band edi.

Shu bilan birga mamlakatda qashshoqlik, korruptsiya, pedofiliya, qaroqchilik va gopstop avjiga chiqqandi. Har kuni u yoki bu machit oldida qaysidir jihodchi gruppa vakili o‘zini po‘rtillatar va kuniga 50 yoki 60 odam o‘lishiga odamlar ko‘nikibam qolgandi…

AQSh prezidenti o‘zbekoamerikanets Bill Tursunqoraevning O‘zbekistonga vizani bekor qilish qaroriga demokratlar skeptik qarashdi. «Baribir hech kim AQShga kelmaydi. O‘zbeklar amerikani yomon ko‘rishadi»  deyishdi bayrog‘iga eshshak rasmi chizilgan demokratlar. Fil rasmini maykasiga tushirgan respublikachilar esa «Samalet qanotiga osilib keladi hammasi» deb fol bichishdi.

Bill Tursunqoraev viza bekor bo‘lishidan oldin texaslik milliarder tagi xonqalik Jekson Matchonsuqilishevni chaqirdi.

«Bir yilda nechta odamni O‘zbekistondan AQShga obkela olasan?» deya savol qo‘ydi Bill.

Jekson chamalab turib, «O‘n million kishini apkirib toshiyman yoshulli. 3 millioni samaletda, qolg‘on 7 millionini gamada olib galaman»

Farmon imzolandi. Hali Jekson Matchonsuqilishev uyqudan uyg‘ongunga qadar, yarim million o‘zbek guvv etib uchib keldi.

Toshkentdan tashqari, Ashxobod, Bishkek, Ostona, Dushanbe, Moskva, Istanbul, Riga va Yerevandan AQShga uchadigan barcha uchoqlarnining ichi o‘zbeklar bilan to‘ldi.

Buyuk ko‘chish boshlandi. Rossiyaning Chukotka viloyatidan poezd, parom va uchoqlar orqali millionlab o‘zbeklar Alyaskaga o‘tishni yo‘lga qo‘yishdi.

Jekson Matchonsulishevning transatlantika kemalari Odessa va Kill portlari orqali bo‘zchining mokisiday qatnab o‘zbeklarni tashib boshladi. Undan tashqari ulkan Boing uchoqlari kuniga o‘n o‘nbesh reys bilan uchib Amerikaga o‘zbek tashidi.

Yarim yildan keyin odamning aqliga sig‘maydigan xodisa yuz berdi. Barcha matematik hisoblarni chippakka chiqarib 60 million o‘zbek AQShga ko‘chib keldi.

O‘zbek pasportini poddelka qilib kelganlarni efbiay aniqlab  ulgurolmasdi.

O‘zbekiston huvillab qoldi. Prezident saroyida o‘tirgan xalifa maqomidagi glavniy mulla juma kuni machitga chiqsa hech kim yo‘q. Ministrlar ham AQShga ketvorgan.

Mutavalli va muazzinlarga qo‘shilib machit farroshlari ham ketgan edi.

Bo‘m-bo‘sh ko‘chalarda shog‘ollar izg‘ib yurar. Tomi ochilib yog‘ochi sotib yuborilgan uylarning ichidan daraxtlar o‘sib chiqqandi.

Kelasi hafta O‘zbekiston xududini Xitoy kepak narxiga sotib oladigan bo‘lib turibdi.

Shu tariqa bitta davlat haritadan  o‘chadigan bo‘ldi.

AQSh prezidenti Bill Tursunqoraev esa orzusi amalga oshganidan mamnun.

I have a dream! In the end I made my dream come true deya tvit yozdi AQSh prezidenti.

MS: Tufalam go‘z daymagay. Otong nachi, innachi. Bizani oxtiqlo milliarder bo‘ladikan. Suvindik og‘o.

 Do‘stlar! Har yangi yil dilga eng avval 

Umid ato etar – qanotlari oq. 

Sarbaland parvozlar shundan boshlanar, 

Shundan tug‘iladi yulduzlar, chaqmoq. 

Yangi yil jomini ko‘tarib, deyman: 

Ko‘kka do‘st tutinsin har ko‘ngil, har dil. 

Dunyoning tonglari vaqtida otsin, 

Orzular yo‘l olsin ishiga dadil! 

Orzular, qolgan gap sizlarga qolsin, 

Sizga bu yangi yil muborak bo‘lsin!

MS: Tozo yil morak. Dasturxonni do‘rt mushi bir yera galmasin. Yeyilib, yozilib, ochilib, sochilib, hazzatib,  asirtirip yoshog‘iymiz. Kasalla zo‘tilib getsin. Qorzlo uzilsin. Yeganimz ildirma ijjon bilan go‘mma barak bo‘lsin. Qoni og‘o uring potyani!

Assalom O‘zbekiston, juma muborak!

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2021
22 oktyabr kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani fuqarolik ishlari sudida shoir Yo‘lchi Ro‘zievning da'vo arizasiga binoan bo‘lib o‘tgan ...
27 mart 2019
Rasmdagi ayol Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd. Myunxendagi konferentsiyada odamlar orasida o‘tirganida uni tanishmadiyam. U majlis zalida el qatori oddiy ...
27 iyun 2017
HRW va «O‘zbekiston Germaniya Forumi»ning “Biz paxta terimidan voz kecha olmaymiz” nomli hisobotda O‘zbekiston hukumati 2015 va 2016 yillarda ...
6 fevral 2017
Respublika Bosh vaziri topshirig‘iga ko‘ra, ortiqcha mahalliy o‘g‘itni fermer xo‘jaliklariga chiqarish, molxona va hojatxonalarni tozalash, vaqt-vaqti bilan dezinfektsiya qilib ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...