Asosiy mavzular
2 may 2023

2 may – jadid Ismoil Gaspirali Buxoroda Said Abdulahadxon bilan uchrashdi

1893 yil may oyida Turkiston oydinlariga yo‘l ko‘rsatgan “Tarjimon” gazetasi tashkilotchisi Ismoilbek Gaspirali (Ismoil Gasprinskiy) Buxoro amiri taklifiga ko‘ra Buxoroga keladi.

Gaspirali Buxoroda qushbegi, devonbegi va qozikalon bilan uchrashadi. Bir necha mahalliy maktablarga boradi.

Uning bu sayohatdan ko‘zlagan maqsadi mahalliy maktablarni isloh qilish va “usuli jadid”ni yoyish edi.

Lekin Ismoil Gaspiralining amir bilan uchrashuvidan ko‘zlagan maqsadi amalga oshmadi.

rasm1285
Buxoro amiri Abdulahad

Buxoro va Turkistonning boshqa shaharlarida “usuli jadid” maktablarini ochish va yoyish uchun Gaspirali iqtidordan ko‘mak topa olmadi.

Shunday bo‘lsa-da, har qanday to‘siqlarga qaramay, Gaspirali o‘lkada “usuli jadid” maktabi urug‘ini ekishga imkon topa oldi.

U Samarqandga kelgan vaqtida tatar millioneri Abdulg‘ani boy Husainov ziyofatiga taklif qilinadi.

Ushbu ziyofat samarasi o‘laroq, Ismoil Gaspirali “usuli jadid” maktabini ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo bu maktab rus kolonizator ma'murlari tarafidan yopib qo‘yildi.

Oydinlik sari

Gaspirali Qrimda «usuli jadid» maktablarini yo‘lga qo‘yib olganidan so‘ng musulmonlar yashaydigan boshqa mintaqalarda ham ushbu yo‘nalishni joriy qilishga kirishadi.

Chunki u Turkiston millatini qoloqlikdan chiqishiga asosiy turtki maorif, o‘qitish usulini yangilashda, deb bildi.

Gaspirali 1891 yil kuzida Rossiya Ichki ishlar vazirligi qoshidagi komissiyaga maktub yo‘llab, Turkistonda yangi maktablar ochish taklifini ilgari suradi.

Ayni taklif Turkiston general-gubernatori baron A.B.Vrevskiyga ham yetkaziladi.

General-gubernator maktubni o‘rganib, taklif berish uchun I.I.Ilminskiy shogirdilari – Toshkent o‘qituvchilar seminariyasi direktori N.P.Ostroumov va o‘lka bo‘yicha mutaxassis hisoblangan V.P.Nalivkinga topshiradi.

N.P.Ostroumov o‘zining mahalliy millatlarga nisbatan bo‘lgan shovinistik qarashlari bilan tanilgan edi.

Shu bois, u V.P.Nalivkin bilan birga I.Gaspiralini o‘lka uchun xatarli odam sifatida tasniflashadi.

Ularning bildirgan fikrlarga tayangan holda general-gubernator I.Gaspirali maktubidagi takliflarga rad javobini beradi. Shundan keyin Gaspirali o‘z g‘oyalarini o‘lkada amalga oshirish ishlariga mahalliy shaxslar e'tiborini qaratadi.

Buxoro amiri Abdulahad yordamida o‘z ishlarini olg‘a siljitishni o‘ylaydi.

1891 yil boshlarida “Tarjimon” gazetasida Buxoro va uning amiriga bag‘ishlangan turkum maqolalar bosiladi.

Amir 1893 yil boshlarida Rossiyaga sayohat qiladi. Buxoroga qaytishda Qrimga keladi va I.Gaspirali amir bilan birinchi marotaba ko‘rishish imkoniga ega bo‘ladi.

Ushbu uchrashuvda amir I.Gaspiralini Buxoroga taklif qiladi.

Gaspirali hayoti va faoliyati

rasm1286Qrimlik siyosiy arbob va Markaziy Osiyoda jadidlar harakati yetakchilaridan biri Gaspirali 1851 yili 8 mart kuni Qrimning Gaspra qishlog‘ida Mustafo Ali o‘g‘li va Fotima Sulton Temir g‘ozi qizi oilasida dunyoga keldi. Gaspirali (Gasprinskiy) taxallusi ham shundandir.

Qisman eski maktab va Simferopolb gimnaziyasida, keyinchalik Moskva gimnaziyasida tahsil olgach, u 1871 yili Frantsiyaga ketadi, ma'lum muddat Turkiyada yashaydi.

Qrimga qaytgach, u Bog‘chasaroy shahri dumasi deputatligiga saylanadi.

Ismoil Gaspirali g‘oyalari u tashkil etgan «Tarjimon» gazetasi orqali avval Qrimda va Uralda, keyinchalik Xiva xonligi, Buxoro amirligi hududlarida keng tarqaldi.

Tez orada turkiy tildagi bu gazeta Fors, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon, Misr, Bolgariya, Frantsiya, Shveytsariyada tarqala boshladi.

«Tarjimon» gazetasidan tashqari, Gaspirali qizi Shafiqa muharrirligida gazetaning ayollar uchun mo‘ljallangan ilovasi «Olami Nisvan», «Xotin», shuningdek, Turkiston xalqlarining ilk hajviy satirik nashri «Ha ha ha»ni chiqaradi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 iyul 2018
Poytaxtning Olmazor tumani sudida 51 yoshli tadbirkor, “Integral Invest” shirkati rahbari Jahongir Umarov ustidan mahkama 23 iyul kuni ham ...
28 mart 2019
1797 yili AQShda dunyodagi ilk kir yuvadigan mashinaga patent olindi. Shu tariqa bundan 219 yil avval insoniyat, xususan, ayollarning ...
14 noyabr 2017
2017 yilda G‘arb davlatlarida o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilgan turkum teraktlar o‘zbeklarning radikallashuvi muammosiga e'tibor qaratdi. «31 oktyabrda Nyu-Yorkda piyodalarni ...
4 aprel 2022
Qozog‘iston rasmiylari mamlakat prezidenti To‘qaevga suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan “xorijiy razvedka agenti” qo‘lga olinganini ma'lum qildilar.  Lekin uning qaysi mamlakat ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...