Asosiy mavzular
29 sentyabr 2016

Parlament qarori qonuniyligiga shubha bildirish «axborot xuruji»ga tenglashtirildi

«Hurriyat» gazetasi (28.09) yana axborot xuruji mavzusiga e'tibor qaratdi. Bu safar erkin kuzatuvchilar va mustaqil nashrlarning amaldagi bosh vazir Shavkat Mirziyoevning prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani qonunchilikka zid ekani to‘g‘risidagi fikrlariga e'tiroz bildirildi.

«Davlatimizga nisbatan ta'sir o‘tkazishni reja qilgan kuchlarning malaylari bo‘lmish ayrim axborot vositalari, «jurnalistlar», «huquq himoyachilari» parlamentimiz 8 sentyabrda qabul qilgan prezident vazifasini yuklash haqidagi qaroriga nisbatan axborot xuruji tashkil qilishdi», deya iddao qildi gazeta.

Maqolada «sovuq urush» davrida faol axborot va psixologik urush olib borish uchun bir qator OAVlar tashkil etilgani aytiladi va bu OAVlar qatorida «Ozodlik», «Amerika ovozi», «Nemis to‘lqini», BBS kabi radiostantsiyalar nomi sanab o‘tiladi.

Shu bilan birga, «Ozodlik» radiosi AQSh Davlat departamenti va Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan moliyalashtirilgani, ayni paytda bir qator davlatlarda, xususan, Belarus, Eron, Tojikiston, Turkmanistonda bu radio eshittirishlari taqiqlangani ta'kidlanadi.

Ammo shu o‘rinda bu radioni taqiqlagan davlatlarning deyarli barchasi nodemokratik va avtoritar mamlakatlar sifatida tilga olinishiga to‘xtalib o‘tirilmaydi.

«Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yaqin va uzoq davlatlarda sodir etilgan davlat to‘ntarishlari («rangli inqiloblar», «arab bahori») manfaatdor kuchlar tomonidan g‘arazli maqsadga yo‘naltirilgan tarzda aholiga nisbatan amalga oshirilgan axborot ta'sirining oqibatidir», deyiladi gazetada.

Muallif «qichiydigan joyini avvaldan qashib qo‘yadi», ya'ni bo‘lajak prezident saylovi natijalari bo‘yicha «turli shubha, «mish-mishlar»ni tarqatish, saylov jarayonining qonuniy, demokratik tarzda o‘tganini shubha ostiga olish kuchayishi»ni bashorat qiladi.

«Basharti shunday bo‘lsa, bu haqiqiy xalq tanlovi amalga oshganidan, axborot xuruji tashkilotchilari xohlagan narsa ro‘y bermaganidan dalolat beradi», deydi muallif.

U «axborot xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan alohida qonun hujjati qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilishi kerak»ligini shart qilib qo‘yar ekan, axborot xurujlariga qarshi kurashda e'tibor qaratish muhim bo‘lgan beshta jihatga ham e'tibor qaratadi.

Xususan, muallif «mamlakatimiz, davlat apparati, rahbarlar haqida noto‘g‘ri ma'lumotlar, tuhmat, uydirmalar, noto‘g‘ri axborot tarqatuvchi har qanday axborot vositalari faoliyatiga qonun doirasida chek qo‘yish» taklifini ilgari suradi.

U «aholiga chet ellarga turib mamlakatimiz to‘g‘risida noto‘g‘ri, bir taraflama axborot tarqatuvchi axborot vositalari, shaxslarning asl qiyofasini ochib beruvchi axborotni yetkazish»ni ham taklif etadi.

Avvalo, maqola «parlament qaroriga qarshi axborot xuruji» haqida bo‘lsa-da, uning «tashkilotchilari» bu hujjatning qaysi jihatlariga e'tiroz bildirilayotgani to‘g‘risida bir og‘iz ham aytilmagan.

Qolaversa, biz iqtibos keltirgan ikki taklif ham yangilik emas. O‘zbekistondagi jarayonlar, mamlakat rahbariyati haqida muqobil fikr bildiradigan internet nashrlariga cheklov qo‘yilganiga ko‘p yillar bo‘ldi.

Bunday fikr bildiradigan OAVlar, shaxslarning «asl qiyofasini ochib berish» esa mahalliy televidenie va nashrlarda vasvasa darajasiga olib chiqilgan, deyish mumkin.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 aprel 2018
O‘zbekiston prezidentining diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida soha rivojining ustuvor yo‘nalishlari xususida to‘xtalib o‘tilgan. Farmondan iqtibos: ...
8 sentyabr 2016
8 sentyabr kungi Senat majlisida O‘zbekiston respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Rossiyaning Interfaks ...
17 oktyabr 2023
Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy”, “Baxti Yangiabadskiy” taxalluslari bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullaev 14 oktyabr kuni o‘zining 52 yoshini Qibraydagi uyida ...
10 iyun 2020
2010 yilning 10-14 iyun kunlari Qirg‘iziston janubida etnik to‘polonlar avj oldi. 400 dan ortiq odam o‘ldirildi, deyarli ikki ming ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...