Asosiy mavzular
18 noyabr 2016

Abdulla Oripov nomi norasmiy taqiqda ekaniga asos bor…mi?

Abdulla Oripovning vafoti xalqimizning sevimli shoiri so‘nggi vaqtlarda norasmiy taqiq ostida yashagani, bundan bir qancha vaqt ilgari «Ozodlik» radiosi orqali chiqishida bekorga «Mashrab osilganda jim o‘tirgan bu xalqdan yana nimani kutish mumkin?» qabilida yozg‘irmaganini ko‘rsatib berdi.

Biz bu gaplarni ichimizdan to‘qib yozayotganimiz yo‘q. Rasmiy nashrlarni kuzatib shunday xulosaga keldik. Buning uchun yetarli asoslarni mahalliy matbuotning o‘zidan oldik.

Shoir vafotidan buyon deyarli ikki hafta o‘tdi. Internetdagi saytlarda uning vafoti munosabati bilan o‘nlab xotiralar, marsiyalar chop etildi. O‘zini adabiyotga daxldor bilgan ko‘pchilik bu g‘amni internet orqali boshqalar bilan baham ko‘rdi.

Ammo rasmiy matbuot to‘g‘risida bunday deb bo‘lmaydi. Ularni kuzatish chog‘ida e'tiborni tortadigan birinchi jihat rasmiy ta'ziyaning kechikkani bo‘ldi. Rasmiy ta'ziya shoir vafotidan naq bir hafta o‘tib chop etildi (internet saytlarda 6 kun o‘tib).

Ba'zilar hatto nega hukumatning rasmiy ta'ziyasi e'lon qilinmayapti, deya haqli ravishda bir-biriga savol ham berganiga guvohmiz.

Balki buni dafn marosimining ob'ektiv sabablarga ko‘ra kechikkaniga bog‘lash mumkindir. Har holda davlatning biz bilmaydigan rasmiy tartib-taomili shuni talab etar. Biroq oddiy xalq buni qanday tushunsin?

Ikkinchi jihatni esa «O‘zbekiston adabiyot va san'ati» gazetasidan qidirdik. Bu nashr aslida o‘zbek adabiyoti va san'ati vakillarining minbari vazifasini bajarish uchun tashkil etilgan.

Sevimli shoirning vafotidan bir hafta o‘tib (gazeta haftada bir marta chop etiladi) unda Abdulla Oripov vafoti sabab rasmiy ta'ziyadan boshqa bir satr yodnoma joylashtirish uchun ham joy topilmadi.

«Buyuk shoir» deymiz, «O‘zbekiston madhiyasi muallifi» deymiz, shunday odam haqqiga gazetadan bir og‘iz yaxshi xotira uchun joy topilmasa-ya!

«Shaxsan bosh vazirimizning o‘zi janozada qo‘l bog‘lab turdilar, bu adabiyotimizga ko‘rsatigan ehtirom belgisi», deya internetni to‘ldirayotgan mahalliy shoir va yozuvchilarning A.Oripov to‘g‘risidagi xotiralari yo‘qmidi?

«Yuzlab yillarda bir tug‘iladigan daho» haqida Yozuvchilar uyushmasi atalmish saltanatda bugun hukm yurgizayotgan «shohu vazirlar»ning shoirga atalgan ikki og‘iz yodnomasi yo‘qmidiki uni o‘zi muassis bo‘lgan gazetada bostira olmasa?

Shunday shoir uchun gazetaning butun bir sonini bag‘ishlasa ham bo‘lardi-ku? Nega unda rasmiy nashrlar, xususan, «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» og‘ziga mum tishlab o‘tiribdi?

Aslida, bizning nazarimizda, Abdulla Oripov xotirasiga aytilmoqchi bo‘lgan gaplar, yodnomayu marsiyalar juda ko‘p. Buni internet saytlaridagi faollikdan ham ko‘rdik.

Demak, hamma gap siyosatda. Ta'ziyasida davlatning deyarli barcha rahbarlari ishtirok etgan, dafn marosimi hukumat darajasida tashkil etilgan shoir vafoti munosabati bilan mahalliy matbuotda rasmiy ta'ziyadan boshqa hech narsa e'lon qilinmasa, yana qanday xulosaga kelish mumkin?!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 avgust 2018
Bir paytlar neftbazadan benzin, solyarka olib chiqib sotar edik. Yashirincha olib chiqar edik, ishchilariga pul bersak, hech kim yo‘qligida ...
22 sentyabr 2023
RT: Aziz do‘stim. Ko‘zlari intizor singlim. Mehribon opajonlarim. Duogo‘y onaxonlar. Yuzidan farishta yoqqan otaxonlar, akalar, ukalar mana rassom akangiz va'z ...
10 yanvar 2023
Rassom Tuz @eltuz
20 iyun 2018
Xalq ta'limi vazirligi saytida eng ko‘p o‘qilgan maqola O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta'lim maktablarida o‘quvchilarning yagona formasi joriy etilishi haqidadir. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...