Asosiy mavzular
26 dekabr 2016

«Siz oyimizsiz, quyoshimizsiz!»

Yer Oydan, Quyoshdan ajralib qolsa, u yo‘q bo‘lib ketadi. Buni bilish uchun astronom bo‘lish shart emas.

Lekin O‘zbekiston misolida tabiatning bu qonuni amal qilmaydigan ko‘rinadi. Chunki O‘zbekiston matbuoti bir «quyoshi» yo‘q bo‘lsa, darrov boshqa «quyosh» yasab olishga usta ekani «buyuk yo‘lboshchi» vafotidan keyin yanada oydinlashdi.

Mahalliy matbuotning bunday «yaratuvchanlik» kuchi haqida oldin ham ishora berib o‘tgandik. So‘nggi vaqtlarda bu ishoramiz tobora aniqlik kasb etmoqda.

Xullas, aytmoqchi bo‘lganimiz, kechagina Islom Karimov sha'niga yangragan maddohlik bugun Shavkat Mirziyoev manzili tomon o‘zgargan.

«Yaratuvchanlik»ning boshida esa, albatta, kechagina bugungi «oyimiz, quyoshimiz»ga qarshi o‘z nomzodlarini ilgari surgan partiyalar turibdi.

Yangi prezidentning Konstitutsiya kuni va taxtga o‘tirish marosimidagi ma'ruzalari ularga yangi «ixtirolar» uchun keng yo‘l ochib beryapti.

Masalan, «Milliy tiklanish» gazetasi (21.12) «Xalq va Vatan manfaati – ustuvor masala» ekanini e'lon qildi. Oldin qanday edi? Bu masalalar ustuvor emasdimi? Bu gazeta nomiga o‘yqash partiya shuncha yildan beri xalqim deb, vatanim deb «yonib» yashab kelayotgan edi. Har holda, shuncha yillardan beri bu gazeta sahifalarida shu mavzudagi maqolalarni o‘qir edik. Nahotki aldangan bo‘lsak?!

Nahotki shu paytgacha «millatni tiklovchilar» xalq va vatan manfaatini o‘ylamay, faqat, deylik, qorin g‘amida bo‘lgan bo‘lsa? Shu paytgacha ular uchun xalq va vatan manfaatidan ustuvor masala nima edi unda?!

E'tiborlisi, bugun partiyalarimiz davlat rahbarining nutqlaridan keyin faollikka jur'at qilib qolganidir. Faqat ularga shu kungacha faollikka nima to‘sqinlik qilganini bila olmay xalqning ko‘ngli xijil.

Xususan, kechagina «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Sarvar Otamurodov yangi prezident nutqlaridan keyin «ularda ilgari surilgan g‘oyalar, tanqidiy-tahliliy fikr-mulohazalar, belgilab berilgan ustuvor masalalar har birimizni (partiya a'zolarini deb o‘qing – tahririyat) o‘z faoliyatimizga xolis baho berib, uni yangi, yuqori bosqichga ko‘tarishga undashi»ni aytibdi.

To‘g‘ri, taraqqiyotning cheki yo‘q. Yangidan yangi bosqichlar ham ko‘p. Ammo aslida bir joyda depsinib, yuryapmiz, deb o‘ylash uchun partiya raisi bo‘lish shartmi?!

«Aholi bilan muloqot qilishning, ularning dardu tashvishini, takliflarini eshitishning samarali yo‘llarini izlashimiz lozim», deydi partiya rahbari yana bir o‘rinda.

Nega u bu haqda prezidentlikka nomzod bo‘lib turgan paytda o‘ylamadi ekan, deb biz saylovchilarni o‘yga toldiradi bo‘lmay qolgan prezident.

Shotirlari ham partiya rahbaridan qolishmaydi. Partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi a'zosi bo‘lgan opa yangi prezidentning ma'ruzalaridagi g‘oyalar «saylovchilar bilan ishlashda, ularning ishonchini oqlashda keng imkoniyatlar berishi»ni ta'kidlaydi.

Oldin senda shunday imkoniyatlar bo‘lmaganmi, avvalgi prezident shunga senga yo‘l bermaganmi, ochiq aytmaysanmi, nomard!? Aytolmaydi bechora. Unga ham qiyin. Hozirgisi avvalgisining yo‘lini davom ettiraman, deb aytib qo‘ygan. Avvalgisiga tosh otish bugungisining boshini yorishdek gap. Mana gap qayoqda. Bu esa paxta qo‘yish siyosatiga zid. Bu siyosatga qarshi borish esa kareraga chil beradi. Mana shunisi xalqning emas, opaning manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘zLiDePning Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi rahbari Sodiqjon Turdiev ham boshqa partiyadan bo‘lsa-da, aslida o‘zining mafkuraviy egizi bo‘lgan opaning gaplariga qanot bag‘ishlaydi (XXI asr, 22.12).

«Prezidentimizning ushbu ma'razasida ilgari surilgan g‘oyalar, fuqarolarimizni o‘ylantirayotgan muhim masalalar yuzasidan aytilgan asosli mulohazalar hamyurtlarimizning yuragiga yetib bordi», deydi S.Turdiev.

«Elga xizmat qilaman, degan deputat eng avval o‘z saylovchilari bilan muloqotda bo‘ladi», deya unga jo‘r bo‘ladi «O‘zbekiston ovozi» (24.12).
«O‘zbekiston ovozi»ning muassisi bo‘lgan XDP deputatlaridan biri esa «parlament nazorati kuchayishi … joylarda yechimini kutayotgan muammolar yechimini o‘rganish imkonini berishi» to‘g‘risida falsafa so‘qadi.

Biz bunaqa falsafalarni ko‘p yillardan beri eshitib kelamiz. Lekin shu paytgacha «zamonamizning buyuk siyosatchisi» ham, uning izdoshi ham 21-asrga kelib ham o‘zbek xalqi elektr energiyasi taqchilligi, gaz yetishmovchiligi, valyuta konvertatsiyasi, majburiy mehnat kabi muammolar xalqning yuragiga nayzadek sanchilayotganini ochiq tan olmaganini oshkora aytishga jur'at etmaganiga nima deysiz?!

Yangi yurtboshi bu muammolarni ochiq-oshkora tan olib, ularning yechish yo‘lida amaliy qadamlar qo‘ymas ekan, xalq baribir bir kun yolg‘onni anglab yetadi!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 aprel 2018
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 aprel kuni Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumanida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ko‘cha supurishga chiqarilgani ortidan «Kamaz» ...
3 dekabr 2018
O‘zbekistonda internet tezligi 1 dekabrdan boshlab o‘n barobar oshilishi haqida va'da berilgan edi. 30 noyabr kuni «O‘zbektelekom» AK xalqaro ...
20 yanvar 2017
O‘zbekiston Prezidentining 2017−2021 yil strategiyasiga oid farmoniga ko‘ra, ichki va xorijga chiqish pasportlarini joriy qilish va xorijga chiqish uchun ...
20 sentyabr 2023
Kecha 19 centyabr kuni Shayxontohur tumani sudida prokuror Human.uz sayti asoschisi va rahbari Xurshid Daliev va “O‘zbekneftgaz” shirkati matbuot ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...