Asosiy mavzular
6 fevral 2017

Elektr yo‘qligini yozgan jurnalist prokuratura tazyig‘iga qoldi

Taniqli mahalliy jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaev «Novosti Uzbekistana» sayti orqali o‘zining Samarqandda elektr ta'minotidagi to‘xtovsiz uzilishlar haqida yozgan «Samarqandni zulmat hukmronligidan kim qutqaradi?» sarlavhali maqolasi uchun prokuraturaga chaqirilganini bildirdi (http://nuz.uz/svobodnoe-mnenie/20145-pochemu-zhurnalist-dolzhen-stradat-za-svoe-pravdivoe-slovo.html).

Uning ma'lum qilishicha, unga shahar prokuraturasidan telefon qilishib, chiroq bilan bog‘liq maqola bo‘yicha suhbatga chaqirishgan. Siz shikoyat qilgansiz, biz buni o‘rganishimiz kerak, deyishgan.

«Men prokuratura xodimiga shikoyat bilan jurnalistik materialning farqini tushuntirdim. Unga men shikoyat qilmaganimni, Samarqandagi elektr ta'minoti muammosini ko‘targanimni aytdim. Agar buni o‘rganish kerak bo‘lsa, men bilan emas, «O‘zbekenergo»ning shahar va viloyat boshqarmasi boshliqlari bilan gaplashing, deganimdan keyin u hech narsa demay go‘shakni qo‘yib qo‘ydi», deb yozdi jurnalist.

Shundan keyin ham uni tinch qo‘yishmagan. Shahar prokuraturasidan mahalla markaziga telefon qilishib, uning shaxsi bilan qiziqishgan.

«Bu idoraning, umuman, huquq-tartibot organlarining jurnalistni haq so‘zi uchun ta'qib qilishdan boshqa ishi yo‘qmi», deya istehzo qiladi muallif va bu uning faoliyatidagi ana shunday yagona holat emasligini qo‘shimcha qiladi.

«Yana bir faktni keltiraman. «NUZ.UZ da «Yo‘l harakati ishtirokchilarini nima o‘ylantiradi yoki yo‘l-transport hodisasiga olib keluvchi omillar» sarlavhali maqolam chiqqach, mahallamizga IIBning ikki xodimi kelib, men haqimda ma'lumotlar to‘plabdi. Agar ular o‘zim bilan uchrashib, maqolada ko‘tarilmagan boshqa salbiy faktlar bilan qiziqqanida ham ularni tushunish mumkin edi», deydi jurnalist.

T.Rahmatullaev prezident Shavkat Mirziyoevning amaldorlarning kamchiliklari va yo‘q qo‘ygan xatolari haqida ochiqcha gapirayotgani, jamiyat va davlatning butun qirralarini qamrab oladigan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlayotgani haqida aytar ekan, mansabdorlarning uning bu sa'y-harakatlarini sabotaj qilayotganiga ishora beradi.

«Ilg‘or yangiliklardan manfaatdor bo‘lmagan quyi amaldorlar boshlangan islohotlarni sabotaj qilganiga tarixda misollar ko‘p. Mana shu o‘rinda jurnalistning haqqoniy, printsipial pozitsiyasi zarur bo‘ladi. Agar OAV har bir salbiy holat haqida gapirsa, bu jamoatchilikka, mamlakat rahbariyatiga, Prezidentgacha ma'lum bo‘ladi va tegishli qaror qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi», deydi muallif.

Oldin ham e'tibor qaratgandik, so‘nggi vaqtlarda mahalliy OAVlar faoliyatida birmuncha ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanyapti. Ayrim muammolarning ochiq-oydin yozilishiga guvoh bo‘lyapmiz.

Bunday chiqishlar ko‘payishi uchun nima qilish kerakligi haqida esa T.Rahmatullaev o‘z maqolasi xulosasida to‘xtalib o‘tgan.

«…Mamlakatimiz taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan muammolar haqida boshqa jurnalistlar ham gapirishi, ularning bu harakatlari hammasi ilgarigidek qolishini istaydigan muayyan kuchlar tomonidan ta'qib qilinmasligiga ishonishi uchun ular davlat tomonidan manfaatli qo‘llab-quvvatlashni his etishi kerak», deydi T.Rahmatullaev.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 dekabr 2017
1 dekabr kuni Toshkent shahri sudida odam savdosida ayblanib, 10 yilga qamalgan 28 yashar Sherali Mahmudov shikoyati bo‘yicha appelyatsiya ...
6 iyun 2018
Majburiy mehnat monitoringi bo‘yicha 4 iyun kuni Navoiy viloyatlariga borgan jurnalist Malohat Eshonqulova uchastka noziri kapitan Odil Qurbonov tomonidan ...
26 iyun 2017
Karimov o‘limidan so‘ng, mahalliy amaldorlar ustidan shikoyatlar rag‘batlantirildi. Qaysidir mulozimning ishdan ketgani yoki yurak hurujidan o‘lgani haqida tez-tez xabarlar ...
26 mart 2018
Namanganning Pop tumanida 25 mart kuni mobil telefonni hojatxona chuquridan olmoqchi bo‘lgan ikki kishi o‘ldi. Voqea kechqurun soat 22.00 ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...