Asosiy mavzular
28 fevral 2017

Jamol Kamol: «Karimov nomi aeroportga qo‘yilmasin»

O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol Toshkent Xalqaro aeroportiga Karimov nomini berish haqidagi prezident qaroriga e'tiroz bildirib Mirziyoevga maktub yozdi.

«Mening nazarimda, Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish haqidagi qaror biroz shoshilinch qabul qilinganga o‘xshaydi», deya fikr bildiradi 77 yoshli adib o‘z maktubida.

Prezident Shavkat Mirziyoev Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish haqidagi qarorini 25 yanvar kuni imzolagandi.

Ko‘plik qilmasmikan?

Qaror, Toshkent davlat texnika universitetiga, Asaka shahridagi avtomobil zavodiga, Farg‘ona shahridagi San'at saroyiga, Toshkent xalqaro aeroportiga, Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga (mahalliy davlat hokimiyati organlari takliflari asosida) Islom Karimov nomini berishni ko‘zlagan.

Jamol Kamolning prezidentga yozgan xatiga ko‘ra, «marhumning faoliyati holis sarhisob etilib, oqi oqqa, qorasi qoraga ajratilmagan».

Uning fikricha, Mirziyoev e'tirof etganidek, «adolatli demokratik jamiyatning atigi poydevorini qura olgan» shaxs uchun «Muzeylar, bog‘lar, oliy o‘quv yurtlari, ko‘chalar, haykallar, jamg‘armalar…» juda ko‘plik qiladi.

«Shunchalar sahovat ko‘rsatish joizmikan. Buning ustiga, Toshkent xalqaro aeroportining ayni shu nom ila atalishi, to‘g‘risini aytganda tasavvurga sig‘maydi», deya pisanda qiladi adib sal istihola bilan mamlakat prezidenti nomiga yozgan maktubida.

«Abadiylashtirish» allaqachon boshlab yuborilgan

Qarorda, shuningdek o‘tgan yiliyoq Karimov xotirasini abadiylashtirish yo‘lida ancha ishlar qilib qo‘yilgani qayd etiladi.

2016 yil oktyabr oyida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzilgan.

Toshkent shahar, Yashnaobod tumani «Farg‘ona yo‘li» ko‘chasida joylashgan jome masjidiga «Islom ota jome masjidi» dem nom berilgan.

2016 yilning 2 dekabrida esa «Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish to‘g‘risida» qaror qabul qilingan.

Shuningdek qarorga ko‘ra, har yili, Karimov tug‘ilgan sana 30 yanvar kunini keng nishonlash, «2 sentyabr kunini xotira kuni sifatida yod etish», ushbu sanalar munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida Islom Karimov hayoti va faoliyatini keng yoritilishi lozim.

E'tirozga o‘rin yo‘qmi?

Keksa adibning fikricha, bunday qaror xalq muhokamasiga qo‘yilishi, kerak bo‘lsa referendum orqali hal qilinishi kerak.

Bugungi O‘zbekiston xududida ming yillar davomida «ne-ne davlatlar, saltanatlar qurilgani» haqida yozarkan, shu o‘rinda, «mamlakatning asosiy darvozasi» sanalgan Xalqaro aeroportga munosib, tarixiy shaxslar sifatida Alisher Navoiy va Sohibqiron Amir Temur nomlarini keltiradi.

«Bobolar ta'biri bilan aytganda, yetti o‘lchab bir kesilsa, ayni muddao bo‘lar edi», deydi u.

Islom Karimov 27 yil davomida O‘zbekistonni shafqatsizlik bilan boshqardi.

U hokimiyatda ekan, O‘zbekiston dunyoning eng avtoritar davlatlaridan biriga aylandi.

Ochiq muhokamalar bo‘lmagan, tanqid uchun jazo qo‘llaniladigan Karimov davriga hos o‘zbek jamiyatida hukumat qarorlari ortiqcha bir shoshqaloqlik bilan ijro etib kelinadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi bo‘lgan, Jamol Kamol 1938 yili Buxoroda tug‘ilgan. O‘nlab she'riy to‘plamlar muallifi. Fransuz shoiri Bualo va Shekspir asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan va qator mukofotlar sohibidir.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 dekabr 2017
Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston prezidenti etib saylanganiga 4 dekabrda bir yil bo‘ldi. Kuz o‘tib qish keldi. Gazsiz, chiroqsiz uylarda saylovchilar ...
2 noyabr 2023
Rassom Tuz
15 iyun 2020
Andijonlik 44 yashar Alijon Abdukarimov ichki ishlar xodimlari tarafidan urib o‘ldirildi. Alijonning ortida homilador xotini va uch farzandi qoldi. ...
10 fevral 2021
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasi tug‘uruqxona bo‘limida ochiqchasiga chaqaloqning ota-onasi yoki yaqin qarindoshlaridan tug‘ruq jarayonida qatnashgan vrachlar kamiga ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...