Asosiy mavzular
6 sentyabr 2019

Bir ko‘zi o‘yilgan milisani ko‘rganmisiz?

“Oramizdan chiqsa gar millatni yaxshi sevguvchi, biz oni dushmon bilib, taffoncha birlan otamiz”.

Bu misralarni buyuk millatsevar yozuvchi Abdulla Qodiriy bundan 100 yil muqaddam yozgan edi. Darvoqe, uni millatchilikda ayblashib, 1937 yili otib tashlashgan. Bugun ulug‘lanib haykallari qo‘yilgan Usmon Yusupov Qodiriyni otib o‘ldirgan troyka sudi tashkilotchilaridan biri edi.

Tarix to‘g‘risida qolaylikda jim, bugunni so‘ylaylik, quloq ber shunga.

O‘zbekistoning rus-sovet istibdodidan qutulgan kuni sifatida to‘ylanadigan 1 sentyabr kuni sovet davrida O‘zbekistonning mustaqilligi uchun kurashgan marhumlarni ziyorat qilish uchun Toshkentdagi Ko‘kcha qabristoniga bormoqchi bo‘lgan bir guruh millatsevar  yoshlar Shayxontohur tumani ichki ishlar bo‘limiga “suhbat”ga chaqirilib tergaldi.

Bu yoshlarning Turkiston ozodligi uchun kurashgan Alixonto‘ra Sog‘uniy va sovet davrida O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan Mirtemir Mirabdullaevlar qabrlarini ziyorat qilishini Shayxontohur ichki ishlar bo‘limi xodimi millatchilik deb baholabdi.

“Aqli oshib-toshib ketgan”  Shayxontohur milisa nachalnigining mantig‘iga ko‘ra, Sog‘uniy O‘zbekistonda emas, Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tug‘ilgani uchun millat oydini bo‘la olmaydi. Mirtemir Mirabdullaev sovet davrida mustaqillik uchun  kurashmagan. Chunki bunga  ruxsat bo‘maganmish.

Bu ment rutbasidagi milisa Navoiyning ham O‘zbekistonda tug‘ilmaganini bilarmikin? Ëki Jalolidin Manguberdining hozirgi Turkmaniston hududida tug‘ilganidan xabari bormi? Umuman, bu milisaga siyosiy tazyiq qilish, tarixni reviziya qilib 1937 yil ruhidagi dag‘dag‘alarni qilishga kim haq berdi?

Holbuki, bu milisa xodimi millatsevarlarni tergab turgan paytda Shayxontohur tumanida kissavur o‘g‘rilar qancha odamni qaqshatdi. Qancha moshinaning g‘ildiragi o‘marildi. Mustaqillik bayrami nishonlangan 1 sentyabr kechasi shahar ko‘chalariga o‘rnatilgan bayroqlardan 2000 tadan ortig‘i o‘g‘irlangan. Yetkazilgan zarar miqdori 142,6 mln so‘mni tashkil etdi. O‘g‘rilarni tutish uchun davlatdan oylik olayotgan milisa nachalnigi millat va tarixni sevguvi yoshlarni tergash bilan band. Bu yoqda o‘g‘rilar va jinoyatchilar mazza qilyapti.

Darvoqe, Mirziyoev kelganidan beri Kavkazda ishsiz yurgan o‘g‘ri va o‘g‘riboshilar to‘dasi O‘zbekistonga gala-gala bo‘lib kelib faoliyatga kirishishdi. Bu o‘g‘rilar uchun musaffo osmonni prezident Mirziyoevning ikki kuyovi “obespechit” qilmoqda. Uyat va isnod.

Rus xalq maqolida aytilganidek, tentak ment yuzta banditni boqadi.
Oldinroq men O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga maktub yozuvdim. Maktubimda Xorazmdagi milisalar o‘g‘ri va jinoyatchilar qolib Muhammad Solihning she'riy kitobini o‘qigan shoirni oylab tergab yotgani kabi absurd holatga e'tibor qaratgandim.

Janobi oliylarining adyutantlaridan biri menga signaldan chiqib,  Po‘lat Razzoqovich bu maktubni o‘qigani, ammo aynan shu holatga ta'sir o‘tkazish imkoniga ega emasligidan afsuslanib o‘tirganini shipshitdi.

Rahmat vazirlikdagi elsevar mulozimlarga. Kurmak orasida ba'zan guruch ham uchraydi.

Toshga yomg‘ir kor qilurmi muttasil yoqqan bilan, davlatingiz kam bo‘lurmi bir qiyo boqqan bilan.

Bu general Bobojonov tug‘ilib o‘sgan yurtda aytiladigan qo‘shiq misrasi.

Ammo olimlarning aytishicha, muttasil yoqqan yomg‘ir toshni ilma teshik qilishi mumkin ekan.

Eng muhimi, chastota. Ya'ni zarbalar muntazam bo‘lmog‘i  lozim.
Shu bois, ichki ishlar vziri Po‘lat Bobojonovga yana bir maktub yozdim.

Hurmatli Po‘lat Razzoqovich, men bu maktubni yozayotgan paytim tashqarida sharillab yomg‘ir yog‘moqda.  Men uy ichida, yer tuti murabbosi bilan choy ichayotib, bu yomg‘irni derazadan bemalol kuzatib, milisalarga rahmim kelib ketdi.  

Bunday yomg‘irdan faqat polizdagi bodringlar sevinishi mumkin. Ko‘chadagi milisalar esa jiqqa ho‘l bo‘lib aziyat chekmoqda. Ularning kiyimlari na yomg‘irga va na issiqqa moslashmagan.

Chunki milisalarning katta armiyasiga libos tikish Almatov zamonidan beri kichik bir to‘da tarafidan monopoliya qilingan. Ular eng arzon materialdan o‘ta noqulay kiyimlar bilan milisalarni kiyintirib, davlatdan katta pul olishmoqda. Tender, tanlov degan narsa yo‘q.

Po‘lat Razzoqovich, vaqtingiz bo‘lsa, katta yoshdagi milisalardan so‘rab ko‘ring. Ular 1984 yilda SSSR IIV buyrug‘i asosida tikilgan uniformaning qulayligi va yomg‘ir va issiqqa chidamli bo‘lganini mehr bilan eslashadi. Shuncha yil o‘tib ham titilib ketmaganini ko‘rsatish uchun ishkopdan olib termulishadi. Isroil yoki Turkiya politsiyasining uniformasini ko‘ring, kiyishga, harakatlanishga qanday qulay. Eng muhimi, iqlim hisobga olingan. Arzonning sho‘rvasi tatimasligini bugun so‘tilib ketgan kiyimlarida  hammaga kulgi-yu kalaka bo‘layotgan o‘zbek milisasi biladi.

Po‘lat Razzoqovich, O‘zbekistonda milisa degan so‘z bekor qilindi. Ammo politsiya deb aytishga hech kimning tili bormadi. Ularni xodim deb aytadigan bo‘lishdi. Xodimning lug‘aviy ma'nosi – hammomda odamlarning orqasini qashlab cho‘miltiradigan cho‘ri ma'nosidadir.

Oldinlari hammomda ikki odam ishlagan. Bittasi go‘lax bo‘lgan. Ya'ni hammom  o‘chog‘iga o‘t yoqqan. Yana biri xodim deb atalgan. Hammom ichidagi klientlarga xizmat qilgan. Ularning ustiga va tagiga suv quygan.

Po‘lat Razzoqovich, oddiy militsionerlarni kalaka qilish uchun ularni ataylab xodim deb atashga qaror qilingan, degan gapdan uzoqman. Ammo bu nom yillardan beri davom etayotgan militsiya xodimlarini kalaka qilish an'anasining davomi kabi tuyuldi menga.

Yurtoshingiz marhum Zerip qiziqchining milisalar haqidagi latifasini eshitgandirsiz. Eshitmagan bo‘lsangiz, yutubda turibdi. Latifada aytilishicha, bir ota ming dollar berib o‘g‘lini milisaga ishga joylaydi. Ishga olinishidan oldin milisa nachalnik bu o‘g‘ilni kabinetida qabul qilib, milisada ishlashning poradan tashqari yana bir sharti borligini aytadi. Ya'ni milisada ishlaydigan odam yo bir ko‘zini o‘ydirishi, yoki nachalnik militsiya bilan jinsiy aloqa qilishi kerak. O‘g‘il bu shartga rozi bo‘lmaydi. Otasi esa: «O‘g‘lim, ming dollar pora berdim seni ishga kiritish uchun. Zoe bo‘lmasin. Mayli, o‘sha nachalnik milisa sening ketingga qila qolsin», deydi.

Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib, milisa uniformasini kiyib, ksivani qo‘lga olgan yigit milisa nachalnigidan so‘raydi: «Nahotki hamma milisaning orqasiga jinsiy aloqa qilingan?
Albatta, qilingan hammasi. Ëki bir ko‘zi o‘yilgan milisani ko‘rganmisan», deya savolga savol bilan javob beradi nachalnik milisa.

Bir qarashda vulgar ko‘rilgan bu latifa IIV tizimidagi poraxo‘rlik va oddiy zobitlarning tahqirlanishi manzarasini achchiq hikoya qiladi.

Samarqand viloyatidagi qishloqlardan birida yashaydigan yigit «Qizil kitob»ga kirgan ilon va qushlarni kontrabandachilarga sotib topgan pulini poraga berib, militsiyaga ishga kirganini bilaman.

Po‘lat Razzoqovich, men militsiya xodimlarining ichida adabiyot va tarixni yaxshi biladigan zakiy insonlar borligini bilaman. Lekin tarixiy siymolarimizga baho berish militsionerning vazifasi emas.

Oldin ham yozganimdek, siyosiy politsiyachilik Shimoliy Koreya kabi sanoqli davlatlarda qolib ketgan.  

Nyu-York politsiyasi nega Benjamin Franklin yoki Mark Tvenga ehtirom ko‘rsatding, deya vatandoshlarni tergasa kulgiga qoladi.

Po‘lat Razzoqovich, siz hali Xorazm viloyati hokimi bo‘lib ishlagan paytingizda viloyat militsiyasi bemaqsad yurgan odamlarni ushlab qamab, kulgiga qolgan edi.

Sizdan iltimosim shu – etchi-etchiligini, sutchi-sutchiligini qilsin. Qo‘yni qassob, o‘likni yuvg‘ichi yuvsin. Politsiya esa o‘g‘rini ushlasin. Qodiriy, Sog‘uniy, Mirtemir Mirabdullaev kabi yurt oydinlariga ehtirom ko‘rsatishni taqiqlagan “aqli oshib-toshib ketgan”  Shayxontohur milisa nachalnigi o‘z vazifasini bajarsin.  Bir johil odam milisa nachalnigi kreslosiga o‘tirgan zahoti aqlli bo‘lib qolmaydi. Yurtdoshingiz Pahlavon Mahmud aytgan misrani eslatsam sizga maktub oxirida.

Ko‘chadagi xasni shamol uchirib osmonga olib chiqsa ham u xas bo‘lib qolaveradi. 

Xas xaslikcha qolur gar uni
bo‘ron olib chiqsa hamki samoga qadar.

Sizga hurmat-ehtirom bilan Rassom Tuz.

Maktubni jo‘natib xayolga toldim. Oddiy milisalarga ich-ichimdan achindim. 

Masalan, o‘tgan oyda Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i Dilshod  Tursunboev oddiy milisalarni dalaga, mahalliy o‘g‘it tashimagani uchun yarim soat onasidan so‘kdi. Milisaning ishi dalaga go‘ng chiqarish emas-ku. Yaqin Sharq mamlakatlaridan biriga qilgan safarim chog‘ida aeroportda politsiya haqida bir plakat ko‘rib qoldim. Plakatda o‘nga yaqin turli odamqator turibdi. Ular orasida politsiyachi ham bor. Plakatdagi yozuvda esa politsiya sizlardan biringiz, faqat u sizlarni himoya qiladi, deyilgan.

Haqorat va kalaka ostida qolgan, o‘z vazifasidan boshqa barcha ishga doimiy safarbar o‘zbek milisalarining esa o‘zi himoyaga muhtoj. Balki  o‘zbek milisalarini xuddi Gruziyada bo‘lgani kabi yoppasiga ishdan bo‘shatsak, ular ham, xalq ham qutilarmidi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
24 iyul 2017
Shou-Biznesda chiqargan nomini pesh qilib O‘zbekiston Davlat Konsertvatoriyasiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lib ayni dargoh professori, taniqli bastakor Dilorom Omonullaeva oldiga ...
11 fevral 2019
Turk dunyosining buyuk qo‘shiqchisi¸ “dutor qiroli” 55 yashar Abdurahim Hayitning Xitoydagi qamoqda suratga olingan videotasviri 10 fevral kuni tarmoqda ...
15 dekabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov «Eltuz» orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosini qishloq xo‘jaligidagi ko‘zbo‘yamachilik, ...
17 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 49-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Yuqorida tortishganimiz butun ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...