Asosiy mavzular
10 may 2017

Andijonda o‘qituvchilar xonadonlardagi tekin mardikorga aylandi

Andijon viloyatidagi tuman maktablari xodimlari yo‘l bo‘yida joylashgan aholi xonadonlarini tozalashga biriktirilgan. O‘qituvchilarning ma'lumot berishicha, bu yumushlarning barchasi xokimiyat topshirig‘i bilan amalga oshirilmoqda.

“Yangi prezident hali Andijonga kelgani yo‘q. Uning qaysi xonadonga kirishini oldindan bilib bo‘lmaydi. Shu sabab hokim ehtiyot chorasi sifatida bir oydan buyon prezident o‘tishi mumkin bo‘lgan ko‘cha va xonadonlarni “yog‘ tushsa yalaguday” qilasan, deb buyruq bergan”, deydi shahar xalq ta'limi bo‘limida ishlovchi xodim.

“Men senga Karimov emasman!”

Ma'lumki, prezident viloyatlarga safari chog‘i kutilmagan joylarga, xonadonlarga kirishni odat qilgan.

Samarqandda bo‘lganida, unga ro‘kach qilingan joylarni emas, o‘zi istagan joylarni borib ko‘rib, hokimni bo‘shatganidan so‘ng, boshqa raxbarlar qo‘rqib qolishganini aytishadi.

O‘qituvchilarning tag‘in aytishicha, prezident hokimga “Men senga Karimov emasman, tayyorlab qo‘ygan xonadoningga bormayman, o‘zim xohlagan xonadonga kiraman”, debdi.

Shu tariqa, ta'lim tizimi xodimlarini oddiy fuqarolar uylarini tozalashga safarbar qilish Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning nou-xausiga aylandi.

Huddi “Temur va uning komandasi” kabi

Muallima o‘ziga biriktirilgan xonadon tomorqasini begona o‘tlardan tozalamoqda

Andijondagi qarovga ehtiyoji bor xonadonlarga kirib, hovli tozalayotgan o‘qituvchilar pedagoglik kasbini tanlaganlaridan pushaymon bo‘lishmoqda.

Har kuni ertalab, xonadon egalari uyg‘onmaslaridan burun o‘qituvchilar ularning eshigi tagida suv sepib, supirayotgan bo‘lishadi.

“Huddi bir paytlar Arkadiy Gaydarning “Temur va uning komandasi” asaridagi otryad kabi tekin ishlayapmiz”, deydi ularning biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xonadonlar maktablarga bo‘lib berilgan, o‘qituvchilar chekiga haftada bittadan xonadon tushgan.

“Navbatimiz kelganda bizga biriktirilgan mahalladagi xonadonlarga borib, hovli supuramiz, tomorqasini begona o‘tlardan tozalaymiz. Kuni kecha bir honadonning derazalarini artib, pardalarini ham tutib berdim. Uydagi yumushlarga ham vaqtimiz qolmayapti”, deydi Oltinko‘llik maktab muallimasi.

“Qullikka o‘qiganimni bilmagan ekanman”

O‘qituvchi ayol o‘ziga biriktirilgan xonadon derazasini artmoqda

Oliy toifali o‘qituvchi ekanini aytgan Mansur (ism o‘zgartirilgan. Tahr.) bu mutahassislikka besh yil qiynalib o‘qiganini aytadi.

“Afsuski qullikka o‘qiganimni bilmagan ekanman. Hatto mardikorlar ham kunlik mehnati evaziga 20-25 ming so‘m pul oladi…”

Uning Eltuz muxbiriga aytishicha, xonadonma xonadon yurib, tekinga nimaiki qora ish bo‘lsa qilishmoqda. Ayrim xonadon egalari hatto tushlik qilib berishga yarashmaydi.

“Bu qanday gap axir? Biz odamlarning farzandlarini o‘qitishimiz kerak, uyida mardikorlik qilish emas!” deya g‘azablanadi u.

Bahor – o‘qituvchilar uchun har yilgidan og‘ir

O‘qituvchilarning, shusiz ham bahorda har yilgi dala ishlari, yagana va chopiqdan boshi chiqmay kelayotgan edi.

Endi bunga xonadonlar va qurilishlarda tekin mardikorlik vazifasi ham kelib qo‘shildi.

“Barcha maktablarning direktorlari tegishli ko‘rsatma olishgan. Xozir aeroport oldilaridagi gul ko‘chatlarini xam o‘qituvchilar ekishyapti”, deydi shahar xalq ta'limi bo‘limi xodimi.

Shuningdek uning ma'lum qilishicha, bu ko‘chatlarini o‘qituvchilar o‘z xisobidan sotib olishyapti.

O‘zini mehnat ta'limi o‘qituvchisi deb tanishtirgan muallim, ko‘chatlarning har donasi qo‘shni Namangandan 1,5 ming so‘mga keltirilishi va bunga har o‘qituvchidan 10 ming so‘mdan pul yig‘ilishini aytadi.

“Yaqindagina maktabimizga majburan limon ko‘chatlari ekkan edik. O‘shandayam harajatni o‘qituvchi va o‘quvchilarga sochishga to‘g‘ri kelgan edi. Endi Toshkentdan komissiya keladi deb tag‘in pul yig‘ayapmiz”, deydi u.

“Erkak o‘qituvchilar buzadi, ayol o‘qituvchilar tozalaydi!”

Ayni kunlarda shahardagi kichik dahalar xududida noqonuniy qurilishlarni buzish va ko‘p qavatli uylar oldini obodonlashtirish ishlari ketmoqda.

Bunga ham birinchi galda o‘qituvchilar jalb etilgan. Tuman maktablaridan birida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlovchi muallima ayolning aytishicha, erkak o‘qituvchilar buzish ishlarini yakunlangach, ayol muallimalar tozalash ishlariga jalb etiladi.

Ta'kid joiz, Andijon viloyatida 741 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablari bo‘lib, ularda salkam 31 mingdan ziyod o‘qituvchilar mexnat qiladi, shundan 6,5 – 7 ming nafarga yaqini erkak o‘qituvchilardir.

“Kecha darsimni tashlab kelganman, o‘rnimga tarbiyaviy soat darsi o‘tilibdi. Shomdayam tugata olmadik ishni. Kechqurun burnimdan tortsa yiqilgudek bo‘lib uyga keldim. Bugun 6 soat darsni qanday o‘tdim, bilmayman”, deydi tarix fani o‘qituvchisi.

Viloyat Yer resurslari va Davlat kadastri boshqarmasi xodimlaridan biri noqonuniy qurilishlarni buzishga faqatgina o‘qituvchilar ishlatilayotgani yo‘qlishini bildiradi.

“Bu ishlarga yordam sifatida davlat tashkilotlari ishchi-xodimlari jalb etilgan. Shaharda noqonuniy garaj qurganlar, uyning birinchi qavatida yashovchilar tomonidan qo‘shimcha bino qurib olganlar juda ko‘p. Ularni buzish juda katta ishchi kuchini talab etyapti. Shuning uchun byudjet tashkilot ishchi-xodimlarining yordamidan foydalanilyapti” deydi u.

Xademay maktablarda o‘quv yili yakuniga yetadi. Bitirish imtihonlari boshlanadi. O‘qituvchilarni esa bir savol qiziqtirmoqda. Bu yil o‘qituvchilar yozgi ta'tilda dam olisharmikan, yoki o‘tgan mavsumdagi singari yana dalada ishlasharmikan?

Xozircha bu savolga xech kim aniq javob bera olmayapti, chunki oldinda pilla va g‘alla, paxta chopig‘i kabi dolzarb vazifalar kutib turibdi.

Xalq ta'limi xodimlarining ta'kidlashlaricha, xokimiyat buyrug‘iga ko‘ra maktab raxbarlari fermerlar bilan shartnoma tuzganlar. Demak bu yilgi yoz o‘qituvchilar uchun baxor va kuz kabi seryumush bo‘lishi mumkin.

Shohida Saidova
Andijonlik muallif tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 oktyabr 2015
“Yoshlar” telekanalida efirga uzatilayotgan “Senga oshiqman” (Ishani) serialini O‘zbekiston Ommaviy axborot vositalari monitoring markazi zararli, deb topdi.
18 yanvar 2016
Ulug‘bek Ashur Eltuz.com Bugun Jizzaxda IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgan armani millati va nasroniy diniga mansubligi aytilayotgan jizzaxlik Aramais Avakyanning sudi ...
12 fevral 2018
O‘tgan yillar davomida o‘zbek muxolifati yetakchiligiga da'vogarlik qilganlar ko‘p bo‘ldi. Ular hozir ham shu da'vosidan voz kechmagan. Bu da'vo ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...