Asosiy mavzular
30 oktyabr 2017

Sobiq spiker «esdan chiqqani» eslatildi

Marhum prezident Islom Karimov zamonida jinoiy javobgarlikka tortilgan juda ko‘p amaldorlar amaldagi davlat rahbari davriga kelib yuksak lavozimlarga tayinlanmoqda.

Eng salmoqli misol – bugungi hukumat rahbari Abdulla Oripov. Bosh vazir o‘rinbosarligidan quvilib, yo‘li turma sari tushganida ko‘rinmas qudratning g‘oyibona kuchi bilan allaqaysi o‘quv muassasasida kafedra mudiri lavozimida kun ko‘rib kelayotganida kutilmaganda boshiga qaytadan baxt qushi qo‘ndi.

O‘zbek avtomobillari bilan qilgan firibgarliklari uchun erta-indin qamalib, endi yulduzi so‘nadi, deganimizda yana bir-ikki amaldor qaytadan amal kursilariga o‘tirdi.

Lavozimidan chetlatilgan Kozim To‘laganov bir «Damas» pulni bankka olib topshirib, videoga olinib, inidan chiqarilmay yurgan bir paytda yangi prezident uni ham yangi yuksak lavozim bilan siyladi.

Misollarni juda ko‘p keltirish mumkin va bunday holatlar boshqa ko‘plab korruptsionerlarning yana lavozimlarga qaytishga bo‘lgan umidini alangalatib yuborgan ko‘rinadi.

«Dunyo o‘zbeklari» saytida e'lon qilingan «Yuksak didli o‘zbek huquqshunosi» sarlavhali maqolani o‘qib, «yulduzi so‘nmagan» sobiq amaldorlardan yana biri hokimiyat osmonida qaytadan porlashni istayotganini sezmay iloj yo‘q.

To‘g‘ri, u o‘z istagini o‘zi bayon etayotgani yo‘q, boshqalar qo‘li bilan tandirning taftini bilishga, biz qolib ketyapmiz, degan ishora berishga urinmoqda.

Bu kishimiz bir vaqtlar yoshlar o‘rtasidagi oddiy maishiy janjal tufayli o‘g‘lini urgan «jinoyatchilar»ni uzoq yillarga qamatib yuborgan, buning ortidan gap-so‘z ko‘paygani uchun marhum prezident o‘z qo‘riqchilariga kaltaklatib (shunday eshitmalar bor), mansabidan quvib solgan Erkin Xalilov bo‘ladi.

Maqola muallifining maqsadi ana shu shaxsni yana yuksak martabalarda ko‘rish. To‘g‘rirog‘i, Xalilovning o‘zi birov orqali o‘zining borligini eslatib qo‘yishni istayotgandek taassurot uyg‘otadi maqola.

Muallif «prezidentimiz adolatni tiklash uchun tinmay harakat qilayotgani»ini aytib, gapni uzoqdan oladi. Keyin esa Xalilovni maqtashga, u yana yuksak lavozimlarni egallashga munosibligini uqtirishga o‘tadi.

«Erkin Hamdamovich Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri bo‘lib ishlagan 2005-2008 yillarda O‘zbekistondagi eng demokratik dargoh mana shu yerda edi desam adashmayman», deydi muallif kamtarlikni yig‘ishtirib qo‘yib.

Go‘yoki E.Xalilovning siyosiy sahnadan quvilganiga sabab Islom Karimovning samimiy bo‘lmaganligi, keyinchalik bu uning amalida bilinganini qistirib o‘tadi.

Maqola so‘nggida muallif andishani ham unutib qo‘yib: «Men o‘ylaymanki, Erkin Hamdamovichni Prezidentimiz Shavkat Miromonovich mendan-da yaxshi biladilar va yaqin orada o‘z yonlariga chaqirib, Qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanishlariga imkon yaratib beradilar», deb yozadi.

Mana shunday kunlarga ham yetdik. Sobiq korruptsionerlar hokimiyatga qayta boshlanganidan ilhomlangan qolganlari prezidentga meni ham qaytaring, deya ochiq iltijo qilinadigan zamonda yashayapmiz…

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 fevral 2016
Dmitriy Tixonov, Eltuz.com Davlat targ‘ibot apparati 2015 yil martdan beri meni G‘arb agenti sifatida ko‘rsatishga tirishib keladi. Mening huquqbonlik ...
6 aprel 2017
Shu yilning boshida jahon ekranlariga chiqqan «Mashxurlikka yo‘l» (Sing) filmi katta va kichik yoshdagi tomoshabinlarning nazariga tushdi. Filmda, katta ...
9 dekabr 2019
Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi. Muhammad Solih hayoti haqida ...
20 noyabr 2020
Assalom alaykum, Eltuz! Biz Buxoro viloyati Shofirkon tumanidan murojaat qilyapmiz. Havo harorati tushishi bilan quvurlardan kelayotgan gaz bosimi keskin pasayib ketdi. ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...